03.04.2018 =========
|
Yangiliklar Xabarnomasi
|
============= № 64
|
YANGILIKLAR XABARNOMASI №64
O‘zbekiston Respublikasi TIV Matbuot xizmati
2018-yil 3-aprel
PREZIDENT 2
Misr Prezidentiga tabrik maktubi 2
Rasmiy 2
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bazasida O‘zbekiston Qurilish vazirligi tashkil etildi. 2
Toshkentdagi markaziy ko‘chalardan biriga Chingiz Aytmatov nomi beriladi 3
ko‘rgazmalar 4
Toshkentda oziq-ovqat sanoati ko‘rgazmasi ochiladi 4
MARKAZIY OSIYO – O‘ZBEKISTON TASHQI SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHI 5
Ashxobod shahrida “Made in Uzbekistan” Milliy sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi 5
O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida uch davlatning Davlat chegaralari tutashgan nuqtasi hududi to‘g‘risidagi Shartnomani (Samarqand, 2017 yil 10 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida 5
xalqaro munosabatlar 6
MDH Tashqi ishlarvazirlari kengashining bo’lajak majlisida O‘zbekiston deligatsiyasi ishtiroki to‘g‘risida 6
jamiyat 6
Xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi 6
PREZIDENT Misr Prezidentiga tabrik maktubi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh Said Husayn As-Sisiga oliy davlat lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
“Bo‘lib o‘tgan saylovda Siz erishgan bu ulkan g‘alaba do‘st Misr xalqining tinchligi, ravnaqi va farovonligi yo‘lida uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosatingiz, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlar, mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan amaliy tashbbus va harakatlaringizning yana bir yuksak e’tirofi sifatida qabul qilamiz”, - deyiladi Prezident tabrigida.
Maktubda ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston va Misr xalqlari o‘rtasidagi madaniy va diniy mushtaraklik, azaliy do‘stona rishtalar keng qamrovli va uzoq muddatli munosabatlarimizning mustahkam poydevori bo‘lib kelmoqda”.
(Manba: O‘zbekiston Respublikasi TIV Matbuot xizmati)
Rasmiy Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bazasida O‘zbekiston Qurilish vazirligi tashkil etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2 apreldagi farmoni bilan Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bazasida O‘zbekiston Qurilish vazirligi tashkil etildi.
Farmonda qayd etilishicha, tahlillar qurilish sohasida davlat boshqaruvini tashkil etishda zamonaviy shaharsozlik uslublari, normalari va qoidalarini keng joriy qilishga, raqobatni rivojlantirishga, yangi sub’ektlarning innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar bilan bozorga kirib kelishiga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolarni ochib berdi.
Xususan, shaharsozlik faoliyati, loyiha va pudrat xizmatlari bozori, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarishning holati hamda rivojlanish tendensiyalari kompleks tahlil qilinmagan, shaharsozlik sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishning maksimal shaffofligi va samaradorligi ta’minlamayapti.
Ko‘pchilik aholi punktlarining bosh rejalari mavjud emasligi hududlarni kompleks qurishga, ishlab chiqarish va infratuzilma ob’ektlarini joylashtirishga, tadbirkorlik va ishbilarmonlik faolligini rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, shuningdek, qurilish jarayonida puxta o‘ylanmagan qarorlarni qabul qilishga sabab bo‘lmoqda.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar ancha eskirgan hamda ularda arxitektura-qurilish ishlarini olib borishning innovatsion uslublarini, energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni keng qo‘llash e’tiborga olinmagan, bu esa loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ob’ektlarni qurish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qurilish ishlarini tashkil etish, innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni joriy qilishda ayrim hollarda tor idoraviy manfaatning ustunlik qilishi budjet mablag‘laridan oqilona foydalanmaslikning sabablaridan biri hisoblanadi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasi vazirlik huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi, Qurilishda standartlashtirish va sertifikatlash respublika markazi Qurilishda standartlashtirish respublika markazi etib qayta tashkil qilindi.
Rivojlantirish va moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hamda Ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bazasida Vazirlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.
Quyidagilar vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:
shaharsozlik va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni olib borish, mehnat unumdorligini oshirish, qurilish-montaj ishlari qiymatini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlaydigan energiya samarador va energiya tejaydigan innovatsion loyiha va qarorlarni qurilish faoliyatiga joriy etish;
respublika hududida aholini joylashtirishning bosh sxemasini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar hududlarini rejalashtirish sxemalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini va boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkil qilish, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring yuritish;
shaharsozlik sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash, arxitektura-qurilish faoliyatini rivojlantirishning uzoq muddatli va o‘rta muddatli davlat dasturlarini ishlab chiqish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tarmoq va hududiy dasturlarini tayyorlashda ishtirok etish;
loyiha ishi va qurilish faoliyatini muvofiqlashtirish, loyiha-qidiruv tashkilotlarining ish samaradorligini oshirish va hududiy tarmoqlarini kengaytirish, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qo‘llaniladigan va eksperimental loyihalarni va loyiha yechimlarini ishlab chiqishni tashkil etish, shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish;
shaharsozlik va shaharsozlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish va yangilash, idoraviy qurilish norma va qoidalarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish, loyihalash, qurilish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish sohasida standartlashtirish ishlarini amalga oshirish;
arxitektura, loyihalash va qurilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonining darajasi va sifatini tubdan yaxshilash, qurilish sohasida, jumladan, chet eldagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarida loyihachilar va mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ko‘maklashish.
Aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarga qat’iy muvofiq ravishda kompleks qurilishi, aholi punktlarini rejalashtirish va qurish, loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini bajarish, qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish va ulardan foydalanishda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka, shaharsozlik norma, qoida va standartlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek buyurtmachi texnik nazorat va loyiha tashkilotlari mualliflik nazorati olib borishi ustidan monitoring o‘tkazish vazirlik huzuridagi Qurilish sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Farmon bilan qurilish-montaj tashkilotlari reyestrini yuritish to‘g‘risidagi talab bekor qilindi. Barcha tadbirkorlik sub’ektlariga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasidan moliyalashtiriladigan ob’ektlar qurilishi doirasida tovar (ish, xizmat)larni xarid qilish bo‘yicha tanlov (tender) savdolarida belgilangan tartibda ishtirok etish huquqi berildi.
Ikki hafta muddatda qurilish sohasida ayrim faoliyat turlarini litsenziyalashning soddalashtirilgan mexanizmi tasdiqlanadi.
Akkreditatsiya mexanizmini joriy etish orqali, jumladan, akkreditatsiya organining mustaqilligini ta’minlash, sub’ektlarning malaka talablariga muvofiqligini baholash tartibini belgilashni nazarda tutgan holda, qurilish sohasida texnik nazoratga oid davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
(Manba: Gazeta.uz)
Toshkentdagi markaziy ko‘chalardan biriga Chingiz Aytmatov nomi beriladi
Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi arafasida O‘zbekiston poytaxtidagi markaziy ko‘chalardan biriga uning nomi beriladi.
Qirg‘iz xalqining buyuk adibi va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston poytaxtidagi markaziy ko‘chalardan biriga uning nomi beriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining 2 apreldagi «Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarorida so‘z boradi.
«Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti edi», — deyiladi qarorda.
Qarorda qayd etilishicha, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Chingiz Aytmatovning o‘lmas badiiy merosi ikki xalq uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Uning gumanizm va ezgulik g‘oyalarini, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan barkamol asarlari mamlakatda millionlab nusxalarda nashr etilmoqda. O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan «Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston» doimiy ekspozitsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hujjatda o‘zining noyob iste’dodi va jo‘shqin ijtimoiy faoliyati bilan xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni, adabiy-madaniy aloqalarimizni rivojlantirish ishiga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olib hamda tavalludining 90 yilligini munosib nishonlash maqsadida qator choralarni amalga oshirish belgilandi.
Unga ko‘ra, bir oy muddatda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.
Ushbu chora-tadbirlar rejasida:
«Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston» nomli xotira kitobini nashrga tayyorlash va chop etish;
Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish;
yozuvchi asarlari asosida yangi spektakl sahnalashtirish va badiiy film suratga olish;
Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 33-maktabda adib byustini o‘rnatish boshqa chora-tadbirlar o‘rin olishi belgilandi.
Dekabr oyining ikkinchi o‘n kunligida O‘zbek Milliy akademik drama teatrida atoqli adib xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
(Manba: Gazeta.uz)
ko‘rgazmalar Toshkentda oziq-ovqat sanoati ko‘rgazmasi ochiladi
Joriy yil 4-6 aprel kunlari “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuida oziq-ovqat sanoati sohasiga ixtisoslashgan “WorldFood Uzbekistan – 2018” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
O‘n sakkizinchi bor tashkil etilayotgan ko‘rgazmada 26 davlatdan 200 ga yaqin kompaniya ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida ilk bor Belarus Respublikasi sanoatchilari ham qatnashadi. Bu haqda ko‘rgazmaoldi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
– Bu yil ko‘rgazma ish dasturi juda qiziqarli va keng qamrovli bo‘lishi kutilmoqda, – deydi “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Oyimxon Bobojonova. – Ko‘rgazma avvalida oziq-ovqat mahsulotlarini sifatlash – “Sifat ustasi” tanlovi o‘tkaziladi. Unda oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari sifati hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi va g‘oliblar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanadi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston – Belarus sanoatchilari xalqaro forumi o‘tkazilishi belgilangan. Unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oziq-ovqat sanoati bo‘yicha o‘zaro tajriba almashadi, savdo aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama etiladi. Xalqaro tadbirda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, ularni saqlash, qayta ishlash sohasidagi yangi texnologiyalar namoyish etiladi.
Yana bir yangilik – O‘zbekistonda ilk bor “Riteyl markaz” o‘z ishini boshlaydi. Bu markaz oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari va savdo tarmoqlari o‘rtasida mahsulot yetkazib berish bo‘yicha bevosita muzokaralar maydoni vazifasini o‘taydi.
“WorldFood Uzbekistan – 2018” xalqaro ko‘rgazmasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O‘zsharobsanoat” AJ, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etiladi.
(Manba: O‘zA)
MARKAZIY OSIYO – O‘ZBEKISTON TASHQI SIYOSATINING USTUVOR YO‘NALISHI Ashxobod shahrida “Made in Uzbekistan” Milliy sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
Ishbilarmonlarning samarali hamkorlik maydoni 29-31 mart kunlari turkmanistonlik ishbilarmonlar O‘zbekiston mahsulotlariga katta qiziqish bildirdi.
Ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvi chog‘ida erishilgan yangi bosqichdagi hamkorlik aloqalari o‘zaro hurmat va ishonch ruhida mustahkamlanib bormoqda. Bu, ayniqsa, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda sezilarli faollashdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil mart oyida Turkmanistonga davlat tashrifi davomida imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma asosida ushbu mamlakat bilan savdo, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston va Turkmaniston savdo-sanoat palatalari hamkorligida yuqori saviyada tashkil etilgan mazkur forum ana shu do‘stona aloqalarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur tadbir qo‘shni davlat ishbilarmon doira vakillari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, yaqin sheriklik aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan 100 dan ortiq yirik sanoat korxonasi va tadbirkorlar o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi.
O‘zbekistonning tog‘-kon, metallurgiya, neft-gaz, mashinasozlik, elektrenergetika, to‘qimachilik, kimyo sanoati, qurilish materiallari, maishiy texnika, oziq-ovqat, tibbiyot mahsulotlari, avtomobilsozlik, sug‘urta xizmatlari, amaliy san’at va hunarmandlik mahsulotlari namoyishi o‘ziga xosligi va betakrorligi bilan ajralib turdi.
Ko‘rgazmada tijoriy-sheriklik, manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan shartnomalar imzolandi, mahsulotlar eksportini oshirish yuzasidan istiqbolli kelishuvlarga erishildi.
(Manba: O‘zA)
O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida uch davlatning Davlat chegaralari tutashgan nuqtasi hududi to‘g‘risidagi Shartnomani (Samarqand, 2017 yil 10 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida
O‘zbekiston Respublikasining QONUNI
Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 5 yanvardaqabul qilingan
Senat tomonidan 2018 yil 29 martdama’qullangan
O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida uch davlatning Davlat chegaralari tutashgan nuqtasi hududi to‘g‘risidagi Shartnoma (Samarqand, 2017 yil 10 noyabr) ratifikatsiya qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018 yil 2 aprel
№ O‘RQ—465
(Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi)
xalqaro munosabatlar MDH Tashqi ishlarvazirlari kengashining bo’lajak majlisida O‘zbekiston deligatsiyasi ishtiroki to‘g‘risida
2018-yilning 6-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov rahbarligidagi delegatsiya Minsk shahrida bo‘lib o‘tadigan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining bo’lajak majlisida ishtirok etadi.
TIV rahbarlari tomonidan MDH formatidagi hamkorlikning dolzarb masalalari va xalqaro kun tartibi muhokama qilinadi.
(Manba: O‘zbekiston Respublikasi TIV Matbuot xizmati)
jamiyat Xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida shu yilning 24-26 aprel kunlari poytaxtimizda «Harakatlar strategiyasi va kuchli ijtimoiy siyosat: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda ushbu tadbirga katta hozirlik ko‘rilmoqda.
Kuni kecha O‘zKUFKda ushbu nufuzli anjumanni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mitaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Q.Akmalov olib bordi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, xalqaro anjumanni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita raisi Q.Rafikov, Tashkiliy qo‘mita a’zolari, vazirlik, idora va tashkilotlar, ilmiy muassasalar hamda fuqarolik jamiyati institutlarining rahbar va mutasaddilari qatnashdilar.
Unda kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokama qilindi.
Mazkur anjuman Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-fevraldagi 113-F sonli Farmoyishi ijrosini ta’minlash, Harakatlar strategiyasidan kelib chiquvchi vazifalar, mamlakatimizning yangi iqtisodiy va siyosiy qiyofasini xalqaro hamjamiyatga namoyish qilish, mamlakatimiz axli o‘z oldiga qo‘yayotgan ezgu maqsadlar, amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat hamda uning amaldagi natijalarini dunyo hamjamiyatiga yetkazish va tegishli ravishda xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida o‘tkazilmoqda, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Qahramon Akmalov.
Anjumanda 50 dan ortiq xalqaro tashkilot hamda mamlakatlar vakillari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning kasaba uyushma tashkilotlari mutasaddilari, chet ellik ekspertlar, O‘zbekiston Respublikasi parlamenti a’zolari, mamlakatimizdagi sud va huquq-tartibot organlari, vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, respublika va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi kutilmokda.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, Harakatlar strategiyasi bugun xalqimizning orzu-istaklarini o‘zida mujassam etgan hujjatga aylandi. Strategiyaning o‘ziga xos jihati shundaki, unda beshta ustuvor yo‘nalish, ya’ni davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish yo‘nalishlarida mamlakat ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotining barcha jabhalariga chuqur kirib borilgan bo‘lib, aynan shunga ko‘ra, xorijiy ekspertlar ham ushbu dasturilamal hujjatning yurtimiz kelajagi uchun dolzarb ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlamoqda.
Xalqaro konferensiyaning yalpi majlisi «International Hotel Tashkent» mehmonxonasining «Amir Temur» konferens-zalida, seksiyalar bo‘yicha munozaralar «International Hotel Tashkent» mehmonxonasi va «Xalqaro Hamkorlik markazi» AK Xalqaro biznes markazining konferens-zallarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Anjuman doirasida xorijiy mehmonlar ijtimoiy obyektlar, xususan, ta’lim va tibbiyot muassasalari, aholi uchun qurilgan arzon uy-joy majmualari, yurtimizning tarixiy shaharlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.
Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi yakunida ishchi guruhlar, mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlarning xalqaro konferensiyani yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha vazifalarni belgilab olishdi.
(Manba: O‘zA)
Ish jarayonida foydalanilgan manba lavhasi qo‘yilishi shart
_______________________________________________________________________
O’zbekiston Respublikasi TIV Matbuot xizmati
Dostları ilə paylaş: |