Аl вukhari university nodavlat oliy ta’lim muassasasi


YAngi va eng yangi davr falsafasining ustivor yo‘nalishlari



Yüklə 1,22 Mb.
səhifə27/341
tarix16.09.2023
ölçüsü1,22 Mb.
#128995
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   341
Аl вukhari university nodavlat oliy ta’lim muassasasi

YAngi va eng yangi davr falsafasining ustivor yo‘nalishlari. XVI-XVII asr Evropa hayotida ulkan o‘zgarishlar asri bo‘ldi. Insonlarning hayot tarzi, qadriyatlar tizimi va dunyoqarashidagi tub o‘zgarishlar falsafada yangicha uslub va muammolarni keltirib chiqardi. Bu davrda falsafiy tafakkur yo‘nalishlarini belgilab bergan muhim hodisalardan biri bu - fan inqilobi edi. Ushbu inqilob N. Kopernik, I. Kepler, Tixo Brage, G. Galiley kabi olimlarning kashfiyotlari bilan boshlanib, I. Nyutonning kashfiyotlari bilan yakunlandi. Endilikda falsafa kechayotgan o‘zgarishlarning mohiyati va ko‘lamini qamrab olishi, hodisalar rivojini tushuntirib berishi, kishilarni yangicha olamga olib kirishi lozim edi.
Bunda insonning tabiatga, jamiyatga, o‘z-o‘ziga hamda xudoga bo‘lgan munosabati mutlaqo o‘zgacha ma’no kasb etdi.
Dunyoqarashning yangilanishi tabiyki turli ziddiyat va qarama-
qarshiliklarga olib keldi. Eskicha an’analarning hukmronligidan xalos bo‘lish ko‘p harakat va vaqt talab qilardi. Biroq, bunga qaramay, yangicha falsafiy yo‘nalishlarning vujudga kelishi ijtimoiy zaruratga aylandi. Yangi davr falsafasining yirik namoyondalaridan biri - Frensis Bekon (1561- 1626 yillar). Uning mashxur asarlari: “Yangi organon” (1620 y), “Falsafaga raddiyalar” (1608 y), “Yangi Atlantida” (1620 y). Bekon an’anaviy bilish usullarini samarasiz ekanligini tanqid qiladi va ularning sabablarini inson tafakkuridagi to‘rtta idollarda deb ko‘rsatadi, bular: “urug‘ idoli”, “g‘or idoli”, “bozor idoli”, “teatr idoli”. Bekon inson tafakkurini turli nufuz va bid’atlar ta’siridan xalos qilishni ta’kidlaydi xamda bilishda tajribaga asoslangan induktiv usulni ilgari suradi. Bu davrda Bekon empirizmiga muqobil tarzda fransuz faylasufi Rene Dekartning (1596 - 1650 yillar), ratsionalizmi yuzaga keldi. Uni haqli ravishda yangi davr Evropa falsafasining asoschilaridan biri sifatida ko‘rsatishadi. Xuddi Bekon kabi Dekart falsafasining ham asosiy mohiyati, bu - bilimlarning xaqqoniyligi muammosi edi. Ammo Bekondan farqli tarzda Dekart, tajribaga emas, bilish jarayonining o‘ziga urg‘u berdi. U matematik dalillash va analez metodiga tayangan holda bilishning o‘ziga xos to‘rtta qoidasini ajratib ko‘rsatadi: 1) to‘la ishonch hosil qilmay turib, biror narsani haqiqat o‘rnida qabul qilmaslik; 2) o‘rganilayotgan muammoni talab qilingan darajada qismlarga bo‘lib tahlil qilish; 3) fikrning bosqichma –bosqich tarzda oddiydan murakkabga qarab yo‘nalganligi;
4) muammoni o‘rganish jarayoni qat’iy va to‘la hisob-kitob asosida olib borilishi hamda hech bir elementni nazardan chetda qoldirmaslik. Dekart barcha mavjud narsalarning, bir-biridan mustaqil holda moddiy va nomoddiy substansiyalardan tashkil topganligini takidlaydi. Moddiy substansiyaning atributi ko‘lam, nomoddiy substansiyaning atributi – aql. Bu substansiyalarni o‘z atributlari yordamida bilish mumkin. Dekartga ko‘ra moddiy tabiat mexanik xarakterga ega, uning mohiyati ko‘lam va harakat orqali namoyon bo‘ladi. Shu bois har qanday moddiy jism mexanik qonun asosida harakatlanadi va ruhiy ibtidoga bo‘ysunmaydi. Dekartning ushbu mulohazalari o‘simlik va hayvonot olamiga taalluqli. Insondagi aql va jism o‘rtasidagi bog‘liqlikning murakkabligi shundaki, ularning har ikkisi ham alohida mustaqil substansiya: aql bo‘linmas va ko‘lamga ega emas, jism esa, bo‘linuvchan, ko‘lamga ega, murakkab.
Dekart falsafasining keyingi davr uchun ahamiyatli jihati, unda inson aqlining markaziy o‘ringa ko‘tarilishidir. Yangi davrdagi keyingi falsafiy qarashlar ratsionalizm va empirizmning o‘ziga xos sintezi vujudga kelgunga qadar, ushbu ikki maktabning o‘zaro qarshi kurashi sifatida namoyon bo‘ldi umuman olganda ratsionalizm ham, empirizm ham o‘z mohiyatiga ko‘ra, o‘rta asrlar Evropa madaniy hayotiga singib ketgan an’analarga qarshi kurashish natijasi o‘laroq yuzaga keldi. Har ikkala maktab ham, insonning aql imkoniyatlarini baholash muammolariga echim izlashni, tom ma’nodagi ilm ma’rifatni yuzaga chiqarishni maqsad qildi. Faylasuflar nafaqat tabiatshunoslik fanlariga diqqat qaratdi, endilikda yangi davr Evropa kishisining ijtimoiy-siyosiy xuquqiy o‘rni haqida ham yangicha qarashlar shakilandi.
Dekartdan so‘ng ratsionalizm g‘oyalari Benedikt Spinoza va Gotfrid Leybnitslar tomonidan yanada rivojlantirildi. Benedikt (Barux) Spinoza (1632-1677 yillar) Niderlandiyalik faylasuf. Spinoza o‘z qarashlarini Dekart ratsionalizmning davomchisi sifatida ko‘rsatadi. Uning eng yirik asarlaridan biri “Etika” matematik dalilash metodi asosida yozilgan. “Etika”ning har bir qismi keltirilgan aksiomalarni ta’riflash va teoremalarni isbotlash bilan boshlanadi. Spinoza falsafasining asosiy tushunchalaridan biri bu - yagona va cheksiz substansiya bo‘lib, u ayni paytda xudo va tabiat sifatida namoyon bo‘ladi. Dekartdan farqli ravishda Spinoza olamning ilk ibtidosini yagona mohiyatda deb biladi va falsafiy monizm prinsipini yoqlaydi. Substansiya ko‘plab, cheksiz atributlarga ega, inson ulardan faqat “ko‘lam” va “aql”nigina anglay oladi. Har bir atribut o‘zida substansiya mohiyatini aks ettiradi, biroq ular substansiyaga nisbatan chegaralangandir. O‘z navbatida har bir atribut ko‘plab “moduslarning” yig‘indisi sifatida namoyon bo‘ladi. Aynan moduslarning namoyon bo‘lish shakli tufayli biz atributlarning alohida birligini bila olamiz. Spinozaga ko‘ra moddiylik va nomoddiylik alohida substansiya bo‘lmay, aksincha, bir mohiyatning ikki xil shakldagi ko‘rinishidir. Shu bois insonning aqlni idrok etishi jismni, jismni idrok etishi esa aqlni bilishi deya baxolanadi.
Ratsionalizmning yana bir vakillaridan biri, Olmon faylasufi, matematik fizik olim Gotfrid Leybnits (1646 1716 yillar). U. Leybsig universitetida matematika va fizikadan tashqari tilshunoslik, tarix hamda xuquqshunoslik fanlarini ham chuqur o‘zlashtirgan. Leybnits ham huddi Spinoza kabi Dekart o‘rtaga tashlagan masalalar ustida bahs yuritadi. Uni Dekart ilgari surgan aql va jism o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik muammosi qanoatlantirmaydi Leybnits Dekart g‘oyalarini rivojlantirish bilan bir qatorda Spinoza va uning qarashlaridan farqli, o‘ziga xos ratsionalizm tizimini yaratadi. U karteziancha dualizmni ham, Spinozaning, xudoni borliqqa aynanlashtirgan panteizmini ham qabul qilmaydi. “Monadalar” Leybnits falsafasining markaziy tushunchalaridan biri xisoblanadi. Monadalar bo‘linmas mohiyat bo‘lib, butun borliq ularning yig‘indisidan tashkil topgan. Monadalar alohida birlik bo‘lib, o‘zaro ta’sirga ega emas. Monadalar quyidan yuqoriga qarab, qat’iy ierarxik tarzda tartiblangan. Ierarxiyaning quyida joylashgan monadalar moddiy borliqni tashkil qiladi. Ierarxiyaning yuqori qismida esa nomoddiy borliqni tashkil qiluvchi monadalar joylashadi. Natijada Leybnitsning monadalar olami xudoni “oliy monada” sifatida aks etiradi. Uning “bizning olam tasavvurdagi olamlarning eng yaxshisidir” degan so‘zlar bilan ifodalanuvchi falsafiy optemistik konsepsiyasi ham monadalarning tartiblanish g‘oyasiga asoslanadi.
Yangi davr falsafasida Bekondan keyingi empirizm maktabining vakillari sifatida ingliz faylasuflari T. Gobs, J. Lokk, J. Berkli, D. YUm fransuz faylasuflaridan esa, E. Kondilyak, K. Gelvetsiy, P. Golbaxlar sanab o‘tiladi. Biz bu o‘rinda Lokk, Berkli va Yum qarashlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Jon Lokk (1632 1704 yillar) ingliz faylasufi. Inson aql idrokining paydo bo‘lishi, uning imkoniyatlari chegaralari xaqidagi g‘oyalar Lokk falsafasining asosini tashkil etdi. Bekon kabi Lokk ham , har qanday bilim tajribaga asoslanishi kerakligini takidlaydi. Lokk empirizmni “tug‘ma g‘oyalar” konsepsiyasini ilgari suruvchi ratsionalizmga qarshi qo‘yadi. U bilish jarayonida “tug‘ma g‘oyalar” konsepsiyasining ahamiyatini butunlay inkor qiladi. “Er yuzida butun boshli xalqlar biz bilgan xudo haqidagi tushunchalardan xabardor emas, bolalar, aqli zaiflar esa, mantiq qoidalarini deyarli bilmaydi. Xo‘sh, u holda tug‘ma g‘oyalarning mavjudligini qanday isbotlash mumkin. Insonda tug‘ma g‘oyalar emas, bilish imkoniyati mavjud, ammo bu konsepsiyaning paradoks jihati shundaki, inson o‘zidagi mavjud bu g‘oyalarni o‘zi bilmaydi” deya takidlaydi Lokk. Ratsionalizmga qarshi o‘laroq Lokk, inson aqlini toza qog‘ozga o‘xshatadi: undagi bilimlar faqat tajriba asosidagina to‘planadi. Lokkk qarashlariga ko‘ra falsafaning asosiy metodi tajribaga tayanishi kerak.
Ingliz empirizmining yana bir vakillaridan biri Djordj Berkli empirizm g‘oyalarini Lokk qarashlaridan farqli, o‘ziga xos tarzda talqin qiladi. Berkli Lokk taklif qilgan birlamchi va ikkilamchi sifatlarni empirik yo‘l bilan ajratib bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Bizning sezgilarimizdan tashqaridagi moddiy jismlarni bilish empirizmning imkoniyati doirasida emas, biz faqat kombinatsiyaga kirisha oladigan mavjud narsalarni, ya’ni sezgilarimizniing kompleksinigina bila olamiz. Berklining ushbu qarashlari faqat seziladigan narsalargina mavjud degan xulosani keltirib chiqaradi. Unga ko‘ra olam hissiz, ta’msiz, hidsiz, rangsiz substansiyalardangina iborat, ularni hissiy sezgilarimiz yordamida bilamiz. Berklining bu qarashlari keyinchalik mexanik materializm g‘oyalarining vujudga kelishiga imkon yaratdi.
Ingliz empirizmining yana bir yirik namoyondalaridan biri, - David Yum. Uning nomi mumtoz falsafada empirizmning mantiqiy imkoniyatlarini tugatilishi bilan bog‘liq. Yum o‘z etiborini Lokk taklif qilgan empirizmning chuqur tahlil qilishga qaratadi. Keyinchalik Yumning izdoshlari uni tanqid qilarkanlar o‘zlari, tajribada o‘rnatilgan qat’iy chegaraga amal qilmadilar. Ular ilgari surgan empirizm metafizikaga, yoki Berkli nazarda tutgan materialistik spiritualizmga aylanib ketdi. Yumga ko‘ra ayni shu jihat Lokk empirizmining asosiy kamchiligi edi. Yum Lokk empirizmining metafizikaga aylanib ketishiga sabab qilib, tajribada o‘rganilishga imkoni bo‘lmagan ikki tushunchani, ya’ni sababiylik va substansiya tushunchalarini keltiradi.
Sababiylikni empirizmning prinsiplariga asoslangan xolda, moddiy va ruhiy olam hodisalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni keltirib chiqaruvchi tushuncha sifatida tadqiqot doirasidan olib tashlash lozim. Sababiylikka bog‘liq tajriba - muayyan vaqtdagi biror hodisalarning ketma ketliginigina o‘rganadi, u aynan bir hodisa ikkinchisini yaratishini to‘la isbotlab bera olmaydi. Shu bois sababiylik ob’ektiv emas, sof sub’ektiv holat bo‘lib, tafakkur yuritishning odatlanib qolgan shaklidir. Aynan shu odatlanish shakli narsa va hodisalar o‘rtasidagi mantiqiy bog‘liqlik zarurati haqidagi yolg‘on illyuziyalarni keltirib chiqaradi, tajribada esa, bu bog‘liqlikni isbotlab bo‘lmaydi. Yumning inson aqlining imkoniyatlariga nisbatan skeptitsizmi asosan metofizik qarashlarga qaratilgan edi. U Nyuton fizikasini yoqlarkan, faqat tajriba natijasida egallangan bilimlargina qadr qiymatga ega ekanligini takidlaydi.
XVIII asrda Evropada yuzaga kelgan ijtimoiy-falsafiy qarashlar
ma’rifatparvarlik falsafasi sifatida keng tarqaldi. Fransiyada ma’rifatparvarlik keng ijtimoiy, madaniy, siyosiy harakat sifatida XVIII asrning o‘rtalarida vujudga keldi, xamda mutlaq manarxiya oqibatida yuzaga kelgan inqirozlar bois 1774-1789 yillarda burjua inqilobi va 1793-1794 yildagi yakonbinchilarning diktaturasi oqibatida o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi. Bu davr faylasuflarining g‘oyalaridagi xilma- xillikka qaramay, ularni insoniyat taraqqiyoti markaziga ilm ma’rifatni qo‘yish, ratsionalizm kabi tendensiyalar birlashtirib turardi. Fransuz faylasuflaridan biri Gelvetsiy aytadi: “insoniyatning barcha musibatlarining asosiy sababchisi bu johillikdir”. (sm 23, 278).
Inson ofat va musibatlardan faqat ilm-marifat yordami bilangina xalos bo‘la oladi. insonning mayog‘i bo‘lgan aqlda ham “yashirin, uzluksiz inqiloblar” yuz beradi hamda johillik barham topa boshlaydi. Marifatparvarlik dunyoqarashining asosiy xususiyatlari biri bu ratsionalizm bo‘lib, unga ko‘ra tabiyat va tafakkur qonuniyatlari o‘zaro aynanlashtiriladi. Ushbu tamoyil qisman Dekart ratsionalizmiga asoslangan, hamda u keyinchalik Gegel panlogizmida ham o‘z aksini topadi. Ammo Dekart, Gegel va marifatparvarlarning ratsionalizmining umumiy jihati shundaki, unga ko‘ra mexanikaning sodda, mantiqiy qonuniyatlari borliqning umumiy, yaxlit qonuniyatlariga muvofiq keladi. Oldingi asrlardanoq etakchi fanga aylanib ulgurgan mexanika astranomiya, matematika bilan qo‘shilgan holda o‘sha davrdagi ilg‘or faylasuflarning asosiy mashg‘ulotiga aylandi. Mexanika, matematika va mantiq uchligi XVIII asr ratsionalizmining asosi sifatida etirof etildi.
Gobbsga ko‘ra jamiyat mexanika qonuniyatlarining ijtimoiy hayotdagi mahsuli sifatida baholanadi. Golbax esa tabiat qonunlarini insoniyat tafakkurining muallimi va mezoni deya talqin qiladi. Johillik, omilik nafaqat illat sifatida, balki tabiat, jamiyat taraqiyotiga g‘ov, to‘siq deya qoralanadi. Biroq deistlar ham materialistlar ham bu borada turlicha yondashuvga ega. Ularning biri uchun olam tartiboti yaratuvchining irodasi bilan bo‘lsa, ikkinchi tomon uchun esa, borliqdagi tartibot tabiat qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Ushbu konsepsiya: birinchidan inson oliy tafakkur in’om etgan aqlga ko‘ra borliqni anglaydi degan qarashni o‘zida aks etiradi. Spinoza bu konsepsiyani moddiy substansiya sifatida talqin qilgandi. XVIII asr ma’rifatparvarlarining xulosalariga muvofiq esa, olam oqilona strukturaga ko‘ra yaralgan bo‘lib, tabiat va tafakkur qonunlari aynandir. Tabiat va jamiyatdagi kauzal, tasodifiy hodisalar ham mantiqiy asosga ega. Demak olamni nafaqat aql yordamida mutlaq bilish, balki uni intuitiv his qilish ham tan olinadi.
XVII asr ratsionalistlaridan farqli o‘laroq fransuz marifatparvarlarining qarashlarida tafakkurdan tabiatga qarab emas, aksincha tabiatdan tafakkurga qarab rivojlanish kuzatiladi. Bu borada Didro va Gelvetsiyning qarashlari sensualizmni inkor qilmaydi. Inson tabiat tomonidan unga berilgan sezgi organlari yordamida borliqni anglaydi. SHu bois u tabiatdan o‘rnak olmog‘i kerak. Bu harakat esa tom ma’nodagi donishmandlik sanaladi. tabiatning o‘zi aqlli emas, biroq u aqlli mavjudotlarni yaratadi. “Falsafiy qarashlarga qo‘shimchalar” asarida Didro diniy e’tiqod va tabiat oqilonaligi bir-biriga muvofiq kelmaydi, chunki tabiat jonli emas, biroq u oqilona tartibotga ega: insonning baxtli bo‘lishga intilishi tabiat qonunlariga muvofiq keladi deya ta’kidlaydi.
Yuqoridagi fikrlardan shuni kuzatish mumkinki, tabiat qonunlarini xuquqiy darajasigacha ko‘tarish tendensiyasi kuzatiladi. Boshqacha qilib aytganda, ma’rifatparvarlar tabiiy, adolatli, ratsional qonunlarni yaratish g‘oyasini ilgari surishadi. Bu g‘oyalar o‘zida naturalistik orientatsiyaga tayangan, gnoseologik optimizmni ifoda etadi. Xatto Volter hamda Russoning ilm-m’arifatni sof nazariy aql mahsuli ekanini ta’kidlovchi deistik qarashlari ham, ma’rifatparvarlik g‘oyalarining yaxlitligiga putur etkazmaydi.
Tanqidiy ruhdagi ma’rifatparvarlik g‘oyalari garchand XVIII asr o‘rtalarida Fransiyadagi inqilobiy hayotga muvofiq kelmasada, ma’rifatparvarlar ratsionallikka asoslangan o‘z qarashlarini kun kelib, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida yuzaga chiqishiga ishonganlar. Mohiyatan olib qaraganda ma’rifatparvarlik falsafasi asosan siyosiy g‘oyalarni o‘zida aks ettirib, o‘z davrining ijtimoiy hodisalariga tanqidiy nuqtai nazardan baho berarkan, ushbu inqirozlardan faqat ilm ma’rifat yo‘li bilangina xalos bo‘lish mumkinligini ta’kidlashadi. Avvalambor ushbu qarashlar tasavvurda qotib qolgan spekulyativ, dogmatik metofizikaga ham qaratilgan edi.
Xususan Didro, Volter, Gelvetsiyning antispekulyativ sensualizmi o‘zidan oldingi davrdagi ratsionalistik qarashlardan birmuncha farq qiladi. Ayniqsa bu borada Lokk, shuningdek Nyuton mexanikasining ta’siri ancha sezilarli. O‘sha davrda ijtimoiy hayot xamda tafakkurda yuz bergan inqiloblar falsafiy dunyoqarashni mutloq boshqa o‘zanga burib yubordi. Xususan bu davrda diniy mutaassiblikka qarshi o‘laroq, falsafada materialistik yondashuvlar etakchi o‘ringa ko‘tarildi. Ayniqsa Didro, Golbax kabi faylasuflarning qarashlari o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.
Masalan Golbax: “materiya va harakatning yaxlitligi olamning paydo bo‘lishidan ko‘ra, kishilik jamiyatining shakllanishiga katta hissa qo‘shgan..”- , deb yozadi. Bir so‘z bilan aytganda marifatparvarlar kishilik jamiyati va ilm-fan taraqqiyotini yoqlaydilar, biroq bu taraqqiyot ayrim biologik elementlarni hisobga olmaganda sof mexanik axamiyat kasb etadi. Ular Nyuton mexanikasini olamning hamma hududiga mutlaq, birdek ta’sir o‘tkazadigan tabiiy va ijtimoiy borliqning fundamental asosi haqidagi yakuni xulosa sifatida talqin qiladilar. Masalan, ma’rifatparvar faylasuflardan biri Lametri: “ijtimoiy munosabatlar bu axloqiy munosabatlardir, axloq esa, Nyuton mexanikasining uzviy davomi. U organizmlar munosabatidan ko‘ra, ijtimoiy munosabatlarga ko‘proq muvofiq keladi”, deya uqtiradi.
XVIII asrning oxiri XIX asrning boshlari Germaniyada dastlab adabiyot san’at, keyinchalik esa ijtimoiy siyosiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda falsafiy qarashlar keng taraqqiy etdi. Ijtimoiy boshboshdoqlikka barham berish istagi hamda o‘zgarishlarga moyillik Germaniya jamiyatida o‘ziga xos yangicha madaniyatni taraqqiy etirishga imkon beruvchi barqaror ma’naviy muhitni yaratdi. an’analar, diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhiga qaramay , xurfikrlilik, ma’rifatparvarlik kabi g‘oyalar olmon jamiyatining ijtimoiy hayotiga kirib bordi. Madaniy g‘oyaviy o‘zgarishlar Gete, Shiller, Lessing, Kant kabi shoir va faylasuflarning ijodida aks etdi. Bu ma’noda olmon mumtoz falsafasining asoschilaridan biri Immanuil Kantning (1724 1804 yillar), g‘oyalari muhim ahamiyat kasb etadi.
Kant falsafasi ma’rifatparvarlik g‘oyalarining tanqidi va yakuni sifatida baholanadi. Kantning falsafa tarixidagi o‘rni XIX - XX asrlardagi falsafiy qarashlar aynan uning g‘oyalari asosida rivojlanganligi bilan ham axamiyatli sanaladi. Kantning ijodi shartli ravishda ikki bosqichga: tanqidgacha va tanqidiy davrlarga bo‘lib o‘rganiladi. Tanqidiy davrgacha bo‘lgan bosqichda Kant ijodi tabiiy ilmiy va naturfalsafiy xarakterga ega. Aynan shu bosqichda uning “Osmonning umumiy, tabiiy tarixi va nazariyasi” nomli traktati yoziladi. Ushbu traktatda bayon qilingan nazariyalar keyinchalik Kant va Laplas nazariyasi sifatida shuxrat qozonadi. Kant ijodining ikkinchi bosqichini tanqidiy deya nomlanishi, uning, falsafaning vazifasiga nisbatan yangicha yondashuvni ilgari surishi bilan izohlanadi. Faylasuf har qanday dogmatik qarashni tanqidiy baxolashi lozimligini ta’kidlaydi. Kant o‘zidan oldin qarama- qarshi pozitsiyada bo‘lgan ratsionalizm va empirizm g‘oyalarini o‘ziga xos tarzda sintez qildi. U har ikkala yo‘nalishning o‘zi ijobiy deb bilgan tomonlarini birlashtirib, keraksiz jihatlarini rad etdi. U empiriklarning aql tajribaga tayanishi kerak degan mulohazalarini yoqlaydi, lekin ularning inson aqli dastavval oq qog‘ozga o‘xshatilishini inkor qiladi. Kant ratsionalistlarning “tug‘ma g‘oyalar” haqidagi qarashlarini ham tanqid qiladi. U tug‘ma g‘oyalar o‘rniga, aprior bilimlar tushunchasini qo‘llaydi. Aprior bilimlar o‘ziga xos tafakkur va mushohada shakli bo‘lib, ular ob’ektga emas, sub’ektga tegishli. Ular hissiy idrok va aqliy bilish strukturasiga mos xarakterga ega. Aprior bilimlar hech qachon “narsa o‘zida”da mavjud emas. SHu sabab ham ular “tug‘ma g‘oyalar” bo‘la olmaydi.
Kantning qarashlari o‘zidan keyingi Evropa, ayniqsa Olmon falsafasiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Kantning izdoshlari u ko‘targan muammolarni yanada aniqroq bayon qilishga uning kamchiliklarini izohlashga xarakat qildilar bunga misol tariqasida I. Fixtening (1762 - 1814 yillar) qarashlarini keltirib o‘tamiz. Uning 1792 yilda e’lon qilingan “Har qanday vahiyning tanqidi” ocherki Kantning “Sof aqlning tanqidi” nomli asaridan ta’sirlanib yozildi. Fixtening mazkur ocherkini Kantning o‘zi e’tirof etadi.
Kantning aprior bilimlar shakliga ega bo‘lgan transsendental sub’ekt g‘oyasi falsafaning borliq haqidagi nazariyalarini ong ontologiyasi sifatida baxolashga imkon yaratdi Fixte Kant falsafasining aynan shu tomoniga etibor qaratdi. U Kant metafizikasida uchraydigan dualistik elementlarni tanqid qiladi va “narsa o‘zida” g‘oyasini qabul qilmaydi. Fixte Kant metofizikasini dialektik yo‘l bilan tahlil qilishga urunadi. Keyinchalik bu urunish Shelling va Gegel tomonidan tanqidga uchraydi.
Fridrix Shelling (1775 - 1854 yilllar) olmon idealistik maktabi vakillaridan biri. Leybsik universitetida tabiiy fanlar va falsafadan ta’lim oladi. 1800 yilda e’lon qilingan “transsendental idealizmning tizimi” nomli asari unga katta shuxrat keltiradi. Shelling tabiat va ruh aynanligi prinsipiga tayanadi. Unga ko‘ra tabiat ham, ruh ham mutloqlik, yoki xudoning turlicha namoyon bo‘lish shaklidir.
Shelling falsafasi Kantning transsendentlik haqidagi qarashlari bilan sug‘orilgan, Bruno va Spinoza panteizmining qayta ishlangan shakli edi. Tabiat va ruhning aynanligi azaldan mavjud bo‘lib, u bizning sezgilarimizga ko‘ra farqlidir. Bizga namoyon bo‘layotgan reallik va ideallik bir xil mohiyatga ega. Shelling falsafasidagi tabiat va san’at, naturfalsafa va falsafaning g‘oyat yaqinligi zamondoshlari, ayniqsa F.Gegel tomonidan adabiyot va fan funksiyalarini chalkashtirilishi sifatida tanqid qilindi.
Georg Vilgelm Fridrix Gegel (1770 - 1831 yillar) Tyubingen
universitetining ilohiyotshunoslik fakultetida ta’lim olgan. U Shelling bayon etishga urungan mutloq ruhning san’atda namoyon bo‘lishi g‘oyasiga tayangan real va ideallikning aynanlik prinsipini tanqid qilib, san’at modelining o‘rniga fan modelini qo‘llaydi hamda mutloq ruhning namoyon bo‘lishini mantiqiy jarayon sifatida ko‘rsatadi. Haqiqat mavjud bo‘lgan haqiqiy shakl faqat fandagina namoyon bo‘ladi. Ushbu qarashlar Gegelga inson ongining barcha sohalarini qamrab oladigan ulkan falsafiy tizim yaratishga imkon berdi. Klassik e’tiqod shakllarini falsafaning ta’riflash predmetiga ajratarkan Gegel, uning mantiqiy harakatini mutloq ruhga muvofiqligini ko‘rsatadi. Narsalar o‘z asosiga ko‘ra fikrdir, ya’ni barcha mavjid narsalar aqlga muvofiqdir, barcha aqlga muvofiq narsalar mavjuddir, yoki boshqaa qilib aytganda g‘oya bu haqiqatdir, barcha haqiqatlar esa, g‘oyadir. Mutloq ruh namoyon bo‘lishining har bir bosqichi o‘ziga xos mazmunga ega, san’at ham, din ham uni to‘la aks ettira olmaydi, faqat sof aqldagina u to‘la namoyon bo‘ladi.
Insoniyat tarixini katta ko‘lamda tizimli talqin etilishi Evropa madaniy hayotiga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi. Shuning bilan bir qatorda , o‘zida ratsionalizm prinsiplari, sub’ekt va ob’ektning o‘zaro qarama-qarshi konsepsiyalarini mujassamlashtirgan Gegel ta’limoti Evropa mumtoz falsafasining yakunlovchi bosqichi ham edi. Gegel qarashlarining tanqidi Evropada o‘ziga xos noklassik falsafiy yo‘nalishlarni yuzaga chiqardi.
Gegel g‘oyalari katta mavqeyga ega bo‘lgan davrlardayoq unga tarafdor bo‘lmagan, qarashlarini keskin tanqid qilgan faylasuflar paydo bo‘ldi. Bular olmon faylasufi Artur Shopengauer va Daniyalik faylasuf Seren Kerkigor edi. Ularning ilgari surgan g‘oyalari mumtoz falsafaning prinsiplaridan tubdan farq qilib, unda inson borlig‘ining mohiyati, uning olamdagi o‘rni, o‘lim va hayot, inson hayotining ma’nosi kabi muammolar o‘rtaga tashlandi va Evropada keyinchalik bu yo‘nalish postklassik falsafa nomi bilan keng tarqaldi.
Shopengauer (1788-1860 yillar) olmon faylasufi. Shopengauer Evropada keng yoyilgan zamonaviy falsafaning asoschilaridan biri sanaladi. 1818 yilda uning mashxur asari “Olam iroda va tasavvur sifatida” nomli asari yoziladi. Shopengauerning nuqtai nazaricha olam insonga iroda va tasavvur sifatida namoyon bo‘ladi. Iroda bu - Kant nazarda tutgan “narsa o‘zida bo‘lib”, u borliqning azaliy ibtidosidir. O‘z tabiatiga ko‘ra qandaydir kosmik, biologik kuch tasavvur sifatida olam insonning ongida aks etadi, oqibatda zamon, makon, sub’ekt ob’ekt alohida narsalarning turfa xiligi hamda ular o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishlar vujudga keladi. Bularning bari inson aqli, idroki o‘z aprior shakliga ko‘ra shunday yaratilgan. Bu olamda inson mutloq irodaning ixtiyoridadir, u borliq qonunlarini anglashi, unga moslashib yashashi uchun insonga intelekt bergan. Insoning hayoti, mavjudligi qanchalik bema’no bo‘lmasin, mutloq iroda uni yashashga majbur qiladi. Shopengauer yangi davr falsafasiga birinchilardan bo‘lib pessimizm ruhini olib kiradi, biroq, XIX asrning birinchi yarmida avj olgan iqtisodiy, madaniy, ta’lim sohalaridagi taraqiyot bois uning g‘oyalariga etarlicha etibor berilmaydi.
Seren Kerkigor (1813 - 1855 yillar) Daniyalik faylasuf, huddi Shopengauer kabi uning qarashlari ham o‘z davrida etirof etilmagan. U o‘zining “YOki yoki” asarida inson shaxsiyati bosib o‘tishi lozim bo‘lgan uch bosqich: estetik, axloqiy va diniy bosqichlarni ko‘rsatadi. Estetik bosqichda inson hissiy va jismoniy lazzat va farog‘at uchun yashaydi. Bu ma’noda u hayvonga, yana ham aniqroq qilib qaytganda aldov va yolg‘onlar bilan ovunadigan bolaga o‘xshaydi. Kerkegorning fikricha aksariyat kishilar hayotlari davomida bu bosqichdan chiqib ketolmaydilar. Axloqiy bosqichda inson o‘zining nafaqat jismdan, balki ruhdan ham iborat ekanligini anglaydi. Bu bosqichda u umidsizlik va azob chekadi, zotan umidsizlik, inson mohiyatini anglashda zaruratdir. Inson kamoloti uchun axloqiy bosqichning o‘zi etarli emas, u e’tiqod bosqichida umidsizlikni keltirib chiqargan zarurat bilan kurashadi va o‘zi uchun imkoniyat topadi. Kerkegorga ko‘ra faqat chin ma’nodagi e’tiqodgina insonni umidsizlik va azob uqubatdan qutqaradi.
Shopengauer qarashlari ta’sirida shakllangan yana bir yirik faylasuflardan biri Fridrix Nitsshe (1844 - 1900 yillar) uning asosiy asarlari: “Fojianing musiqa ruhidan yaralishi”, “Quvnoq fan”, “Axloq gnoseologiyasi”, “Zardusht shunday degandi”.
U o‘zining “Fojianing musiqa ruhidan yaralishi “ asarida qadimgi Yunon madaniyatini tahlil qilarkan, unda ikki ma’bud, Apollon va Dionis kulti o‘zaro qarama-qarshilikda bo‘lganligini aytadi. U ratsional, tizimli tartiblangan bilim ramzi sifatida Apollonni, irratsional, mistik bilimlar ramzi sifatida Dionisni ko‘rsatadi. Nitsshining fikricha fojiaviylik Dionis ruhidan yaraladi. Fojiaviylik, irratsionallik har qanday san’atning o‘zagi hisoblanadi. Nitsshe Evropa madaniyati inqirozini ratsionallikni hayoti instinktlar, irotsionallik, mistika ustidan qozongan g‘alabasi natijasida deb biladi. Nitsshe falsafasida ko‘tarilgan yana bir muammolardan biri, inson mohiyati muammosidir. U xristianlik dinining g‘oyalarini, shuningdek sotsializm va demokratiyani ham keskin tanqid qiladi. Nitsshening fikricha aynan shu g‘oyalar hech narsaga qodir bo‘lmagan, shaxsiz olomonning manfatlariga xizmat qiladi. Insoniyat hali ham hayvonlik xolatidan yuqoriga ko‘tarilmagan, undan faqat ayrim faylasuflar, avliyolar va ijodkorlar xalos bo‘lganlar. Buning uchun insoniyat ming yillardan buyon o‘rnatilgan qadriyatlar tizimini o‘zgartirishi, ularni qayta baholashi lozim deya ta’kidlaydi Nitsshe.
XIX asrning oxiri, XX asrning boshlarida tabiatshunoslik fanlarining nazariy taraqqiyoti natijasida, Spinoza va Feyerbaxning spekulyativ materializmi hamda Gegel, Fixte, Shellingning idealizmi jamiyat rivoji va fan sohalaridagi o‘zgarishlarni to‘la tushuntirib bera olmadi.
XVI XVII asr Evropa hayotida ulkan o‘zgarishlar asri bo‘ldi. Insonlarning hayot tarzi, qadriyatlar tizimi va dunyoqarashidagi tub o‘zgarishlar falsafada yangicha uslub va muammolarni keltirib chiqardi. Bu davrda falsafiy tafakkur yo‘nalishlarini belgilab bergan muhim xodisalardan biri bu - fan inqilobi edi. Ushbu inqilob N. Kopernik, I. Kepler, Tixo Brage, G. Galiley kabi olimlarning kashfiyotlari bilan boshlanib, I. Nyutoning kashfiyotlari bilan yakunlandi. Endilikda falsafa kechayotgan o‘zgarishlarning mohiyati va ko‘lamini qamrab olishi, xodisalar rivojini tushuntirib berishi, kishilarni yangicha olamga olib kirishi lozim edi. Bunda insoning tabiatga, jamiyatga, o‘z o‘ziga hamda xudoga bo‘lgan munosabati mutlaqo o‘zgacha ma’no kasb etdi.

Yüklə 1,22 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   341




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin