1.2. Bo‘ylama va ko‘ndalang tahlil Demografik hodisalarni tahlil qilishda demograflar, odatda, demografik voqea-hodisalar u yoki bu kogortda, ya’ni ular hayotida biron-bir, demografik yoki boshqa hodisa ro‘y berishi uchun umumiy vaqt bilan bog‘liq bo‘lgan odamlar guruhida ro‘y berishi haqida gapiradilar. Kogortga avlod, yoki umumiy tug‘ilish yili bilan bog‘langan, yoshi taxminan bir xil bo‘lgan odamlar,tengdoshlar guruhini misol qilib keltirish mumkin[2].
Ikkinchi tomondan, demograflar u yoki bu voqea-hodisalar u yoki bu vaqt davrida, yoki zamondoshlar, ya’ni bir vaqtda yashayotgan turli yoshdagi kishilar guruhida ro‘y berishi haqida gapiradilar.
Shu munosabat bilan demografiyada bo‘ylama (yoki kogort) va ko‘ndalang (davriy, yoki joriy) tahlil foydalaniladi.
Ko‘ndalang tahlil zamondoshlar guruhida yoxud u yoki bu vaqt davrida ro‘y bergan voqea-hodisalar bilan bog‘liq (uning nomi ham shunga borib taqaladi). Bunday vaqt davri sifatida ko‘pincha bir yil olinadi.
Bo‘ylama (kogort)tahlil u yoki bu kogort, ya’ni tengdoshlar guruhida ro‘y beradigan voqea-hodisalar bilan bog‘liq. Bo‘ylama tahlilga misol qilib u yoki bu yil tug‘ilganlar guruhida, ya’ni avlodda demografik voqea-hodisalar (tug‘ilish, nikoh, ajralish, o‘lim va h.k.) ketma-ketligini ko‘rib chiqishni keltirish mumkin. Bo‘ylama tahlilga boshqa bir misol tariqasida u yoki bu yilda turmush qurganlar orasida tug‘ilish, ajralish va o‘lim holatlarini kuzatib borishni keltirish mumkin.
Bu misollarda kogort shakllanish belgisi sifatida demografik hodisalar (tug‘ilish va turmush qurish) foydalanilgan. Biroq kogort nodemografik belgilar bo‘yicha ham vujudga kelishi mumkin. Masalan, mehnat faoliyatini u yoki bu yilda boshlash yoki ta’lim muassasasini u yoki bu yilda tamomlash va boshqa belgilar bo‘yicha tashkil qilingan kogortda demografik voqea-hodisa ro‘y berishini kuzatish mumkin.
Demografiyada kogort deb bitta vaqt davrida (odatda kalendar yilida) ushbu guruhdagi demografik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatadigan voqea-hodisa ro‘y berish allomati bo‘yicha shakllantirilgan shaxslar guruhiga aytiladi.
Kogortlarda demografik tahlil kogort mavjud bo‘lgan davr uzunligiga, ya’ni u yuzaga kelgan yoki shakllantirilgan paytdan to kuzatuv paytigacha bo‘lgan davrga bog‘langan holda u yoki bu hodisalarning ro‘y berishini kuzatishga borib taqaladi. Kogortda demografik jarayon intensivligi odatiy o‘lchami uning mavjudlik vaqtiga bog‘liq bo‘lgan demografik voqea-hodisa ro‘y berish ehtimoli hisoblanadi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, tadqiqotchi (yoki tadqiqotchilar jamoasi) kogort bilan u mavjud bo‘lgan butun davr mobaynida yashagan, uni qiziqtiradigan u yoki bu hodisalarni kuzatib va qayd qilib boradigan vaziyat bo‘ylama tahlilni ideal amalga oshirish bo‘lgan bo‘lardi. Biroq aniqki, aksariyat hollarda buni amalga oshirib bo‘lmaydi. Axir, aytaylik, avlodning mavjud bo‘lish davomiyligi istalgan holatda ham demografning individual hayot doirasidan chiqadi, u o‘rganayotgan avloddan oldin aynan demografning o‘lib ketishi ehtimoli yuqori. Buning ustiga, ushbu holatda shunchalik uzoq kutishga to‘g‘ri kelgan bo‘lardiki, olingan ma’lumotlar o‘z dolzarbligini yo‘qotgan bo‘lardi. Shu sababli, real voqelikda hech kim bunday yo‘l tutmaydi. Bo‘ylama tahlil sof hujjatli vosita hisoblanadi, uning uchun axborot hujjatlardan olinadi (statistik ma’lumotlar, oldingi tadqiqot natijalari va h.k.). Axborot bevosita respondentlardan ham olinishi mumkin bo‘lib, bunda ulardan (aholini ro‘yxatga olish yoki maxsus tadqiqotlar davomida) ularning hayotida ro‘y bergan demografik voqea-hodisalar haqida, ular ro‘y bergan joy va yosh haqida so‘raladi. Istalgan holatda ham kogort (bo‘ylama) tahlil demografik jarayonlar tendenstiyalarini yaxshiroq tushunishga imkon beradigan demografiyaning muhim metodologik vositasi hisoblanadi.
Kogort tahlilida o‘rganilayotgan hodisaning natijalovchi ko‘rsatkichiga katta e’tibor qaratiladi. Xususan, tug‘ilish ko‘rsatkichlari kogort tahlilida quyidagi ko‘rsatkichlar hisoblab chiqiladi: ayol tomonidan belgilangan yoshda yoki reproduktiv davr oxiriga kelib tug‘ilgan bolalar o‘rtacha soni (tamom bo‘lgan tug‘ilishlar soni);u yoki bu navbatdagi farzandni tug‘ish o‘rtacha yoshi; navbatdagi farzandni tug‘ish ehtimoli va h.k. Nikoh ko‘rsatkichlarini o‘rganishda quyidagi ko‘rsatkichlar muhim rol o‘ynaydi: belgilangan yoshda turmush qurganlar ulushi; yakuniy nikohsizlik ulushi; inson butun umri davomida turmush quradigan nikohlar o‘rtacha soni; turmush qurish o‘rtacha yoshi va h.k.
Ko‘ndalang (davriy) tahlilda ham kogort avlod foydalaniladi, biroq bu yerda u shartli, nazariy tavsifga ega bo‘ladi. Ushbu holatda gap shartli yokigipotetik kogort (avlod) boradi. Shartli avlod (kogorta) bu - nazariy abstrakstiya, real avlodlar guruhlaridan tashkil topgan modeldir. Ma’lum ma’noda aholi turli yoshdagi zamondoshlar guruhi sifatida shunday shartli avlod hisoblanadi.
Ushbu vaqt davri uchun xos bo‘lgan demografik jarayonlar yoshga oid intensivligi u yoki bu avlodning butun hayoti davomida saqlanib qolishi va mavjud holatni saqlab qolgan holda determinastiyalanadigan yakuniy demografik natijalarni belgilab berishi taxmin qilinishi shartli avlod (kogort) shakllanishining dastlabki shart-sharoitlari hisoblanadi. Boshqacha va soddaroq qilib aytganda, u yoki bu real avlodning yakuniy demografik natijalari ushbu avlod butun keyingi hayoti davomida hisob-kitob olib borilayotgan davrda barcha avlodlar kabi xuddiy shunday demografik jarayonlar yoshga oid ko‘rsatkichlarini boshidan kechirishini taxmin qilishda (albatta, sof nazariy jihatdan) belgilanadi.
Gipotetik avlod, shartli avlod, odamlar shartli guruhi – ularning hayoti davomida (yoki ma’lum bir demografik holatda bo‘lish davrida) har bir yoshdagi demografik jarayon intensivligi ushbu kalendar davrida mavjud bo‘lgan jarayonga mos keladi. Bunda ushbu kalendar davrida yashayotgan turli yoshdagi kishilar bitta avodga mansub kishilar sifatida ko‘rib chiqiladi.
Demografik tahlilda bo‘ylama va ko‘ndalang tahlil analoglari mavjud. Masalan, sotsiolog tanlab olingan respondentlar guruhiga bir marta murojaat qiladigan va ularga o‘zini qiziqtiradigan savollarni beradigan u yoki bu mavzudagi sotsiologik so‘rovni ko‘ndalang tahlilga misol qilib keltirish mumkin. Biroq agar sotsiolog bitta so‘rov dasturi bo‘yicha ma’lum bir vaqt oraliqlari orqali o‘lchovlar o‘tkazadigan bo‘lsa, bu holatda takroriy so‘rovlar haqida gapiriladi. Agar so‘rovda ishtirok etadigan guruhlar o‘zgarmay qolaversa, bunday so‘rov panelli so‘rov deb ataladi. Takroriy va panelli sotsiologik tadqiqotlar demografiyadagi bo‘ylama tahlil bilan aynan bir xildir. Sotsiologiyada bo‘ylama tahlilga boshqa bir misol tariqasida anamnestik so‘rovlarni keltirish mumkin bo‘lib, bunda respondentdan sotsiologni qiziqtiradigan voqea-hodisalar uning hayotida qachon va qanday ro‘y berganligini yodga olish so‘raladi.
Vaqt davri uchun real demografik ko‘rsatkichlar nafaqat ushbu davrning joriy sharoitlarini, balki ushbu davrda demografik hodisa umumiy hajmining shakllanishiga hissa qo‘shadigan har bir real avlodning, har bir real kogortaning tarixini ham aks ettirgan xolda real avlodlarga xos bo‘lgan yoshga oid intensivliklarning o‘zaro aloqalari natijasi sifatida shakllanadi. Davr uchun demografik ko‘rsatkichlarni hisob-kitob qilishda o‘rtacha aholi tushunchasi muhim ahamiyat kasb etadi.