Profilaktikasi va o‘choqda o‘tkaziladigan tadbirlar. Difteriya bilan kurashishda spetsifik profilaktika — emlash orqali immunitet yaratish asosiy o‘rin egallaydi. Joylarda emlash ishlarini to‘g‘ri tashkil qilish va ular haqidagi ko‘rsatmalarni puxta bajarish eng asosiy masala bo‘lib, vaksinatsiya samarasi xuddi shu ko‘rsatkichlarga bog‘liq. Bunda tibbiy hamshiraga ma'suliyatli vazifa yuklanadi. Emlashni sifatli va to‘g‘ri bajarish uning vijdoniga bog‘liq. 1997- yildan O‘zbekiston Respublikasida Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti o‘tkazayotgan emlash siyosatiga asoslangan profilaktik emlashlarning yangi taqvimi amalda qo‘llanmoqda. O‘choqda bemorlarni o‘z vaqtida aniqlash, izolatsiya qilish va bemorlarni hamda bakteriya tashuvchilarni shifoxonaga yotqizish tadbirlari o‘tkaziladi. Bemorni va bakteriya tashuvchini (difteriya tayoqchasi tashuvchisini) izolatsiya qilgandan keyin yakuniy dezinfeksiya o‘tkaziladi. Bemorning idish-tovoqlari 15 minut davomida 2% li soda eritmasida yoki 1% li sovun qo‘shilgan suvda qaynatiladi yoki 1,5 soat mobaynida 3% li xloramin eritmasiga solib qo‘yiladi. O‘yinchoqlar qanday materialdan yasalganiga qarab zararsizlantiriladi. Kiyim-bosh va yotoq choyshablari 15 min davomida 2% li sodali eritmada qaynatiladi yoki 1,5 soat 0,2% li xloramin eritmasiga solib qo‘yilib yuviladi. So‘ngra chayib olinadi (0,2% li xloramin o‘rniga 1% li sulfoxlorantin, 3% li vodorod peroksid hamda 0,5% li yuvish vositasidan) foydalanish mumkin. Bemor xonasidagi pol, mebel va boshqa buyumlar 0,5% li xloramin yoki 0,2% tindirilgan xlorli ohak eritmasi bilan artiladi.
Keyingi o‘n yillik kuzatuvlardan ma’lum bo‘lishicha, difteriyada bakteriya tashuvchanlik mustaqil epidemik jarayon sifatida yuzaga kelishi mumkin ekan. Shuning uchun har bir aniqlangan bakteriya tashuvchi klinik va bakteriologik tekshirilishi shart. Barcha bakteriya tashuvchilar (tranzitor bakteriya tashuvchilardan tashqari) antibiotiklar yordamida sanatsiya (tozalash) qilinadi. Nazorat savollari