KONFUTSIYCHILIK
Konfutsiychilik falsafiy g’oya sifatida maydonga kelgan. Uning asoschisi Konfutsiy (Kun Tszi) mil. av. 551 yilda tug’ilib, mil. av. 479 yilda vafot etgan.
Konfutsiy otasidan erta ajrab, onasi qo’lida tarbiyalanadi. Onasi ham ko’p o’tmay dunyodan o’tadi. Konfutsiy ilm tahsilini olgach, 19 yoshida uylanadi. Birinchi marta u omborchi vazifasiga ishga tayinlanadi. U bir necha yillar davomida turli podshohlar qo’l ostida ishlagandan keyin yoshlarga ta’lim berishga kirishadi. Yangi ustozning ong haqidagi fikrlari, chuqur ma’noli so’zlari mamlakat bo’ylab keng tarqaladi. Shundan so’ng Konfutsiy huzuriga mamlakatning turli mintaqalaridan ilmga chanqoq yoshlar oqib kela boshlaydilar. U ilm istab keluvchilarga hech qachon rad javobini bermas edi. Konfutsiyning 3000 ga yaqin shogirdlari orasida 72 eng ko’zga ko’ringan izdoshlari orasida mamlakatning obro’li xonadonlaridan bo’lgan kishilar bilan bir qatorda kambag’al, oddiy kishilar ham bo’lgan. Konfutsiy maktabi qadimgi Xitoyda asta-sekin katta ta’sir doirasiga ega bo’lib bordi. Uning ko’plab shogirdlari qadimgi Xitoy podshohliklarida e’tiborli mansablarni egalladilar. Konfutsiy yoshlar tarbiyachisi va ustozi sifatida keng shuxrat qozonib, ilk Xitoy ma’rifatparvari nomiga sazovor bo’lgan bo’lsa, u tomonidan taklif qilingan islohotlarning amalga oshirilishida buning aksi bo’ldi.
Garchi Konfutsiy o’zining ish faoliyatida podshohlar xizmatida bo’lgan paytlarida ba’zi islohotlarni amalga oshirishga harakat qilgan bo’lsa-da, ammo uning ko’pchilik takliflari amaldorlar va hukmdorlar tomonidan qo’llab-quvvatlanmadi. Konfutsiyning asosiy e’tiborini tortgan narsa o’z zamonasining kamchiliklari va aybu nuqsonlari edi.
Oddiy xalqning nochorligi, amaldorlarning zolimligi, hukmdorlar o’rtasidagi o’zaro ziddiyatlar, qadimgi ma’naviy an’ana va qadriyatlardan uzoqlashish – bularning hammasi Konfutsiyning keskin tanqidiy qarashlarining yuzaga kelishiga turtki bo’ldi. U mavjud muammoni hal qilishda yangicha qarashlarga tayanish lozimligini anglab yetdi. Biroq u o’z fikrlarining jamoatchilik tomonidan qabul qilinishi uchun hamma e’tirof qilgan obro’ga ega bo’lish kerak edi. Konfutsiy xuddi ana shu obro’ni uzoq o’tmishning yarim afsonaviy obrazlaridan topdi. Konfutsiy vafotidan bir necha asr o’tgach, uning ta’limoti xalq hayotining ajralmas bir qismiga aylandi.
Dostları ilə paylaş: |