www.ziyouz.com kutubxonasi
67
Virjiniya boshini bir tomonga egdi-da, unga diqqat bilan qaradi.
— Sizning judayam jahlingiz chiqibdi, — dedi Virjiniya, — rosa g‘azablangan bo‘lsangiz ham
o‘zingizni nazokatli va bosiq tutishga urinayapsiz.
Palmer bosh chayqadi.
— Undaymas. Axir, hali hech narsa yuz bergani yo‘q-ku. Siz hali xabarni jo‘natib ulgurganingiz
yo‘q, ertaga ertalab uni o‘qib ko‘rgach, yo‘q qilib tashlashim kerak edi.
— Iy-e, hali shunaqami? — dedi Virjiniya cho‘zib. — Menga endi yetib bordi, boshqa xabar kerak
deng. — U bo‘sh stolga o‘tirdi va mashinkaga qog‘oz qo‘ydi. — Marhamat, ayting.
— Sizlar uchun xabarni men tayyorlamayman. Siz birdaniga uch kishining majburiyatini
chalkashtirib yubordingiz.
— Uch kishining?
— Ha. Men Palmerman. Va men matbuot uchun xabar yozmayman. Bu sizning ishingiz. Sizning
ismingiz Virjiniya. Lekin siz rotatorda ishlamaysiz. Bu Freddining ishi. Siz buni bilib olsangiz, ular
menga shuncha pul to‘lashmayapti, sizga bundan kamroq, Freddiga bo‘lsa haftasiga bor-yo‘g‘i
yetmish dollar berishyapti.
Virjiniya unga birpas qarab turdi-da, so‘ng kulib yubordi.
— Chekishni istamaysizmi? — so‘radi Virjiniya, so‘ng stolning oldiga borib, qog‘ozlar orasidan
sigareta qutisini topdi.
— Tashakkur, — dedi Palmer zajigalkasini miss Kleri sigaretasiga tutib, keyin o‘zi ham cho‘ntakdagi
qutisidan sigareta olib chekdi.
— Endi men majburiyatlarni taqsimlash borasida hammasini bilib oldim. Bank ishi yuzasidan ham
gapirib bering.
— Bank ishi — bu qarzga pul berishdir. Meningcha, buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz.
— Faqat qarzga pul berish, bor-yo‘g‘i shumi?
— Yo‘q, bor-yo‘g‘i shundan iborat emas. Mana shu yerda siz adashayapsiz, — davom etdi Palmer.
— Biz faqat nafas olamiz yoki faqat yeb-ichamiz, deb bo‘lmaydi. Pul — hayotimizning zarur tarkibiy
qismidir. Hozirgi zamon kishisi havosiz, ovqatsiz va suvsiz yashay olmagandek, pulsiz ham yashay
olmaydi.
— Shunaqami! Men lol qoldim.
— Lekin amin bo‘lmadingiz.
— Yo‘q, sizning shunchalik amin ekaningizga lol qoldim.
— Boshlanishi yomon emas.
U ko‘zi bilan kuldonni qidirdi, uni miss Klerining stoli ustida qog‘ozlar orasida, telefon yonida topdi.
U yerda uchta surat ham bor edi. Sarg‘aygan fotosuratdan birida oltmish yoshli ayol aks etgandi.
Uning ko‘zlari Virjiniyaning ko‘zlaridan ham katta edi. Uning yonida yigirma besh yoshlardagi yigitning
tasviri. U Ikkinchi jahon urushi davrining harbiy havo kuchlari kiyimida. Uchinchi suratda esa o‘g‘ilmi,
qizmi, yosh bola tasvirlangandi.
— Oyijoningizmi?
— Ha.
— Bunisi... akangizmi?
— Erim. — U bir oz jim qoldi, so‘ng qo‘shib qo‘ydi. — Va qizim. — Yana jimlik. — Faqat onam tirik.
Palmer qaddini rostladi, qo‘lidagi shisha kuldonni Virjiniyaga tutdi, u sigareta kulini qoqdi.
— Bu urush paytida yuz berdi. Biz mashinada Labbok (Texas shtati) dan Tonakaga kelayotgandik.
Tinch okeani sohilidagi juda xushmanzara joy. Mashinamizga bir yuk mashinasi katta tezlikda kelib
urildi. Men tushunaman, — shoshilib gapirdi Virjiniya, — men doimo o‘zimga so‘z beraman, bu suratni
uydagi biror qutiga yashirib qo‘yaman deb. — Men hammasini bilaman. — U Palmerning qo‘lidan
kuldonni oldi va bir chekkaga bordi. — Endi bo‘lsa, bank ishi haqida menga batafsil gapirib bering...
Palmer sigaretasining kuli tagida qizarayotgan cho‘g‘iga qaradi-da:
— Agar men eplay olsaydim, — dedi.