Farzandlikka olishga faqat voyaga yetmagan bolalarga nisbatan va ularning manfaatlarinigina ko`zlab yo`l qo`yiladi.
Farzandlikka olish bolani farzandlikka olishni istagan shaxslarning arizasiga binoan hamda vasiylik va homiylik organi tavsiyasiga ko`ra tuman, shahar hokimi qarori bilan amalga oshiriladi.
Farzandlikka olishning bekor qilinishi bolaga og`ir ruhiy jarohat yetkazishi uning manfaatlariga sezilarli ta`sir ko`rsatishi mumkin. Shuning uchun qonun farzandlikka olishda, shuningdek, farzandlikka olishni bekor qilishda farzandlikka olishning barqarorligini ta`minlash choralarini nazarda tutadi. Farzandlikka olish bola manfaatlariga javob bermay qolgandagina bekor qilinishi mumkin.
Farzandlikka olingan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalashlari, ularning sog`ligi, jismoniy, ruhiy, ma`naviy va axloqiy kamoloti haqida g`amxo`rlik qilishlari hamda ularga ta`minot berishlari shart. Bu majburiyatlarni bajarmaslik, bajarishdan bo`yin tovlash yoki ularni lozim darajada bajarmaslik farzandlikka olishni bekor qilishga asos bo`lishi mumkin. Farzandlikka oluvchilarning ota-onalik huquqini suiste`mol qilishlari farzanlikka olishni bekor qilishga olib keladi. Bolalarni tarbiyalashda ularni mensimaslik, ularning insoniy qadr-qimmatini kamsitib, ular bilan shafqatsiz, qo`pol muomalada bo`lish, ularni haqoratlash va ekspluatatsiya qilish ham farzandlikka olishni bekor qilishga asos bo`ladi.
Farzandlikka oluvchining muttasil ichkilikbozlikka yoki giyovandlikka mubtalo bo`lishi farzandlikka olishni bekor qilishni nazarda tutadi.
Farzandlikka oluvchilarning o`zlariga bog`liq bo`lmagan sabablar tufayli o`zlariga yuklatilgan majburiyatlarni bajara olmasliklari farzandlikka olishni bekor qilinishiga olib kelishi mumkin.
Farzandlikka olinganning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, voyaga yetmaganlar ishi bilan shug`ullanuvchi komissiyalar, shuningdek, o`n olti yoshga to`lgan farzandlikka olingan bola farzandlikka olishni sud tartibida bekor qilishni talab etish huquqiga ega.