Patogenezi va patologik anatomiyasi. Odam organizmiga kirgan joyi (nafas, hazm yo‘llari yoki teri)dan rikketsiyalar tezda qonga tushadi va retikuloendotelial sistema (qon tomirlari, jigar, taloq, limfatik tugunlar, ilik) hujayralarida ushlanib qoladi va u yerda ko‘payadi. Bu sistema hujayralarining parchalanishi va katta miqdorda rikketsiyalar hamda ular toksinlarining qonga tushishi kasallik boshlanishi va allergik o‘zgarishlar rivojlanishini ko‘rsatadi. Normal immun javob sababli qo‘zg‘atuvchi organizmdan chiqib, bemor sog‘ayadi. Ba’zida tugallanmagan fagositoz natijasida kasallikning uzoq cho‘ziladigan shakli va residivni kuzatish mumkin. Patologoanatomik jihatdan o‘pkada spetsifik interstitsial pnev- moniya, taloq va jigarda — degenerativ — distrofik o‘zgarishlar, buyrakda esa — epiteliylar shishi qayd etiladi. Miya to‘qimalari hamda miya qavatlari produktiv yallig‘lanadi. Klinikasi. Yashirin davr 7—30 kun (o‘rtacha 15—20 kun) davom etadi. Kasallik odatda o‘tkir boshlanib, et uvushishi, tana haroratining to‘satdan ko‘tarilishi (39—40°C) va umumtoksik sindrom bilan kechadi. Kasallikning birinchi kunidan holsizlik, darmonsizlik, kuchli terlash, bosh, mushak va bo‘g‘imlar og‘rig‘i, bosib ko‘rganda va harakatlantirganda ko‘z olmalarida og‘riq kuzatiladi, burundan qon ketishi mumkin. Tana haroratining katta oraliq bilan o‘zgarib turishi, takroran et uvushishlar va ko‘p terlashlar kasallik uchun xos belgilardir. Isitma davri o‘rtacha 7 kundan 10 kungacha davom etadi. Harorat litik tipda tushadi. Yuz terisi qizarib, sklera tomirlari kengayadi. Shuni ta’kidlash zarurki, Ku-isitmasida terida toshmalar toshmaydi. Ayrim bemorlarda 3—5-kunlardan boshlab og‘riq bilan kecha- digan quruq yo‘tal, ba’zan esa balg‘am aralash (qon ham bo‘lishi mumkin) yo‘tal kuzatiladi. Nafas olganda va yo‘talganda ko‘krak qafasida og‘riq bo‘ladi. Nafas yetishmasligi yoki bo‘g‘ilish hollari uchramaydi. Tukillatib ko‘rganda bo‘g‘iq perkutor tovush, eshitib ko‘rganda — quruq, ba’zan mayda pufakchali xirillashlar eshitiladi. Odatda Ku-isitmasida pnevmoniya rentgenologik usulda aniqlanadi. Notekis qirrali alohida mayda o‘choqlar qorong‘ilashish shaklida namoyon bo‘ladi. Juda kam hollarda plevropnevmoniya kuzatiladi. Yurak-qon tomirlar sistemasida bradikardiya, gipotoniya, yurak tovushlarining bo‘g‘iqligi, ba’zan yurak sohasida sistolik shovqin qayd etiladi. Til quruq, karash bilan qoplangan bo‘ladi. Ayrim bemorlar vaqti-vaqti bilan qorinning u yer-bu yeri og‘rib turishidan shikoyat qiladilar. Ba’zi hollarda og‘riq o‘tkir tus oladi va o‘tkir appenditsitni eslatadi. Bu og‘riqlar nerv sistemasining vegetativ bo‘limi zararlanishi natijasida ichak mushaklari spazmi ta’sirida vujudga keladi. Ba’zida jigar va taloq kattalashadi, ich kelmaydi. Seroz meningit hollari ham ma’lum. Apatiya, subfebrilitet, ish faoliya- tining pasayishi uzoq muddat saqlanishi mumkin. Ku-isitmasi asoratlaridan miokardit, endokardit, plevrit va boshqalarni ko‘r- satish mumkin. Ayrim bemorlarda nevrit va nevralgiya rivojlanadi. 4% dan 20% gacha bemorlarda kasallik residivlari uchraydi. Ku-isitmada asosan kasallik sog‘ayish bilan tugaydi, o‘lim hollari juda kam kuzatiladi. Kasallikdan keyin turg‘un immunitet hosil bo‘ladi. Tashxisi. Epidemiologik anamnez orqali kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan manbani topish qiyin bo‘lgan vaqtlarda klinik tashxis qo‘yish ham ancha qiyinchilik tug‘diradi. Bundan tashqari klinik belgilar polimorf xususiyatga ega bo‘lib, bular yuqumli va yuqumli bo‘lmagan bir necha kasalliklarda ham uchrashi mumkin. Shuning uchun Ku-isitmasida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan tekshirish
bu laboratoriya tekshirish usullaridir. Agglutinatsiya hamda Bernet rikketsiyalari bilan komplementni bog‘lash reaksiyasi katta amaliy ahamiyatga ega. Agglutinatsiya reaksiyasi kasallikning 2-haftasidan boshlab ijobiy bo‘ladi va kasallikning 4—5-haftasida eng katta titr aniqlanadi. Komplementni bog‘lash reaksiyasi esa kechroq paydo bo‘ladi va 3—4-haftada kuchayadi. Tashxis titrlari 1:8 — 1:16 ni tashkil qiladi (albatta reaksiya qayta qo‘yilishi shart). Bernet rikketsiyalari allergeni bilan teri-allergik sinama qo‘yish ham muhim. Tabiiy o‘choqlarda hayvonlarning infeksiya yuqtirganligini aniqlash uchun immunoflyuoressent usuli qo‘llanadi.
Davolash. Ku-isitmali barcha bemorlarni albatta shifoxonaga yotqizish zarur. Chunki ular tegishli parvarishga muhtoj hisob- lanadilar. Ko‘pgina bemorlarda spetsifik pnevmoniya ro‘y berishini inobatga olib, ularni tez-tez yotoqda yurgizib turish zarur. Etiotrop terapiya maqsadida tetrasiklin 0,2—0,3 g dan kuniga 4 mahal yoki levomitsetin 0,5 g dan kuniga 4 mahal tana harorati tushgunga qadar va yana 2 kun davomida beriladi. Bir vaqtning o‘zida 5% li glukoza eritmasi (500 ml gacha) venaga, vitaminlar kompleksi, ko‘rsatmaga binoan — oksigeno- terapiya, yurak-qon tomir preparatlari tayinlanadi. Profilaktikasi va o‘choqda o‘tkaziladigan tadbirlar.Chorva mollari oziqlanadigan joylar xlorli ohakning 10% li eritmasi bilan dezinfeksiya qilinadi. Kasallik o‘chog‘idagi hayvonlar suti qaynatib ishlatiladi. Tabiiy o‘choqlarda kanalar bilan kurashiladi. O‘choqda Ku-isitmasining spetsifik profilaktikasi uchun hayvonlar bilan aloqada bo‘lgan kishilar vaksinatsiya qilinadi. Vaksina teri ostiga uch marta 0,5—0,5—1 ml dan 7—10 kunlik intervallarda yuboriladi. Ku-isitmasi bilan og‘rigan bemorlar atrofidagilar uchun katta xavf tug‘dirmaydi. Lekin ilmiy adabiyotlarda tibbiy xodim- larning infeksiya yuqtirganligi haqida ma’lumotlar bor. Bunday hollarda bemor bilan aloqada bo‘lganlar (ayniqsa o‘pkaga tegishli shakllarida) ayrim profilaktika qoidalari (doka respiratorlar taqish, bemorlar ajratmalarini yuqumsizlantirish va b.)ga rioya qilishlari talab qilinadi. Nazorat savollari Ku-isitma nima?
Bernet rikketsiyalari haqida gapirib bering.
Qanday yovvoyi va uy hayvonlari Ku-isitma manbai hisob- lanadi?
Ku-isitmada jigar hamda taloqda qanday patologoanatomik o‘zgarishlar kuzatiladi?
Ku-isitmani davolash uchun qanday preparatlar qo‘llanadi?
Ku-isitmaning spetsifik profilaktikasi uchun qanday vaksina qilindi va u qanday tartibda bajariladi?
Kanadan yuqadigan rikketsiozlar (rickettsiosis sibirica) Kanadan yuqadigan rikketsiozlar — o‘tkir rikketsioz kasalliklar bo‘lib, teri zararlanishi (birlamchi affekt paydo bo‘lishi), intoksikatsiya, regionar limfatik tugunlar kattalashishi va og‘rishi hamda terida toshmalar paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Etiologiyasi.Kasallik qo‘zg‘atuvchi rikketsiyalarning alohida turi
Dermacentroxenus sibiricus bo‘lib, o‘zining xususiyatlari bilan boshqa rikketsiyalarga o‘xshaydi. Zararlangan hujayralar yadrosi va sitoplazmasida rivojlanadi. Qo‘zg‘atuvchi yovvoyi hayvonlar (yum- ronqoziq, olmaxon, g‘alla o‘simliklariga zarar yetkazadigan kemi- ruvchi hayvonlar, yaylov kanalari) va kanalar organizmida rivoj- lanadi.
Epidemiologiyasi.Tabiatda infeksiya manbai yaylov (o‘tloq) kanalari va kanalardan zararlanishi mumkin bo‘lgan hayvon turlari (yumronqoziq, olmaxon) hisoblanadi. Chunki kanalar va ulardan kasallik yuqtiradigan hayvonlar ma’lum mahalliy sharoitlarda yashaydi. Kasallik esa tabiiy o‘choqlilik bilan ta’riflanadi, ya’ni ma’lum geografik zonalar (Sibir, Uzoq Sharq, Markaziy Osiyo- ning ayrim joylari)dagina tarqalgan. Odam kanadan yuqadigan rikketsioz bilan o‘ziga rikketsiyalar yuqtirgan yaylov kanalari chaqishi natijasida kasallanadi. Kanalardan yuqadigan rikketsioz — mavsumiy kasallik bo‘lib, kasallik ko‘proq bahor va yoz boshida tarqaydi. Bu hol kanalarning bu davrda ko‘payishi bilan bog‘liq. Patogenezi va patologik anatomiyasi.Kasallik odam organizmiga teri orqali kana chaqishi natijasida, kam hollarda odamning o‘zi shilliq qavatlarga qo‘zg‘atuvchini kiritishi orqali yuqadi. Kirish joyida va regionar limfatik tugunlarda mahalliy yallig‘lanish o‘chog‘i — birlamchi affekt hosil bo‘ladi. Keyinchalik limfogen yo‘l bilan rikketsiyalar qonga tushadi hamda tomirlar endoteliysida ushlanib qoladi. Unda epidemik toshmali tifdagi kabi o‘zgarishlar paydo bo‘ladi. Rikketsiyalar parchalanganda endotoksin ajralib chiqib, intok- sikatsiyaga sabab bo‘ladi va ichki a’zolar faoliyati buziladi. Klinikasi. Yashirin davr 2 kundan 7 kungacha (o‘rtacha 3—5 kun) davom etadi. Kasallik o‘tkir boshlanib, tana harorati tezda 38— 39°C gacha ko‘tariladi va 5 kundan 15 kungacha davom etadi. Qisqa remissiyadan (2—5 kun) keyin yana ko‘tarilib ketadi. Bir vaqtda bosh og‘rig‘i, holsizlik, mushak va bo‘g‘imlarda og‘riq kuzatiladi, uyqu va ishtaha buziladi. Kana chaqqan joyda — terida birlamchi affekt rivojlanadi: bu uncha katta bo‘lmagan qattiq infiltrat bo‘lib, jigarrang nekrotik po‘st bilan qoplangan va atrofi qizil hoshiya bilan o‘ralgan bo‘ladi. Odatda infiltratning diametri 1—2 sm gacha bo‘ladi. Ko‘pincha birlamchi affekt boshning sochli qismida, yuqori yelka sohasida va bo‘yinda, ya’ni tananing kanalar chaqishi mumkin bo‘lgan ochiq joylarida uchraydi. Ko‘pincha birlamchi affekt regionar limfadenit rivojlanishi bilan kechadi, bunda qo‘ltiq osti yoki bo‘yin limfatik tugunlari kattalashadi (ba’zida kaptar tuxumiday kattalikda). Kasallikning xarakterli va doimiy belgilaridan biri bu — tosh- madir. Toshmalar polimorf xarakterda bo‘lib, ko‘pincha 2—3 mm dan 1 sm gacha bo‘lgan kattalikdagi rozeolalar va papulalar shaklida toshadi. Toshma ko‘pincha kasallikning 4—5-kuni paydo bo‘ladi, ba’zida esa kasallikning 2-kuni ham kuzatilishi mumkin. Ular juda ko‘p tarqalgan bo‘lib, butun badan, yuz, kaft va panjalarga toshadi. Bu holat isitma davrida saqlanib turadi. Keyin asta-sekinlik bilan kamayib, dumba sohasi va oyoqlarda ko‘proq saqlanib qoladi. Kasallik og‘ir kechganda gemorragik toshmalar uchraydi. Bosh og‘rig‘i, mushak va bel sohasida og‘riq, uyqusizlik kuzatiladi. Bemorning yuzlari qizarib, sal shishadi. Bu kasallik uchun tifoz holat xos emas. Konyunktivalar qizargan, sklera tomirlari kengaygan, yumshoq tanglay shishgan bo‘lib, mayda qon quyilishlar aniqlanadi. Yurak tomirlar sistemasida bradikardiya (puls minutiga 60—70 marta), gipotoniya va yurak tovushlarining bo‘g‘iqligi aniqlanadi. Ba’zida bronxit, kam hollarda esa pnevmoniya kuzatiladi. Oshqozon-ichak yo‘llarida qabziyatga moyillik, jigar, ba’zida esa taloqning kattalashishi aniqlanadi, diurez kamayadi. Kasallik ko‘pincha sog‘ayish bilan yakunlanadi, residivlar kuzatilmaydi. Tashxisi. Kanadan yuqadigan rikketsiozlarga tashxis qo‘yish epidemiologik ma’lumotlar (tabiiy o‘choqli endemik joylarda bo‘lish, kana chaqishi) va klinik belgilar (regionar limfadenitli birlamchi affekt, xarakterli toshmalar va b.)ga asoslangan. Isitma davrida leykositoz, neytrofiloz, ECHT ning oshishi kuzatiladi. Spetsifik tashxis uchun KBR yoki passiv gemagglutinatsiya reaksiyasi (PGAR) qo‘llanadi. Bu reaksiya kasallikning 11-kunidan paydo bo‘ladi. Uning spetsifikligini hisobga olgan holda tashxis titri 1:10, 1:20 va undan yuqori bo‘ladi. Qo‘shimcha ravishda OX19 antigeni bilan qo‘yiladigan Veyl-Feliks agglutinatsiya reaksiyasi qo‘llanadi. Mazkur reaksiya 80% bemorlarda ijobiy bo‘ladi. Davolash. Bemor shifoxonaga yotqiziladi va epidemik toshmali tifdagi kabi parvarish qilinadi. Isitma davrida yotoq rejimi tayinlanadi. Tetrasiklin (kuniga 0,3—0,4 g dan 4 mahal) yoki levomitsetin (kuniga 0,5 g dan 4 mahal) isitma tushguncha va normal haroratda yana 2 kun beriladi. Antibiotiklar qatorida ko‘rsatmaga asosan simp- tomik preparatlar qo‘llanadi. Bemor to‘la sog‘ayib tana harorati nor- mallashgandan keyin 12—15-kuni shifoxonadan chiqariladi. Profilaktikasi va o‘choqda o‘tkaziladigan tadbirlar. Kanalarni yo‘qotish (dezinseksiya) va ulardan odamni individual himoya qilish choralari ko‘riladi. Odam kanalardan individual himoyalanish uchun boshiga 10% li sovun-karbol eritmasi shimdirilgan Pavlovskiy himoya niqobini va maxsus kombinezonlar, etik hamda qo‘lqoplar kiyishi zarur. Kanalar bo‘lishi mumkin bo‘lgan endemik o‘choqlarda har bir odam albatta har kuni badani va kiyimlarini ko‘zdan kechirishi shart. Spetsifik profilaktikasi ishlab chiqilgan emas. Infeksiya yuq- tirganlar tibbiy kuzatuvda bo‘ladilar.