Mustaqil ta’lim mavzularini o’zlashtirish bo’yicha uslubiy ko’rsatmalar
III.
GLOSSARIY
IV.
ILOVALAR
1)
Fan dasturi
2)
Ishchi fan dastur
3)
Tarqatmamateriallar
4)
Testlar
5)
Baholashmezonlari
6)
Boshqa ma’lumotlar (fan bo’yicha boshqa materiallar mavjud bo’lsa keltiriladi)
7)
O’UMning elektron variant (CD yoki DVD diskda)
1-MAVZU. KIRISH. O’ZBEK BOLALAR ADABIYOTI FANI, UNING MAQSADI VA VAZIFALARI Reja: 1.O’zbek bolalar adabiyoti istilohi va uning paydo bo’lishi.
2. O’zbek bolalar adabiyotining fan sifatida shakllanish bosqichlari.
3. Fanning maqsad va vazifalari.
MAVZUGA DOIR TAYANCH TUSHUNCHALAR: istiloh, qo’llanma,xrestomatiya, omil, genezis, folklor, bolalar adabiyoti, bolalar kitobxonligi, adreslilik, olam, so’qma so’z, munaqqid, nasr, nosir, nashr, noshir, muharrir, musavvir, matbuot, kitobatchilik, xarakter, tur, janr, dinamika, emotsionallik, komiks, animal kitob, lirik mayl, komik mayl, matbaa, realistik adabiyot, mushtaraklik, mazmun, shakl, obraz, voqelik, ilmiylik, psixologiya, pedagogika, nazariya, voqelik, tasvir, munosabat, idrok, mohiyat, hodisa, tasnif...
Bolalar adabiyoti istilohi haqida. XX asrning arafasi va boshlarida o’zbek bolalari uiuchun ixtisoslashgan maxsus badiiy adabiyot yaratish harakati yuzaga kelib, izchil tusga kira boshlagan esa-da, mazkur hodisani bolalar adabiyoti atamasi bilan ifodalash, asosan, 20-yillarning boshlarida sodir bo’ldi. O’zbek matbuotida bu istiloh ilk bor Sirojiyning 1921-yili «Maorif va o’qitg’uvchi» jurnalining 3-sonida bosilgan «Bolalar adabiyoti to’g’risida bir fikr» (30-31-b). «Zarafshon» gazetasining 1924-yil 21-iyundagi 157-sonida bosilgan «Qizil o’zbek matbuotida bolalar adabiyoti», Bashirning «Turkiston» gazetasining 1923-yil 27-aprelidagi sonida bosilgan «Bolalar adabiyoti kerak», /ozi Olim Yunusovning 1925-yil «Maorif va o’qitg’uvchi» jurnalining 3-sonidagi «Bolalar adabiyoti haqida» va Shokir Sulaymonning 1926 yili «Qizil O’zbekiston» gazetasining 30 -sentabrdagi 224-sonida bosilgan «Bolalar adabiyoti nashr qilish kerak» maqolasida uchraydi va qaror topa bordi. Shuni ta’kidlash joizki, bu istiloh ruscha «detskaya literatura» iborasining aynan tarjimasi tarzida emas, balki o’zi voqelikka aylangan o’zbek bolalariga mo’ljallanib yaratila boshlangan ixtisoslangan adabiy hodisani ifodalagan holda dunyoga keldi. Asrimiz boshlarida jadid ma’rifatparvarligi bag’rida navqiron avlodda rus mustamlakachiligiga qarshi fikr uyg’otish va uni o’zligini anglash, o’z erki, Vatan ozodligi yo’lida istiqol jangchisi sifatida shakllanishi uchun ma’rifat asoslarini egallashga chorlovchi yangi adabiy hodisa tarzida paydo bo’lgan o’zbek bolalar adabiyoti endilikda o’zbek xalqining o’ziga xos milliy boyligiga aylandi. Garchi uning g’oyaviy-badiiy saviyasiga hamon ahyon-ahyonda shubha bilan qarovchilar topilsa-da, u allaqachon umumjahon bolalar adabiyoti o’zanidan munosib joy egallay oldi. Talay namunalari mamlakatimiz sarhadlaridan tashqarida sevilib o’qilayotir. Bir asrdirki, o’zbek bolalar adabiyoti yosh naslning ma’naviy sog’lom o’sishida muhim omillardan biriga aylanib xizmat qilayotir.
Biroq hanuzgacha bolalar adabiyoti istilohi asosida ham adabiy hodisa, ham bolalar adabiyoti haqidagi fan-ilmiy hodisa tushunib kelinmoqda. Holbuki, bolalar adabiyotining paydo bo’lish omillari, taraqqiyot tamoyillari va qonuniyatlari, g’oyaviy-badiiy xususiyatlarini ilmiy asosida izchil va yaxlit tizim sifatida o’rganadigan fan-o’zbek bolalar adabiyoti tarixidir. Bu fan umumadabiyotshunoslik qonuniyatlariga amal qilsa-da, bolalar adabiyoti estetik mohiyatiga aloqador xususiyatlarini o’rganishi va umumlashtirishi jihatidan o’ziga xos ilmiy hodisa sanaladi. O’zbek bolalar adabiyoti tarixi umumadabiy jarayon tarixiga omuxta tarzda rivojlansa-da, o’zgagina xos taraqqiyot tamoyillariga ham egadir. Binobarin, o’zbek bolalar adabiyoti tarixini ham bolalar adabiyotining o’zi singari alohida mustaqil hodisa sifatida etirof e’tishga to’g’ri keladi.
O’zbek bolalar adabiyoti haqidagi fan XX asr boshlarida ilg’or marifatparvarlar pedagoglar, adabiyotshunoslar yozgan maqolalardan yuzaga kela boshlagan esa-da, XX asrning o’rtalariga kelib dastlabki xrestomatiyalar va o’quv qo’llamalarni tuzish harakati tufayli shakllanish jarayoniga kira bordi. Pedagogika bilim yurtlari talabalariga mo’ljallanib 1953-yilda I.Ahmedov A.Suyumovlar tomonidan ilk bor tartib berilib, 1967-1978-yillarda qayta takomillashtirib nashr ettirilgan «Bolalar adabiyoti» xrestomatiyasi va 1957-yilda elon qilingan «Bolalar adabiyoti» o’quv materiallari qo’llanmasi shu harakatning dastlabki natijalar edi. Keyinchalik A.Suyumov tomonidan maxsus o’rta o’quv yurtlari uchun yozilib, 1973-yilda chop etilgan «Bolalar adabiyoti» qo’llanmasi o’zbek bolalar adabiyoti tarixini yaratish yo’lidagi dastlabki qadam bo’ldi. Bu qo’llanma M.Jumaboev bilan hamkorlikda qayta ishlanib, 1995-yilda yana nashr etildi.
Bu oraliqda pedagogika oliy o’quv yurtlari talabalariga mo’ljallanib P.Shermuhamedov, J.Tursunov, O.Safarov va X.Egamovlar yaratgan «O’zbek bolalar adabiyoti» darslik-xrestomatiyasi (1976) yuzaga keldi. Unda bolalar adabiyotining nazariy asoslari, taraqqiyot bosqichlari, xususiyatlari va navqiron avlod adabiyoti namoyondalari ijodiy biografiyalariga oid materiallar bilan birga eng sara asarlaridan namunalar berilgan edi. Shu xususiyatga ko’ra o’zbek bolalar adabiyoti tarixini yaratishga ta’sir ko’rsatdi. Nihoyat O’zR FAsi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti huzuridagi «Bolalar adabiyoti» bo’limi (1969-1989-yil) xodimlari joylardagi bolalar adabiyoti tadqiqotchilari bilan hamkorlikda «O’zbek sovet bolalar adabiyoti tarixi ocherki» (1973), «Bolalar adabiyoti va zamonaviylik» (1981), «O’zbek bolalar adabiyoti va adabiy jarayon» (1989) singari uch manografiyani yaratib, o’zbek bolalar adabiyotining ilmiy tarixini bunyod etish yo’lida dastlabki qadam qoyildi. Shunga qaramay, o’zbek bolalar adabiyoti nazariy asoslari, taraqqiyot tamoyillari va bolalar kutobxonligining ijtimoiy mohiyatini o’zaro uyg’unlikda ifodalagan va estetik tahlil etgan ilmiy tarix hanuzgacha yaratilgani yo’q. Hukmingizga havola qilingan ushbu qo’llanma shu vazifani qisman ado etishga mo’ljallangan.
Bolalar adabiyoti-xalq ma’naviy ehtiyojining hosilasi. U ajdodlarning bolalarni o’z kelajaklari deb anglashlari, ananalarining vorisi va davomchisi deb tushunishlari, qolaversa, shu an’analar ruhida tarbiyalash niyatlarining moddiylasha borishi zamirida yuzaga kelgan. Shu ma’noda ijtimoiy voqelik xalq og’zaki ijodi, boy ananalar ega milliy o’zbek adabiyoti va jahon adabiyoti tajribalarini o’zlashtirish o’zbek bolalar adabiyotini yuzaga keltirgan bosh omillardir:
Ijtimoiy voqelikhar qanday hodisaning, jumladan, ham og’zaki, ham yozma adabiyotning doyasi bo’lganidek, bolalarga mo’ljalangan profesional badiiy adabiyotning ham yuzaga kelishini ta’minlagan muhim omil sanaladi. Uzoq o’tmishdayoq ibtidoiy ajdodlarimiz o’z farzandlariga ilk bor mehnat sabog’ini berishganidan boshlab, to hozirgacha bolalarning kattalardan farq qiluvchi o’zgacha olamlari borligini anglash juda murakkab kechdi. Monogam oilaning yuzaga kelishi tufayli er va xotin o’rtasida sodir bo’lgan mehnat taqsimoti bu jarayonga kuchli ta’sir ko’rsatdi. Endi ota-onasi aniq bo’lgan bolaga jinsiga qarab munosabat ko’rsatish, kasb-hunar o’rgatish bir qadar izga tusha bordi. Patriaxat hukmronligi qaror topganligi tufayli o’g’il bola tarbiyasiga e’tibor kuchaydi, qiz bolalarga nisbatan esa ayrim tahqirlovchi munosabat uzoq muddat davomida saqlanib kelindi. Nihoyat jamiyat taraqqiy etgan sayin bolalarning bolalik xuquqlarini anglash yo’lida olg’a intila borildi. Bolalarga kasb-kor o’rgatishni davom ettirgan holda o’qish-o’qitish vositasida ularni hayotga tayyorlash an’anasi yuzaga keldi. Natijada maktablar, madrasalar va ularda o’qitiladigan bitiklar bunyodga keltirildi. Ishlab chiqarish jarayonlarining takomillasha boruvi tufayli bolalar dunyoqarashini shakllantirish, hayotga estetik munosabatlarini takomillashtirish ehtiyoji ham kuchaya bordi.
Qolaversa, XX asr boshlarida yuzaga kelib shakllanish jarayoniga kirgan tom ma’nodagi yangi realistik o’zbek adabiyoti bag’rida nasr, dramaturgiya, adabiy tanqid va adabiyotshunoslik qatorida bolalar adabiyoti ham rivojlana boshladi. Uni bunyodga keltirishda dastlab jadid ma’rifatparvarlari sifatida tanilgan milliy uyg’onish harakati namoyondalari Mahmudxo’ja Behbudiy (1875-1918), Abdulla Avloniy (1878-1934), Sadriddin Ayniy (1878-1954), Abdurauf Fitrat (1886-1938) Hamza (1889-1929), /ulom Zafariy (1889-1938) va boshqalar samarali ijodiy ishlar qildilar. To’la qat’iyat bilan aytish mumkinki, o’tgan asrning 30-40-yillari davomida o’zbek bolalar adabiyoti, asosan shakllanib ulgurdi va 50-yillaridan e’tiboran izchil taraqqiyot yo’liga kirib bordi. Bunda /afur /ulom (1903-1966), Hamid Olimjon (1909-1944) va Oybek (1905-1968) singari kattalar adabiyoti namoyondalarining bolalarga atab yaratgan asarlari ham samarali rol oynadi. Ular bilan bir safda turib, butun ijodiy imkoniyatlarini yosh avlodga mo’ljallangan badiiy adabiyotni rivojlantirishga safarbar etgan Elbek (1898-1942), Zafar Diyor (1912-1946), Sulton Jo’ra (1910-1943), Quddus Muhammadiy (1907-1997), Shukur Sa’dulla (1912-1972), Ilyos Muslim (1909-1993), Shokir Sulaymon (1900-1942), Adham Rahmat (1909-1982), Hakim Nazir (1915), Mirkarim Osim (1907-1984), Turg’unboy G’oyibov (1904-2005), Qudrat Hikmat (1925-1968), Po’lat Mo’min (1922-2004), Nosir Fozilov (1929), Xudoyberdi To’xtaboev (1933), Tohir Malik (1946), Xojiakbar Shayxov (1948-2001), Gul Husanov (1932), Farhod Musajon (1933), Habib Po’latov (1920), Latif Mahmudov (1935), Ergash Raimov (1937), Pirmat Shermuhammedov (1939), Safar Barnoev (1938-2001), Tursunboy Adashboev (1939), Miraziz A’zam (1936), Anvar Obidjon (1947) va boshqalarning ijodiy izlanishlari hal qiluvchi vazifani bajardi, pirovard-natijada o’zbek bolalar adabiyoti ham mustaqil adabiy hodisa sifatida qaror topdi va nafaqat mamlakatimizda, balki uning sarhadlaridan tashqarida ham e’tirof etila boshlandi.