Identiv o‘quv maqsadlari: 1.1. A.Qahhor hikoyalarida hayotiylik qay darajada yoritib berilganlingini bilib oladi
1.2. Hayotiy voqelik va badiiy to‘qima munosabatini solishtiradi.
1.3. Badiiy to‘qimaning asar g‘oyasi bilan bog‘liqligini farqlaydi.
Mavzuning bayoni: Adabiyotning bosh manbai, so‘zsiz, biz yashaydigan va biladigan hayotning o‘zi. Lekin uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifodalangan, ko‘chirilgan nusxasi emas. Yozuvchi hayotni ko‘radi, kuzatadi, voqea-hodisalarni saralaydi, ularni adabiyotning qonun-qoidalariga amal qilgan holda qayta ishlab, badiiy shaklga keltirib, o‘quvchiga taqdim etadi. Shuning uchun ham asarda u yoki bu voqeaning joyi va vaqti aniq aytilmasa-da, biz hayotda shunday bo‘lishi mumkinligiga ishonamiz. A.Qahhorning ijodi, xususan, hikoyalari ham bu jihatdan ancha qiziqish uyg‘otadi. Ma’lum bir vaqtlarga qadar yozuvchining turli hikoyalarining yozilish tarixi haqida turlicha taxminiy fikrlar aytib kelingan. 60-yillarda uning “Hayot hodisasidan badiiy to‘qimaga” deb nomlangan maqolasi e’lon qilinishi bilan bu masalaga ko‘p aniqliklar kiritildi. “O‘tmishdan ertaklar” asari ham tadqiqotchilar uchun bu borada boy manba hisoblanadi. Xullas, mana shu ikki asar yozuvchining qator hikoyalarining yaratilishiga turtki bo‘lgan voqealar haqida, ularning vujudga kelishi sabablari to‘g‘risida yaxshigina tasavvur beradi. Shu manbalar orqali biz yozuvchining “Bemor”, “Anor”, “Adabiyot muallimi”, “San’atkor” va yana boshqa bir necha hikoyalarining yaratilishiga turtki, asos bo‘lgan hayot voqealaridan voqif bo‘lamiz. Yoki A. Qahhorning “Qabrdan tovush” hikoyasi haqida ustoz Ozod Sharafiddinov shunday yozadi: “...usta Turdalining hayotda protatipi bormi-yo‘qmi – bu bizga ma’lum emas. Sirasini aytganda buning uncha ahamiyati ham yo‘q. Ahamiyatlisi shundaki, adib Turdali xarakterini yaratishda biografik materiallardan foydalangan: “O‘tmishdan ertaklar”da u ukasi Umaralining vafoti tufayli otasining talvasaga tushganini, alam ichida qur’onni erga urib, tepkilaganini, xudoning shaniga g‘azabli so‘zlar aytganini hikoya qiladi. “Qabrdan tovush” hikoyasida shu voqea usta Turdaliga nisbat beradi” (A.Qahhor. T., “Yosh gvardiya” nashriyoti, 1988, 115-bet). Demak, bu mulohazalar ham jiddiy o‘ylab ko‘rishga asos bo‘ladi. Bular hammasi mutaxassis uchun A.Qahhorning ijodiy laboratoriyasiga kirish, undagi ichki jarayonlarni yanada yaqinroqdan kuzatish imkoniyatini beradi.
Ko‘pincha badiiy asarda tasvirlangan voqea hayotda haqiqatan ham sodir bo‘lgan bo‘lsa, u ishonchli, agar bo‘lmagan bo‘lsa, ishonarli emas, deganga o‘xshash qarashlarga duch kelib turamiz. Bunday nuqtai nazar mutloqa noto‘g‘ridir. Chunki adabiyot, aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, badiiy asar hayotda sodir bo‘lgan narsalardan ko‘ra sodir bo‘lish ehtimoli bor narsalarni ko‘proq aks ettiradi. Shuning uchun badiiy asarni o‘qiganda undagi voqealar qaerda bo‘lib o‘tgan ekan, degan masalalar bilan bosh qotirib yurish shart emas. Buning ustiga o‘sha bo‘lib o‘tgan voqealarni ham yozuvchi hech qachon qanday bo‘lsa, shundayligicha badiiy asarga ko‘chirmaydi. Hatto, tarixiy mavzuda yozilgan asarlarda ham yozuvchi badiiy to‘qimadan ancha faol, unumli foydalanadi. Bu masalada gap tasvirlangan voqeani qanchalik hayot haqiqatiga mos kelishida emas, balki o‘sha voqeaning yoki obrazning o‘quvchiga qay darajada ta’sir etishi, uning hissiyotlar olamiga chuqur kirib borishi, hayajonga solishi haqida bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Bu borada A.Qahhorning bir qator hikoyalari mulohaza uchun keng imkoniyatlar beradi. Yirik adabiyotshunos olim U.Normatov shu haqda gapirib, quyidagilarni yozadi: “Shu narsa ma’lum bo‘ldiki, avtor yaratgan hikoyalarning ko‘pchiligi real hayotiy asosga ega ekan, yozuvchi turmushda o‘zi ko‘rgan, eshitgan hodisalardan, tanish kishilar hayotidan hikoya yasar ekan. Ammo turmushda ko‘rganlarini shundog‘icha hikoyaga olib kiravermas ekan: ularni ming maqomga solib ko‘rish, qayta saralash, tasodiflardan tozalash, unga “o‘z yonidan” qo‘shish, o‘ylab yurgan gaplarini singdirish orqali badiiy haqiqatga aylantirar ekan. Zotan, yozuvchi hikoyalaridagi hayotiylikning, ishontirish qudratining siri ham ana shunda” (“Mahorat sirlari”, 9-10 betlar).
A.Qahhor qalamiga mansub hikoyalarning bir qanchasida hayotda bor, yozuvchi o‘zi guvoh bo‘lgan voqealar asos sifatida olinadi. Boshqacha qilib aytganda, bu hikoyalar hayot haqiqatiga tayanib yaratilgan hikoyalardir. Chunonchi, “Bemor” hikoyasining yozilishiga sabab bo‘lgan voqea yozuvchining o‘zining hayotida sodir bo‘lgan. U erdagi og‘ir dardga chalingan bemor ayol obrazining xamirturishida A. Qahhorning onasining hayotiga daxldor voqea turadi. Hikoyadagi to‘rt yashar norasida qiz haqidagi tasvirga esa yozuvchining o‘zi prototip bo‘lgan.
“... O‘tmishda ko‘rgan-kechirganlarim ko‘p hikoyalarim va yirik asarlarimdagi epizodlarga asos bo‘ldi, - deb yozadi yozuvchining o‘zi buni e’tirof etib. “Bemor degan hikoyamda tasvir etgan voqeaga o‘xshash hodisa taxminan 13-yilda o‘z boshimdan kechgan edi. Bu vaqtda men besh yashar edim. Biz Qo‘qonga yaqin Yaypan qishlog‘ida turar edik. Onam g‘ira-shira qorang‘i uyda to‘lg‘olq tutib yotar, ichkaridan uning ingragan, dodlagan tovushi eshtilar edi. Yaypan katta qishloq, lekin u vaqtda doktor, tibbiy yordam degan naplar birovning tushiga ham kirgan emas. Bunday kezlarda qo‘ni-qo‘shnidan biron keksa ayol chaqirilar edi. Uning tajribali momo bo‘lishi ham shart emas, qariligining o‘zi kifoya edi”. “Bemor” mening uchun har holda bolaligimdagi o‘sha taassurotlar bilan chambarchas bog‘lanandir, - Men bu gapni taasurotlarni “o‘z ichiga olganligi” uchungina emas, balki o‘sha taassurotlarga asoslanganligi uchun ham aytayotibman. Men faktni qayta bichib tikkanimda hayot haqiqatiga qarshi ish qilayotibman deb sira o‘ylagan emasman. Aksincha, hikoyada hayotni o‘shanday ko‘rsatib to‘g‘ri qilgan ekanman; besh yasharligimda ayamdan ajralib etim qolishim o‘sha sharoitda hech gap emas ekan. Bu judolik natijasida yuz berishi mumkin bo‘lgan butun dahshatlarni va buning barcha oqibatlarini endi tushunib etdim. Dahshatli manzaralarning chalasini tasavvur chizib berdi” (A.Qahhor. asarlar. Besh jildlik. Beshinchi jild. G‘.G‘ulom nomli Adabiyot va san’at nashriyoti. T., 1989, 199-200 betlar). Ko‘ryapmizki, hayotda bor, bo‘lgan fakt bilan yozuvchining badiiyfantaziyasi – tasavvurining muvaffaqiyatli qo‘shiluvi natijasida o‘zbek hikoyachiligi tarixi etuk, o‘quvchini necha o‘n yillardan beri larzaga solib kelayotgan bir asar hisobiga boyidi.
“Anor” hikoyasida yozuvchi bolalik davrida ularga qo‘shni bo‘lib turgan bir oilaning fojiali taqdirini asos qilib olgan. “San’atkor” hikoyasida o‘zi taniydigan bir san’atkorning hayotiga aloqador voqealarni hikoyaga kiritgan. “Adabiyot muallimi” bir do‘stining safar taassurotlari bilan bog‘liq hikoyasi ta’sirida yuzaga keladi. Xullas, ko‘rganimizdek, yozuvchi yaratgan qator hikoyalar hayotda sodir bo‘lgan voqealarga- hayot haqiqatiga asoslanganligi hozir ko‘pchilikka ma’lum. Lekin asarning badiiylik darajasi, turgan gapki, faqat uning hayot haqiqatiga asoslanganligi bilan belgilanmaydi. Yozuvchi asarni yaratish jarayonida undagi voqealarga o‘zicha “tuzatishlar”, «o‘zgartirishlar» kiritadi, qayta ishlaydi va shu orqali berayotgan tasvirining ta’sir quvvatini bir necha barobar oshiradi. Yuqorida biz sanagan bu hikoyalarda hayotiy faktga kiritilgan “tuzatishlar” o‘sha hodisaning hayotiyligini, mantiq kuchini baland bo‘lishini ham ta’minlagan. Shuning uchun ham hayotiy faktlar badiiy haqiqatga aylangach, g‘oyat ta’sirli va hayajonli chiqqan. Bu haqda yozuvchining o‘zi shunday deydi: “Men faktni o‘zgartirar ekanman hayot haqiqatiga qarshi borayotibman, deb mutlaqo o‘ylagan emasman. Aksincha, hikoyada hayotni xuddi shunday ko‘rsatib to‘g‘ri ish qilganligimni endi bildim: besh yoshligimda ayamdan ajralib etim qolish o‘sha davr sharoitida hech gap emas ekanligini, bu judolik natijasida yuz berishi mumkin bo‘lgan butun dahshatlarni va buning barcha oqibatlarini endi tushunib etdim. O‘tmishning dahshatli manzaralarini hayot o‘z-o‘zidan to‘ldirdi” (A.Qahhor. “Hayot hodisasidan badiiy to‘qimaga” maqolasidan).
Yuqoridagilardan A.Qahhor hayotdagi har bir oddiy hodisadan fojia yasayverar ekanda, degan xulosaga kelmaslik kerak. O‘zi biladigan og‘ir, oxiri fojia bilan tugagan hayotiy faktdan unga mutlaqo teskari bo‘lgan badiiy haqiqat yaratgan hikoyalari ham bor. Bunga, ayniqsa, “Ming bir jon” hikoyasi misol bo‘la oladi. Masalan, bu hikoyadagi Mastura obrazining yaratilishiga turtki bo‘lgan ayol hayotda aslda vafot etgan. Lekin hikoyada Mastura oxirida butunlay sog‘ayib, hatto tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketadi. Bu hikoyasining yaratilish tarixini yozuvchining o‘zi quyidagicha izohlaydi: “Ming bir jon” degan hikoyamda tasvir etilgan ayol bilan tinish edim. U mashhur o‘zbek ayoli To‘raxon ayaning qizi Jo‘raxon edi. Bu ayol o‘n yil dard tortib, oxiri vafot etgan. Hikoyada Jo‘raxon (Mastura – U.O‘) tuzalib ketadi. Men hikoyada, ehtimol, faktga qarshi ish qilgandirman, ammo adolat yuzasidan to‘g‘ri ish tutdim: hikoyada bu ayol mislsiz mardligi, hayotga muhabbati, azob-uqubatga bardoshiga yarasha “mukofot” oldi, xolos. (Abdulla Qahhor. Asarlar. Besh jildlik, beshinchi jild, 1989 y. 200-bet). Bu erda ham o‘z-o‘zidan ayon bo‘layaptiki, pirovard-natija yozkvchining iste’dod darajasi, mahorati bilan bog‘liq ekan. Shuning uchun bizda bu obrazning haqqoniy chiqqanligiga hech qanday shubha uyg‘onmaydi.