Vahshiy qatag‘on shamoli Abdulla Qodiriyning ozodlik haqidagi fikrlari asarlarida juda ta’sirli tasvirlangan. Bu esa o‘sha zamon “kattakonlari”ning e’tiborini tortmay qolmadi. Ilk bor 1926 yil “Ovsar” taxallusi bilan matbuotda chiqqan “Yig‘indi gaplar” maqolasi uchun Qodiriy “Sho‘ro amaldorlarini matbuot orqali obro‘sizlantirdi” degan ayb bilan xibsga olinadi. Xo‘sh, rostdan ham shunday edimi? Keling maqolaning ayrim o‘rinlarini ko‘rib o‘tamiz:
…Yer islohoti munosabati bilan O‘zbekistonda boshqa islohotlar ham yasalar emish, deb eshitdim. Darhaqiqat, mamlakatda islohotga muhtoj masalalar ko‘pdir. Masalan, kattalarga aql va basirat islohoti, muharrirlarga til va ma’no, shoirlarga ilhom va uslub (ma’no bo‘lmasa ham mayli), yoshlarg‘a axloq va kiyim, xotunlarga jabr-zulm, domlalarg‘a din va salla, “Mushtum” yozuvchilarig‘a faqat shaxslarning yoqasig‘a yopishaverishlik va boshqa mavzular to‘g‘risida o‘ylab ham qaramaslik va hokazo islohotlarg‘a nihoyat darajada ehtiyoj ko‘pdir”.
Ko‘rinib turganidek, muallif jamiyatning ijtimoiy ahvolini o‘zining achchiq tili bilan ochib tashlaydi. Qodiriyga nisbatan dalil va isbotlarni topa olmagan sho‘rolar uni noiloj ozod qilishadi, unga go‘yo ogohlantirish berilganini ta’kidlashadi. Ammo Qodiriy ijoddan, haq gapni hayiqmay aytishdan bir daqiqa ham chekinmadi.
Qodiriy zamondoshlari xotirasida 1964 yil Abdulla Qodiriy tavalludining 70 yilligi tantanali ravishda nishonlanadi. Ustoz xotirasiga bag‘ishlangan kechalarning birida Abdulla Qahhor otashin nutq so‘zlaydi. Guvohlarning naql qilishicha, Abdulla Qahhor hech qachon bu qadar to‘lib-toshib, bir soatdan ortiq gapirmagan ekan. Afsuski, Qahhorning “qog‘ozga qaramasdan” so‘zlagan o‘sha nutqining to‘liq matni yo‘q, faqat nutq qoralamasi keyinchalik e’lon qilingan, xolos.
Abdulla Qahhor:
– O‘zbek elining sevikli adibi Abdulla Qodiriy manfaatparast, martabaparast odamlarning chaquvi bilan safimizdan yulib olingan edi.
Afsuski, oramizda bu muhtaram zotlarni tirilib, 20-yillar adabiyotimiz tarixini obod qilishga g‘ashlik qilayotgan, hatto to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan odamlar ham bor. G‘ashlik qilayotgan odamlarning bir toifasini o‘limtik yeb tiriklik qiladigan quzg‘unga o‘xshatish mumkin, ko‘zini cho‘qishga chog‘lanib turganda o‘lik qimirlasa, xususan, boshini ko‘tarib, o‘rnidan tursa, albatta, norozi bo‘ladi, yana yiqilishini kutadi, qag‘illab uning boshi uzra aylanadi. G‘ashlik qilayotgan odamlarning boshqa bir toifasi shuhratparast qalam ahillaridan bo‘lib, “o‘liklar” tirilsa, hozir adabiyotda ishg‘ol qilib turgan o‘rni “poyga”roq bo‘lib qolishidan qo‘rqadi. Holbuki, aytilgan adib va shoirlar safga qaytsa, hech kimni o‘rnidan turg‘azmaydi, o‘zining bo‘sh turgan o‘rniga o‘tiradi, chunki adabiyotda hech qachon birov birovning o‘rnini ololmaydi, har kim qobiliyati, qilgan xizmati, qay darajada kitobxonning ko‘nglini olganinga qarab o‘zi munosib o‘rnini ishg‘ol qiladi…
Bizning vazifamiz, bularning hammasini joy-joyiga o‘tqazib, 20-yillar adabiyoti tarixining go‘zal manzarasini tiklashdir”.
1966 yilning avgust oyida Oybekning 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan Moskvadagi “Drujba narodov” jaridasi yozuvchining “Adabiyot, tarix, zamonaviylik” mavzudagi suhbatini chop etadi. Suhbatdosh Naumov yozib olgan mazkur materialning tarjimasi “O‘zbekiston madaniyati” ro‘znomasining o‘sha yilgi 1 oktabr sonida bosiladi. Jurnalistning “Siz hozirgacha klassik adabiyotdan o‘rganganlaringizni aytdingiz. Zamondosh yozuvchilardan ham birontasining ta’sirini sezdingizmi?” degan savoliga Oybek domla shunday javob bergan edi: “…Texnikumning studenti ekanligimdayoq muallimlarimizdan biri meni Abdulla Qodiriy bilan tanishtirdi. O‘rta bo‘yli va miqtidan kelgan, doimo to‘n va baxmal do‘ppi kiyib yuradigan, ko‘rinishidan dehqonlarga o‘xshagan tim qora ko‘zlari kichik, o‘tkir, sho‘xchan, sinovchan boquvchi, goho esa xuddi o‘zi bilan band bo‘lganday beparvo ko‘ringan bu kishi o‘sha paytlardayoq mashhur yozuvchi, hammamiz qo‘ldan qo‘ymay o‘qiydigan o‘zbek adabiyotidagi birinchi ulkan va go‘zal romanning muallifi edi. Meni nihoyatda u odamning salobati bosib qolganidan, zo‘rg‘a nimalarnidir g‘o‘ldirardim, o‘shanda uning menga nimalar degani esimda yo‘q. Keyinchalik men u bilan tez-tez uchrashib turardim, biroq uni faqat 30-yillarning boshlarida, Lelingraddan qaytib kelganimdan keyingina durustroq bilib oldim. Abdulla Qodiriy iste’dodli, qalbi butun va o‘ziga xos ravishdagi shaxs edi. Sirtdan qaraganda bosiq, kamgap ko‘rinar, chunki u har bir so‘zni taroziga solib ko‘rar, og‘ziga kelgan har bir so‘zni aytavermas, sekin va gapi xuddi o‘ziga halal berayotgandek, yoqinqiramay gap boshlardi. U aqliy mehnat kishilariga har mahal ham nasib bo‘lavermaydigan darajada jismoniy mehnatga o‘ch kishi edi. Jismoniy mehnatga chalg‘ib uning qandayligini o‘zida sinab ko‘rish har bir ziyolining zarur ehtiyoji emas. Qodiriyning mehnatga o‘chligi – dehqondan chiqqanligida bo‘lsa kerak. O‘zi ham xuddi dehqonlarday tinim bilmasdan, qattiq mehnat qilar edi. U Samarqand darvozasi yaqinida turar, kattagina bog‘i bo‘lib unda shaftoli, olma, tog‘olchalarning ko‘p navi bor edi. Ularni o‘zi parvarish qilardi. Aytmoqchi, uning adabiy asarlaridan keladigan daromad har doim ham qozonini qaynatavermasdi, shuning uchun goho bolachaqasini bog‘i boqardi. Bog‘ning ichkarisida bir necha quti asalari bo‘lardi. O‘ttizinchi yillarning boshlarida uni taqsimot do‘konida ko‘rib (mahsulot va mollar kartochka-yu talonlarga qarab beriladigan do‘konda) qolganimda, rafiqamga:
– Bu yerda menga asal ham tegadi, xo‘p desanglar, ulushimni olaqolinglar – uyda asal o‘zimizdan chiqadi, – degani esimda.
O‘zining aytishiga qaraganda, u shunday yozardi: avvaliga ko‘chada, ko‘pincha kechqurunlari huvillab qolgan paytda, uzoq vaqt aylanib yurib, yangi asarining bo‘lajak qahramonlari va sujet yo‘llarigacha o‘ylab, rosa pishitardi…
Abdulla Qodiriy madrasada o‘qigan, yoshligida o‘ris adabiyoti va o‘ris tilini bilmasdi. U yetuk yozuvchi bo‘lib shakllangan paytlarda o‘ris adabiyotini o‘ziga kashf etganidan xuddi maktab o‘quvchisiday terisiga sig‘may faxrlanib qo‘yardi.
Keyingi paytda tanqidchilar unga tez-tez hujum qilib turdilar. U iloji boricha bunga e’tibor bermaslikka tirishsa ham tanqid toshlari izzat-nafsiga tegib, qalbini yaralardi.
– Manavini qarang-a, – dedi u bir kuni keskin yozilgan bir maqolaning muallifi haqida. – Bu go‘dakni yozishga o‘zim o‘rgatuvdim-ku. Hammasidan ham shunisi ajabki, men haqimda yozganlarini o‘zimdan eshitib olgandi, faqat oyog‘ini osmondan qilibdi, xolos.
Abdulla Qodiriyning ko‘zlari istehzo ostida yonsa ham tovushidan pinhoniy alam sezilardi.
– Meni millatchilikda ayblash g‘irt bema’nilik emasmi? – dedi u menga boshqa bir safar. – Nimaga millatchi deyishayapti deng?..
U ma’lum nuqsonlardan qat’iy nazar, tug‘ma yopiq yozuvchi, keng ko‘lamdagi master, yuksak ma’nodagi realist san’atkor edi”.
Maqsud Shayxzoda:
– Abdulla Qodiriy bilan tanishganimga qadar – 1932 yilgacha ham uning nomi menga yaxshi tanish edi. 20-yillarning oxirlarida va 30-yillarning boshlarida muallimning ikki romani – “O‘tkan kunlar” bilan “Mehrobdan chayon”i juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi…
Boz ustiga, taxminan, 1927 yil Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani Xolid Said tomonidan ozar tiliga tarjima qilinib, Boku shahrida chop etiladi-yu yozuvchi Ozarboyjonda ham mashhur bo‘lib ketadi.