12.5. O‘zbekistonning turistlar e’tiboriga molik asosiy tabiiy boyliklari O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan tabiiy boyliklarni asrab qolish va qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor beriladi. Qabul qilingan bir qator qonunlar asosida tabiiy boyliklarimizni asrab qolish va biologik xilma-xillikni ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston hududida ko‘plab qo‘riqxona, parklar va boshqa xildagi xo‘jaliklar tashkil etilgan hamda davlat himoyasiga olingan.
Qo‘riqxona va Milliy parklarga davlat maqomi beriladi va ular Respublika hukumati tomonidan tashkil etiladi. Qo‘riqxonalar o‘zlari joylashgan yerning barcha joylariga egalik qiladi, Milliy parklar o‘z hududlarining deyarli barcha joylarini tasarruf etish huquqiga ega bo‘ladi. Boshqa xildagi xo‘jaliklar (buyurtmaxonalar, tabiat yodgorliklari) ularni tashkil etgan mahalliy organlar bergan vakolatlari asosida ish yuritishadi.
O‘zbekistonda qabul qilingan biologik xilma-xillikni saqlab qolish strategiyasiga binoan, 2010 yilda mamlakatimiz hududining 10% ini qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarga aylantirish ko‘zda tutilgan. Ushbu strategiya asosida O‘zbekistonda tabiiy qo‘riqxonalarni ko‘paytirish va borlarining hududlarini kengaytirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, 2000 yildan so‘ng Jayron ekomarkazining hududi 2000 gektarga oshirilgan, 1994 yilda Qizilsuv va Miroqin qo‘riqxonalari hududlari birlashtirilgan va unga qo‘shimcha yerlarni qo‘shgan holda Hisor qo‘riqxonasiga aylantirilgan, 1998 yilda qorako‘l o‘rmonchilik va ovchilik xo‘jaligi tashkil etilgan.
Jadval 12.1.
O‘zbekiston Respublikasining alohida qo‘riqlanuvchi tabiiy hududlari