Eron. 1905-1911 yillarda Eron revolyutsiyasidan so’ng shia ruhoniylarining ko’pchilik qismi amaldorlar bilan shoh hukumatini chegaralab qo’yish uchun ittifoq tuzdi. Natijada Eron konstitutsion davlat bo’lib, uning konstitutsiyasi shialikdagi 12 imom (isno’ashariya) oqimini rasmiy diniy mafkura sifatida qabul qildi.
1925 yilda hokimiyat tepasiga Rizoxonning kelishi bilan mamlakatda ruhoniylarning mavqei keskin pasayib ketdi. U konstitutsiyaning 36-moddasiga o’zgartirish kiritib, unga ko’ra o’zini Pahlaviy sulolasining shohi deb e’lon qildi. 20-30 yillarda Eronda dunyoviy qonunchilik shakllandi. U shariat mahkamalarining faoliyat doirasini cheklab qo’ydi, biroq ularni to’la siqib chiqara olmadi. Ular diniy tabiatdagi masalalar bilan shug’ullanadigan bo’ldi.
1978-1979 yillardagi inqilob mamlakatda hukumatning o’zgarishiga olib keldi. Shia ruhoniylari davlatda asosiy rahbar kuchga aylandi. 1979 yilning mart oyi oxirlarida o’tkazilgan umumxalq referendumida ko’pchilik Eronni Islom Respublikasi qilishga ovoz berdi va bu 1979 yilning dekabrь oyida qabul qilingan konstitutsiyada o’z aksini topdi.
Yangi konstitutsiyada ruhoniylarning qonunchilikda yakkahokimligi yana qaytadan tiklandi. 20-30-yillarda qabul qilingan qonunlar bekor qilindi. Ruhoniy qozilar Qur’on va shariat asosida jazo turlarini, ya’ni mast qiluvchi ichimlik iste’mol qilganlarga 50-60 darra, mollarga o’ta yuqori narx qo’yib sotganlarga 75-80 darra, zinoga toshbo’ron, qotillikka o’lim jazolarini qo’llay boshladilar.
Ruhoniylar o’z vazifalarini to’laqonli ijro eta olishlari uchun ular maxsus tayyorgarlikdan o’tgan bo’lishlari lozim edi, shuning uchun shia madrasalarida oliy va o’rta darajadagi ilohiyotchilarni tayyorlashga katta e’tibor berilgan. Asosan, Najaf, Karbalo, Somarro, Qum va Mashhad shaharlari shialikning yirik ta’lim markazlari bo’lib hisoblangan. Ularda butun shia dunyosida mashhur bo’lgan «Ahmadiya», «Mahdiya», «Hindiya», «Ja’fariya», «Fayziya», «Rizoviya», «Boqiriya» kabi yirik madrasalar bo’lib, ularda Eron, Pokiston, Hindiston, Livan, Suriya, Bahrayn, Iroq, Afg’oniston kabi bir necha davlatlardan kelgan talabalar tahsil oladilar.
XVIII-XX asrlarda bir necha qadimiy madrasalar ta’mirlandi va kengaytirildi hamda ularning yoniga yangilari qurilib ishga tushirildi. 60-yillarda eronlik fabrikant Hoji Ittifoq mablag’iga Najafda «Ja’fariya» shia universiteti barpo etildi. 50-60-yillarda Qum shahridagi madrasalarda olti ming talaba tahsil olar edi. Hozirda Mashhadda 12 ta madrasa bo’lib, ularda 953 ta talaba tahsil oladi. Qum va Mashhaddan tashqari Eronning Tehron, Tabriz, Isfahon, Sheroz, Ardabil, Hamadon, Nishopur kabi shaharlarida ham ko’plab madrasalar faoliyat olib boradi. 70-yillar ma’lumotiga ko’ra, Eronda 138 ta madrasada 7500 talaba tahsil olgan. 1975 yili Qumda 6414 ta, Mashhadda 1800 ta, Isfahonda 1000 ta, Tabrizda 500 ta talaba tahsil olgan.
Madrasaga o’qishga qabul qilish ta’minotchi va yirik shialikning namoyondalari tomonidan amalga oshiriladi. O’rta asrlardan madrasalarga o’qishga qabul qilishda yoshlarning nafaqat dinga qiziquvchanligi, balki ularning jismonan baquvvatligi, qo’liga qurol olib jang qila olishi ham e’tiborga olinadi. Ilohiyotchi talabalar bir necha bor o’z madrasalari va ustozlarini himoya qilish uchun qo’lda qurol bilan shoh qo’shinlariga qarshi chiqqanlar. 1979 yildagi inqilobning ham asosiy kurashuvchi kuchini Xumayniyning talabalari tashkil etganlar.
Eronda monarxiya asosidagi tuzumning mustahkamlanishiga va amaldorlarning iqtisodiy jihatdan kuchayishiga kuchli propaganda apparatiga ega bo’lgan mafkura juda qo’l keldi. Hukumatning asosiy mafkuraviy tamoyillari shohning «Mening vatanga xizmatim», «Oq inqilob», «Buyuk taraqqiyot sari» asarlarida va shohning Eron, Amerika, Angliya hamda boshqa xorijiy mamlakatlar gazeta va jurnallarining muxbirlariga turli vaqtlarda bergan intervьyularida jamlangan.
Shoh tuzumining o’ziga xos xususiyatlaridan biri shoh shaxsining yuqoriga ko’tarilishi edi. Monarxiya uzluksiz milliy an’ana deb ta’riflandi. Rasmiy nazariyotchilar fikricha, monarxiya g’oyasi «millat tabiatining ajralmas qismi va Eron monarxiyasining asosiy an’analaridan bo’lib qoldi».
Shoh va rasmiy mafkurachilarning islomga munosabatlari haqida alohida to’xtalib o’tish lozim. Shoh bilan shia ruhoniylari orasidagi munosabatlar oddiygina emasdi. Shoh o’zining «Mening vatanga xizmatim», «Oq inqilob» asarlarida va dasturiy chiqishlarida juda ko’p marta shialik davlat dini ekanligi haqida gapirilgan Eron konstitutsiyasidan tsitatalar keltirdi. Ammo shoh ruhoniylarning diniy va dunyoviy hokimiyatning bo’linmasligi haqidagi islom qonuni asosida siyosatga aralashishlariga yo’l qo’ymasdi. U «Shoh – Xudoning yerdagi soyasi» degan shiorga urg’u berardi. Shoh o’zi o’tkazayotgan islohotni islom qonunlari bilan asoslashga harakat qildi.
Islomni modernistik talqin qilishga yo’l bergan bir qator mafkurachilar islomdan uzoqlashish, ayniqsa, shahar aholisi orasida kuzatilayotganligi haqida kuyinib gapira boshladilar.
Dunyoviy hukumatning ruhoniylar faoliyatiga aralashuviga rozi bo’lishga majbur bo’lgan shia mafkurachilari musulmonlarga o’z ta’sirlarini yo’qotmaslik uchun «dinning hukumatga to’la bo’ysunishi»ni tugatishga harakat qildilar. 60-yillarning boshlarida Tehronda Oyatulloh Mutahhariy boshchiligida islom diniy jamiyati («Anjuman-i diniy») tashkil etildi. Mutahhariy o’sha davrda Tehron universiteti qoshidagi «Sipohsolor» madrasasida ilohiyotdan dars berar edi. Maorif vazirligi tomonidan tasdiqlangan islom bo’yicha ma’ruza o’qish uchun mo’ljallangan rasmiy dasturdan norozi bo’lgan Mutahhariy va uning ulamolardan hamda islomiy kayfiyatdagi dunyoviy ziyolilardan iborat tarafdorlari musulmon ilohiyoti bo’yicha ommaviy ma’ruzalar kursini Tehrondagi Shemiron degan joydagi maxsus mo’ljallab qurilgan uyda o’qiy boshladilar. Ma’ruzalar o’z atrofiga katta ommani jalb etdi. Unga barcha darajadagi ruhoniylar: ilohiyotchi bo’lgan va bo’lmagan talabalar, professor va o’qituvchilar, ijtimoiy va siyosiy namoyandalar qatnashdilar. Ko’pincha tortishuvga aylanib ketadigan bu ma’ruzalarni oyatulloh Bihishtiy, Toliqoniy, Mulla G’afforiy, Mahdiy Bozargon va boshqalar o’qir edilar. Keyinchalik ma’ruza matnlari uch jildlik umumiy «Go’ftar-i moh» («Oylik xabarlar») nomi ostida bosmadan chiqarildi. «Anjuman-i diniy» jamiyatining faoliyati ikki yarim yil davom etdi. «Go’ftar-i moh» sonlarida bosilgan ma’ruzalar Qum va Mashhad ruhoniylari va madrasa talabalariga tarqatildi. Erondagi shialik diniy institutlarining faoliyatlarini tahlil qilishga harakat qilgan va ilohiyotni o’qitishga o’zgarishlar kiritishni taklif qilgan ilohiyotchilarning asarlari alohida e’tiborga ega bo’ldilar. 1967 yilda Qumda yuzaga kelgan hukumatga qarshi ommaviy qo’zg’alishdan keyin shoh barcha ilohiyotchilarning ommaviy chiqishlarini taqiqlab qo’ydi. Shunga qaramay, «Go’ftar-i moh» sonlarida Eron diniy institutlaridagi mavjud shialik kontseptsiyalari va holatlarini tahlil qilishga harakat qilgan mualliflarning maqolalari chop etishda davom ettirildi.
Ko’pchilik shia ruhoniylari diniy va dunyoviy hokimiyatning ajralmas ekanligini yoqlab chiqdilar. Ammo buning tatbiq etilishida ularning fikri doimo bir joydan chiqavermas edi.
60-70-yillarda faoliyat ko’rsatgan shia ruhoniylarini g’oyaviy jihatdan an’anachilar, fundamentalistlar va modernistlarga bo’lish mumkin. Bu uch oqim tarafdorlari ham davlatni boshqarishda asosiy mas’uliyat ruhoniylarning yelkasidadir degan fikrda edilar. Diniy va siyosiy hukumatning ajralmas ekanligi nazariyasi tarafdorlari orasida eng katta nufuzga ega bo’lgani Jamoliddin al-Afg’oniydir.
Shia nazariyotchilari islomni isloh qilishga turlicha baho berdilar. Masalan, shia voizi falsafiy islomdagi har qanday islohotlarni rad etadi. Uning ta’kidlashicha, islom qonunlari «yuqoridan nozil qilingan», shuning uchun ham faqat diniy hokimiyat bo’lishi kerak, boshqaruvning xalq hokimiyati va demokratik usullari haqida so’z bo’lishi mumkin emas.
1971 yil oktyabrь oyidagi Eron monarxiyasining 2500 yilligini nishonlash bayrami ruhoniy oppozitsiyasini qo’zg’atib yubordi: Eron aholisi orasida noqonuniy varaqalar tarqatila boshlandi. Ularda Xumayniy musulmonlarga bu bayramni «ochiq sharmandalik» deb e’lon qildi va musulmonlarni qonli zulmga qarshi qo’zg’olon qilishga chaqirdi.
Shohga Qum, Mashhad, Isfahon, Sheroz, Tabriz, Kirmon, Qazvin, Kuchan, Xumayndagi toliblar, mudarrislar, mujtahidlar, oyatullohlar va mullalar tomonidan norozilik telegrammalari kela boshladi. Mutahhariy, Ruhoniy, Shiroziy kabi bir qator nufuzli oyatullohlarning maktublari nashr etildi. Ular o’z maktublarida monarxiyaning 2500 yilligini nishonlanishini «XX asrning buyuk komediyasi» deb atadilar. Oyatulloh Xumayniyning so’zlari fatvo sifatida qabul qilinib, xususan, Qum va Mashhadda yashaydigan shia ruhoniylari bu bayramni rad etdilar.
Oyatulloh Xumayniy Erondan quvilib muhojirlikda yashagan va shoh tomonidan «o’zini ruhoniy qilib ko’rsatayotgan qallob» deb e’lon qilingan bo’lsa-da, u shialar uchun buyuk oyatullohligicha qoldi.
70-yillarda Qum shohi va hukumatiga qarshi chiqishlar qatag’onlar bilan birga bordi. Bu narsa ruhoniylarning hukumat ishlariga aralashishlariga yo’l ochib bermayotganligidan darak berardi.
Oyatulloh Xumayniy muhojirlikda yashab, shohga qarshi jangovar guruhlarning qo’llab-quvvatlashiga tayandi. U «Fedoyon-ye xalq» va «Mujtahidin-ye xalq» tashkilotlari bilan aloqalar o’rnatdi. Aynan ana shu ikki tashkilot 1979 yil fevralidagi inqilobda Eron xalqiga aksilinqilobchilarga qarshi kurashda asosiy yordamni ko’rsatdi. Natijada Xumayniy ularni shafqatsiz ta’qib qila boshladi. 1978 yilning boshidayoq u ogohlantirgan ediki, islomiy harakatlarning maqsadi qandaydir guruh yoki partiyaning maqsadlaridan yuqori turadi, zero, bu harakatlarning asosiy maqsadi islom davlatini qurishdir.
1978 yilning kuzida isyonchilar shoh tomonidan beshafqat jazolanganlaridan keyin xalq qo’zg’alonlari ommaviy tus oldi. Bunday choraga javoban butun Eronni qamrab olgan monarxiya, imperializmga qarshi umumxalq qo’zg’oloni darajasiga ko’tarilgan harakat yuzaga keldi.
Bu qo’zg’olonning vujudga kelishiga 1978 yil «Ittiloot» gazetasida axborot va turizm vazirining Xumayniyga qarshi, uni haqoratlovchi so’zlar bilan chiqishi sabab bo’ldi. Bu nashr shia ruhoniylarida qarshi reaktsiyani uyg’otib yubordi.
1978 yilning kuzida Eron sayyoramizning eng qaynoq nuqtalaridan biri bo’lib qoldi. Obadondagi neftni qayta ishlash zavodida, Harq orolidagi neftni dengiz neft portida o’n minglab ishchilar ish tashladilar. Hukumatga qarshi namoyishlarda Tehron universiteti talaba va mudarrislari, Eron poytaxti va boshqa shaharlaridagi ko’plab korxonalarning ishchilari qatnashib, barcha siyosiy mahbuslarni ozod qilish, o’quv yurtlari ustidan qo’yilgan politsiya nazoratini yo’q qilishni talab qilib chiqdilar. Xalq chiqishlari va namoyishlari shu darajaga yetdiki, hukumat 1978 yilning 7 sentyabrida Eronning 12 katta shaharlarida harbiy holat e’lon qilishga majbur bo’ldi. Taqiqlashlarga qaramay, 8 sentyabrda poytaxtda yangi namoyishlar yuzaga keldi. Namoyishchilar harbiy holatni bekor qilish va shohning o’z mansabidan ketishini talab qildilar. Xalq va politsiya orasida keskin to’qnashuvlar bo’lib o’tdi. 8 sentyabr kuni Eron xalqi tomonidan «Qora juma» deb e’lon qilindi.
1979 yil 1 fevralda 15 yillik quvg’indan so’ng Oyatulloh Xumayniy Eronga qaytdi. Mamlakatda qo’shhokimiyat vujudga keldi: Shohpur Baxtiyorning hukumati bilan bir vaqtda Xumayniy tomonidan Frantsiyadan qaytganidan so’ng tayinlangan M. Bozargon boshchiligidagi Vaqtli inqilobiy hukumat faoliyat ko’rsata boshladi.
1979 yil 11 fevralda butun mamlakatga yoyilgan Tehron qurolli qo’zg’oloni boshlandi. Unda «Fidoiyon-i xalq» va «Mujtahidin-i xalq» tashkilotlari faol qatnashdi. Shoh tomonidan qo’yilgan SH. Baxtiyor hukumati ag’darildi va majlis tarqatib yuborildi. Shu daqiqadan boshlab Bozargonning Vaqtli inqilobiy hukumati ijrochi hukumatga aylandi. Ammo haqiqiy rahbarlar – Oyatulloh Xumayniy, Bihishtiy, Mutahhariy, Muntaziriy, Toliqoniy, Xalxoliylar edilar.
1979 yil 1 aprelda umumxalq referendumi o’tkazilganidan keyin monarxiyaning ag’darilganligi va Eron islom Respublikasining tashkil etilganligi e’lon qilindi. Xumayniy buni «Xudo tomonidan Eron xalqiga berilgan ulug’ ne’mat» deb baholadi. U o’z qarorgohini avval Qum shahrida, keyinchalik esa Tehronda belgiladi.
Dostları ilə paylaş: |