Oila vakillari: Boychechak, xolmon, lola, olg`i
Loladoshlar oilasi dunyoning deyarli hamma qismidagi cho‘l, adir va tog‘larda o‘sadigan 250 turkum va 400 ga yaqin turni o‘z ichiga oladi. Ularga ildizpoyali, piyozboshli yoki tugunakli ko‘p yillik o‘tlar va qisman butasimon o‘simliklar kiradi.
Bu oila vakillarining barglari oddiy, butun, parallel yoki yoysimon tomirli, ko‘pchiligining shakli (qalami) nashtarsimon, tasmasimon yoki ellipssimon bo‘lib, poyada ketma-ket o‘rnashgan. Gullari to‘g‘ri, ikki jinsli, yakka-yakka yoki to‘pgulda joylashgan. Gulqo‘rg‘oni oddiy, ko‘pincha gultojsimon, 6 ta erkin yoki bir-biriga qo‘shilgan gulqo‘rg‘on bargchalaridan tashkil topgan. Changchilari ham 6 ta, 3 tasi tashqi, 3 tasi esa ichki halqada o‘rnashgan.
Urug‘chisi 3 ta. Mevasi ko‘sakcha yoki rezavor meva.
Bu oila vakillaridan biri lola turkumiga mansub qizil loladir. U aprelning oxiri – mayning boshlarida adir va tog‘larning quyi qismidagi yonbag‘irlarda ochiladigan yirik gulli o‘simlik. Bo‘yi 20-45 sm. Piyozboshli tuxumsimon yoki yumaloq. Barglari 3-4 dona, ustida to‘q binafsha rangli dog‘lari bor. Guli bitta, yirik, sarg‘ish-qizil, pastki qismi qora dog‘li. Changchi iplari qora, changdonlari sariq. Mevasi 3 chanoqqa bo‘linib ochiladigan ko‘sakcha.
Qizil lola urug‘idan va piyozboshidan ko‘payadi. Keyingi paytlarda odamlarning shafqatsiz ravishda yulishi va piyozboshilarining kavlab olinishi natijasida uning soni juda kamayib ketgan. Hozirgi vaqtda u muhofaza qilinadi va O‘zbekistonning Qizil kitobiga kiritilgan. Uni yulish va piyozboshilarini kavlab olish qat’iy man qilingan. Shu bilan bir qatorda qizil lolani madaniylashtirish ustida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Botanika ilmiy-ishlab chiqarish markazida tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonda lolalarning 25 ta turi uchraydi. Ular bir-birlaridan gullarining rangi, katta-kichikligi, bargi, piyozboshi va mevasining shakli va boshqa belgilari bilan farq qiladi. Bularning hammasi ham O‘zbekistonning Qizil kitobiga kiritilgan.
Bahorning birinchi darakchilari sifatida mart oyining boshlaridayoq boychechaklar unib chiqadi. Bular bo‘yi 10-15 sm keladigan, ingichka poyali va ingichka bargli, tubida piyozboshchasi bor ko‘p yillik o‘tlardir. Gullari sariq yoki och sariq. Guli va mevasining tuzilishi umuman lolanikiga o‘xshaydi. O‘zbekistonda boychechak turkumining 30 ga yaqin turi o‘sadi.
Shuningdek, loladoshlarga yovvoyi holda o‘sadigan olg‘i va xolmonlar ham kiradi.
Loladoshlar oilasiga mansub turlardan 25 tasi O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan. Ulardan 23 tasini lolalar tashkil etadi.
Dostları ilə paylaş: |