Yer usti va yer osti yadro portlashlari natijasida radioaktiv moddalar havo va tuproq mahsulotlari bilan aralashadi, so’ng havo oqimi bo’ylab harakatlanib, sekin – asta yerga tushadi. Bunda ko’zga ko’rinmaydigan radioaktiv zararlanish izi xosil bo’ladi, bu iz qanchalik ko’p bo’lsa insonlarning yashashlari va ishlashlari uchun shuncha uzoq xavf tug’diradi. Xuddi shunday xolat yadro zaryadi bilan ishlaydigan tarmoqlarda (AES, gamma nuridan foydalaniladigan ilmiy laboratoriyalarda) avarya natijasida ham kuzatilishi mumkin. Jumladan, 1986 yildagi Chernobil AESdagi avariya oqibatida to’rtinchi energoblokdan chiqqan radioaktiv moddalar 30 km.li masofagacha tarqalib, u yerdagi jamiki obyektlarni (atrof – muhitni, insonlarning yashash – ishlash joylarini, kiyim – kechaklarini, moddiy resurslarni, suvni va boshqalarni) shikastlagan. Radiatsiyaviy, kimyoviy va baqteriologik xolatlarni baxolash fuqaro muxofazasi boshlig’ining, shtab va obyekt mutaxassislarning majburiy ishidir. Radiatsiyaviy xolat deganda, joylarning radioaktiv zararlanish darajasiva o’lchami tushunilib, bu axolining yashashiga hamda xalq xo’jaligining ishlab chiqarish obyektlarida ishlashlariga ta’sir etadi. Joylarning radioaktiv zararlanish o’lchovi va darajasi ma’lum hududdagi yadro portlashlarning soniga, quvvatiga, turlariga hamda portlash vaqtidagi shamolning tezligiga bog’liqdir. Radiatsiya darajasi 0,5 R/s ga teng bo’lgan joylarni radioaktiv moddalar bilan zararlangan hudud deb hisoblanadi. Ob’yektlarning va unga yaqin bo’lgan joylarning radiatsiyaviy xolati, fuqaro muxofazasining razvedka guruhi va DP-5A (B yoki V) turidagi rentgenometr jixozlari yordamida radiatsiyaviy hamda kimyoviy kuzatish postlari orqali aniqlanadi.