Psixologik talablar. Tabiatshunoslik darsining reja va konspektini tuza turib, o’qituvchi har bir o’quvchining psixologik xususiyatlarini:
- uning tafakkur tipini;
- xotira turini;
- tanib olish, eslash, yod olish, fikrlarni tiklash o’quvlarini;
- diqqatning mavjudligini (o’rganilayotgan narsaga fikrlarini to’plash qobiliyatini), xayolini (ijodiy qobiliyatini), irodasini (o’z oldiga uzoq va yaqin maqsadlar qo’ya olishi va ularga erisha bilishini), milliy faolligini hisobga olishi kerak.
O’quvchilarning tabiatga bo’lgan munosabatiga ularning psixologik holati ham ta‘sir ko’rsatadi, bunday psixologik holat ekskursiyalar, kuzatishlar, amaliy ishlar, o’qituvchining hayajonli hikoyalari vaqtida vujudga keladi. Shunga ko’ra o’quvchilar shaxsiga ta‘sir ko’rsatish, ularni bajargan ishlaridan idrokiy xursandchilik va qanoatlanish beruvchi o’quv faoliyatiga jalb qilish - darsda o’qituvchi faoliyatining zarur tomonidir.
Topshiriqlarning (kollektsiya, gerbariy, maket va shu kabilarni tayyorlash) bajarilishini aniq sinchiklab va o’z vaqtida nazorat qila borib, o’qituvchi talabchan, ammo xayrihoh va adolatli bo’lishi, bola shaxsini hurmat qilishi kerak.
Shuni hisobga olish kerakki, o’qituvchining psixologik holati darhol o’quvchilarga ta‘sir ko’rsatadi. O’qituvchining kayfiyati, uning saranjomli, e‘tiborli bo’lishi yoki aksincha serzarda, parishonxotir bo’lishi bolalarga beriladi. Shunga ko’ra pedagogik odobga rioya qilish - darsning pedagogik muvaffakiyatini ta‘minlovchi muhim talablardan biridir.