2- masala bayoni:
Kesim gapning shakllanishida asosiy rol o’ynovchi, biroq grammatik jihatdan egaga tobe bo’lgan bosh bo’lakdir. Kesim eganing umumiy belgisini, ega haqidagi xabarni bildiradi. Shuning uchun kesim predmet, narsa-hodisaning harakati, belgisini bildiruvchi so’zlar bilan ifodalanadi. Ma’lumki, fe’l va sifatlar ana shunday so’zlar hisoblanadi. Biroq sifat ko’proq predmetning statik (qotib qolgan, turgun, predmetning o’zida bo’lgan, undan ajralmagan) belgisini bildirgani sababli aniqlovchi vazifasida, fe’l esa kesim vazifasida qo’llaniladi. Fe’l kesimga mos keladigan so’z turkumidir. Aytish mumkinki, shaxsli fe’llarning har biri potentsial kesimdir. Umuman, nutqimizda fe’l-kesimli gap ko’pchilikni tashkil qiladi. Fe’lning ravishdosh, sifatdosh shakllari ham kesim vazifasida qo’llanib, fe’l-kesim bo’lib keladi. Yot eguncha, o’z o’lguncha. Bu asar X asrda yozilgan. Eshik ochilib, Ikrom ko’rindi. Kesim fe’ldan tashqari sifat, ot, son, olmosh,ravish, modal so’z, harakat nomlari bilan ham ifodalanadi. Bularning barchasi umumlashtirilib ot-kesim doirasiga kiritiladi. Masalan: Istagim - shu. Havo sovuq. Mening navbatim-ettinchi. Uyda hech kim yo’q. Sendan umidim katta. So’z ko’pu ma’no kam kabilar. Kesim gapning shakllanishi, uyushishida, fikrning yuzaga kelishida egaga nisbatan asosiy rol o’ynaydi. Negaki, gapning grammatik asosi bo’lgan predikativlik ko’proq kesim bilan ifodalanadi. Shuning uchun predikativlikni kesimlik ham deyishadi. Predikativlikning tarkibiy qismlari - sintaktik shaxs, sintaktik zamon, modallikning, tugallangan intonatsiyaning ifodalanishi ham asosan kesimga bog’liqdir. Shuning uchun ko’p hollarda ega tushirib qoldirilsa ham, fikr ifodalanaveradi. Biroq kesimsiz fikrning ifodalanishi, gapning yuzaga kelishi deyarli mumkin emas. Hatto shaklan ega sifatida talqin qilinadigan nominativ - atov gaplar ham mohiyatan kesim mazmuniga egadir. Zero, bular bosh kelishik formasidagi predmetning nomigina emas, uning mavjudligini tasdiqlovchi tugallangan intonatsiyaga ega predikatdir, kesimdir.
Kesim tuzilish jihatdan sodda va sostavli turga bo’linadi.1. Sodda kesimlar bir so’z bilan ifodalanadi: Ko’zlar yumildi, qoshlar chimirildi. Hammaning e’tibori bizda. 2. Sostavli kesimlar ikki yoki undan ortiq so’zdan tashkil topadi: Qishloq ustida kishiga xuzur beruvchi tong shabadasi shivirlay boshladi. Katta bo’lsam, shifokor bo’laman. Bizni ham yozib qo’ya qoling. Ega mutlaq hokim bo’lak hisoblanadi. Endi dam olinglar. Devorning o’ziga yozib qo’ya qolamiz.