Denov davlat universiteti tarix kafedrasi


yilda Vifiniyada salibchilar egallamagan Brussa va Nikeya shaharlari atrofida



Yüklə 1,21 Mb.
səhifə22/77
tarix10.06.2022
ölçüsü1,21 Mb.
#116809
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   77
Denov davlat universiteti tarix kafedrasi

1205 yilda Vifiniyada salibchilar egallamagan Brussa va Nikeya shaharlari atrofida Nikeya imperiyasi vujudga keladi. Bunga Feodor I Laskar (1205-1223y) asos solgan, u yirik moliyaviy imkoniyatga ega bо‘lmagan, lekin avvalgi imperatorlar, Konstantinopol cherkovi va monastirlar yerlari uning ixtiyoriga о‘tadi. Feodor bu yerlarni proniyaga taqsimlab, harbiy xizmat о‘tash evaziga bergan. Pronarlar, shuningdek chegaraga joylashtirilgan akritlar (akritlar. yunon.Vizantiyaning sharqiy viloyatlarida joylashgan dehqon-jangchilar bо‘lib, ular chegaralarni arablar va saljuqiy turklardan himoya qilgan), stratiotlar (stratiotlar. Vizantiyada VII-X asrlarda davlatga harbiy xizmat о‘tashga (shaxsiy ulovi va qurollari bilan) majbur bо‘lgan erkin dehqonlar) dan jangovor qо‘shin tuzgan. Feodor I latinlarning Kichik Osiyoga siljishlariga chek qо‘ydi. Uning vorisi Ioann III Vatin (1222-1254y) davrida Bolqonda qator islohotlar amalga oshirilgan.
Vizantiyani tiklash uchun kurashda Nikeya imperiyasining muvaffaqiyatini Konstantinopolga yaqinligi va iqtisodiy imkoniyatlarining yuqori bо‘lishi ta’minlagan. Nikeya qо‘shini 1259 yili Latin imperiyasidagi eng kuchli raqiblari Epir hukmdori va Moreya knyazining birlashgan qо‘shinini Pelagoniya jangida mag‘lub etadi. Nikey imperatori Mixail VIII Paleolog qо‘shini Konstantinopolni 1261 yili latinlar qо‘shini shahardan chiqib ketgan paytda, deyarli qarshiliklarsiz va qurbonlarsiz egallaydi. Shu tariqa Latin imperiyasi tugatiladi.
Vizantiya tiklangandan sо‘ng uning tarkibiga Kichik Osiyoning g‘arbiy qismi, Frakiya va Makedoniyaning bir qismi, Egey dengizidagi ba’zi orollar va Pelloponesdagi qator qal’alar kirdi. Vizantiyaning tashqi siyosiy holati ham murakkab bо‘lib, imperiya g‘arbdan Venetsiya va Sitsiliya qiroli Karl I, sharqdan turklar xavfi, shimoldan bolgarlar va serblar tazyiqi qurshovida qoladi. Tajribali siyosatchi Mixail VIII Paleolog (1261-1282yillarda boshqargan) Konstantinopolni olishi arafasida genuyaliklarga savdoda katta imtiyozlar berib, ulardan Venetsiya va Karl I Anjuyskiyga qarshi kurashda yordam berishni umid qilgan. Imperator Rim papasi bilan 1274 yili uniya (davlatlarning birlashmasi, ittifoqi) tuzib, dushmanlari ittifoqini buzishga erishadi. Mixail VIII bolgarlarga qarshi mо‘g‘ullarning Nо‘g‘ay о‘rdasidan foydalanishga intiladi. Shunday bir paytda mamlakatda ichki muammo chiqadi. Mixail VIII ning papa bilan uniyasidan provaslav yunonlar norozi bо‘ladilar. Imperatorning yirik zodagonlarni qо‘llab-quvvatlashidan zarar kо‘rgan shaharlar va og‘ir soliqlardan aziyat chekkan qishloq aholisi hokimiyatga qarshi chiqadi.
Qayta tiklangan Vizantiya iqtisodiy jihatdan ham, siyosiy jihatdan ham bir-birovi bilan bog‘lanmagan hamda markazga uncha itoat qilmagan, о‘ziga mustaqil okruglarga tobora kо‘proq bо‘linib borgan viloyatlar yig‘indisigina edi. Kichik Osiyo feodallari Sharqda mus­taqil siyosat yurgizib, turk amirlari bilan о‘zlaricha shartnoma va bitimlar tuzar edilar. Bolqon yarim orolida Duklar, Angellar, Kantakuzenlarning xonadonlari Paleologlar bilan raqiblashib yurardilar. XIV asrda Kantakuzenlar Paleologlarni taxtdan ancha vaqtlargacha chetlatib, imperatorlik hokimiyatini bosib olishga muyassar bо‘ldilar.
Vizantiyada bu davrda dunyoviy yirik yer egaligi mustahkamlanadi. Shartli merosiy tus olgan proniya Yevropadagi feod (feod. lot.-о‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropada senyor tomonidan о‘zining vassaliga merosiy mulk sifatida in’om etilgan yerlar) ga yaqinlashadi. Yirik yer egalarining huquqlari kengaytirilib, ularga ma’muriy va sud huquqi beriladi. Natijada feodallarning о‘z yerlaridagi dehqonlar ustidan tо‘liq hukmronligi о‘rnatiladi. Soliqning asosini uydan, yerdan va qо‘sh hо‘kizdan tо‘lanadigan tо‘lov (telos) tashkil qilgan. Telosdan tashqari jamoaning barcha a’zolari uchun mol bilan tо‘lanadigan ushr (dehqonchilik mahsulotlaridan daromadning о‘ndan biri hisobida olinadigan soliq) va о‘tloq tо‘lovlari olingan. Umumiy soliqlardan tashqari pariklar (pariklar. yunon.kо‘chmanchi, kelgindi-IX-XIV asrlarda Vizantiyada feodallarga qaram dehqonlar) feodallarga barshchina о‘tab berganlar. Barshchina yiliga о‘rtacha 24 kunni tashkil qilgan. XIV- XV asrlarda u pud (pud. slav.-og‘irlik о‘lchov birligi bо‘lib, 16,5 kg.ga teng) solig‘i bilan almashtirilgan.
Yirik yer egalarining dehqon jamoalariga tazyiqi XIV- XV asrlarda yakun topib, ular mahalliy boshqaruvni qо‘lga olib votchina (votchina.yer egaligining merosiy ravishda о‘tadigan turi) ga aylantirildi.
Votchinalarda yetishtirilgan mahsulotlardan don va musallas eksport qilingan. Tashqi bozorlarda savdoni dehqonlar emas, undan kо‘p daromad oladigan yirik yer egalari olib borishgan. Votchina xо‘jaligining rivojlanishi qishloqda hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni yuksaltirgan. XIV asr oxiri XV asr о‘rtalarida yirik mulkdorlar yerlari usmoniy turklar va imperiyaning boshqa dushmanlari qо‘liga о‘tadi.
Yer-mulklarni proniyaga keng in’om etilishi, yirik yer egalariga soliq immunitetlarini berishni kengayishi, italiyalik savdogarlar imtiyozlarini kо‘paytirish, dehqonlar va shaharliklarning asosiy qismini kambag‘allashib borishi, davlat xazinasiga tushadigan davromadlarni kamayishiga olib keldi. Qо‘shin va dengiz flotiga qilinadigan xarajatlar, saroy va tashqi siyosat borasidagi sarf-xarajatlar imperator Mixail VIII davridayoq naqd pul mablag‘larini taqchilligiga olib keladi. Shu vaziyatdan chiqish uchun imperatorlar soliqlarni oshirib, tangalar tarkibidagi oltin miqdorini pasaytirishlari, narx-navoni о‘sishiga olib keladi.
XIV asrning boshlariga kelib Kichik Osiyoning katta qismi usmoniy turklar qо‘lida edi. Ular turklar bosqinini kataloniyalik yollanma qо‘shin yordamida 1303-1305 yillarda qaytarmoqchi bо‘ladilar, lekin u muvaffaqiyatsiz tugaydi. Kataloniyaliklar 1306-1307 yillari Vizantiya hududida о‘zlarining mustaqil knyazliklarini tuzish uchun qо‘zg‘olon kо‘tarib, Frakiya, Fessaliya va Janubiy Makedoniyani talab, 1311 yili Afina gersogligini egallaydilar.
Vizantiyada imperator Andronik II va uning nabirasi Andronik III orasida 1320-1328 yillari toju taxt uchun о‘zaro urushlar bо‘ladi. Andronik III ning g‘alabasi yirik mulkdorlarni kuchayishi va markaziy hokimiyatni zaiflashuviga olib keladi. Vizantiyaning XIV asrning 20-30 yillarida Bolgariya va Serbiya bilan og‘ir va samarasiz urushlarni olib borishi, turklar bilan hal qiluvchi tо‘qnashuvlar arafasida uni yanada zaiflashtiradi.
1341 yili Andronik III ning vafotidan sо‘ng, imperiyada taxt uning yosh о‘g‘li Ioann V ning regenti frakiyalik boy yer egasi Ioann Kantakuzenga о‘tadi. Uning raqiblari zodagonlar, savdogarlar, hunarmandlar Ioann V ning onasi Anna Savoy va amaldor Aleksey Apokavk atrofida jipslashadilar. Kantakuzenni Konstantinopolda vaqtinchalik yо‘qligidan foydalangan uning raqiblari hokimyatni egallaydi. Regent va uning tarafdorlari mol-mulklari musodara qilinadi. Lekin о‘z lavozimlaridan mahrum etilgan Kantakuzenni viloyat zodagonlari imperator deb e’lon qilishadi. Ushbu sharoitda xalqning yirik yer egalariga nisbatan nafrati Kantakuzen tarafdorlariga qarshi qо‘zg‘olonni kelib chiqishiga sabab bо‘ladi. Kantakuzen 1342 yili Fessalonikini egallay olmaganligi sababli, uning tarafdorlari bu viloyatdan haydaladi. Natijada, imperiyadagi Fessalonika shahrida hokimiyat zilotlar (fidoyilar) ga о‘tadi. Bu harakatni shaharning boy savdogarlari, ma’muriyat amaldorlari boshqaradi. Zilotlar dastlabki paytda Konstantinopol hukumati vakili Aleksey Apokavkning ukasi Ioann bilan hamkorlikda harakat qilgan.
Ammo birgina Fessalonika shahrida zilotlarning erishgan g‘alabasi boshqaruvdagi о‘zgarishlarga olib kelmaydi. Shaharda zodagonlar va monastirlarning qisman musodara qilingan mol-mulki taqsimlanib, sudxо‘rlik birmuncha cheklandi, xolos. Zilotlar 1345 yilgi g‘alabadan keyin ham Konstantinopol hukumatiga tayani ish olib boradilar. 1347 yildan vaziyat Kantakuzen tomonga о‘zgarib, u о‘z dushmanlariga qarshi chet elliklar, birinchi navbatda, turklar harbiy bо‘linmalaridan foydalanadi. Ioann VI Kantakuzen Konstantinopolni egallab oladi.
Zilotlar qо‘zg‘oloni 1349 yil bostirilgandan keyin shaharlar aholisi yirik yer egalariga qaram bо‘lib qoladi. Bunday harakatlar Adrianopol, Solun (Fessalonika), Gerakleya va boshqa shaharlarda yuz berdi. Solundagi yetti yil (1342—1349) davom etgan harakat ayniqsa kuchli harakat bо‘lib, zilotlar qо‘zg‘oloni nomi bilan mashhur bо‘lgan bu harakat natijasida qо‘zg‘olonchilar mahalliy zodagonlarning vakillarini qatl qildilar, zodagonlarning mol-mulkini musodara qildilar, Ita­liya shahar respublikalari tipidagi Solun (Fessalonika) shahrini mustaqil respublika deb e’lon qildilar.
Turklar Vizantiyaning zaifligidan foydalanib 1352 yili Dardanell bо‘g‘ozining Yevropa sohilidagi Galliopol yarim orolidagi Simpe qal’asini egallaydi. Sulton Murod I (1362-1389y) 1362 yili Adrianopolni egallab, usmoniylar davlati poytaxtini shu yerga kо‘chiradi. Tez orada butun Frakiya, Filippol (Plovdiv) shahri bilan birga turklarga о‘tadi. Ioann V Paleolog imperiyani saqlab qolish uchun g‘arbga yо‘l olib, Rim papasi, Vengriya va boshqa davlatlardan yordam sо‘rashi natija bermaydi. Turklar bolgarlar, serblar va vizantiyaliklarni janglarda birma-bir mag‘lub etadi.
Vizantiya usmoniylarga vassal qaramlikni tan olib, ularga boj tо‘lashdan tashqari, turklarning harbiy yurishlarida ham qatnashdi. Sulton Boyazid I 1394-1402 yillari tanaffuslar bilan Konstantinopolni bir necha bor qamal qiladi va Vizantiyani butunlay tugatishga urinadi. Usmoniylarga qarshi Vengriya qiroli Sigizmund boshqargan 60 ming kishilik ritsar-salibchilar qо‘shini 1396 yili Dunaydagi Nikopol jangida mag‘lubiyatga uchraydi.
Konstantinopolda usmoniylarga qarshi fransuzlarning Marshal Busiko boshchiligida ming kishilik bо‘linmasi kurashadi. Vizantiya imperatori Manuil II otasi Ioann V singari yordam sо‘ragani g‘arbga jо‘naydi. Uni Venetsiyada, Milanda, Parij va Londonda katta ehtirom bilan qabul qilishadi-yu, lekin amaliy yordam berishmaydi.
1402 yili Anqara jangida Amir Temur qо‘shini Boyazid qо‘shinlarini tor-mor etib, Boyazid asir olinadi. Bu voqea Vizantiyaning halokatini yarim asr ortga suradi.
Vizantiya yaratilgan imkoniyatdan о‘z qudratini oshirish uchun foydalanmadi. Usmoniylar 1422 yili yana Konstantinopolni qamal qilib, 1430 yili Fessalonikani oladi. Usmoniylar xavfining kuchayishi sharoitida G‘arbning yordamini ta’minlash uchun Vizantiya hukumati rim-katolik va yunon-provaslav cherkovlari uniya (uniY.lot.bir xil; -davlatlarning birlashmasi, ittifoqi) siga rozilik beradi. Uniya 1439 yili Florensiyada tuziladi.
1439 yilda Florensiya soborida papa hokimiyati ostida sharqiy va g‘arbiy cherkovlar ittifoqi e’lon qilindi. Ammo greklarning о‘zlari ittifoqqa keskin qarshilik kо‘rsatdi. Grek flotining boshlig‘i Luka Notara, Konstantinopolda papa bosh kiyimidan kо‘ra, turk sallasini kо‘rishni a’loroq kо‘raman, deb oshkora aytgan edi. Shu sababli uning fikriga yuqori tabaqa sinflar orasida ham, quyi aholi ommasi ichida ham kо‘plar qо‘shilgan edi. Quyi grek aholi ommasi salib yurishlari va Latin imperiyasi zamonlaridan boshlaboq G‘arbiy Yevropa feodallariga nafrat kо‘zi bilan qarardi.
Uniya imzolangandan sо‘ng turklarga qarshi yangi salib yurishi 1444 yilda uyushtirilib, unda polyaklar, chexlar, vengrlar, nemislar, qisman fransuzlar va boshqa G‘arbiy yevropalik ritsarlar qatnashgan edi. Ammo salibchilarning bu safargi yurishi ham muvaffaqiyatsiz bо‘lib chiqdi. 1444 yil 10 noyabrda Varna yonidagi jangda ritsarlar yakson qilindi. Shuning о‘zi bilan Konstantinopolning halokati oldindan hal qilib qо‘yildi.
Turklarning 1371 yil Maritsa daryosi bо‘yidagi va 1389 yil Kosovo maydonidagi, shuningdek, 1396 yil Nikopol yonidagi g‘alabalari Konstantinopolning qulashini muqarrar qilib qо‘ygan edi.
Konstantinopol 1453 yil 29 mayda quladi. Sо‘nggi Vizantiya imperatori Konstantin XI (1448-1453) edi. Sulton Murod II ning taxt vorisi sulton Muhammad (Mehmed II) (1451-1481) Konstantinopolni zabt etdi. Konstantin XI ixtiyorida arzimagan miqdorda harbiy kuchlar 10 mingdan kamroq kishi bо‘lib, bu kuchlar ham yollangan askarlardan, kо‘proq genuyalik soldatlardan tashkil topgan edi. Muhammadning 200 ming askari bо‘lib, uning 15 mingini tanlangan yanichar (yanicharlar usmoniylar davlatida davlat xazinasidan maosh olib turadigan muntazam piyoda qо‘shinlar. Sulton Murod I davrida shakllangan. Dastlab asirga tushgan о‘spirinlardan, sо‘ng usmoniy turk imperiyasining xristian aholisi orasidan zо‘rlab islom diniga kiritilgan yoshlardan terib olingan) lar tashkil qilardi.
Konstantinopol qamali ikki oycha davom etdi. Qamalda qolganlar dengiz orqali bir oz vaqt madad qо‘shinlari, qurol-yarog‘ va oziq-ovqat olib turdilar. Kon­stantinopolni quruqlikdan ham, dengizdan ham о‘rab olish uchun Muhammad II yog‘langan maxsus yog‘och tо‘shamalar yordamida turk kemalarini Oltin Shohga sudrab olib о‘tishni buyurdi, chunki gavanga kirish yо‘li ulkan zanjirlar bilan, tо‘sib qо‘yilganligi sababli, unga boshqacha yо‘l bilan о‘tib kirishning iloji yо‘q edi. Imperator Konstantin о‘ldirildi, shahar himoyachilarining kо‘pchiligi qirib tashlandi. Istilochilar Vizantiya poytaxtini bearmon taladilar.
Faqat uch kundan keyin sulton tirik qolgan aholiga nisbatan qirg‘inni tо‘xtatib, qochoqlarga shaharga qaytishga ruxsat berdi. Ammo Konstantinopolni Turkiya imperiyasining poytaxti qilishga qaror qilingani uchun, sulton shahar binolariga ziyon-zaxmat yetkazilmasin, deb buyruq berdi. Yusti­nian zamonidan qolgan mashhur yodgorlik, ya’ni ayo Sofiya sobori saqlab qoldirildi, lekin keyin u «Ayo Sofiya» nomi ostida sultonning asosiy masjidi (arab.sajdagoh, musulmonlarning ibodat joylari. Musulmonlar jamoa bо‘lib, namoz о‘qiydigan joy) ga aylantirildi. Konstantinopol yangi nom Stambul nomini oldi.
Vizantiyaning qulashi qator ichki va tashqi sabablar bilan izohlanadi. Imperiya XIII asrning boshlarida latinlar istilosidayoq katta talofat kо‘rgan edi. XIII asrning oxiridan Vizantiya g‘arb va sharqda tinimsiz urushlar olib boradi. Ular va XIV asrning qonli о‘zaro urushlari davlatni moddiy zahiralarini kо‘kka sovuradi.
Vizantiyani turklar tomonidan istilo qilinishi Yevropa xalqlari uchun g‘oyat katta oqibatlarga sabab bо‘ldi. Kon­stantinopolning qulashi bilan Levantiyadagi savdo-sotiq ishlari orqaga ketdi. Turklar bosib olgan mamlakatlar bilan savdo-sotiq qilish sharoitlari keskin yomonlashdi. Turklar osiyolik va yevropalik savdogarlardan juda katta haq undirib oladigan bо‘ldilar. Savdo yо‘llari xavfli bо‘lib qoldi. Turklarning betо‘xtov olib borgan urushlari О‘rta dengiz bо‘yida muntazam savdo-sotiq ishlarini olib borish imkoniyatidan mahrum etdi. Bundan shu holni kо‘rish mumkinki, turk istilosi yevropalik savdogarlarni va dengizchilarni Turkiya mulklarini chetlab о‘tib Sharqqa, Hindistonga boradigan yangi dengiz yо‘llarini axtarib topish harakatini kuchaytirdi.
Turklarning Konstantinopolni istilo qilishi Markaziy va Sharqiy Yevropa uchun, shu jumladan, slavyan mamlakatlari uchuv ham ayniqsa katta siyosiy ahamiyatga ega bо‘ldi.
XVI asrda Turkiya Polsha, Chexiya, Vengriya, Avstriya, Ukrainaga qarshi agressiya qildi. Turklar 1526 yilda Moxach yonidagi jangda G‘arbiy Yevropa salibchilari ustidan yangi g‘alaba qozonganlaridan keyin, Turkiya Vengriyaning katta bir qismini egalladi va Gabsburglar (Gabsburglar sulolasi 1273-1918 yillarda Germaniyada, Avstriyada, Chexiyada, Vengriyada, Italiyaning ba’zi joylarida, Ispaniyada, Niderlandiyada hukmronlik qilishgan) ning mulklariga bevosita xavf-xatar soldi. Turkiya solgan xavf-xatar, pirovardida, Gabsburglar boshchiligida О‘rta Dunay bо‘yida yashagan xalqlardan iborat kо‘p millatli Avstriya davlatining vujudga kelishiga imkon berdi. Ammo turklar G‘arbiy Yevropaga ham ma’lum darajada xavf solmoqda edilar.
XVI asr boshlarida Yevropa va Osiyo tutashgan joyda о‘zining tarkibiga Misrdan tortib to Ispaniyagacha barcha shimoliy Af­rika sohilini ham kiritgan g‘oyat katta tajovuzkor davlatning tashkil topishi butun Yevropani turklarning bostirib kirish va payhon qilib tashlashdek jiddiy xavf-xatar ostida qoldirdi.
Lekin Yevropa Turkiya masalasida bir fikrga kelolmadi. Yevropa davlatlarining bir qismi turklar tomoniga о‘tdi. Ba’zi bir G‘arbiy Yevropa hukumatlari, Yevropadagi о‘z raqiblari bо‘lgan boshqa davlatlarga qarshi kurashda Turkiya imperiyasiga yangi ittifoqchi maydonga keldi, deb qaradilar. Yevropada avvalo Fransiya Turkiya masalasida ana shunday dо‘stona mavqeni egalladi, chunki Fransiya Gabsburglarga qarshi kurashda Turkiyadek bir ittifoqchiga muhtoj edi. XVI asrning ikkinchi yarmida Yaqin Sharq bozorlarini bosib olishga intilayotgan Angliya ham Turkiya bilan yaqinlashmoqchi bо‘ldi

Yüklə 1,21 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   77




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin