Gipoteza – huquq normasining dastlabki tarkibiy elementi bo‘lib, u ushbu huquqiy normaning qanday sharoitlarda harakatga kirishishi va uning dispozitsiyasi qanday sharoitlarda amalga oshishini belgilovchi hayotiy shart-sharoit va mavjud vaziyatni ko‘rsatadi, ya’ni huquq normasida belgilangan xatti-harakat qanday sharoitlarda ba-jarilishi lozimligini ko‘rsatadi. Gipotezada huquq normasida belgilangan qoida qay sharoitda va qay holatda hamda kim tomonidan amalga oshirilishi ko‘rsatiladi. Gipoteza huquqiy normaning bir qismi bo‘lib, unda dispozitsiyada ko‘rsatilgan qoi-daning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan aniq hayotiy holatlar (voqea, harakat, holatlar) o‘zining ifodasini topadi. Masalan, fuqarolik huquqi normasi fuqarolarning muomala layoqati qaysi holda to‘la vujudga kelishini ko‘rsatadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 22-moddasida «Fuqaroning to‘liq muomala layoqati u voyaga yetgach, ya’ni 18 yoshga yetgach, to‘la hajmda vujudga keladi», degan qoida mustahkamlangan. Yana bir misol: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 66- moddasida «Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z otaonalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar», deb mustahkamlangan. Birinchi misolda «voyaga yetgan», ikkinchi misolda esa «voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar», deyilgan qismi ushbu huquq normalarining gipotezasidir, ya’ni «qachon, qay holatlarda qo‘llaniladi?» degan savolga javob ifodalangan.
Dispozitsiya – huquq normasining tarkibiy elementi bo‘lib, unda huquq subyektlarining huquq va majburiyatlari belgilanadi va ularning bo‘lishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlari variantlari ko‘rsatiladi. Dispozitsiya huquqiy normaning bir qismi bo‘lib, unda gipotezada ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lganda huquq sub-yektlari rioya etishlari lozim bo‘lgan qoida ifodalangan bo‘ladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 66-moddasiga muvofiq, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar – bunda, demak, gipotezada ko‘rsatilgan holatlar, ya’ni farzandlarning
voyaga yetishi va mehnatga layoqatli bo‘lishi hollarining mavjudligi dis-pozitsiyaning amal qilishiga sharoit tug‘diradi, ya’ni farzandlarda o‘z ota-onalariga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatini vujudga keltiradi.