Mavzu: Boshlangich sinf o’quvchilarining yozma nutqini o’stirishda diktant va boshqa yozishmalarning ahamiyati


Kurs ishining metodologik asoslari



Yüklə 72,64 Kb.
səhifə3/16
tarix11.05.2023
ölçüsü72,64 Kb.
#126740
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16
kerakli

Kurs ishining metodologik asoslari. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Talim tog’risida” gi Qonun, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” Boshlang’ich ta’lim konsepsiyasi, metodist psixolog, didakt olimlarning muammo yuzasidan qayd etgan qarashlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ta’lim tarbiyaga oid fikrlari.
Kurs ishi tuzilishi: Bajarilgan kurs ishi kirish qismi, ikkita bobdan va qilingan xulosalardan iborat. Ishda o‘rganilishi e’tiborga olingan ma’lumotlar tushunarli ravishda ifodalash uchun chizma jadvallar va rasmlar berildi.Ishga qo‘yilgan maqsadga erishishi uchun to‘plangan adabiyotlar manbalarning nomlari va elektron manzillari keltirildi.
I BOB. Yozma ishlar turlari va ulardagi xatolarni bartaraf etishning nazariy asoslari
1.1. Yozma nazorat turlari va o‘quvchilarning yozma savodxonligini oshirish
Ona tili va adabiyot darslarida o‘quvchilarning yozma savodxonligini oshirish borasida o‘quvchilar o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalar quyi­dagi jihatlarni o‘z ichiga oladi: imlo qoidalarini ongli o‘zlashtirish, ijodiylik, fikrni aniq, lo‘nda, qisqa va tushunarli bayon ­etish.
O‘quvchi yozma savodxonligini oshirish maqsadida taqvim-mavzu ish rejasida ko‘rsatilgan muddatlarda insho, bayon hamda diktant kabi yozma ish turlarini muntazam o‘tkazib borish belgilangan.
Yozma ish turi o‘quvchi bosqichma-bosqich o‘zlashtirgan imlo qoidalariga mos ra­vishda tanlanishi, o‘tilgan mavzular bo‘yicha o‘quvchi o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma va malakalarni mustahkamlashga qaratilmog‘i, o‘quvchilarning o‘rgangan bilimlarini qay darajada amalda qo‘llay olishini aniqlashga yo‘naltirilmog‘i kerak.
Taqvim-mavzu ish rejasiga asosan yozma ish turlarini o‘z vaqtida o‘tkazish mumkin, ammo uning natijasi qanday bo‘lishiga ko‘ra tadbirlar ishlab chiqilmog‘i- bosh masala.
Aslida, o‘quvchining savodxonlik darajasi saboq berayotgan o‘qituvchiga hali nazorat ishlari boshlanmasdan avval aniq bo‘ladi. Chunki ko‘pi bilan uch dars oralig‘ida o‘quvchi ay­lanma daftarlarini tekshirish sinch­kov murabbiyga bu imkoniyatni beradi.
Shu o‘rinda nafaqat til sohasidagi, balki uyga yozma vazifa beriladigan matematika darslarida ham aylanma daftarlarning muntazam tekshirilishi har bir o‘quvchi bilan individual ishlashning debochasi va bajarmaslik mumkin bo‘lmagan zaruriy tashxis ekanini aytib o‘tmoq joiz. Agar ushbu ishni nimagadir qiyoslash joiz bo‘lsa, o‘qituvchilik faoliyati­ning asosi, yuklamasining teng yarmi sifatida baholash o‘rinlidir. Aylanma daftarlarni tekshirish kundalik odatiy mashg‘ulot sifatida bir stavka dars egasidan har kunda kamida ikki, nazorat o‘tkazilgan kundan keyin nazorat turiga qarab uch-to‘rt, ba’zan besh-olti soat vaqt talab etadi. Aylanma daftarlar tekshuruvi o‘quvchi savodxonligini aniqlashdan tashqari, savod o‘rgatish borasida ham bemisl aha­miyatga ega. To‘g‘ri tekshirilgan so‘z, jumla yoki gap imlo me’yorlari borasidagi amaliy muloqot tarzida o‘quvchi esida oson qoladi va keyingi amaliyotda mayoq vazifasini o‘taydi.
Sinfda va uyda bajarilgan matn yaratishga oid topshiriqlarni har bir o‘quvchi kesimida nuqta, verguligacha e’tibor bilan tekshirish o‘qituvchiga muayyan o‘quvchining yutuqlari va bo‘shliqlarini aniqlash, keyingi darslarda ularga munosabat bildirish imkonini yaratadi. O‘quvchilarning yozma savodxonligi DTS talablaridan past darajada bo‘lsa, o‘qituvchi­ taqvim-mavzu ish rejasiga qo‘shimchalar kiritishi yoki o‘quvchilar yozma savodxonligini oshirish maqsadida qo‘shimcha darslar tashkil qilishi samara beradi. Faqat bu darslar internetda “To‘garak ish rejasi” deya taqdim etila­yotgan ona tilidan taqvim-mavzu ish rejasining chala nusxasi shaklida emas, balki o‘quvchilar real bilim, malaka, ko‘nikmalari­ning tashxisiga asoslangan, maqsadli belgilangan mavzularga oid saboqlar bo‘lmog‘i kerak.
Aytaylik, savod­xonlik asosida qisqa lug‘at, noto‘g‘ri diktant ­(“Ma’rifat” gazetasi, 2013-yil 12-oktabr)lar, o‘quvchilar uchun matn yara­tishga oid uyga berilgan vazifalar yoki ijodiy yozma ishlarida yo‘l qo‘ygan uslubiy xatoliklarni bartaraf etish, punktuatsion va imlo qoidalari­ni bandlar bo‘yicha mavzulashtirib o‘rgatish (albatta, mashg‘ulotni ko‘p bilim yuklamasi bilan “boyitmaslik”, shundog‘am o‘z tengqurla­ridan ortda qolayotgan o‘quvchini kompleks bilimlar bilan zada qilmasdan, unga zaruriy, esda qoladigan, ortda qolayotgan o‘quvchi ko‘taradigan bilimlarni singdirish va saboq­dan keyinoq amaliyotda qo‘llashi mumkin bo‘lgan ko‘nikma va malakani shakllantirish)­­ga qaratilmog‘i lozim.
O‘quvchi dasturda belgilangan DTS talablarini hamma vaqt ham risoladagiday uddalay olmasligi mumkin. Buning bosh sababi, o‘quvchilarning quyi sinflarda yoki oldingi mavzularda o‘rganishi kerak bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarida bo‘shliq yuzaga kelganidir. Bu bo‘shliq barcha uchun bir xil - standart bo‘lmaganidan bu masa­laga har bir o‘qituvchi individual - ijodiy yonda­shishiga to‘g‘ri keladi.
Odatda, yuqori sinf o‘qituvchilarining boshlang‘ichdan qabul qilib olgan o‘quvchilari karra jadvalini bilmasligi yoki o‘qish tezligi minimum talabga javob bermasligi haqidagi shikoyatlarini ko‘p eshitamiz. Bu sifatsiz saboq “meva”larini tengqurlari darajasiga yetkazish deyarli imkonsiz, chunki yuqori sinf o‘qituv­chisining bunday o‘quvchi bilan karra jadvali yoki o‘qish tezligi borasida shug‘ullanishdan ham ko‘ra muhimroq muammolari yetarli bo‘ladi. Shu bois ham bugungi maktab bitiruv­chilarining anchaginasi savodi “g‘ovlaganlar” safida bosh egib turadi. Bejiz qozoq xalqining ulug‘ oqini Abay: “Ishning omadi - o‘z vaqti”, demagan.
O‘qituvchi real vaziyatdan kelib chiqqan holda nafaqat yozma ishlarni, balki sinf va uy ishlarini ham e’tibor bilan o‘rganib chiqmog‘i, har bir o‘quvchi yo‘l qo‘ygan xatolarni belgilab olmog‘i va ular asosida guruh­langan xatolar ro‘yxatini tuzmog‘i, umumiy xato va kamchiliklarni frontal ko‘rinishda, xususiy xato va nuqsonlarni individual ishlab chiqishi talab etiladi.
Aytaylik, undalma va kirish so‘zlar mavzusi o‘tilgan darsdan keyin undalma va kirish so‘zlar ishtirok etgan matn tanlanishi va ushbu matn bo‘yicha diktant olinishi mumkin. Avvalambor, dars o‘tish jarayonida undalma va kirish so‘zlar mavzusi puxta o‘rgatilishi, undalmalarda undash faqat shaxslarga emas, balki narsa-hodisalarga nisbatan ham qarati­lishi mumkinligini; kirish so‘zlarning barcha ifodalagan modal ma’nolari, ularning sof va vazifadoshligini darslik hamda qo‘shimcha misollar orqali fahmlashga - ongli idrok ­etishga rag‘batlantirish zarur. Bugun, shubhasiz, yomg‘ir yog‘adi. Bugun yomg‘ir yog‘ishi shubhasiz gaplarida kirish so‘zning vazifadosh va mustaqil so‘z sifatidagi ko‘rinishlari keltirilgan. Ushbu gaplar tarkibidagi qaysi bir shubhasiz so‘zi kirish so‘z, qaysi biri mustaqil so‘z ekanligiga o‘quvchining fahmi yetmas ekan, u bu so‘zlarning imlosida xatoliklarga yo‘l qo‘yishi muqarrar.
Demak, o‘quvchining yozma savodxon­ligiga tamal toshi yozma ishlar yozish jara­yonida emas, balki imlo qoidalariga oid mavzularni o‘rgatish jarayonida qo‘yiladi.
Yozma ish bir necha bosqichni qamrab oladi. Shunga ko‘ra diktant, bayon, insho kabi yozma ishlardan har birining bir qancha turi mavjudki, ulardan maqsadli foydalanishgina ko‘zlangan samarani beradi.
Diktant nisbatan mo‘tadil yozma ish turi sanaladi. Uni a’lo bahoga yozish unchalik qiyinchilik tug‘dirmaydi. Yozma ishning bu turida o‘quvchining erkin fikrlashiga zarurat sezilmaydi, chunki tayyor matn aytib turiladi va o‘quvchi yozaveradi. Shu o‘rinda hatto diktovka (o‘qib yozdirish) talablarini barcha o‘qituvchilar ham bilmasligi haqida aytmoq­chimiz. Diktovka jarayonida yuqori sinf o‘quvchilariga bo‘g‘inlab, quyi sinf o‘quvchilariga so‘z yoki jumla ta’kidlab o‘qilayotgan, noto‘g‘ri talaffuz qilina­yotgan, noto‘g‘ri to‘xtam holatlariga duch kelyapmiz. Ba’zan o‘quvchining faqat o‘z o‘qituv­chisi diktovkasiga ko‘nikma hosil qilganini ko‘ramiz. Bilimlar bellashuvlarida notanish o‘qituvchining diktovkasi o‘quvchilarni ­esankiratib qo‘ygan holatlar kuzatilmoqda.
Diktantning o‘ziga xos sharti o‘z lug‘aviy ma’nosidagi diktovka-aytib turib yozdirish degan tushunchadan ko‘ra muhimroqdir. Diktant-bu eshitganinigina yozish emas, balki aytilayotgan so‘zning ongda, shuurda muhrlangan suratini nusxalash. Shuning uchun ham aytib turish -diktovka qanday bo‘lishidan qat’i nazar, o‘quvchining to‘g‘ri yoza olishiga erishish bosh masaladir. O‘quvchi aql, fahm kabi bir bo‘g‘inli so‘zlarda qator kelgan undoshlar orasida qisqa i unlisi eshitilsa-da, yozilmasligini; zidlov, sabab va aniqlov bog‘lovchilaridan oldin vergul qo‘yi­lishini ongli idrok etmasa, bahosi “yaxshi” yoki “a’lo” bo‘lishidan umidvor bo‘lmaslik kerak. Demak, diktant uchun ham faqat diktant yoza­yotgan paytni muhim deb belgilamaslik zarur.
Shu o‘rinda o‘quvchi savodxonligini oshirishda eng muhim manba sanalgan diktant va bayonlar to‘plamlari, yuqori tashkilotlardan nazorat yo‘rig‘ida kelayotgan yo‘riqnomalar savodxonligi xususida ikki og‘iz gapirish o‘rinlidir. Amaldagi diktant va bayonlar to‘plamlaridan ehtiyot bo‘lib foydalanish lozim, chunki biror matn yo‘qki, uni imloviy, punktuatsion yoki uslubiy tuzatishlardan birisiz foydalanib bo‘lsa. Bu xulosalarimizga atayin misollar keltirmaymiz, chunki bu xatoliklarni na mualliflar, na nashriyot bo‘yniga oladi. Bundan tashqari, ulardan foydalanayotgan salgina savodi bor mutaxassis, bu iddaoga isbot qidirish zaruratini sezmaydi.
Qissadan hissa shuki, RTM yangi (2019-2020) o‘quv yiligacha sinflar va mavzular kesimida ko‘p (kamida uch) variantlilik asosidagi mavzuviy materiallardan iborat mukammal diktant va bayonlar to‘plamlari nashri xususida amaliy ish qilmog‘i lozim.
Ammo bu masala shu darajada imkonsizki, hech kimning mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga yuragi betlamaydi, chunki:
birinchidan, imlo qoidalari mavjud, ammo unga har kimning munosabati har xil;
ikkinchidan, lotin yozuviga asoslangan tinish belgilari qoidalari xalq muhokamasidan o‘tgan holda ishlab chiqilmagan.
Demak, mukammal diktant va bayonlar to‘plamlarini yaratishdan oldin imlo hamda tinish belgilariga oid qoidalarda bir to‘xtamga kelib olish zarur.
Bu masala hal qilinmas ekan, ona tili ta’limi haqidagi hamma gaplar safsata, “quloqqa nimadir ilish”dan boshqa narsa emas. Masala dolzarbligi anglanib, yechim topilganida esa bu qoidalarga asosan bajarilishi zarur ishlarning strategik ko‘lami muammosi yuzaga keladi. Buni o‘ylab aqlingiz shoshadi, kelajak avlod foydalanishi shart bo‘lgan Besutun tog‘idan kam bo‘lmagan nashr manbalari tartiboti, takror foydalanish mumkin bo‘lgan kino va multiplikatsion filmlarning qayta dublyaji... Aytaversak, dard ko‘p.
Bundan tashqari, ta’lim samaradorli­gini tezkor oshirish maqsadida diktantning ­elektron variantlarini qo‘llash amaliyoti kechikmoqda. Aslida, hali hech kim bu masalada bosh qotirib ko‘rgani ham yo‘q, kimningdir shu boradagi loyihalari bo‘lsa, biz undan xabar topgan bo‘lar edik. Ushbu maqola guvohligida, ya’ni bu haqda birinchi bo‘lib so‘z ochayotganimiz bois loyihaga da’vogarlik qilmoqchi ham emasmiz. Bu loyiha kim tomonidan amalga oshirilishi bosh masala emas, muhimi, to‘g‘ri yo‘lga qadam qo‘yishdir. Ammo biz elektron darslik yaratishda “kuchli”, “zo‘r”, malakali dasturchilar yordamiga muhtojmiz, ona tilidan elektron darslik deb taqdim etilayotgan lo­yihalarning talabga javob bermaganligi bois mukammal, nafaqat maktab o‘quvchilari foydalanadigan, balki jahon xalqlari vakillarining o‘zbek tilini o‘rganishlari imkonini beradigan universal elektron darslik yaratish loyihasi uchun dasturchi xizmati­ga muh­tojligimizni bildiramiz. Kimda bu masalada hamkorlik qilish istagi paydo bo‘lsa, “Ma’rifat” gazetasi tahririyatiga murojaat etishi mumkin.
Mabodo, bu ishni ham kimdir bizdan avval uddalasa, aslo ranjimagan, qaytaga xursand bo‘lgan bo‘lar edik.
Har bir muassasa faoliyati asosini ifoda­lovchi yo‘riqlar, tamoyillar, vazifalar haqidagi muhim ma’lumotlar, shiorlar, e’lonlardagi xatoliklar uchun kimdir javobgar. Maktablarda bu ish mas’uliyati ona tili o‘qituvchilari zimmasiga yuklatilgan, ammo qadamimiz yetgan maktablarning birontasida quvonarli holatning guvohi bo‘lmadik.
Yuqori tashkilotlardan keladigan yo‘riq­nomalarning ayrimlari quyi bo‘g‘indan talab etilayotgan savodxonlik sifatiga ega emasligi kishini o‘ylantiradi.O‘quvchi savodxonlikning ma’lum bosqichini o‘tagandan keyin diktantga nisbatan murakkabroq bo‘lgan bayon yozishga o‘rgatiladi. Bayon diktantdan o‘z ijodiyligi bilan farqlanadi. Unda o‘quvchining ijodkorligi matnni tinglash jarayonida ko‘z oldiga keltirgan, eslab qolgan manzara, holat, voqealar rivojini tasavvurida tiklagani holda indivi­duallashtirishi - o‘z tilida o‘ziga xos ifoda tanlashida namoyon bo‘ladi. O‘quvchi bu o‘rinda matnni boyitishi, jonlantirishi, tasviriy ifodalardan o‘rinli foydalanishi yoki, aksincha, borini buzib, uslubiy xatoliklarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Bunday paytlarda muayyan o‘quvchining har bir gapi, jumlasi, so‘zlarni bir-biriga bog‘lashi, umuman olganda, ifoda texnikasi haqida fikr yuritishga, yo‘l qo‘yilgan xatolikni bartaraf etib, qo‘lga ki­ritilgan muvaffaqiyatni rag‘batlantirishga to‘g‘ri keladi.
Insho bayonga nisbatan ham ijodiy yondashuv borasida yuqori maqomda turadi. Unda izlanuvchanlik, ma’lumotlar to‘plash, saralash, umumlashma xulosalar chiqa­rish, eng muhimi, go‘zal badiiy ifoda yetakchilik qiladi. Bu boradagi urinishlar juda mashaqqat­li jarayon bo‘lib, o‘quvchi va o‘qituvchidan ancha ter to‘kishni talab etadi. Bu esa alohida mavzu.
Yozma ishlarning barcha turlaridan keyin imlo va uslubiy savodxonlik taqvim-mavzu rejasi asosida tahlil darslari bilan mustahkamlanadi. Ushbu darslarning samarasi beqiyosdir. Garchi ijodiy ish tugaganday taassurot tug‘dirsa-da, tahlil darslarisiz ijodiy ish yakuniga yetmagan hisoblanadi. Tahlil darslari o‘ziga xos sa­boq, keyingi ijodiy ish uchun namuna vazifasini o‘tashda tengsiz mashg‘ulot sanaladi.
O‘quvchilarning yozma savodxonligini oshirish bo‘yicha maktablarda qilinayotgan ishlarning barchasini ko‘ngildagiday deb bo‘lmaydi. O‘quvchilarning bilimlar bellashuvi va fan olimpiadalari natijalari shuni ko‘rsatmoqdiki, ona tili va adabiyotdan ushbu tadbirlarda ishtirok etgan eng sara o‘quvchilar ishlarida ham bo‘shliqlar anchagina. O‘quvchilar yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklar ichida eng ko‘p uchragani tinish belgilariga oid xatolar sanaladi. Undalma, kirish so‘z, bog‘lovchilar, uyushiq bo‘laklarning vergul, izohlanayotgan bo‘laklarning vergul, qavs yoki tire bilan ajratilishi, ega va ot ke­sim orasida tirening qo‘llanilishi, xullas, tinish belgilari­ning qo‘llanilishiga oid bilimlarda bo‘shliq yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Garchi tinish belgilari xatoligi xatoliklar darajasida quyi pog‘onani egallasa-da (baho­lash mezonlarida ba’zan 3-4 tinish belgisi bir imlo xatosiga tenglashtiriladi), ularga be­pisand munosabatda bo‘lish mumkin degan xulosaga olib kelmasligi lozim. Ayrim hollarda tinish belgilari sintaktik munosabatni boshqargani bois uslubiy xatoga yo‘l ochadi: Aziz akam keldi -Aziz, akam keldi.
Kulgili bo‘lsa-da, o‘quvchilar ishlarini tekshirishda - (chiziqcha)ni tinish belgisi xatoligi deb hisoblayotgan o‘qituvchilar borligi haqida gapirishga to‘g‘ri kelmoqda. Nuqtali vergul o‘rnida vergul, tire o‘rnida ikki nuqta yoki, aksincha, ikki nuqta o‘rnida tire qo‘llash nafaqat maktab o‘quvchilari ishlari­da, balki matbuot va kitob nashrlarida ham ko‘p uchray­di.
Ikkinchi turdagi xatolik savodxonlikning asosiy mezoni bo‘lgan imlo xatolaridir. Ushbu xatolar miqdori 7 va undan oshsa, ish “qoniqarsiz” baholanishi lozim. Kimdir ushbu xatolikni ham qo‘pol va qo‘pol bo‘lmagan turlarga ajratar ekan, baholash mezonlari shubha ostida qoladi. Bundan tashqari, bir paytlar “Mushtum”da o‘qiganimiz: “Sholi hosildorligini oshirishda qurbaqaning roli” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi yoq­langani kabi “Qo‘pol va qo‘pol bo‘lmagan xatolar lug‘ati”ni ham tuzishga urinib keta­miz. So‘z imlo - to‘g‘ri yozish me’yorlariga amal qilmasdan yozildimi, “muallif”ni ayab o‘tirish - ortiqcha rahmdillik. Rahmdillik ham me’yor oldida ojizdir, shundog‘am, mos matn uchun 1 imlo va 1 tinish belgisi xatosi bilan yozilgan ishni “a’lo” baholash rag‘bat borasida chidasa bo‘ladigan saxovatdir.
Ammo shoh - shox, she’r - sher ko‘ri­nishidagi paronim (talaffuzdosh) juftliklardan birini boshqasi o‘rnida qo‘llash imlo xatoligi emas, balki so‘z qo‘llash bilan bog‘liq uslubiy xatolikdir. Shox mashvarat chaqirdi. Shoir sher o‘qidi. Bu nafaqat kulgili, chidab bo‘lmas darajadagi sharmandali hol hamdir.
Bayon va insho imlo xatolari eng ko‘p uchraydigan yozma ish turlari bo‘lganidan ­(diktantda 4-5 ta imlosi qiyin so‘z dars taxtasiga yozib qo‘yiladi) amaliyotda ikkinchi - savodxonlikka qo‘yilayotgan baholar “2” - “qoniqarsiz”dan oshmaganidan o‘qituv­chi 2 soatga mo‘ljallangan yozma ishning ikkinchi bahosini jurnalga hamma vaqt ham qo‘yavermaydi: “Boshog‘riq kimga ke­rak?!”. Ijodiy ishlarning savodxonlik uchun qo‘yi­ladigan ikkinchi bahosi muntazam qo‘yib borilsa, samaradorlik keskin pasa­yishi, hatto ayrim o‘quvchilarni sinfda qoldi­rish muam­mosi ham paydo bo‘lishi mumkin.
Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi. 9-sinf o‘quvchilari o‘quv yili so‘ngida nazorat turi sifatida ijodiy bayon yozadilar. Ijodiy ishning ikki bahosi shahodatnomaga - birinchi baho adabiyot, ikkinchi baho ona tiliga - qo‘yilar ekan, boshog‘riq istamaydigan imtihon oluvchi o‘qituvchi vaziyatdan qanday chiqyapti?
Ona tili va adabiyotdan bilimlar bellashuvi yoki fan olimpiadasining tuman bosqichlari g‘oliblarini aniqlashda hakamlar uchun qulaylik yuzaga kelgan. Bunda nisbatan savodli o‘quvchilar ishini tekshirish yetarli, bugun tumanlar miqyosida nafaqat savodxon o‘quvchi, balki savodxon o‘qituvchilar ham kamyob. Bu fan olimpiadasi va bilimlar bellashuvi apellatsiyalari paytida savodxon o‘quvchi e’tirozlariga tayinli javob topolmay qolayotgan ayrim hakamlar misolida yaqqol o‘z isbotini topmoqda.
Ijodiy ishlarda uchrayotgan xatolardan keyingisi uslubiy xatolardir. Ularning vahimasi o‘ziga yarasha: baholash mezonlarida bir uslubiy xato 3-4 imlo xatosiga tenglashtiriladi. Bu xatolarning ildizi individning murg‘ak davri va kitobxonlikka borib taqaladi.
“Grippga dori yedim”, - desam, 5 yashar nevaram Doniyor: “Dorini yeb bo‘lmaydi”, - dedi. Men: “Suyuq dorilar ichiladi, tabletkalar yeyiladi”, - deb fikrimni yoqlamoqchi bo‘ldim. “Baribir, - dedi u qat’iy, - dori yeyilmaydi”. Unga uslubiyatdan kim saboq berdi ekan?
Oramizda o‘smirlik va undan oshgan yoshdagi “murg‘aklar” borligi tasodif emas. Ularning badaniga kitobdan allergiya toshadi. Ular jon-jahdi bilan o‘zlarini kitobdan olib qochadi. Natijada dunyoqarashi torayib, fikrlashdan mosuvo bo‘ladi. Ona tili o‘qituv­chisi uchun uslubiy xatolikka oid xatolarni izlash zarurati yo‘q, chunki u har kuni o‘quv­chilar daftarini tekshirar ekan bu xatolar qarshisida bo‘y ko‘rsataveradi. Mana ularning “klassik” namunalari:
Mutolaa qiluvchi kishiga farqi yo‘q, u asarmi, romanmi...
Kitob inson qalbidagi misli kamalakdir... Kitob shunchalik kuchli xazinadir, u insonni ma’naviyatini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Jaydarichasiga aytganda, uslubiy xatolik eplab gap tuzolmaslikdir. Unda so‘z ma’nodoshlaridan o‘rinsiz (nojo‘ya) foydalanish: Go‘zal qiz Oysuluvning basharasida ...; paronimlarning o‘rnini almashtirib qo‘llash: Bu narsa do‘stimga qiziq tuyildi; so‘z ma’no­sini anglamaslik: Zebining xasisligiga havas qilaman; kelishik shakllarini farqlamasdan qo‘llash: Insonni kitobga bo‘lgan munosabati...; o‘rinsiz takror: O‘rik daraxti ko‘p yillik daraxt bo‘lib, u sariq rangda bo‘lib, da­nagi qattiq bo‘lib, mag‘zi juda shirin bo‘ladi va boshqa shu kabi holatlar kuzatiladi. Bu xatolardan muhofazalangan boy so‘z zaxirasiga ega kitobxon o‘quvchining yozma nutqida uslubiy xatoliklar kam uch­raydi.
Kitobning o‘zi so‘z qo‘llash, ifoda texnikasi borasidagi bilim, ko‘nikmalarni o‘qituv­chidan ko‘ra samarali o‘rgatadi. Buning birgina sababi Qodiriyning ifoda texnikasi bilan o‘qituvchi salohiyati orasida osmon bilan yercha farqda emas, balki Qodiriyning yozuvchi, o‘qituvchining yozuvchi emasligidadir. Qodiriyning “Uloqda” hikoyasidagi “Manim uyqum o‘chdi” ifodasini “Manim uyqum qochdi”ga o‘zgartirib bo‘lmasligini anglash o‘qituvchi salohiyatining belgisi, bu salohiyat hammada ham yo‘qligi - boshqa masala. O‘qituvchidan qodiriylikni talab qilmayapmiz, uning muallim bo‘lishi yetarlidir. Qodiriy esa muallimning hurmatini joyiga qo‘ygan, uni e’zozlagan, unga havas qilishdan orlanmagan bo‘lardi.
Biz bir ulug‘ yozuvchimiznigina misol keltirdik. Mana bu ifoda ham faqat kitob (M.Norbekov, “Tentakning tajribasi”, 1-kitob, Toshkent: “Spectrum Media Group”, 2017, 24-bet)da bor: “Qanaqasiga? - de­dim nafasim ichimga tushib, pastki jag‘im naq kindigimgacha osilib”. A.P.Chexov hayrati o‘zgacha: “Men dengizning mukammal ta’rifini 6-sinf o‘quvchisining inshosida uchratdim, u: “Dengiz kaaaaatta edi”, - deb yozibdi”.
O‘quvchini kitobga oshno qilish nafaqat uslubiy xatolarni bartaraf etish, balki yozma nutqni shakllantirish debochasidir. KITOBXONLIKSIZ TA’LIM VA TARBIYA HAQIDA NAFAQAT GAP, BALKI SO‘Z HAM ORTIQCHA.
Maksimalistlar biz yozuvchi emas, o‘quv­chiga ta’lim-tarbiya beramiz, deb iddao qilishmasin, chunki o‘quvchingiz maktab davrida o‘qishi lozim bo‘lgan 150-200 kitob mutolaasi bilan yozuvchi bo‘lib qolmaydi, bor-yo‘g‘i risoladagi o‘quvchi maqomiga ega bo‘ladi, xolos. Yozuvchi bo‘lish uchun o‘qilgan kitoblar miqdori muhim emas, balki kitob ichida yashash kerakligi muhim!
Uslubiy xatolarni bartaraf etish uchun juda ko‘p ter to‘kish zarurati yo‘q. Bor-yo‘g‘i o‘quvchilaringizni kitobga oshno qilsangiz, kifoya. Muhtaram o‘qituvchi, birorta o‘quv­chingizni kitob o‘qishga qiziqtira oldi­ngizmi? Unda ishingiz - “besh”. Mabodo, unday bo‘lmasa, hali ham kech emas. “Ma’rifat” gazetasining 2019-yildan boshlab oy boshidagi sonlarida ma’lum asarlarni o‘qish va unga taassurot yozish topshirig‘ini bajarishga urinib ko‘ring. Gazeta tavsiya etayotgan asarning eng ta’sirli o‘rnini avj nuqtasida ke­sib o‘qib yoki aytib bering, qolganini o‘quv­chingizning o‘zi eplaydi. Siz 3-4 nazorat ishlari tahlili darslarida uslubiy xatolar ustida puxta ishlasangiz, keyingi nazorat ishlarida daftar hoshiyasidagi W belgisi ishora qilgan gapdagi xatolikni o‘quv­chining o‘zi bartaraf eta oladi va bora-bora uslubiy xato qilmaslikka erishadi. Uslubiy xatolikni bartaraf etish, avvalambor, barcha uchun birday qiziqarli mashg‘ulot sanaladi. Biron o‘quvchining uslubiy xatolikka yo‘l qo‘yilgan gapi hammaning e’tiborini tortadi. Gap “muallifi”dan boshqa barcha gapdagi g‘aliz­likni oson ko‘radi va silliqlay oladi. “Muallif”ning ushbu g‘alizlikni payqamasligi tayin, chunki payqaganida gapni boshqacha ifodalagan bo‘lar edi.
Uslubiy xatolik ustida ishlanar ekan, eng to‘g‘ri yo‘l ushbu xatolikni “muallif”ning o‘zi bartaraf etishiga erishishdir. Mabodo, bu ish uning qo‘lidan kelmasa, boshqalarga imkoniyat berish lozim. Siz bu xatolikni juda tez bartaraf etishga urinib to‘g‘ri variantni taqdim etishga shoshilmang. Xatolikni o‘quvchilar to‘g‘rilashiga imkon bering, chunki bu ular­ning o‘ziga bo‘lgan ­ishonchini oshiradi.



Yüklə 72,64 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin