www.ziyouz.com kutubxonasi
262
— O’zimni yomon his qilayapman.
— Viski va shampan vinosidanmi?
— Sotqinlikdan hm.
U chimirildi:
— Sotqinlikdan?... Mak Bernsmi?
— Sen o‘ta sezgirsan. Lekin bu bilan meni hayratda qoldirasan deya olmayman. — Palmer sutli
stakanni oldi. — U ko‘pdan beri, hatto men bu yerga kelmasimdan avval ham Jet-Texga xizmat
qilgan.
— Qo‘lingga nima qildi? — so‘radi u.
Palmer qovog‘ini soldi.
— Nima qipti?
— Vuds, nega so‘rayotganimni bilib turibsan. O’ng qo‘lingga nima qildi? Bo‘g‘inlari qizarib, shishib
ketibdi.
Palmer horg‘inlik bilan yelkasini qisdi:
— Men uni urib yubordim.
— Berkxardtnimi?
— Berkxardtni? — Palmer unga sinchkov tikildi: — Jin ursin, bu gapni qaerdan olding?
— Ana shu ilonning iniga seni aynan o‘sha tiqishtirdi, — dedi ayol. — Ha-a, tushundim. Sen
nishonni noto‘g‘ri olgansan. Bernsni.
U tilini aylantirishga ham holi kelmayotgandi. Shuning uchun biroz jim turdi. Keyin:
— Bo‘lishi mumkin, — deb qo‘ydi.
— Demak, jamg‘arma banklariga qarshi vatanparvarlik ruhidagi kurash boshdanoq soxta bo‘lgan.
— Unday emas. Shunchaki, Jet-Tex ularga qo‘shimcha kuch tashladi.
— Gapingni qara-yu! Yarim kechagacha o‘tkazilgan yig‘ilishlar, shtatning hamma qishloqlarida
o‘tkazgan ko‘ngilochar sayohatlaring, kecha-yu kunduz uyda bo‘lmasliklaring... hammasi bir pul
bo‘pti-da?
U boshini ko‘tarib, Edisga qaradi.
— Edis. — U jim bo‘ldi. — Eshit. — Uning qo‘li qandaydir tushuniksiz harakat qilib, yana tizzasiga
tushdi. — Men Nyu-Yorkka kelganimda o‘yin boshlangan, kartalar tarqatilgan edi.
— Tushunaman. — Ayol uning qo‘lidan bo‘sh stakanni olib, stol ustiga qo‘ydi. — Sen jamg‘arma
banklar o‘yinini ko‘zda tutyapsanmi? Ularning kartasinimi?
U jimgina bosh irg‘adi.
— Biroq, chamasi, yana bitta o‘yin olib borilgan, — gapda davom etdi Edis. — Sen... — U jim bo‘lib
qoldi.
— Ha?
— Hech narsa. — Ayol uning qarshisiga o‘tirdi. — Umuman, ... ga qalaysan? — Ayol gapni keskin
to‘xtatdi.
— Nimani so‘rayapsan?
Edis boshini silkidi.
— Ahamiyati yo‘q. Boshqa paytda...
Palmer ayol o‘ziga sinchkovlik bilan tikilib turganini payqadi. U go‘yo tuzukroq ko‘rib olsin
degandek, qaddini rostladi. Biroq bunday o‘tirishga qurbi yetmadi. U qimirlashga holi kelmayotgan
bo‘lsa ham uxlaydigan ahvolda emasligini bilib turardi. Mana shunday harakatsiz o‘tirib, nimanidir
kutish kerak bo‘lsa, u jon deb o‘tiraverardi. Lekin nimani kutayapti? Palmer tushuna olmasdi.
— Hammasiniyam ahamiyati yo‘q, — Edis o‘ziga-o‘zi gapirayotgandek, o‘ychanlik bilan sekin so‘z
boshladi. — Bitta narsadan tashqari. Endi nima qilmoqchisan?
Palmer yelkasini qisishga urindi. Yengib bo‘lmaydigan hafsalasizlik harakat qilishga qo‘ymadi.
— Ta’zim qilib, ketvoraymi? — mujmal javob berdi u. — Katta shahar meni bir chetga chiqarib
majaqlab yuborganini tan olaymi?