Grammatik kategoriya



Yüklə 14,72 Kb.
tarix31.12.2021
ölçüsü14,72 Kb.
#113508
grammatik kategoriya (1)


Aim.Uz

Grammatik kategoriya
Grammatik ma'no va grammatik shaklning birikuvidan vujudga kelgan umumiy tushunchalarni ifodalovchi tildagi xususiyatlar grammatik kategoriya deb yuritiladi. Kategoriya tushunchasi (grekcha kategoria) narsalarga tegishli xususiyat­lar ma'nosini ifodalaydi. Grammatik kategoriya bir yo'la gram­matik ma'no va grammatik shaklni qamrab oluvchi tushuncha bo'lib, turli tillarda soni va xususiyatlari bilan farq qiladi.

So'zlarning shakli va ma'no jihatiga ko'ra tildagi sintaktik funksiyasi belgilanadi. Grammatik kategoriya tushunchasi grammatik ma'nolarning butun bir guruhini qamrab oladi.

Grammatik kategoriya loaqal ikkita grammatik ma'noni o'z ichiga oladi. Masalan, otlarga tegishli birlik va ko'plik shakllarini qiyoslash mumkin. Bitta grammatik ma'no hech vaqt grammatik kategoriyaga ega bo'la olmaydi.

Otlarga tegishli bo'lgan kelishik, son, rod (rus tilida), aniqlik-noaniqlik (yordamchi so'z turkumi hisoblanuvchi artikl bo'lgan tillarda) grammatik kategoriyalari turli tillarda mavjud. Jumladan. turkiy tillarda, xususan, o'zbek tilida otlarga tegishli son, kelishik. egalik kategoriyalari bor, biroq rod va aniqlik-noaniqlik kategoriyalari yo'q. Ingliz tilida son, kelishik va aniqlik-noaniqlik kategoriyalari mavjud, lekin rod va egalik kategoriyalari yo'q.

Rus tilida esa, rod, son, kelishik katego­riya­lari bor, egalik va aniqlik-noaniqlik kategoriyalari yo'q. Bular barchasi otlarga tegishli grammatik kategoriyalardir. Rod kategoriyasi hind-ovrupo tillari oilasi german va roman guruhlaridagi tillarning ko'pchiligida yo'qolgan, lekin ba'zila­rida, xususan, nemis tilida uchta rod, fransuz tilida ikkita rod saqlanib qolgan, ingliz tilida esa yo'q.

Grammatik kategoriyalar fe'llar va sifatlarga ham tegish­li­dir. Fe'llarga tegishli grammatik kategoriyalarga zamon, mayl, aspekt, tus (vid) kabilar kiradi. Sifatlarga tegishli gram­matik kategoriya ularning oddiy, chog'ishtirma va orttirma darajasida ifodalangan: oq, oqroq, oppoq (juda oq yoki oppoq) kabi.




GRAMMATIK KATEGORIYALARNING IFODALANISH

USULLARI
Grammatik kategoriyalar asosan ikki turli bo'ladi: sintetik va analitik.

Sintetik usul (grekcha synthesis – qo'shish, birga yig'ish) bilan grammatik kategoriyani ifodalash aynan so'zning grammatik shaklida aks etadi. Masalan, so'zga kelishik, son va egalik qo'shimchalarini qo'shish yordamida shu so'zning shakli o'zgaradi.

Bu qo'shimchalarni, odatda, affiksal morfemalar sifatida qaraladi. So'zning ko'plik shaklini -lar affiksal morfemasi yordamida (kitoblar, gullar, qalamlar kabi) egalik katego­riyasini –im, -i, -ing qo'shimchasi orqali (uning kitobi, sening kitobing, ularning kitobi kabi), kelishik qo'shimcha­larining (-ni, -ning, -ga, -da kabilar) yig'indisi shu kategoriyani bildiradi. Bu kategoriyalarning ifodalanish usuli faqat so'z­larga turli qo'shimchalarni, ya'ni affiksal morfemalarni qo'­shish yordamida amalga oshirilgan. Ularda boshqa yordamchi vositalar yoki so'zlar ishtirok etmagan. Shu sababli ularni sin­tetik usul bilan ifodalangan grammatik kategoriyalar deb ataladi.



Analitik usul bilan ifodalangan grammatik kategoriya­larda yordamchi vositalar yoki so'zlar ishtirok etadi. Masalan, o'zbek tilida sifat darajalarining orttirma darajasi juda so'zi yordamida yasaladi: kuchli (oddiy daraja), kuchliroq (solish­tirma daraja) – sintetik usul bilan juda kuchli (orttirma daraja) – analitik usul bilan ifodalangan. Fe'lning o'tgan zamon kategoriyasi o'zbek tilida sintetik (U keldi. Men bordim kabi) va analitik (U borib keldi. Men yozib oldim kabi) usulda ifodalanishi mumkin.

Ingliz va nemis tillarida fe'llarning majhul nisbatini va turli o'tgan va kelasi zamon shakllarini ifodalash uchun analitik usuldagi grammatik kategoriyalar juda ko'p qo'llanadi:

I have gone – Men bordim

I have been given – Menga berishdi

She will go – U boradi

We shall be studying – Biz o'qiyotgan bo'lamiz



Grammatik kategoriyalarda sintetik va analitik usullardan qaysinisi ko'proq ifodalanishiga ko'ra morfologik jihatdan sintetik va analitik tillar farqlanadi. Lekin bunday usullar o'rtasida aniq chegara yo'q.

Sintetik va analitik usullar bir tilda mavjud bo'lsa ham, ulardan qaysi biri ko'proq qo'llanishiga qarab bir tilni analitik, boshqa birini sintetik til deb tasnif qilamiz. Shu jihatdan xitoy, koreys, vyetnam tillari sintetik, ingliz, fransuz, grek, bolgar tillari analitik tillar hisoblanadi.
Yüklə 14,72 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin