Allalarni ham lirik qo‘shiqlar tarkibining go‘zal namunalari
sifatida baholash mumkin. To‘g‘ri, folklorshunoslik
ilmida allalarni bolalar folklori sifatida tahlil qilish an’anasi
bor. Ammo ayni choqda, bu asarlarni lirik qo‘shiqlar
namunasi sifatida baholash ham xato bo‘lmaydi. Chunki
alla qo‘shiqlarining matnini o‘rganish, ularni bevosita so‘z
san’ati namunasi sifatida lirik qo‘shiqlar qatorida baholash
ma’qulligini ko‘rsatmoqda.
Ma’lumki, alla yosh go‘dak bolalarga uxlash paytida
ona yoki buvi tomonidan aytiladi. Beshikda bo‘lgan
chaqaloqqa allaning matnidan ko‘ra kuy ohangi ko‘proq
ta’sir ko‘rsatadi. Qo‘shiq matnini bola tushunmaydi. Ammo
alla qo‘shiqlarida farzand ko‘rgan oilaning quvonchi, baxti,
shu bilan birga, dardi, alami va orzulari aks etadi.
Qo‘shiqlarda, avvalo, farzandli bo‘lishning naqadar insonga
quvonch bag‘ishlashi e’tiborimizni o‘ziga jalb qiladi. Allada
shukrona keltirish, taqdir bergan omaddan qoniqish alohida
o‘rinda turadi. ≪Alla≫ so‘zining Ollohdan kelib chiqqanligi
haqidagi fikrlar ham yuqoridagi mulohazada o‘z tasdig‘
ini topadi, deb o‘ylaymiz.