11-mashq. Harakat nomi va sifatdosh shakllarining egalik, kelishik shakllariga munosabatini mashqlar asosida bayon qiling.
1. Uning zamirida katta tarbiya yotganini bilmay qolamiz. (J.Abd.) 2. Bu gap asosan qaysi maqsadda aytilayotganini tushunishga urinardi. (J.Abd.) 3. Mannop bilan Nodir ham tungi smenaga tushganligini bilgandan keyin... (J.Abd.) 4. Dushman samolyotlari o‘q yog‘dirib turishiga qaramay, hammasi ro‘yobga chiqishi, qalb boshqacha hissiyot bilan tepishi, bularning hammasi keyin dilrabo qo‘shiqday bo‘lib qolishini hali bilmaydilar. (J.Abd.) 5. Ko‘z oldida askarlar dushman ustiga balo-qazoday yopirilishlari kecha boshladi. (J.Abd.) 6. U o‘zini ko‘rmaganlikka solib turardi. 7. Aybim, kambag‘al bo‘lganligimmi! 8. Shu kuniyoq uyga qaytmaslikka qasd qildim. 9. Kekkayishni sahroda yurgan norga yarashadi deydilar.
12-mashq. Ravishdosh, sifatdosh, harakat nomi shakllarining lug‘aviy va sintaktik shakllar hamda yordamchi so‘zlarga munosabatini aniqlang. Topshiriqlar asosida kategoriya UGMsini oching.
1. Oyim harsillab nafas olgancha qorong‘ida tugunchani titkilaydi. 2. Keyin entikib-entikib yig‘lab yubordi - Rangi o‘chgan kuyi lablari titrab, yuzimga qarab turdi-turdi-da, Omonni ko‘tarib uyga kirib ketdi (O‘.H.) 3. Xazinachilar sipohlar orqasidan ikki otni yetaklashib hudaychi yoniga yetdilar. (A.Q.) 4. Xo‘rak orasi Otabek Zaynabdan so‘rab, Kumushning uxlab yotganini bildi. (A.Q.) 5. Fojianing yigirmanchi kunida yana xatmi qur‘on qilinib, butun yurtga osh berildi. 6. Sizdan o‘zimni chaqdirgali kelgan emasman!-dedi yig‘lagan kuyi Zaynab...(A.Q.) 7. Arava omborga borib-kelguncha, lavlagini xirmon qilib o‘yib tashlaymiz (O‘.H.) 8. Berib yaxshi bo‘lguncha bermay yomon bo‘l (Maqol). 9. O‘rik gullashi bilan qora sovuq bo‘lib hammayoqni qaqshatib ketdi. 10. Inson bo‘lish kurashchi bo‘lmoqlikdir. (I.Gyote) 11. Sevmoq uyat emasdir, Har kimda bor bu savdo… 12. Chekishning zarari haqida qancha gapirilmasin, bu dahshatli og‘uga qarshi kurash sust ketmoqda.
1-topshiriq. Har bir sifatdosh, ravishdosh va harakat nomi shaklini alohida-alohida sharhlang.
2-topshiriq. 1. Sifatdosh shakllarini o‘zaro qiyoslang. 2. Ravishdosh shakllarini o‘zaro qiyoslang. 3. Harakat nomi shakllarini o‘zaro qiyoslang.
3-topshiriq. 1. Sifatdosh shakllaridagi umumiy tomonlarni aniqlang. 2. Ravishdosh shakllaridagi umumiy tomonlarni aniqlang. 3. Harakat nomi shakllaridagi umumiy tomonlarni aniqlang.
4-topshiriq. 1. Sifatdosh shakllaridagi farqlarni aniqlang. 2. Ravishdosh shakllaridagi farqlarni aniqlang. 3. Harakat nomi shakllaridagi farqlarni aniqlang.
5-topshiriq. Sifatdosh shakllarini o‘xshashlik va farqlari asosida guruhlang. 2. Ravishdosh shakllarini o‘xshashlik va farqlari asosida guruhlang. 3. Harakat nomi shakllarini shakllarini o‘xshashlik va farqlari asosida tasniflang.
6-topshiriq. 1. Sifatdosh shakllari haqida hukm chiqaring. 2. Ravishdosh shakllari haqida hukm chiqaring. 3. Harakat nomi shakllari haqida hukm chiqaring.
7-topshiriq. Berilgan va o‘zingiz aniqlagan o‘zgalovchi kategoriyasi shakllarini qo‘llab ijodiy matn yoki yordamchi mashq tuzing.
13-mashq. Sodda va qo‘shma fe‘l yasalish qoliplarini tuzishga harakat qiling. Qolip hosilalarini namunadagidek yozing.
Namuna: [ot, sifat, olmosh, undov, taqlid, ravish]+[la]=[asosdagi ma‘no bilan bog‘liq harakatni bajarish]
Qolip hosilalari: ishla, oqla, senla, ohla, ho‘pla, tezla va h.
[fe‘l bo‘lmagan so‘z (ot, sifat, taqlid, undov]+[yordamchi fe‘l]=[yasalish asosi va yordamchi fe‘l anglatgan ma‘no bilan bog‘liq harakat]
Qolip hosilalari: savol bermoq, yaxshi ko‘rmoq, inkor etmoq, qilt etmoq, dod solmoq, oh demoq, uf tortmoq.