3-bob. Kafanlab qo‘yilgan o‘lik yotgan uyga kirmoq Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu Sunuh degan joydagi
hovlilaridan ot minib keldilar. Otdan tushib masjidga kirdilar-da, odamlarga gapirmasdan
to‘ppa-to‘g‘ri Oisha onamizning hujralariga Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni
ko‘rgani kirdilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (vafot etgan erdilar) yamaniy ko‘k
to‘nlariga o‘rab qo‘yilgan holda yotar edilar. Abu Bakr Siddiq Janob Rasulullohning
muborak yuzlarini ochib, quchoqlab o‘pdilar. So‘ng, yig‘lab turib: «Ota-onam sizga fido
bo‘lsin, yo Rasululloh! Olloh taolo sizga ikki o‘lim bermag‘aydir (Kimlardir: «Janob
Rasululloh yana tirilg‘aydirlar»,- degani uchun shunday dedilar). Ammo, Olloh taolo
peshonangizga yozgan o‘limni ado etdingiz»,- dedilar».
Abu Salama mazkur rivoyatning davomini Ibn Abbos raziyallohu anhudan eshitgan
erkanlar, ul kishi bundoq deydilar: «Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu hujradan qaytib
chiqqanlarida Umar raziyallohu anhu odamlar birlan so‘zlashib turgan erdilar. Abu Bakr
Siddiqqa: «O’tiringiz!» - dedilar. Abu Bakr qattiq xafa bo‘lganlaridan o‘tirgilari kelmadi.
Shunda ul kishi yana: «O’tiringiz!» - dedilar. Abu Bakr baribir o‘tirmadilar. So‘ng, Abu
Bakr Siddiq Kalimai Shahodat aytdilar, odamlar ul kishiga o‘girilib qarashdi. Shunda Abu
Bakr: «Ammo ba’d, kimki (shul kungacha) Muhammad sallallohu alayhi va sallamga
ibodat qilib kelgan ersa, Muhammad sallallohu alayhi va sallam vafot etdilar. Kimki (shul
kungacha) Olloh taologa ibodat qilib kelgan ersa, Olloh taolo hamisha tirikdir, ul hech
qachon o‘lmag‘aydir! Olloh taolo Kalomi Sharifida: «Muhammad sallallohu alayhi va
sallam hammangizga o‘xshagan insondir, sizlardan farqi shuldirkim, ul Ollohning
bandalariga yuborgan elchisidir» degan»,- dedilar (Surai «Oli Imron» ning «ash-
Shokiriyn» degan joyigacha o‘qidilar). Ollohga qasamyod qilib ayturmenkim, odamlar
Olloh taolo ushbu oyati kariymani nozil qilganini bilishmagandek, Abu Bakr Siddiq
o‘qiganlarida o‘rganib oldilar. Ushbu oyatni Abu Bakrdan boshqa biror kishining
o‘qiganini hech kim eshitmagan erdi».
Xorija ibn Zayd ibn Sobit rivoyat qiladirlar: «Ansoriylardan Umm ul-Alo degan bir xotin
Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning nomlarini o‘rtaga qo‘yib, bay’at qilib (ont ichib)
bunday dedi: «Muhojirlardan kim kimning uyida qolmog‘ini aniqlamoq uchun o‘zaro chek
tashlashdik. Shunda Usmon ibn Maz’un bizning chekimizga tushdilar. Biz ul kishini
uyimizga joylashtirdik. Keyin birdan betob bo‘lib qolib vafot etdilar. Mayyitni yuvib, o‘z
kiyimiga kafanlashdi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam mayyitni (Usmonni) ko‘rgani
kirgan erdilar, «Olloh rahmat qilsin sizni, ey Usmon! Sizni Olloh taolo mukarram
qilganining shohidi bo‘lib turibdirmen»,-dedim. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va
sallam: «Olloh taolo uni mukarram qilganini qayoqdan bildingiz?» - dedilar. «Otam fido
bo‘lsin sizga, yo Radulalloh! Olloh taolo shul odamni mukarram qilmasa, kimni
mukarram qilg‘aydir?!» - dedim, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Afsuski, Usmon
vafot etdi. Ollohga qasamyod etib ayturmenkim, men uning oxirati baxayr bo‘lmogini
juda ham istag‘aydirman. Ollohga qasamyod etib ayturmenkim, o‘zim Ollohning rasuli
bo‘laturib oxiratda nechuk muomala bo‘lmog‘ini bilmasman» ,— dedilar. Ollohga
qasamyod etib ayturmenkim, o‘shandan keyin biror mayyitni oldindan jannati deb
aytmoqqa jazm qilmadim».