Hujjatlarning aylanish jadvali. Hujjat aylanishi ro‘yxatining tuzish ishlarini bosh buxgalter tashkil etadi va hujjat aylanishi ro‘yxati korxona rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Ro‘yxatni tuzishdan maqsad hisob ishlarini osonlashtirish va hujjat aylanishini oqilona tashkil etishdan iborat. Hujjat aylanishining ro‘yxati sxema ko‘rinishida rasmiylashtirilishi mumkin. YOki jadval ko‘rinishida bo‘lib, quyidagi rekvizitlarga ega bo‘ladi:
hujjatning nomi;
hujjatni tuzish (nusxa soni, rasmiylashtiruvchi mas’ul, bajarilishga mas’ul, bajarilish muddati);
hujjatni tekshirish (tekshirishga mas’ul, keltiruvchi shaxs, keltirish tartibi, keltirish muddati);
hujjatni qayta ishlash (bajaruvchi shaxs, qayta ishlash muddati);
arxivga berish (arxivga beruvchi shaxs, berish muddati);
ro‘yxatni tasdiqlash buyrug‘ining tartib raqami va muddati;
korxona muhri, korxona bosh buxgalteri va rahbari imzosi.
Hujjatlarga yozuvlar qilish va ularni rasmiylashtirishda qo‘yiladigan talablar. Buxgalteriyaga kelib tushgan hujjatlar majburiy tekshiruvdan o‘tishi kerak. Hujjatni tekshirishda quyidagilarni e’tiborga olish kerak bo‘ladi:
- shakl nuqtayi nazaridan (hujjat to‘g‘ri to‘ldirilganligi, hamma rekvizitlar mavjudligi, to‘liqligi);
- mazmun nuqtayi nazaridan (hujjatlashtirilayotgan jarayon qonuniyligi, iqtisodiy mazmunga ega ekanligi, alohida ko‘rsatkichlar mantiqiy bog‘liqligi, arifmetik xatolar yo‘qligi).
Iqtisodiy mantiqsiz, qonunga xilof jarayonlar aks ettirilgan hujjatlar rasmiylashtirishga va jarayonning bajarilishiga qabul qilinmaydi. Bunday hujjatlar tegishli qaror qabul qilish uchun korxona boshqarma buxgalteriyalariga topshirilishi shart.
Xo‘jalik muomalalarini daslabki va yig‘ma xujjatlashtirish tartibi. Dastlabki hujjatlar huquqiy kuchga ega bo‘lishi uchun quyidagi majburiy rekvizitlarga ega bo‘lishi zarur:
— hujjat (shakl) nomi, shakl kodi;
— tuzilgan muddati;
— xo‘jalik jarayoning mazmuni;
— xo‘jalik jarayoni summasi (so‘zda va sonda);
— xo‘jalik jarayoni uchun mas’ul shaxslar nomi;
— hujjatlarning to‘g‘ri rasmiylashtirilishiga javobgar shaxs nomi va imzosi.
Zaruriy hollarda hujjatlarda qo‘shimcha rekvizitlar ham aks ettirilishi mumkin. Masalan, hujjat tartib raqami, korxona nomi va manzili, jarayonning sodir etilishi uchun asos, hujjatlashtirilayotgan jarayonni aniqlashga mo‘ljallangan boshqa rekvizitlar.
Buxgalteriya hisobi avtomatlashtirilgan sharoitlarda hujjatlar rekvizitlari kod ko‘rinishida aks ettirilishi mumkin.