G'oyaviy-badiiy barkamollik ifodasida tamsil san'ati


II BOB RUHIY HOLAT TASVIRIDA TAMSILNING QO'LLANILISHI



Yüklə 212,5 Kb.
səhifə4/8
tarix18.05.2022
ölçüsü212,5 Kb.
#115998
1   2   3   4   5   6   7   8
Azimjon bmi

II BOB
RUHIY HOLAT TASVIRIDA TAMSILNING QO'LLANILISHI


2.1.Hijron iztiroblari tasvirida tamsilning qo'llanishi

"Layli va Majnun" dostonining asosiy qismi hijron iztiroblaridan tashkil topgan. Zero, haqiqiy ishq o'z oshiq va ma'shuqini hijron azoblari orqali toblaydi. Ishq tufayli oshiq ulug'lanadi. Ishq o'zi bir buyuk mo'jizadir. Buyuk va qudratli Olloh faqat suygan bandalarigagina bunday baxtni muyassar etadi.


Hazrat Alisher Navoiy ishq tushunchasini bu doston orqali iloyligini ochib berganligini kuzatishimiz mumkin. "Layli va Majnun" dostonining qahramonlari ham shunday ilohiy ishqqa sazovor bo'lgan shaxslardir. Ular boshlariga kelgan musibatlardan iztirobga tushmaydilar, faqat ularni hijron dardi tashvishga soladi. Bu oshiqlar o'limdan qo'rqmaydilar, aksincha ular o'limga intiladilar. Zero, foniylik olamidan baqo olamiga yetsalar, ular haqiqiy ishq sohibi ya'ni Olloh taologa yetishlarini biladilar va shunga harakat qiladillar.
"Layli va Majnun" dostonining mohiyatini ijodkor majoziy ishqning taraqqiy etib, haqiqiy ishqqa aylanishini obrazlar orqali ko'rsatib berish tashkil qiladi. Bunda Majnun - Haq jazbasi tekkan, Haq jamolini kuchli shavq bilan sog'ingan solik timsoli bo'lsa, Layli ilohiy tajalliyot nuri porlagan ilohiy shaxsdir.
Asarning oxirgi boblaridan biri "Ishq ta'rifidakim ..." deb nomlanadi va uning birinchi baytida:

Ey ishq, g'arib kimyosen,


Bal oinayi jahonnamosen. [32, 217]

Ijodkor ishqni kimyoga va oinayi jahonnamo, ya'ni olamni ko'rsatuvchi ko'zguga o'xshatgan. "Kimyo" hozirgi til bilan aytganda ximiya, ammo bu so'zning mo'jiza, mo'jizkorlik degan ma'nolari ham bor. Aytishlariga qaraganda, qadimgi kimyogarlar mis va boshqa ma'danlarni yuqori harorat ta'sirida oltinga aylantirish mumkin degan xayolga ishonib, bu orzu yo'lida ko'p kuch sarflaganlar. Navoiy ana shu afsonaga ishora qilib, odam aslida tuproqdan yaratilgan, ammo ishq otashining kimyolanishi tufayli u oltinga aylanadi, ya'ni ishq inson vujidini pishiradigan, har xil chiqindilardan tozalaydigan olov, deydi. "Chiqindilar" - insonning jismoniy talablari, hirsu havas, ochko'zlik, fahsh, hasad va hokazo noshoista xususiyatlar, umuman inson ruhini ilohiyotdan ajratib turuvchi narsalardir. Ana shu yomon xislatlardan qutulish jarayoni bag'oyat og'ir kechadikim, oshiq yoki solikning ohu nolasi, iztiroblari shundan. Oshiq shuning uchun "hajr o'tida" qiynalishga mahkum. Bu imtihonlardan o'tgan, kimyo otashida toblanib, xolis bo'lgan, o'zligini unutgan, balki barcha o'zgaliklardan qutulgan oshiqda "surati majoziy" qolmaydi, uning ruhi ilohiyotga erishadi, qayoqqa qarasa, haqiqiy yor ko'ziga tashlanaveradi:


Kim boqqali ixtiyor topti,


Har soriki boqti yor topti.

Bu endi qalbning "oinai jahonnamo"ga aylanishi, ya'ni haqiqiy ishqqa molik bo'lishidir, deb xulosalaydi shoir. Ayonki, bunday martabaga ko'tarilgan oshiqni yerdagi mahbuba - "mazhar"ning vujudi qiziqtirmaydi, uning ko'ziga mahbuba butkul ilohiy ruh bo'lib ko'rinadi va u "mazharda o'zni foniy topadi" - ruhi uning ruhi bilan birlashib ketadi.


Majnunda "kimyolanish" Laylini ko'rgandan keyin boshlanadi, ammo ishq o'ti unga ancha ilgari, u dunyoga kelgandayoq, tekkan edi. Boshqacha aytganda, Qaysning oshiqlik dardiga giriftorligi, yuz balo ofatlarga duchor bo'lishi, "majnun" - jinni nomini olib, malomatlarga qolishi unga taqdiri azaldir, uning loyi ishq olovi bilan qorilgan. G'am, Balo, Dard, Firoq uning doimiy hamrohi, chunki oshiqlik, Yor vasliga yetish shunday uqubatlarni boshdan kechirish bilan vobasta. Loydan yaratilib ishq olovida pishirilgan Majnun ruhida hajrdan qiynalish dostonning ko'pgina o'rinlarida tamsil asosida ziynatlanib kelgan o'rinlarni ko'rishimiz mumkin.
Jumladan, Laylini ko'rgan Majnunning ishq dardiga chalinib o'zini yo'qotib qoygan holatini o'quvchi ko'z o'ngida yaqqol gavdalantirish uchun ulug' shoir quyidagi tamsillarni qatorlashtirib qo'llaydi:

Sorig' gul uza sabuhi yomg'ur,


Oltin tabaq ichra ko'rguzar dur.
Yoxud yaraqon o'tin qilib tez,
Sorig' yuziga bo'lur araq rez. [32 , 55]

Ko'chirilgan iqtibosdagi sarig' rangli gul ustiga tushgan tonggi yomg'ir va oltin tavaq ichida turgan dur singari tamsillar yuzlari za'faron holatda bo'lgan Majnunning ko'z yosh to'kib turishini o'quvchiga ehtirosli ma'lum qilish imkonyatini hosil qilgan. Keyingi misralarda yana tamsilga asoslanib ijodkor tomondan Majnunning o'sha holi dallillanib kelganini kuzatish mumkin. Bunda, Sariq kasalliga chalingan kishi holiga murojaat etilib, undagi kasallikning avjlanishi (" yaraqon o'tin qilib tez") natijasida sariq yuzida terlarning hosil bo'lishi bilan Majnun holidagi uyg'unlik mubolag'aviy tasvirlanadi. Shu bilan birga, bu tamsilda qo'llangan "yaraqon o'ti" istiorasi vositasida sariq kasalligining avj olib, bemorda isitma hosil qilishiga ham ishora bor. Ijodkor Majnun va Laylining bog'dagi ilk uchrashuvi haqida so'z yuruta turub, o'z fikrlarini yuqoridagi misralardagi: sariq rangli gul ustiga shabnam tushishi, oltin tavaq ichiga dur turganda ko'rinadigan jilolik holat va Inson sariq kasaliga chalinganda uning ahvoli yuzidan ayon bo'lishi kabi o'xshatmalarni misol qilib keltirib o'tadi.


"Layli va Majnun" dostonining yetakchi qahramonlarning bir-birini ko'rishi bilan bog'liq bahoriy tasvir lavhalarida hazrat Alisher Navoiy yuqorida kuzatilgani singari, tamsil san'atidan qatorlashtirib foydalanganliklarini kuzatishimiz mumkin.

G'uncha boshi uzra ko'rguzur xud,


Yax tig'i qilur chamanni padrud.
Meva yig'ochig'a siym o'qilur,
Andoqki diram aro ko'milur. [32, 55]

Yuqoridagi misrada o'zgacha bir tashbeh unsurini kuzatishimiz mumkin. Misralarda, ilk bor g'uncha kurtaklari paydo bo'lganda zamindan qahraton qish o'zini chetga olishi tasvirlanyapti. Keyingi misrada esa, yuqoridagi misraga dalil keltirilib, mevali daraxt gulga burkanadi, bu go'yoki daraxtlarning bezanishiga o'xshatilyapti. Ya'ni mevali daraxtning meva solishi tasvirlanib o'tilyapti.


Biz bitiruv malakaviy ishimizning bosh qismlarida tamsilning talmeh bilan ziynatlanib kelgan o'rinlarini yuqoridagi boblarda ko'rsatib o'tgan edik. Quyidagi misralarda ham xuddi shu holat, ya'ni tamsilning talmeh orqali ziynatlanib kelishini kuzatishimiz mumkin.

Ilgin ko'rubon chinor xoli,


Kuydurur ichin diram xayoli.
Tog' bag'rida sel yo'qki, har tosh,
Farhod firoqidin to'kar yosh.
Sahroda ne lola bo'lsa barbod,
Parvez kulohidin berur yod. [32. 55]

Keltirilgan iqtibosda ijodkor Farhod va Xusrav Parvez haqida so'z yuritib, ularning qismatiga ham alohida ularga urg'u berib o'tadi. Farhod ismi orqali ulug' shoir "Farhod va Shirin" dostoniga ishora qilib, undagi Farhodning firoq, hajr dardiga chalingan ayanchli qismatini misol qilib keltiradi. Misralarda tog' bag'ridagi har bir tosh Farhod qayg'usida yosh to'kishi tasvirlanadi. Bu tashxisni ya'ni jonlantirish san'atini ijodkor shunchaki keltirib qoymaydi, bu orqali Farhodning Shirin qayg'usida iztirob chekib yurgan kezlari tog' toshlarini kesib, ariq qazib suv keltirganiga ham ishora qilib o'tiladi. So'nggi misralarda esa, shoh Parvezning ayanchli qismati misol qilib keltiriladi. Bunda, sahrodagi qancha lola bo'lsa Parvezning kulohidan xabar berishi haqida so'z yuritilyapti. Bu lolalar shunchaki Parvez kiygan kiyimdan xabar bermayapti, balki uning o'g'li tomonidan qatl qilingani haqida ham ishora qilib o'tilyapti. "Farhod va Shirin" dostonida keltirilishicha, shoh Xusrav Parvez Shirinni majburlab nikohiga olgandan so'ng g'oyibdan Shiringa uning o'g'li Sheruya ham oshiq bo'lib yurgan bo'ladi. Sheruyaning taxt va Shiringa yetishish yo'lidagi hirsi tufayli u otasining umriga, joniga qasd qiladi. Bahor tasviri uchun keltirilgan bu tamsillar Majnunning Layli bilan ilk uchrashuvidagi holatiga ham begona emas.


Miskin men-u dardmandi majruh,


Topmay tan aro nishonayi ruh.
Ya'ni ga'm o'tida jismi zorim,
Sho'x jon kibi sarvi guluzorim. [32. 67]

Yuqoridagi misralarda ishq olovida hajr yog'ida qovurilayotgan oshiq ya'ni Qaysning holati tasvirlanadi. Ijodkor Majnun holatini tasvirlar ekan uning bezovta ruhining haraktiga o'quvchining diqqatini tortadi. Ishq oloviga tushib qolgan oshiqning ruhi o'z jismiga sig'maydi, uning kasalga o'xshab qolishiga sabab shu edi. Hazrat Alisher Navoiy shu so'zlariga tamsil keltirib, ga'm o'tida oshiqning iztirob chekishini, uning vujudigina emas balki ruhi ham bu olovdan aziyat chekayotganini yorqin misol orqali dalillaydi. Oshiq Qays o'z ma'shuqasi Layliga o'z holatini shunday bayon etishga harakat qiladi. Ma'shuqaning ishqi shu darajaga oshiqni olib keladiki, uning gul kabi ruhi ishq otashi ta'siriga tushib xazonga aylanadi. Hajr azobi esa shusiz ham barbod bo'lgan jonni yana qiynashga tutinadi:


Kim, yetti xujastafol, qosid,


Bo'ldi borig'a ravo maqosid.
Andin bo'lub ul guruh afgor,
Itgon Yusuflarni talabgor. [32, 68 ]

Ulug' shoir talmeh san'atidan ham tamsilni yuzaga chiqarganiga yuqoridagi misralar orqali yana bir bor guvoh bo'lamiz. Misrada Majnunning topilgani xabarini eshitgan xaloyiqning xursandchilik holatlari tasvirlanadi. Ya'ni Majnunning topilgani haqidagi xabar barchaning ko'nglini joyiga tushiradi. Qabila ahli bu xabarni eshitib Yusuf jamolini ko'rishga chiqqan kabi Qaysni ham ko'rishga oshiqadilar. Hazrat Alisher Navoiy "Yusuf va Zulayxo" dostonidagi bosh qahramon Yusufning taqdirini misol qilib keltiradi. Unda, Yusuf payg'ambarning akalari u kishiga hasad qilib otalari Yaqub alayhis-salomdan ayirish uchun u kishini qul qilib sotib yuboradilar. Ijodkor Majnunning yo'qolib qolishini ham xuddi shu voqeaga o'xshatadi. Bunday o'xshatish bekorga emas edi, chunki Yusuf timsoli adabiyotimizda poklik va go'zallik timsoli sifatida necha asrlardan beri qo'llanib kelinmoqda. Shoir bu misol orqali Majnunning ham pok va go'zal ishqdan yaralganiga ishora ham qiladi.


Ko'ksida ishq olovi alanga olgan Qays o'z holatini yo'qotib, ishq mayidan sarmast bo'lib qayga borarini bilmay cho'lga chiqib ketadi. Qaysning qabila ahli undan xavotir olib har tomondan uni qidirishga chog'lanadilar va topadilar.

Ul birga xijolat aylabon fosh,


Bu bir oyog'idin olmayin bosh.
Ya'niki uyotdin o'zda qolmay,
Andoqki yuqori boqa olmay. [32. 69]

O'z holatidan uyotga qolgan Qays yuqoridagi misralarda badiiy tasvirlanadi. Ishq mayi ta'sirida sarmast bo'lgan oshiq o'zining ahvolidan xijolat tortib ota-onasiga boqa olmaydi. Ko'nglidagi ishq siri oshkor bo'lgach, boshi quyi egilib yuqoriga boqa olmaydi. Majnunning uyotdan yuqori boqa olmasligini ijodkor tamsil vositasida tasvirlaydi.


Majnunning boshi yerdan ko'tarila olmasligi, uyotdan o'zini bilmay qolgani behudaga emas edi, chunki har bir kishini bu olamda sof va pok ushlab turuvchi xislat bu insonning sharm-hayosidir. Ko'nglida sharm-hayosi bo'lgan inson o'z xatolaridan uyoladi. Qays ham shu jumladagi kishidir. Qaysning bu holati uning hali mashaqatli ishq yo'lidagi bir bekat kabidir. Oshiq pok ilohiy ishqqa yetishi uchun bunday bekatlarga hali ko'p to'xtab o'tishga majbur bo'ladi. Qisqa qilib aytganda, Qaysning ayni holati undagi majzublik - majnunlik holiga o'tishining ilk bosqichi edi. Unda jazba holi sekin - asta bo'y ko'rsata boshlayapti. Shuning uchun u bu holdan o'z holiga qaytganida, qilgan ishidan xijolat tortyapti. Oshiqda majzublik holati davomiy bo'lsa, undagi xijolat tortish bora-bora unut bo'ladi. [,40-52] Ҳаққул И. Навийга қайтиш. Тошкент: "Фан", 2007. -224 б.

Faryod qilib ravon ul itdek,


Yuz nav' chekib fig'on ul itdek.
Andoqki jafoyin osmondin,
Oqshom kishi qolsa karvondin. [32, 72]

Yuqoridagi misralarda Majnunning Layli qabilasida istiqomat qiluvchi it bilan suhbati o'z ifodasini topgan. Hajr dardiga mubtalo bo'lib, ma'shuqasini ko'ra olmay iztirob chekib yurgan oshiq iztiroblari adabiy parchada o'z aksini topganligini kuzatishimiz mumkin. Bunday dardga mubtalo bo'lgan kishi ikki dunyo oralig'ida turadi. Chunki unda majzublik holi kuzatilyapti. O'ziga har narsadan yupanch topishga intiladi. Xuddi shunday buyuk oshiq ishq mahbusi bizning Majnun ham o'z dardiga sirdosh deb shu itni bildi. Majnun bu itdan jirkanish o'rniga uning joyida bo'lib qolishni orzu qiladi. Zero, haqiqiy ishq sohibi ham shunday ma'shuqa jamoliga yetishish uchun har qanday quyi pag'onada bo'lishga ham rozi bo'ladi. Unga endi yor visolidan boshqa bu olamda ehtiyoj yoki maqsad qolmaydi. Qays ham shunday oshiq, u shunshaki oshiq bo'la qolmay ishq azoblarining eng og'iri hajr azobiga tushgan kishidir. U o'z dardiga yupanch izlab shu itdan yordam so'raydi, uni savolga tutadi. Albatta, undan so'raydigan savoli bitta edi, u Layli jamolini ko'rganmikan? Itning tundagi nola qilishini eshitib Majnun ham u kabi nola chekadi. Ko'rinib turibdiki uning dardi beqiyos darajada og'irdir. Shu so'zlarni ta'kidlab turib hazrat Alisher Navoiy o'z fikrlarini hayotiy misol orqali ifodalaydi. Ya'ni karvondan shom chog'i ayrilib qolgan yo'lovchi ming mashaqatni boshdan o'tqazishi tabiiy. Osmon peshtoqi - taqdirdan unga faqat jabr keladi. Bu lavhada inson sheriklaridan ajralib qolsa, hayot mushkulotlari uni qiyin ahvolga solishi nazarda tutilyapti. Ma'lumki, ilgari arablar ko'chmanchi turmush tarzi bilan kun kechirishgan. Asosan tunda karvon yo'l yurub kunduz kunlari dam olishgan. Xuddi shu sababni hazrat Alisher Navoiy misol qilib keltiryaptilar. Tunda yo'lidan ajralib karvondan orqada qolib ketgan kishi qaytib o'z karvoniga yetib borishi nihoyatda mushkul ish sanalgan.


Bo'lgan ikisiga xavfi kon ham,


Bo'lg'ay talaf ikki notavon ham.
Egniga qo'yub birini holi,
Andoqki quyoshni charx zoli. [32, 75]

Ishq dardiga chalingan bemorga faqat ma'shuqa visoliga javob bo'ladi. Shu sababli oshiqlar sultoni bo'lmish bizning Majnun ham doimo visolga intiladi. Yuqoridagi misrada ijodkor oshiq Qays va ma'shuqa Laylining cho'ldagi ilk uchrashuvlaridan keyingi bo'lgan voqeani tamsil san'atidan foydalagan holda tasvirlagan. Bu ikki oshiqning bir-biri timsolida Ollohga bo'lgan ilohiy ishqi shu darajada kuchli ediki, oshiq va ma'shuqa bir-birlarini ko'rishlari bilan o'z hushlarini yo'qotadilar. Bu holatni ko'rgan Laylining enagasi Layli va Majnunni qutqarish uchun Laylini olib o'z uyiga ketadi. Chunki bu ishqqa atrofdagilar zarar keltirib shusiz ham hajr o'tida yonayotgan jonlarga yanada qattiqroq ozor berishlarini oldini olishga intiladi. Enaganing Laylini hushsiz holda ko'tarib ketishini dalillash maqsadida ijodkor quyoshing osmon peshtoqiga ko'tarilishi kabi hayotiy misol orqali fikrini bayon etadi. Bu shunday dunyo kampiri ediki, u quyoshni harakatga solar edi. Ulug' shoir bu obrazni "charx zoli" - dunyo kampiri sifatida tasvirlashdan adabiy maqsadi uning botiniy ilmlardan xabardor emasligiga ishoradir.


Hajr iztiroblari tasviri "Layli va Majnun" dostoni uchun eng muhim adabiy lavhalar sanaladi. Ulug' shoir hajr va sariq rang orasidagi uyg'unlikdan kelib chiqib, tabiat bilan bog'liq tamsillarni ham xuddi shu rang bilan muvofiq holda tasvirlashi alohida ahamyatga ega. Sariq gul ustidagi yomg'ir, sariq lagan ustidagi dur, dunyo kampiri quyoshni orqalab ketishi kabi tamsillar hajr iztirobi tasviriga nihoyatda qo'l kelgan. Ayniqsa, Majnunning Layli qabilasidagi it bilan "suhbatlashgan"idan so'ng it kabi haijron azobida faryod chekishini karvondan ayrilib qolgan kishining fig'on chekishi tamsili bilan uyg'un tasvirlanishi adabiy lavha badiiyatiga g'oyatda ijobiy ta'sir ko'rsatgan.

Yüklə 212,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin