Kompyuter, smartfon yoki tashqi ma’lumotlar saqlash qurilmasi tomonidan ishlov beriladigan yoki ularda saqlanadigan har qanday ma’lumot raqamli ma’lumotlardir. Siz ushbu ma’lumotni matnli hujjat, video, audio, tasvir, dasturiy ta’minotlar kabi ko’rinishlarda yaratasiz va ulardan foydalanasiz. Biroq, o’zining eng sodda ko’rinishda, bu ma’lumotlarning barchasi ikkilik ma’lumotlar (ikkilik kod – бинарныйкод) deb nomlanuvchi bir va nol ketma-ketliklaridan iborat.
Barcha kompyuterlar va smartfonlar mana shu formatda ishlashi sababli, raqamli ma’lumotlarni bu qurilmalarning har qaysisida yaratish, qayta ishlash va saqlash mumkin. Bundan tashqari, ushbu raqamli ma’lumotlar bir qurilmadan boshqasiga o’tkazilishi yoki Internet orqali millionlab boshqa foydalanuvchilarga taqdim etilishi mumkin.
Siz ba’zi bir shaxsiy ma’lumotlaringizni xavfsiz saqlashingiz juda muhimdir.Masalan, tug’ilgan kuningiz, manzilingiz, pasport raqamingiz, haydovchilik guvohnomangiz raqami, ijtimoiy sug’urta va bank hisobi raqamlari, tibbiy ma’lumotlar va boshqalar. Sizga tegishli va sizning shaxsingizni aniqlash uchun ishlatilishi mumkin bo’lgan har qanday ma’lumotlar shaxsiy ma’lumotlardir.
Raqamli ma’lumotlar qanday yaratiladi?
Siz har safar kompyuter yoki mobil qurilmadan foydalanganingizda ma’lumotlar yaratasiz. Ushbu ma’lumotlarning ba’zilari sizga ko’rinarli, masalan, yangi Word hujjatini yaratganingizda, ijtimoiy tarmoqlarda biror ma’lumot joylashtirganingizda yoki mobil telefoningizda rasmga tushganingizda, ularni ko’rib turasiz.
Ammo har safar raqamli qurilmadan foydalanganingizda yaratilayotgan ma’lumotlarning aksariyati sizga ko’rinmaydi. Misol uchun, kompyuteringiz siz uni qachon ishlatganingiz, qaysi ilovalardan foydalanayotganingiz va qancha vaqt davomida foydalanganingizni batafsil qayd qilib boradi. Agar siz o’rtacha foydalanuvchi bo’lsangiz, Internet brauzeringiz siz foydalanadigan saytlarni, ularning har birida sarflagan vaqtingizni, siz bosgan har bir havola va siz yuklab olgan har bir faylni kuzatib boradi. Smartfoningiz siz olgan har bir surat qachon va qayerda suratga olganligi haqidagi ma’lumotlarni yozib boradi. Ushbu ma’lumotlarni qurilmada qidirib topishni bilmagan foydalanuvchi ko’zi uchun ular yashirinligicha qolaveradi.