www.ziyouz.com kutubxonasi
2
— O’ng bort tomonda! — javob berdi Berkxardt.
Palmer tishlarini g‘ijirlatdi. Qariya, shubhasiz, imtihon varag‘imga baholar qo‘ya boshladi, o‘yladi u.
Bu baholar, aftidan, uncha muhimmas.
Sohil dahshatli tezlik bilan Palmerga qarab bostirib kela boshladi. Yuragi tashvishli ohangda,
gursillab urardi. Minora, bolalar, soyabonlar, cho‘milish xonalari, baliqchi qayiqlari — hammasi
kaftdagidek ko‘rinib turardi. Faqat kanalning etagi ko‘rinmasdi. Michigan ko‘lida, yakka machtali
yelkanli kemasi yoki ota-onasining qirq metrli yaxtasida u o‘zini mutlaqo erkin tutardi. U yerda mo‘ljal
va masofa tanish bo‘lganidan, hatto mana shunday shitob ketib borayotgan yaxtani to‘xtatish uning
uchun odatdagiday tanish, yoqimli ish edi. Bu yerda, notanish suvlarda esa, yaxtani to‘xtash joyiga
yetkazish azob-uqubat.
— Xuddi shunday boshqaraver! — qichqirdi Berkxardt.
Palmer rumpelni qo‘yib yubordi, qayiq ohista burila boshladi, shamoldan shishib turgan yelkanlar
shalvirab qoldi. To‘satdan cho‘kkan sukunatda Palmerning ro‘parasida qoyalar to‘sib turgan kirish
kanalining etagi paydo bo‘ldi.
— Yaxtani kanalga olib kir, — dedi Berkxardt.
Lekin qayiq yo‘nalishdan chalg‘igan edi. Palmer yana yelkanlarni yengilgina tortib, yo‘nalishni
ohista to‘g‘rilagan holda qayiqni kanalning toshloq etagi orqali sohilning sokin suvlariga olib kirdi.
O’ng tomonda, bir necha yuz yard2 masofada Berkxardtning qayiqlar saroyi — shamollar shiddatida
hilpirab turgan qizil vimpelli mo‘jazgina inshoot ko‘zga tashlanardi. Mazkur saroy nimasi bilandir Keyp
Kodning mittigina aksini eslatib turardi. Ehtimol, Berkxardt hozir shu uycha haqida gapirib qolar, deb
o‘yladi Palmer. Lekin o‘sha zahotiyoq qariya yaxtaga oid barcha tashvishlarni uning o‘ziga tashlab
qo‘yib, trubkasini qo‘llari bilan shamoldan to‘sib o‘t oldirishga urinayotganini his etdi.
Palmer kutilmagan dadillik bilan yelkanlarni yana shamolga to‘g‘riladi. Qayiq to‘xtash joyiga qarab
suzdi. Agar u meni shu tariqa sinab ko‘rayotgan bo‘lsa, o‘yladi alam bilan Palmer, sayrimiz so‘ngiga
borib yuragi to‘xtab qolsa, o‘zidan ko‘rsin.
Yaxta to‘g‘ri to‘xtash joyiga qarab borar, bandargoh ko‘rinishlari yiriklashib va yaqinlashib kelardi.
Faqat eng so‘nggi daqiqalardagina Palmer rumpelni keskin aylantirdi, qayiq o‘ng bortga qarab burildi.
Yelkanlari tushirilgan yaxta tezligini pasaytirdi, yo‘nalishini sal o‘zgartirdi. U harakatdan qariyb
to‘xtagan ko‘yi arqon bog‘lanadigan qoziqlarga taqalib bordi.
— Yaxshi eplading, — dedi qariya.
U o‘rnidan turdi, arqonni qo‘lida ushlaganicha chaqqonlik bilan prichal3 tomon o‘tdi-da, arqonni
ustunga ildi. — Men ham xuddi shunday qilgan edim. — qo‘shib qo‘ydi taxta to‘shamali prichalga
sakrab o‘tarkan. — Vudi, qani, menga arqonning uchini tashlab yubor-chi. Keyin shag‘al tosh
to‘kilgan, bosh binoga olib boruvchi uzun yo‘lak bo‘ylab asta yurib ketdi. U yo‘l-yo‘lakay sviterini
yechib yelkasiga tashlab oldi.
— Kechga borib salqin tushadi, — ming‘irladi u.
— Avgustning oxiri, axir, — nima ham qilardik. — Palmer ko‘z qiri bilan ulkan emanga nigoh
tashladi. Undagi bittagina yaproq ham bandidan uzilib, havoda aylana-aylana yo‘lakka, ularning
oyoqlari tagiga tushdi.
— Odatda, bayram kunlari shaharga ko‘chib o‘tamiz. Edis bolalar bilan hali kelganicha yo‘q. Bu
safar ular men qaytib borgunimcha kutib turishadi.
— Shunday qarorga o‘zing keldingmi yoki xotiningmi?
— O’zim.
Ular anchagacha indamay qiyalikdan ko‘tarilishdi.
— Bordi-yu, sen Nyu-Yorkda biror hafta ushlanib qolsang-chi? Nima deb o‘ylaysan, sening
yordamingsiz bu yoqqa ko‘chib o‘tishni eplarmikin?
— Eplaydi, albatta. — Palmer nafasini rostlab oldi: qiyalik borgan sari tikka ko‘tarilib borardi. —
Vudi, katta o‘g‘lim yordam beradi. U o‘n besh yoshga to‘ldi.
— O’g‘illaring ikkita edi, shekilli?