Oilaning rekreativ, felitsitologik, regulyativ va relaksatsiya vazifalari. Yuqorida aytib o’tilganidek, rekreativ, felitsitologik, regulyativ va relaksatsiyaga asoslangan munosabatlarni ijobiy, samarali tashkil etilishiga erishish ham oila zimmasiga yuklatiladigan vazifalar sirasida muhim ahamiyat kasb etadi.
5. Oilaning rekreativ vazifasi. Ijtimoiy jihatdan oila a’zolarining bir-birlariga nisbatan rekreativ (o’zaro jismoniy, moddiy, ma’naviy va psixologik yordam ko’rsatishga asoslangan) munosabat ko’rsatishi sifatida asrlar davomida ushbu kichik birlashmaning qadriyat sifatida shakllanishini ta’minlagan. Oila tomonidan rekreativ vazifaning ijobiy hal qilinishi quyidagilarga erishish imkonini beradi:
- oila a’zolarining salomatligini mustahkamlash;
- birgalikda mehnat qilish va dam olishni tashkil etish;
- oila a’zolarining o’zaro jismoniy, moddiy, ma’naviy, psixologik va tibbiy yordam ko’rsatish ko’nikma-malakalariga ega bo’lishlarini ta’minlash;
- oilaviy tadbirlarni tashkil etishda o’zaro birdamlik, hamjihatlikka erishish;
- oila a’zolaridan biri duch kelgan muammoni oilaning barcha a’zolari tomonidan o’zaro maslahatlashgan holda, yakdillik bilan hal qilish;
- muammo yoki qandaydir qiyinchilikka duch kelgan oila a’zosini yolg’izlatib qo’ymaslik, uni moddiy va ma’naviy jihatdan qo’llab-quvvatlash.
6. Oilaning feliotsitologik vazifasi. Azaldan oila baxt qo’rg’oni sanaladi. Chunki inson aynan oiladagina o’zini chinakamiga xavfsiz, baxtli his qiladi. Agarda oilada sog’lom psixologik muhit shakllangan bo’lsa, shubhasiz, uning a’zolari o’zaro hamjihatlilikda baxtli (feliotsitologik) hayot kechirishadi. Ammo ba’zi oilalarda turli sabablarga ko’ra nosog’lom muhit yuzaga keladi. Oiladagi nosog’lom muhim a’zolarning baxtli emasliklaridan dalolatdir. Sog’lom psixologik muhit mavjud bo’lgan oilalarda har bir a’zosi yaqinlarining baxtli bo’lishlariga o’z hissasini qo’shishga harakat qiladi. Ular o’zaro bir-birlarini hurmat qilishadi, mehr-muhabbat ko’rsatishadi, har qanday vaziyatda ham yordamga tayyor ekanliklarini amalda namoyish etishadi. Oilada har bir a’zoning qiziqishlari, xohish-istaklarini inobatga olish, shaxs sifatidagi huquqlariga hurmat bilan munosabat bildirishlari ularda shaxsan baxtga erishish imkoniyatini oshiradi. Ota-onalar va oiladagi boshqa yoshi kattalar farzandlarga hukmron sifatida munosabat bildirmasdan, aksincha, ularga hamdard bo’la olishlari lozim.
Har bir shaxs o’z oilasida baxtli bo’lishga haqli. Shu sababli oila o’z a’zolarining baxtli bo’lishi uchun sharoit yaratib bera olishi zarur.