TAROVIH KITOBI 1-bob. Ramazon kechalari turib tarovih o‘qimoqning fazilati haqida Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam:
«Ramazon kechasining fazilatiga ishonib va savobidan umid qilib (tarovih o‘qimoqqa)
turgan kishining ilgari qilgan barcha gunohlari mag‘firat qiling‘aydir»,- deganlar».
Ibn Shihob raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
vafot qilgunlaricha ham, Abu Bakr raziyallohu anhuning xalifalik davrlarida ham, Umar
ibn Xattob raziyallohu anhu xalifalik qilgan dastlabki yillarda ham kechasi turib tarovih
o‘qimoq tartibi o‘zgarmadi. «Men, -deydirlar Abdurrahmon ibn Abdulqori’,- Umar ibn
Xattob raziyallohu anhu birlan birga kechasi masjidga chiqqan erdim, har yer-har yerda
odamlar to‘p-to‘p bo‘lishib, o‘z hollaricha namoz o‘qishar erdi. Hazrat Umar: «Bularning
barchasini yig‘ib, bir qorini boshliq qilib qo‘ysam, yaxshi bo‘lur erdi»,- dedilar. So‘ng,
ularga Ubay ibn Ka’bni boshliq qilib qo‘ydilar. Ertasiga kechasi ul kishi birlan yana
masjidga chiqdim, odamlar qoriga iqtido qilib namoz o‘qishayotgan erkan. Hazrat Umar
(buni ko‘rib): «Qandoq yaxshi bid’at (ya’ni, Janob Rasulullohdan keyin joriy qilingan bir
yaxshi tartib ma’nosida), tunning birinchi qismida namoz o‘qib, so‘ng uxlab
qolganlaridan ko‘ra, tun oxirida turib, namoz o‘qiyotganlar afzalroqdir!» -dedilar».
Oisha raziyallohu anho: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazon kechasi o‘z
masjidlariga chiqib, namoz o‘qidilar»,- deydilar.
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
Ramazon kechalaridan birida masjidga chiqib namoz o‘qidilar. Janob Rasulullohga iqtido
qilib, odamlar ham namoz o‘qishdi. Bu darhol odamlar orasida ovoza bo‘ldi. Ertasiga
masjidga anchagina odam to‘planib, namoz o‘qishdi. Uchinchi kecha yana ham ko‘proq
odam yig‘ilib, Janob Rasululloh birlan birga namoz o‘qishdi. To‘rtinchi kecha masjidga
odam sig‘may ketdi. Janob Rasululloh bu gal kechasi chiqmadilar, faqat bomdod
namoziga chiqdilar, Bomdoddan so‘ng, xutba tashahhudini o‘qib bo‘lgach, odamlarga
qarab: «Meni sizlarning ko‘payib ketganligingiz cho‘chitgani yo‘q, balkim bul sizlarga farz
bo‘lib qolib, bajara olmay qolg‘aymisizlar, deb qo‘rqg‘aydirmen»,- dedilar. Rasululloh
vafot qilgunlaricha qayta bundoq namoz o‘qilmadi».
Abu Saliyma ibn Abdurrahmon Oisha raziyallohu anhodan: «Rasululloh sallallohu alayhi
va sallam Ramazon kechalari nechuk namoz o‘qir edilar? » - deb so‘radilar. Oisha
onamiz bunday dedilar: «Janob Rasululloh Ramazonda ham, boshqa vaqtda ham
namozni o‘n bir rak’atdan oshirmas erdilar, avval to‘rt rak’at o‘qir erdilar, uning
ko‘rkamligiyu uzunligini so‘ramay qo‘ya qolingiz, so‘ng yana to‘rt rak’at o‘qir erdilar,
uning ham ko‘rkamligiyu uzunligini so‘ramay qo‘ya qolingiz, so‘ng tag‘in uch rak’at o‘qir
erdilar. (Keyin o‘rinlariga yotardilar). Shunda men: «Yo Rasululloh, vitr o‘qimasdan
uxlaydirsizmi?» - der erdim. Ul kishi: «Ey Oisha, ikkala ko‘zim uxlag‘aydir-u, qalbim
uxlamas»,- deb javob qilar yrdilar».