Identiv o‘quv maqsadlari: 1.1. A.Qahhorning urush mavzusidagi hikoyalarini o‘rganadi
1.2. Adib bu mavzudagi hikoyalarida qanday uslublardan foydalanganini bilib oladi.
1.3. Ushbu mavzudagi hikoyalaridagi qahramonlardagi o‘ziga xos jihatlarni boshqa xarakterlar bilan solishtiradi.
Mavzuning bayoni: A.Qahhorning hikoyanavislik faoliyatida ikkinchi jahon urush davri alohida o‘rin tutadi. To‘g‘ri, u boshqa janrlarda ham bu sinov yillarida ancha-muncha asarlar yozgan. Chunonchi, uning qalamiga mansub bir qator feletonlar, ocherklar va ikkita qissa shu davr ijodining mahsuli hisoblanadi. Lekin ular g‘oyat hozirjavoblik bilan (o‘sha paytlarda bunday talab ham emasdi!) yaratilgan asarlar hisoblansa-da, bu qoralamalari badiiy jihatdan etuk asarlari ro‘yxatidan o‘rin ololmadi. Ammo yozuvchining shu davrda yaratilgan hikoyalari (1-2 tasini istisno qilganda), umuman o‘zbek hikoyachiligi tarixida alohida o‘rin egallaydigan asarlardan hisoblanadi. Bunday asarlar sirasiga uning mashhur “Asror bobo”sidan tashqari «Botirali»,“Xotinlar”, “Ko‘k konvert” va urush tugagandan so‘ng sal vaqt o‘tib yozilgan “Kampirlar sim qoqdi” kabi hikoyalari kiradi.
Yozuvchining urush mavzudagi hikoyalarida dastlab bir uslubiy xususiyat ayricha ko‘zga tashlanadi. (Bundan faqat uning “Sep”, “Qizil konvert” kabi hikoyalari mustasno). Bu uslubiy xususiyat A.Qahhorning o‘z asarlari uchun qahramon tanlanishida namoyon bo‘ladi. E’tibor berilsa, u nimagadir bu davrda yaratilgan aksariyat hikoyalarida hayotda ko‘pni ko‘rgan, yoshi bir joyga borib qolgan qariyalar obrazini birinchi o‘ringa qo‘yib tasvirlashga harakat qiladi. Masalan, «Botirali» dagi chol-kampir, “Asror bobo”dagi Asrorqul, uning kampiri va Haydar ota, “Xotinlar”dagi Asqar ota, “Ko‘k konvert”dagi Latofatxonning onasi, “Kampirlar sim qoqdi”dagi besh onaxonlar obrazlari bunga misol bo‘la oladi. Bunday tasvirda, tashqi tomondan qaraganda, bir oz takroriylik bordek tuyuladi ham. Lekin zimdan e’tibor berilsa, bunday ifodaning tagida chuqur hayotiy ma’no, o‘tkir mantiq, g‘oyat ishonarli asos borligini payqash qiyin emas. Chunki urush ketayotgan sharoitdagi hayot, garchi u jang maydonlaridan uzoq bo‘lsa ham, nihoyatda murakkab va og‘ir edi. Bunday og‘ir sharoit sinovlari oldida hamma ham o‘zini birdek tuta olmas, chunki hammaning ham bardoshi, irodasi bir xil emas edi. Shunday kezlarda hayotning baland-past to‘lqinlarida suzaverib badani qotib ketgan, turmush tajribalari g‘oyat boy bo‘lgan qariyalarning ibratli harakatlari, chuqur ma’noga ega bo‘lgan gap-so‘zlari juda kerak bo‘lishi, asqotishi tabiiy. A.Qahhor shularni nazarda tutgan holda bu mavzudagi asarlarida qariyalar obraziga keng murojaat qildi va bu borada qator badiiy kashfiyotlar qilishga muvaffaq bo‘ldi.
A.Qahhorning urush mavzusidagi hikoyalarida yana bir uslubiy jihat alohida ko‘zga tashlanib turadi. Bu asosiy qahramonlar hayotiga va kechinmalariga doir tafsilotlarni muayyan nuqtai nazar, aniq bir nigoh orqali ko‘rsatishga intilishdir. Buni yozuvchi ijodidagi muhim kashfiyotlardan deyish ham mumkin. Masalan, “Asror bobo” hikoyasining markazida Asrorqul va uning kampiri obrazi turadi. Ularning boshiga tushgan og‘ir musibat – o‘g‘li Yodgordan “qora xat” kelishi voqeasi misolida ikki qariyaning insoniy holatini, kechinmalarini, irodasi bilan bog‘liq fazilatlar ifodasini berish yozuvchining bosh muddaosi hisoblanadi. Mash’um xabarni har ikkalasi ham eshitgan holda uni bir-biridan sir saqlashga harakat qilishi bilan bog‘liq tasvirlar o‘quvchini hayajonga soladi. Shularning hammasi o‘quvchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim qilinmaydi, balki muayyan vosita-bu ikki qariyaning eski qadrdoni Haydar ota nuqtai nazari, munosabati orqali gavdalantiriladi. Bunday usul asarning ortiqcha tafsilotlardan xoli bo‘lishini ta’minlaydi. Xuddi shunday usul yozuvchining “Xotinlar” hikoyasida ham muvaffaqiyatli qo‘llanilgan.
Agar “Asror bobo” bunday vazifani, ko‘rganimizdek, Haydar ota bajargan bo‘lsa, bunisida Asqar ota zimmasiga shu masuliyat yuklandiLekin bk gapdan, yozuvchi keyingi asaridaoldingi qo‘llagan tasvir usulini takrorlabdi-da, degan xulosa kelib chiqmasligi kerak. Chunki hikoyalash usulida shakliy jihatdan o‘xshashlik bordek tuyulsa-da, aslida mohiyatan bu asarlar bir-biridan keskin farq qiladi. “Asror bobo”da asosiy qahramondagi holatni, o‘zgarishlarni baholaydigan odam uning uzoq yillik qadrdoni, do‘sti edi. Bu jihat bosh qahramon - Asror bobodagi urush davri sharoitida ro‘y bergan ham ichki, ham tashqi o‘zgarishlarni uning oldingi holati bilan hayolan solishtirish, alohida ta’kidlab ko‘rsatish imkonini bergan edi. “Xotinlar” esa vaziyat tamoman boshqacha. Asqar ota bir sabab tufayli o‘zi duch kelgan bu hotin qizlarni birinchi marta ko‘rishi. Bir guruh ayollar bilan bo‘lgan bunday uchrashuvga mutjlaqo tasodif holat – Sobiraxan bilan kutilmagan tanishuv sabab bo‘ladi. Bu yozuvchi uchun o‘ziga xos bir imkoniyat vazifasini o‘taydi. Oldin butunlay notanish bo‘lgan, lekin bir uchrashuvda bir kunlik muloqotdayoq qadrdonga aylanib ketgan bu xotin-qizlardagi urushdek og‘ir bir sharoitda namoyon bo‘layotgan sifatlar Asqar ota nazarida o‘zining haqiqiy bahosiini oladi. Dastlab Asqar otaga ot minib dadil harakatlar qilayotgan Sobiraxoning gaplari “umrida bir marta ot minib, o‘zini zo‘r chavondoz xisoblagan yosh bolaning qo‘rsligiday” tuyulsa-da, keyinchalik, u bilan yaqinroq tanishgach, bu tasavur butunlay o‘zgarib ketadi. Oldin “uy qizi” likdan boshqa narsani o‘ylamagan, “urushdan ilgari... xomlik o‘tgan”, turmush o‘rtog‘ining “katta-katta topib kelganiga” xursand bo‘lib yuravergan Sobiraxon, eri frontga ketgach, bir muddat gangib qolgani, o‘zining bu ahvolini tanasida chuqur o‘ylab, muhokama qilib ko‘rgani, shunday bir holatda turganida uni yo‘qlab kelagn Komila xolaning “Qani endi, qizim, yurtdan qarzingni uz, qo‘lingdan nima ish keladi?” degan so‘rog‘iga alamiga chiday olmasdan “uy qizi bo‘lib o‘tirishdan boshqa hamma ish keladi”, deb javob berishi, keyinchalik olti yarim oylik chaqalog‘ini u kishiga qoldirib, astoydil harakat qilib, sal fursatda traktorchi nomini olishga muvaffaq bo‘lgani haqidagi gaplarini eshitib, og‘ir bir sharoitda o‘zini shunchalik qo‘lga ola bilgan, “uy qiz” lik psixologiyasini engib, o‘zidagi bor imkoniyatlarini ko‘rsata olgan bu ayolga Asqar ota qoyil qoladi. Uning nazarida “munglig‘”, “mushtipar” degan doimiy tamg‘alar bilan yuradigan ayollarimiz Sobiraxon timsolida birdan o‘zgarib ketadi. Hatto u “yo‘l bo‘yi uni sansirab kelganidan qattiq hijolat” tortadi ham. Asqar otadagi bu ruhiy kayfiyat MTS ga kelgach, yana bir pog‘ona yuqoriroq ko‘tariladi. Yigitlar, keyinchalik kelgan haligi mo‘ysafid ham, uni shunchalik izzat qilishar ediki, Asqar ota bu juvonning oddiy traktorchigina ekaniga shubhalanib qoladi. Biroq oradagi suhbat, o‘rni bilan bo‘layotgan askiyalargina ular o‘rtasida hech qanday amal masofasiyo‘qligini, gaplashayotganlar teng darajadagi odamlar ekanini anglatib turardi. Bu holatni yozuvchi mazkur qahramon nigohi orqali shunday izohlaydi: “Asqar ota erkaklar qoshida ko‘p muhtaram xotinlarni ko‘rgan, lekin bularning ko‘pchiligi rais, mudir, diretor deganday rahbarlik o‘rnidagi xotinlar edi. Bu oddiy traktorchi juvonga bo‘lgan ehtirom uni ayrim o‘ringa qo‘yar edi” ( A.Qahhor. 6 jildlik, birinchi jild, 254-bet). A.Qahhor bu qahramonida sharoit toqozosi bilan yuzaga kelgan fazilatlarini, insoniy sifatlarni Asqar ota nigohi orqali berib, ta’kidlab, ko‘rsatib borar ekan, bu niohdagi hayratni boshqacha yo‘l bilan ko‘rsatishga ham erishadi. Nazarimizcha, “Asqar ota bu hurmatli juvon boshqa xotinlardan raftori bilan ajralib turar degan bir o‘yda edi, biroq Sobiraxon yoru do‘stlari orasida shularning biri bo‘lib qolganini ko‘rib, ajablandi” ( A.Qahhor. Olti jildlik, birinchi jild, 254-bet), deyilishi kitobxonda ushbu personaj haqidagi Asqar ota nazaridan o‘tib, shakllanib kelayotgan tasavvurga yangi bir ma’no bag‘ishlaydi.
Asqar ota Sobiraxon bilan suhbatlashar, undagi irodaga yashiringan bir kchga qoyil qolar ekan, ayollarimizga dahldor, urush tufayli kelib chiqqan birovga aytib tushuntirish qiyin bo‘lgan yana bir muammodan ogoh bo‘ladi. Bunda ham ularning mardligiga bag‘ri kengligiga tan beradi. Bu – Sobiraxonning erining frontdan yo‘llagan maktublari, ularda har xil shubha gumonga to‘la gaplarning yozilganligi, bunday “sinovlar” ga ham chidashga, bardosh berishga to‘g‘ri kelganligi, sharoitni tushunish mayda chuyda ginalardan ustun turganligi bilan bog‘liq masala. Sobiraxondagi bunday insoniy sifatga ham Asqar ota o‘z bahosini beradi: “Ering haligiday xatlar yozgan bo‘lsa, seni yaxshi bilmas ekan, sen o‘z qadringni bilasan, o‘z qadrini bilgan xotinga erkak kishi yomon ko‘z bilan qaragani botinolmaydi”, degan gaplarni ovoz chiqarib aytmasa-da, ko‘nglidan o‘tkazadi.
“Xotinlar” da, A.Qahhorning boshqa hikoyalaridan farqli o‘laroq, personajlar ko‘p. Turgan gapki, janr imkoniyatida ular haqida atroflicha ma’lumot berish mumkin emas. Lekin yozuvchining mahorati shundaki, bir ikki so‘z yoki ishoralar bilan, ba’zan qisqa tafsilotlar orqali ularning ayrimlari haqida kitobxonga kerakli ma’lumotlarni berishga erishadi. Muhimi, ko‘pni ko‘rgan, hayotning baland pastini yaxshi biladigan Asqar ota nigohi orqali ular xarakteriga xos asosiy fazilatlar yarq etib namoyon bo‘ladi. Xotin – qizlar o‘rtasida “oqsoqol” laqabi bilan yuradigan qishloq Kengashining raisasi Ibrohimova ham, “bir qo‘y bilan bir ko‘ylak atlas mukofot olgan”ining sababini frontdagi yigitigi ochiq yozmagani uchun “dakki” eshitgan Bahrixon ham, hamma sinovlarga bardosh berayotgan ayollarimizga isnod keltirgan bir juvonni askiya qilishi, “go‘yo” yo‘lda tushib yotgan bir parcha jirkanch lattani cho‘pga ilib, “ma, ro‘molchang” deb bir-biriga otishayotgan Risolat va Qumrinisolar ham shu tariqa tanishadigan, ko‘z oldimizda jonlanadigan personajlar sirasiga kiradi.
“Hotinlar” hikoyasida Asqar ota duch kelgan, hamsuhbat bo‘lgan xotin- qizlarning hammasi so‘zga chechanligi, garchi sharoit og‘ir, kuladigan, xursand bo‘ladigan voqealar hayotda unchalik ko‘p emasligiga qaramasdan o‘rni bilan hazilga ham askiyaga ham vaqt va sabab topa olishi, shu tarzda bir-biriga madad, dalda bo‘lishi bilan ajralib turadi. Bu jihat personajlar qiyofasiga, ular harakat qilayotgan makon va zamonga yanada aniqlik bag‘ishlaydi. Ayni chog‘da bunday so‘z o‘yini, askiyalar hikoyada boshqa vazifalarni ham o‘taydi. Bir o‘rinda Asqar ota Bahrining yigitiga bo‘lgan muhabbati sadoqati haqidagi gaplarni eshitib, yoshlardagi bu fazilatlardan ta’sirlanib, “umring uzoq bo‘lsin, qizim!”deydi. Shunda davradagi ayollardan biri “umridan shuncha uzoq bo‘lgandan keyin, xudo xohlasa umri ham uzoq bo‘ladi”, deb so‘z o‘yini qiladi. O‘tirganlardan kimdir “piq” etib kuladi. Asqar ota hijolatli bir ahvolda qoladi. “Oqsoqol”bu holatni sezib, gap qishloqdagi Umri ismli bir ayol haqida ketayotganini aytadi. Asqar otaning “Kim o‘zi u, qanaqa xotin?” deb bergan savolidan keyingi vaziyat shunday beriladi: “Uning savoliga oqsoqol ham va boshqa hech kim ham javob bermadi. Og‘ir jimlik cho‘kdi. Shunday jimlik cho‘kdiki, bu hildagi jimlik aytgani til bormaydigan, eslashni ko‘ngil ko‘tarmaydigan biron dahshatli fojeaga uchrab halok bo‘lgan kishining nomi behosdan tilga olingan vaqtda bo‘ladi. Jimlik uzoq davom etdi. Buning sirini anglay olmagan Asqar ota yana so‘z qotgani istihola qildi” A.Qahhor. Birinchi jild, 257-bet). Keyinroqqa borib bo‘lib o‘tgan mana shu gap – so‘z, undan kelib chiqqan noxush vaziyat hikoyadagi urush davri hayotiga xos bo‘lgan yana bir jiddiy ma’naviy masalaga oid tasvirning berilishiga yo‘l ochadi. Yozuvchi shu paytgacha biz asarda ko‘rgan xotin-qizlarimizga mutlaqo zid bo‘lgan, ularga isnod keltirgan bir juvonning qilmishlarini ham Asqar ota nazaridan olib o‘tadi, bu ma’naviy tubanlikni uning xukmiga havola etadi. Fikrimizcha, hikoyada berilgan Umri voqeasi bir yo‘la ikki vazifani bajaradi. Aniqrog‘i , yozuvchi bu orqali “bir o‘q bilan ikki quyonni urishga” erishadi. Bir tomondan, boshqa ayollarning gap – so‘zlari, xususan, Risolatning hikoyasi orqali ularning Umrining qilmishiga munosabati ochiq ko‘rinib turadi. Bu – juda muhim. Ana shu munosabatda mujassamlashgan nafrat, jirkanish hissi bu ayollarning o‘zlarining qiyofalariga yanada qo‘shimcha oydinlik kiritadi. Demak, bular Umrinisoga mutlaqo teskari ma’naviy – ahloqiy qiyofaga ega bo‘lgan pokiza ayollar ekanligini anglatib turadi. Ikkinchi tomondan esa mazkur voqeani “xolis” bir odam – Asqar ota nigohidan olib o‘tilishi uni ayollar o‘rtasida o‘zaro bo‘ladigan oddiy gap – so‘zlar darajasidan boshqa bosqichga olib o‘tadi, bu munosabatga qat’iylik, keskinlik bag‘ishlaydi. Risolat aytib berayotgan hikoyaning “kunim bitgan bo‘lsa-yu, o‘q tegsa “Onajon!” deb yiqilarmikanman, “Umrixon!” deb yiqilarmikanman?” deb frontdan xat yozgan erini o‘z qo‘ngil xushligi uchun hech ikkilanmay o‘ldiga chiqarmoqchi, birovga kelgan “qora xat”ni o‘z nomiga yozib olmoqchi bo‘lgan joylariga kelganda Asqar ota otni to‘xtatib, ikki qo‘lini ko‘tarib beixtiyor “Ilohi omin!” deb yuboradi. Keyingi tasvir shunday davom etadi: “Hamma to‘xtab unga qaradi. Uning ko‘zlaridan oppoq soqoliga qatra-qatra yosh tomar edi. – Ilohi omin! Shu ayolning ko‘zi oqib tushsin – u, G‘afforjon sog‘-salomat kelib, uni ko‘cha – ko‘yda etaklab yursin! Xudoyo xudovanda, shu yoshga kirib dargohingdan hech so‘ragan emas edim...” (A.Qahhor. Birinchi jild, 264-bet). Keksa otaxon tilidan aytilayotgan bu gaplar “yurt qayg‘usida hamma narsani unutgan, azob chekayotgan, og‘ir va juda og‘ir mehnatda tasalli topayotgan” boshqa xotin-qizlarning, ko‘plab kishilarning, xalqning nomidan chiqarilayotgan xukmday bo‘lib eshitiladi.
A.Qahhorning urush mavzusidagi hikoyalarida yana bir uslubiy xususiyat alohida ko‘zga tashlanib turadi. Bu – shu yo‘nalishdagi asarlarida yumor elementlaridan tasvirda mohirona foydalanish bilan bog‘liq. Odatda tasvirda yumor aralashgan joyda tabassum, kulgu bo‘lishi lozim. Lekin urush davri voqealari tasvirlanayotgan asarlarda qanday qilib kulguni berish mumkin?! Axir, har kuni, har qadami fojia bilan to‘liq bo‘lgan bir-sharoit haqida yozilgan asarda odamga zavqli kayfiyat beradigan gapni aytib bo‘ladimi?! Bular hammasi yozuvchining iste’dodiga, mahorat darajasiga bog‘liq masalalar ekan. A.Qahhorda esa shunday iste’dod ham, mahorat ham bor edi. Lekin yozuvchi bu yo‘nalishdagi asarlarga yumor unsurlaridan boshqacharoq, aniqrog‘i, uning aksi bo‘lgan maqsadda, ya’ni asardagi tragizmni yanada kuchaytirib berishda foydalanadi. Masalan, “Asror bobo” hikoyasida qo‘llanilgan yumor elementlari qahramonlar taqdiridagi fojeaviy vaziyatni yanada chuqurroq, yanada hayajonliroq qilib ifoda etilishiga xizmat qilgan. Bu, ayniqsa, bosh bosh qahramon – Asror bobo obrazi talqinida yorqin namoyon bo‘ladi. “Xotinlar” hikoyasidagi qahramonlar ham o‘zaro munosabatda hazil-huzul qilishadi, askiyaga yaqin gaplar aytishadi. Dabdurustdan qaraganda urushdek bir sharoitda bunday muomalani hazm qilish qiyindek tuyuladi. Lekin A.Qahhor bunday tasvirdan qahramonlarning ichki dunyosini, asl qiyofasini yanada chuqurroq ochishga, o‘quvchiga ularni yanada yaqinroq, yanada aniqroq qilib ko‘rsatishga erishadi.
Yozuvchining bevosita front, jang maydonlaridagi hayotga daxldor hikoyalari esa bundan bir muncha farq qiladi. Avvalo, ularda, garchi urush olovi ichida yurgan odamlar haqida gap ketayotgan va shularning obrazini yaratish bosh muddao hisoblansa-da, sharoit murakkabligi, shunga mos keladigan insondagi og‘ir holat va kechinmalar tasvirini berish yozuvchini unchalik qiziqtirmaydi. Bu yo‘nalishdagi asarlarida A.Qahhor ijodiga xos bo‘lgan ikkinchi bir usulni-komik holat va vaziyatlar yaratishni, qahramon xarakterini ko‘rsatishda ko‘proq yumoristik vositalarga murojaat qilishni birinchi o‘ringa chiqaradi. Shu sababli ham bu asarlarning qahramonlari, garchi og‘ir sharoitlarda, urush olovi ichida yurgan odamlar bo‘lsa-da, o‘z qiliqlari, muomalalari va xatti-harakatlari bilan kitobxonda kulguga moyil, serzavq bir kayfiyat uyg‘otadi, ularning hayotidagi urush bilan bog‘liq dahshatlar go‘yo orqaga chekingandek, yozuvchi ularga ataylab e’tibor qilmayotgandek taassurot qoladi. Bularning hammasini A.Qahhor ongli ravishda qilganini, o‘z asarlari bilan o‘sha og‘ir kunlarda odamlarning qorong‘u dilini ozgina bo‘lsa-da, yoritishga, kayfiyatini ko‘tarishga intilganini sezmasligimiz mumkin emas. Chunonchi, yozuvchining “Qizil konvert” hikoyasida tasvir shu tarzda beriladi. Hikoyadagi voqealar jang maydonlaridan birida kechadi. Asarning dastlabki jumlalaridanoq biz yumoristik tasvirga duch kelamiz: “Hayitboy Badalbekov harbiy qismga kelgan choqlarida urush ilmiga juda uquvi kelavermagan edi: yurganda oldidagi kishining oyog‘ini bosaveradi, gazniqobini ikki-uch minutda zo‘rg‘a kiyadi, miltiq otganda xuddi tishi bilan danak chaqqanday harakat qilib nishonga urolmaydi...” Qahramon xarakteristikasida ilk bor uchraydigan bunday yumor unsurlari uning jangchi sifatidagi faoliyati berilgan lavhalarda yanada quyuqlashadi. Yoki yozuvchining “ko‘k konvert” hikoyasi qahramoni Erkaboy Mirzaev ham dushmanga qarshi bo‘layotgan hayot-momot olishuvlarida ishtirok etish uchun frontga borgan, dastlab “oddiy qismda oddiy qizil askar bo‘lib urishib yurgan” lardan biridir. Keyinchalik esa katta janglarda qatnashadi, pirovardida, uning qismi “gvardiyachi qism, o‘zi gvardiyachi serjant” bo‘ladi. Bu jangchi frontda og‘ir yaralanganda mamlakat ichkarisiga – O‘zbekistondagi gospitallardan biriga keltirishib besh yarim oycha davolashadi. Demak, ko‘rinayaptiki, bu qahramon urushning ko‘p dahshatini boshidan kechirgan, hayotida necha martalab qil ko‘prik ustidan o‘tishga to‘g‘ri kelgan. Binobarin, qahramonning jangovar hayotidan bu haqda istagancha tafsilotlar keltirish mumkin edi. Lekin yozuvchini mazkur qahramon hayotining bu tomoni emas, balki boshqa jihati – uning Latofatxon G‘ulomova bilan munosabatlariga daxldor tafsilotlar qiziqtiradi. Aniqrog‘i, tasvirda yumor unsurlarini qo‘llashga imkon beradigan voqealar va xolatlar adibning diqqatini o‘ziga tortadi. Hikoyadosh yumoristik ohangida tugun vazifasini o‘tagan holdan – Latofat G‘ulomova yuborgan sovg‘ani komandir jangchi Mirzaevga taqdim etaturib, “Ma, qora qosh, qora ko‘z yigit”, degan so‘zlarni aytishidayoq darhol seziladi. Shu ohang sovg‘aning adresiga yozilgan “G‘arbiy front, o‘ntadan ortiq fashistni o‘ldirgan qora qosh, qora ko‘z yigitga tegsin”, degan so‘zlarda ham, uning ichidan chiqqan “ko‘k konvertga solingan ikki enlikkina xat” da ham mavjud. Hikoyadagi bu xususiyatni yozuvchi to voqealar echimiga qadar saqlashga, qahramon xarakterini ko‘rsatishda, tasvirga samimiylik va joziba bag‘ishlashda muhim vosita sifatida foydalanadi. Yumor unsurlarini yozuvchi qahramonning xatti-harakatiga, gap-so‘zlariga, hatto hayolidan kechayotgan fikr-o‘ylarigacha singdirib yuboradi. Shu boisdan ham hayoti olov ichida, hayot-momot chizig‘i ustida o‘tayotgan jangchining bu erdagi sarguzashtlarini zavq bilan kuzatamiz. Demak, bunday jihat A.Qahhorning boshqa asarlari kabi harbiy mavzudagi prozasi ham turlicha rang va ohanglarga boy ekanligidan, yozuvchi iste’dodi qirralari bu yillarda ham turlicha tovlanishlarda namoyon bo‘lganidan dalolat beradi.
Umumun, A.Qahhorning bunday uslubiy izlanishlari yuqori darajadagi samaralarni berdi, o‘ziga xos badiiy kashfiyot darajasiga ko‘tarildi, hikoya janrining tasviriy imkoniyatlarini yanada kengaytirdi, degan gapni bu o‘rinda bemalol aytish mumkin.