Identiv o‘quv maqsadlari: 1.1. A.Qahhorhikoyanavisligida badiiy detalning o‘rni masalasini o‘rganadi
1.2. Badiiy detalning turlarin farqlaydi.
1.3. Badiiy detal qo‘llash mahoratini adibning boshqa janrdagi asarlariga taqqoslash orqali bilib oladi.
Mavzuning bayoni: Badiiy asarning qimmatini belgilashda undagi har bir tasvirda yozuvchining dalillash mahorati ham muhim ahamiyatga egadir. Bunda asar syujetining markaziga haqida bo‘lib o‘tgan voqelarni olinishining o‘zigina kifoya qilmaydi. Yozuvchi asardagi voqealar oqimiga kiritayotgan har bir harakatni, har bir badiiy tasvir vositasini va har bir detalni o‘z o‘rniga qo‘yishi, uning aynan shu joyda kelishi shartligini chuqur asoslashi lozim. Boshqacharoq aytilganda, asarda yozuvchi tomonidan kiritilayotgan har bir unsur o‘zaro birikib, yaxlit bir manzarani, hayotning muayyan bir parchasini ko‘z oldimizda jonlantirib berishi kerak. Bu manzara yana ko‘zga ko‘rinmas ichki kichik halqalar bilan ham bir-biriga mustahkam bog‘lanib ketadi. Agar asarda ana shunday xususiyatga ega tasvir yaratishga erishilgan bo‘lsa, bu jihat yozuvchining mahoratidan, iste’dod darajasidan dalolat beradi. Bunday natijaga esa adib muayyan asarda o‘quvchida hech qanday e’tiroz, shubha tug‘dirmaydigan badiiy dalillarni keltirish orqali muyassar bo‘ladi. Dalillarni esa yozuvchi hayotning o‘zidan olishi ham, ijodiy fantaziyasining mahsuli sifatida yaratishi ham mumkin. Lekin bu o‘rinda gap shunday dalillarni yozuvchi real hayotning o‘zidan olishi yoki badiiy to‘qima tarzida yaratishi haqida borayotgani yo‘q. Aslo unday emas. Masalan, A.Qahhor o‘z hikoyalaridagi real turmush faktlariga qanchalik jiddiy o‘zgartirishlar kiritgan bo‘lsa, ular shu qadar jiddiylik, hayotiylik va tabiiylik kasb etgan. Bu ularni ma’no, mazmun jihatdan yanada chuqur bo‘lishini ta’minlagan, o‘quvchiga ko‘rsatadigan hissiy ta’sir quvvatini sezilarli darajada oshirgan. Yozuvchi qalamiga mansub qator hikoyalar bu haqda mulohaza bildirishga yaxshi imkoniyatlar beradi.
Mazkur masala yuzasidan adibning “O‘g‘ri” hikoyasi alohida e’tiborga molikdir. Ushbu hikoyada yozuvchi realistik tasvir yo‘lidan boradi, ularning haqqoniy va hayotiy bo‘lishini ta’minlaydi, hodisani ishonchli dalillar asosida rivojlantiradi. Haqqoniy ideallar va ishonchli dalillar orqali tipik sharoit namoyon bo‘ladi, undan esa tipik xarakterlar bo‘y ko‘rsatadi. Prof. U. Normatov “O‘g‘ri”dagi bu jihat haqida quyidagicha yozadi: “Hikoyadagi voqea mantiqiy jihatdan bir-birlari bilan chatishib ketgan faktlar zamiridan tashkil topgan. Undagi voqea rivoji go‘yo ko‘p bosqichli raketa harakatini esga soladi. Voqea rivojidagi har bir halqa, fakt o‘z funktsiyasini o‘tash bilan barobar navbatdagi halqaning harakatiga zamin tayyorlaydi, o‘z funktsiyasini o‘tab bo‘lishi bilan navbatdagisini harakatga solib yuboradi” (“Mahorat sirlari”, 13-14 betlar). Ho‘kizini o‘g‘irlatgan chol bilan kampir uni topishda yordam beradigan madadkor insonni qidirishadi. Bunday “madadkor” odam qo‘shnisi –burunsiz ellikboshi bo‘ladi. Voqeadan xabar topgan va bu erga etib kelgan ellikboshi va’dani katta berib, ho‘kizning topilishini naqd qilib qo‘yadi. Bu erda voqea joyiga ellikboshining etib kelishi va amaliy yordam berishni va’da qilishi bilan bir halqa ikkinchisiga ulangan edi. Yozuvchi tasvirda halqalarning bir-biriga ulanib borishini yana davom ettiradi. Bu o‘rinda chol-kampir katta va’dalar bergan bunday “madadkor”ga qanday minnatdorchilik bildirishni o‘ylab qolishadi: “Bu xudo yallaqag‘ur shunchalik qilgandan keyin bir nima berish lozim-da. Tekinga mushuk oftobga chiqmaydi. Bu odam ellikboshi bo‘lish uchun ozmuncha pul sochganmi? Mingboshining bir o‘ziga etti yuz bog‘ beda, bir toy bergani ma’lum. Poshsholikdan oylik emasa”. Shu tariqa Qobil bobo og‘rinmay hamyonini qoqishtirib, borini ellikboshiga beradi, orqasidan qancha duo ham qiladi. Halqalar halqalarga ulanishi davom etib, endi u ellikboshi orqali aminga kelib bog‘lanadi, undan o‘tib tilmochga, yana davom etib pristavgacha etib keladi. Har bir yangi halqaga ulanish boshiga kulfat tushgan bu oilani badtar honavayron qilib boraveradi. Lekin ularning bu dardiga hech bir “madadkor” yordam bermaydi. Pirovardida, halqalar yana aylanib o‘sha burunsiz ellikboshining o‘ziga qaytib keladi. O‘rtada Qobil boboning har xil lavozimdagi amaldorlarga uchrashaverib sarson-sargardon bo‘lgani, bor budi-shudidan ajralgani, qarzga botgani va inson sifatida g‘oyat kamsitilgani qoladi, xolos. Mana shu murakkab jarayon tasvirini yozuvchi juda hayotiy detallar va insoniy holatlar ifodasi orqali chuqur dalillashga erishgan. A.Qahhorning dalillash mahorati qanchalik yuksak darajada bo‘lganligini uning boshqa hikoyalari misolida ham yaqqol kurish mumkin. Chunonchi, “Anor” hikoyasini olaylik. Bu asarning asosida kambag‘alchilik, qo‘li kaltalik inson uchun qanchalik og‘ir fojea ekanligini ko‘rsatib berishdek bir g‘oya turadi. Hikoyada talqin etilishiga. Kambag‘alchilik shunday bir dahshatli kuchki, u er bilan xotin o‘rtasidagi nozik tuyg‘ularga ham bolta uradi, bir lahzaning ichida ularni o‘zaro dushmanga aylantirib qo‘yishi ham hech gap emas. Hikoyada shunday hodisa ro‘y beradi: anorga boshqorong‘i bo‘lgan xotining istagini uni qanchalik yaxshi ko‘rishiga qaramay, Turobjon bajara olmaydi – anorning o‘rniga asal olib keladi. Uning nazaricha tansiq narsa bo‘lsa bo‘ldi, xotin, albatta, xursand bo‘lishi kerak. Lekin natija bunda bo‘lib chiqmaydi. O‘sha holatni yozuvchi quydagicha beradi: “Turobjon tugunchani berdi. Xotini shu erning o‘zida eshik oldida o‘tirib tugunchani ochdi-da, birdan bo‘shashib ketdi va sekin boshini ko‘tarib eriga qaradi” (A.Qahhor. 5 jildlik 1-jild, 285-bet). Hatto, Turobjon xotining ko‘zi jiqqa yoshga to‘lganini ham ko‘radi. U, xotinim qanchalik noyob, har kimga ham topilavermaydigan narsa olib kelganimni tushunmayapdi, shekilli, deb unga rossa buni tushuntirishga xarakat qiladi. Lekin baribir bu ayol tushunmaydi, aniqrog‘i, tushunishni istamaydi. Chunki uning ko‘ngli asalni emas, balki anorni qo‘msaydi. Axir, u anorga boshqarong‘i bo‘lgan-ku!
Mana bu holat tir tanu bir jon bo‘lgan ikkala qahramon o‘rtasida ichki ruhiy ziddiyatni yuzaga keltiradi. Bu ruhiy ziddiyat rivojlanib, kuchayib borib xotinining hali tug‘ilmagan go‘dagini “er yutgur” deb qarg‘ashi, Turobjonning esa jonidan ham aziz ko‘radigan xotinini kaltaklash, qo‘shni boylardan birining bog‘iga tushib, bir choyshab anorning o‘g‘irlab kelishi darajasigacha borib etadi. Albatta, ayol kishining tug‘ilmagan, hali vujudida ko‘tarib yurgan go‘dagini qarg‘ashi, so‘ng qaergadir o‘g‘irlikka borishga majbur bo‘lishi – bu fojia. Foji bo‘lganda ham odamga juda qattiq ta’sir qiladigan, o‘ylantiradigan fojia. Biz hikoyani o‘qiyotgan paytimizda ayni shunday vaziyat sodir bo‘lganiga ishonamiz. Yozuvchi bizga bera olgan bu ishonch tuyg‘usi qanchalik ijodiy mehnat va mahoratning natijasi sifatida yuzaga kelganini ham sezmasligimiz mumkin emas. Tabiiyki, bu o‘rinda o‘sha mahoratning sirlari nimalardan iborat ekanligi haqida o‘ylab qolamiz. Asardagi tasvirda birinchi ko‘zga tashlanadigan narsa, bu, syujet tarkibidagi voqealar silsilasini tashkil etadigan xalqlarning bir-biri bilan g‘oyat tabiiy va mustahkam bog‘lanib, tutashib ketishidir. Agar hikoyadagi voqealar silsilasidagi Turobjoning ruhiy portlashi, ya’ni xotiniga qo‘l ko‘tarishi eng yuqori nuqta sifatida ajralib turadigan bo‘lsa, bu hodisaning sodir bo‘lishiga qadarbu jarayon, chunonchi, har bir detal va tafsilot yozuvchi tomonidan chuqur dalillanganligiga guvoh bo‘lamiz. Sinchiklab qarasak, qahramonning kayfiyatiga g‘ubor tashlaydigan, ko‘ngliga xiralik olib kiradigan holatlar aslida boshdayoq ko‘zga tashlanadi. Nazarimizda, bu erda loaql Turobjoninng uyga kirayotganiida eshikning zulfiniga ilinib qalmi ektagining engi yirtilishi, ovqat qilish uchun tuyayotgan jo‘xorining keli ag‘nab erga to‘kilishi va roadan sal o‘tmay bu jo‘xorini mushuk kelib iskashi kabi epizodlarni eslash kifoya qilsa kerak. Chunki birinchi holatda Turobjon juda xursand kayfiyatda hovliqib uyga - xotinining oldiga kirib kelayotlgan bir paytda yaktagi engining yirtilishi uning ko‘nglining, ozgina bo‘lsa-da, xira tortishiga sabab bo‘ladi. Bu holatni yozuvchi “Uning shashti qayti” , deb izohlaydi. Ikkinchi holatning qahramon ko‘rsatgan ta’sirini uning xotiniga qarata aytgan “Tur, jo‘xoringga qara! Uni ko‘r, mushuk tegdi” degan so‘zlaridagi ma’nodan ham bilish mumkin. Haqiqatdan ham, bunday kambag‘al oilada ovqat uchun tuyulayotgan jo‘xorining erga to‘kilib, tuproqqa qorilishi, yana buning ustiga uni kelib mushuk xidlashi har qanday kishining ham ta’bini xira qilishi turgan gap. Endi shularning ustiga tansiq narsa olib borsam xotinim xursand bo‘ladi, deb o‘ylagan Turobjonning “keltirgan matoh”ga ayoli qayrilib ham qaramagandagi vaziyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, qahramondagi ruhiy – psixologik holat unchalik ham yaxshi tomonga qarab ketmayotgani ma’lum bo‘ladi. Qahramondagi bu psixologik bosqichga “Turobjon qizardi. U bir zamon o‘rtog‘ini yo‘qlab eltgan tarvuzini, bemaza chiqqan bo‘lsa kerak, sigirining oxurida ko‘rib shunday xijolat bo‘lgan edi” deya xarakteristika beradi yozuvchi. Qo‘yilayotgan har bir g‘ishtdan so‘ng imoratning devori yuksalib borgani singari hikoyadagi halqa simon voqealar ham bir-biriga ulanib, tasvirda dramatik taranglikni kuchaytirib beraveradi.
Shu o‘rinda A.Qahhorning uslubiga xos bo‘lgan bir xususiyatni ta’kidlab o‘tish joiz bo‘lsa kerak, deb o‘ylaymiz. Yozuvchining “Anor”dan yigirma yillar keyin yozilgan “To‘yda aza” hikoyasida bir usulni qo‘llagani ko‘pchilikka ma’lum. U tavirda dramatizmni kuchaytirish, qahramon xarakteridagi o‘zgarishlarni yanada chuqurroq asoslash uchun ba’zi detal va tafsilotlarga takroran murojaat qiladi. Masalan, Muxtorxon Mansurov domlaning soqoli ikki o‘rinda tilga olinadi va har ikki holatda ham yozuvchining ijodiy niyatini a’lo darajada yuzaga chiqaradi. E’tibor berilsa, yozuvchi bunday usulni dastlab “Anor” hikoyasida tajriba qilib ko‘rgan ekan, degan mulohaza kelishi mumkin. Chunki bu erda ham ayrim detallar takroran qo‘llanilganva ular tasvirga dramatik taranglikning kuchayib borishini ta’minlagan. Masalan, o‘sha erga to‘kilgan, mushuk tekkan jo‘xoridan ovqat qilinadi. “qozonning zangi chiqib qoraygan” bu go‘jadan Turobjonning o‘zi ikki kosa ichadi. Lekin xotini imillab, yarim kosa ham icholmaydi. Bu holat tabiiyki Turobjonning g‘ashiga tegadi va oldinroq ko‘ngliga xraliklar olib kirgan narsalarni yana yodiga tushiradi. Bu jarayonni yozuvchi quydagicha beradi: “uning imillashini ko‘rib Turobjonning ko‘ziga negadir oqsoq mushuk ko‘rinadi. Mushuk yirtilagn engini esiga tushirdi, avzoyi buziladi”.
Hikoyada bulardan tashqari qator katta-kichik xalqalar borki, ular ham o‘zaro birika borib, pirovardida, syujetdagi kulminatsion nuqtada muhim badiiy vazifani bajarishgan.
A.Qahhorning dalillash mahorati xususida tanqidiy fikrlar bildirgan adabiyotshunoslar ham bor. Chunonchi, S.Meliev, O.Otaxonov kabi adabiyotshunoslar yuqorida biz ko‘rgan “O‘g‘ri” hikoyasi haqida ancha-muncha e’tirozli fikrlar bildirishgan. “O‘tmish hikoyalarida,-deb yozadi S.Meliev,-adibning o‘z badiiy kontseptsiyasi yo‘q. Totalitar tuzum adabiyotga yuklangan g‘oyaviy maqsad ( o‘tmish adolatsizliklarini fosh etish) badiiy obrazlar vositasida yuksak mahorat bilan tasdiqlangan, xolos. Shuning uchun mazkur hikoyalarni, xususan, “O‘g‘ri”ni badiiy barkamollik namunasi sifatida targ‘ib etish noo‘rin” (“O‘zAs”, 1995, 23 iyun). O.Otaxonov esa mazkur hikoyaga yanada boshqacharoq yondashadi. “Menimcha, asosiy o‘g‘ri... Qobil bobo. U o‘z yuragidagi shijoatni, kurash tuyg‘usini, zulmga isyon ruhini o‘g‘irlagan shaxs. U uzoq yillar davomida muttasil shu ish bilan shug‘ullanib kelgan. Shunga ko‘nikkan va shundan boshqacha yashashga ojiz” (“Sharq yulduzi”, 1987, 4-son, 203-bet). A.Qahhor hikoyalariga nisbatan bildirilgan bunday tanqidiy fikrlar asossiz ekanligi, bu gaplar qisqa muddatli adabiy kayfiyatning ta’siri bilan aytilganligi shundaygina ko‘rinib turibdi. Bunday qarashlarga o‘z vaqtida U.Normatov S.Sodiqov, D.Quronov, O.Abdullaev kabi yirik adabiyotshunoslar tomonidan keskin munosabat bildirilgan. Xususan, Sanjar Sodiq o‘zining «So‘z san’ati jozibasi» kitobida bu hikoyaga alohida bob bag‘ishlab, unda bu kabi qarashlar bilan keskin bahsga kirishadi, ularning asossiz ekanligini chuqur tahlil orqali ochib tashlaydi. Va bob oxirida, «Demak, «O‘g‘ri» o‘zbek hikoyachiligining mumtoz namunalaridan biri bo‘lib qolaveradi» deya xulosa qiladiki, biz ham bunga qo‘shilamiz. Shuningdek, adabiyotshunos H. Karimov tomonidan, “Dahshat” hikoyasidagi tasvirlarda yozuvchining dalillash mahoratida jiddiy kamchiliklar bor, deya bildirilgan fikrlar ham asosli emas. Chunonchi, u bir o‘rinda Unsinning ketayotgan paytidagi qattiq shamolda yurishga halaqit bergani uchun paranjisini qo‘liga ushlab oldi, degan gapga, axir, uning ikki qo‘li band bo‘lsa, qanday qilib paranjisini qo‘lga oladi, deya e’tiroz bildirsa, boshqa o‘rinda, Unsin vafot etgach, mayit dodhoning uyidan chiqarilmasdan ota-onasining uyiga yuborilishini mantiqqa zid tasvir, deb hisoblaydi. Bu o‘rinda tanqidchi negadir Alimbek dodhoning oldin Unsinni bir taloq qo‘yganini unutadi. Bu masalada ham A.Qahhorning dalillash mahorati yuksak darajada namoyon bo‘lganligi yirik adabiyotshunoslar tomonidan e’tirof etilgan.
Demak, A.Qahhorning hikoyalaridagi tasvirlar o‘zining pishshiq-puxtaligi, asoslashning o‘ta mustahkamligi, dalillash mahoratining g‘oyat yuksakligi bilan ko‘pchilik hikoyanavislarga ibrt maktabi bo‘lib keldi va shunday bo‘lib qoladi.