MASXARALAMAlar esa satirik ruhdagi, aniqrog‘i, bolalarning voqelikka sinfiy-ijtimoiy nuqtayi nazardan tanqidiy munosabatlarini ifodalashi va ijro etilishi jihatidan tegishmachoqlardan farq qiluvchi badihalardir. Tegishmachoqlar ham, masxaralamalar ham shovqin solib aytilishlariga ko‘ra o‘zaro o‘xshasalar-da, birinchisi – bevosita obyektga qaratilgan bo‘lib, ko‘pchilik tomonidan ijro etilsa, ikkinchisi – ayni ijro jarayonida obyektga qaratilgan bo‘ladi. Masxaralamalar yakka holda – soloda aytilaveradi, goho deklomatsiya qilinishi ham mumkin.
Masxaralamalarda bolalar sinfiy mavqelarini ayonroq ko‘ra boshlashlari tufayli sinfiy dunyoqarashlarining kurtak ota borishidan tug‘ilgan tanqidiy munosabatlarini ifodalash yetakchi tamoyildir. Dastlabki bosqich bo‘lganidan bu jarayon birmuncha jo‘n va soddaroq kechadi. Bolaning ijtimoiy hodisaga tanqidiy munosabatini ifodalaovchi sinfiy nazari oddiy tashqi belgilarni ajratib ta’kidlash shaklida zuhur topadi:
Yomg‘ir yog‘aloq,
Echki sog‘aloq.
Boylar bolasi
– Qorni dumaloq.
“Yomg‘ir yog‘ishi”– tabiatga xos hodisa, jamiyatga esa suv tekin sanaladi. “Boylar bolasi” mehnatkashlarni “echkiday sog‘ayotgan” otalari hisobidan “qorinlarini dumalatib” yashayotgani sarkastik parallelizmda fosh qilingan.
Masxaralamalar hamma zamonlarda – o‘tmishda ham, bugun ham yaratilmoqda. Qaysi zamonda yaratilganidan qat’iy nazar, davrning tarixiy ruhiga muvofiq yovuzlar qiyofasini konkret an’anaviy ifodalarda fosh etadi. Bunda bolalar tasavvurining konkretliligi, yovuzlik yoki yovuzlarni badbashara qiyofada aniq ko‘rishni taqozo etishi obrazlar tasviridagi an’anaviylikka mone’lik qilmagan. Shu sababli bunday masxaralamalar poetik tavsifnomaga o‘xshaydi:
Otam ketgan urushga,
Dushmanni ko‘p qirishga.
Boshi uzun, ko‘zi ko‘r
Gitlerni o‘ldirishga.
ALLA. “Alla” istilohining kelib chiqishi haqida turlicha fikrlar mavjud. Kimdir uni arabcha “olloh” so‘zining fonetik o‘zgarishga uchragan shakli desa, kimdir
o‘zbekcha “aldamoq” so‘zidan kelib chiqqan, shunga ko‘ra u bolani aldab-avrab uxlatish ma’nosiga ega deya izohlashga urinadi. Bu izohlarning soxtaligi va haqiqatni aks ettirmasligi o‘z-o‘zidan ayonlashib turibdi. L.Z.Budagov chig‘atoychada “allala” boshning orqasi, ya’ni “ensa”ni anglatishini qayd etgan. Chindan ham chalqanchasiga yotganda boshning orqasi yostiqda bosilib, shu holda uxlanadi. Chaqaloq beshikka, belanchakka faqat bosh orqasi – allalasi bilan chalqanchasiga cho‘zilib uxlaydi. Bolaga uyqu chaqirishda qo‘llanishi shu vazifasidan kelib chiqqan. Bunda “allala”shakli “alla, alla-yo, alla-yo alla” tarzidagi ko‘rinishlar bilan to‘lishib, uyquga chorlovchilik mohiyatini kasb etgan. Chaqaloq yoshini to‘ldira borishi jarayonida bu so‘zdagi tovushlarni idrok etishi tufayli uyqusi kelganda o‘zining ham “alla” so‘zi lug‘aviy jihatdan “bosh orqasi” va “uxlamoq” ma’nolarini anglatsa, istilohiy ma’nosiga ko‘ra uyqu chaqirmoq, uxlatmoq asosiy vazifasiga aylangan silsilaviy qo‘shiq turini anglatadi. Abu Ali ibn Sino allaning shu xususiyatini ming yil ilgariyoq payqab, shunday e’tirof etgan: “... bolaning mijozini kuchaytirmoq uchun unga ikki narsani qo‘llamoq kerak: Biri, bolani sekin-asta tebratish, ikkinchisi, uni uxlatish uchun aytish odat bo‘lib qolgan musiqa va allalashdir. Shu ikkisini qabul qilish miqdoriga qarab bolaning tanasi bilan badantarbiyaga va ruhi bilan musiqaga bo‘lgan iste’dodi hosil qilinadi”. Bu mulohazadan to‘rt narsa ayonlashadi: birinchisi, allaning bundan ming yil ilgari – Ibn Sino zamonida ham mavjudligi bo‘lib, janrning genetik asosiga nazar solish imkonini beradi. Ikkinchisi, allaning ijrosi – sekin-asta tebratishga omixta holda kechishi, uchinchisi esa, bolani uxlatishgagina xizmat qilishi va nihoyat to‘rtinchisi, bolaning ham jismoniy, ham ma’naviy chiniqishida muhim ahamiyat kasb etishi to‘g‘ri ilg‘angan.
Alla, odatda, bolaning emizikli davrida – to 3 yoshini to‘ldirgunigacha aytiladi. Bolalarning shu yoshi bilan bog‘lanishi qat’iy bo‘lib, beshik qo‘shig‘i sifatida tavsiflanishiga yo‘l ochgan. Allani ona suti bilan bog‘lab “sutda qorilgan va mehrga yo‘g‘rilgan qo‘shiq” tarzida muqaddaslashtirish sababi shunda.
Alla faqat kuylanadi. Uni shunchaki aytish, yo deklomatsiya qilish mumkin emas. Monoton ohang o‘zbek allalari uchun mushtarak xususiyatdir. Odatda, alla kuyi bilangina bolaga orom bag‘ishlaydi, uni elitadi. Bola uchun uning so‘zi emas, balki kuyi muhim. Chunki u hali so‘zni anglamaydi. Alladagi so‘zlar ona uchun muhim: ular ona qalbining nidolari. Allaning bir maromdagi tebranishga mos mayin ohangi bola ma’naviy ehtiyojining dastlabki qondirgichi sifatida xizmat eta boshlaydi. Zero, tadqiqot va kuzatishlarning tasdiqlashicha, chaqaloq tug‘ilgach, uchinchi kundan e’tiboran kuy va ovozni idrok eta boshlaydi. Birinchi oydaligidayoq musiqiy idrokni – ritm va ohangni idrok eta olishini namoyon qila boshlaydi.
Binobarin, so‘z, ohang va harakat birligi, aniqrog‘i, shu uzvlarning o‘zaro mantiqiy aloqadorligi tufayli allalarning kompozitsion butunligi yuzaga keladi.
Allalarda to‘rtlik band tuzilishi yetakchi bo‘lsa-da, uchlik, beshlik, oltilik, ettilik va sakkizlik tarzida bir butun tugallangan allalar ham, shuningdek, shu xildagi band asosida to‘qilgan namunalar ham ancha. Jumladan, Qashqadaryo, Surxondaryo vohalaridagi allalarning aksariyati, asosan, to‘rtlik, beshlik va sakkizlik shaklida bo‘lsa, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Toshkent va Farg‘ona vodiysida hajman bir necha to‘rtlik, yo beshlikdan iborat voqeaband, yo lirik allalar salmog‘i baland. Bunday strofik xilma-xillik onalarning alla kuylayotgan vaziyatdagi kayfiyatining natijasi bo‘lib, allada kuylanishi kutilgan g‘oyaviy niyatning salmog‘iga, ko‘tarinkiligiga, yo‘nalishiga bog‘liq. O‘zbek allalarida shunday bir ichki mantiq borki, u qaysidir bir ishorada harakat, ohang va mazmun birligini ta’minlab turadi.
Onalar o‘zlari xush yoki noxushliklaridan qat’iy nazar farzandlariga hamisha mehribonlik bilan kuylaydilar: farzandlarini erkalata turib uyqu chaqirganlarida eng nafis ranglarni tanlashga, shu ranglarni g‘oyat nazokat bilan ishlatishga e’tibor beradilar. Bolalari tabiatini toblantirishda doimo tiniqlik va quvnoqlikka aloqador tuyg‘ularni teran ifodalashga xizmat qiluvchi poetik obrazlarga, sifatlash va o‘xshatishlarga murojaat qiladilar, shu maqsadda qo‘zichoq, qo‘chqor, olqor, toychoq, saman, toyloq, bo‘taloq, kiyik(ohu), quralay, serka, bulbul, to‘ti, lochin, tog‘, shahm, chiroq, qizil gul obrazlarida farzandlari qiyofasi va taqdiriga xos fazilatlarni umumlashtirib e’zozlaydilar:
Bulbul qushning bolasi,
Alla, qo‘zim-o, alla.
Daraxtda bo‘lar uyasi,
Alla, bolam-o, alla.
Daraxt boshini sel olsa,
Alla, qo‘zim-o, alla.
Shaydolar bo‘lar onasi,
Alla, bolam-o, alla.
O‘zbek allalarini kompozitsion tarkibiga ko‘ra ikki turga bo‘lish mumkin: