www.ziyouz.com kutubxonasi
35
Nihoyat... umid bulog‘ining tiriklik suvi quridi. Yurakdan darmon ketdi. Parchalanish
ayon bo‘lib qoldi.
Jahongir bu odamni so‘roqqa chaqirganlaridan so‘nggina joyiga qaytdi. Karavotiga
yonboshlab, ko‘zlarini yumdi. Kechadan beri Zokirxo‘jani eslayotgani uchun yana o‘sha
dimiqqan, badbo‘y, nimqorong‘i vagon ko‘z oldiga keldi.
Zokirxo‘ja bilan tanishgan kunning ertasi edi. Yoshi ellikdan oshmagan Zokirxo‘janing
gaplarini eshitgan Jahongir madrasada olgan bilimlarim hech qancha emas ekan-da, deb
o‘tirardi. Poezd to‘xtab qolgan, odamlarning gaplashishga ham xushlari yo‘q edi.
Tepadagi darcha sari bo‘ynini cho‘zib tashqariga qarayotgan uzun bo‘yli qotma kishi
ruschalab bir nimalar deb yubordi. Keyin boshini changallab o‘tirdi. Jahongirning
nazarida kimdir tashqaridan turib uning yuziga tosh-posh otgandek edi. Shu sababli
unga yaqinlashib: «Nima bo‘ldi, birodar», deb so‘radi. Uzun odam darrov javob bermadi,
bosh chayqagan holda o‘zbekchani sal buzibroq:
— Uzing kara, — dedi.
Jahongir oyoq uchida turib temir panjarali darchadan tashqariga qaradi. Bekatda
katta odamlarga nisbatan juldur kiyimli bolalar ko‘p edi. Ularning ayrimlari to‘p bo‘lib
o‘tirar, ayrimlari panaroq joylarda qo‘nishib yotar, ayrimlari o‘lja ilinjida pisib yurar edi.
— Yetimchalarmi bular? — deb so‘radi Jahongir.
— Ha, yetimchalar, — dedi uzun odam. — Parvadigor bizni urgan mayli, bolalarda
gunoh nima? Revolyutsiya degan ajdarni bizga yuborgan, mayli. Bolalarga nima uchun
yuborgan? Bolalarni kiynash urniga bizni uldirmaydimi? Parvardigor bolalarni bizni
kulimiz bilan kiynagan. Bolalarni bizni kulimiz bilan uldirgan. Bola — kelajak. Sin
kelajakni kurding? Kelajak yuk indi. Ular Turkestan kitishyapti. Nonga kitishyapti.
Turkestan non beradi, uy beradi. Lekin baxtni kim beradi? Ota-onasini kim beradi?
— Ha, qiyin bechoralarga. Xor bo‘lib ketishibdi, — dedi Jahongir.
— Bolaga baxt bermagan hukumat xalkiga kelajak bermagan. Bu yamon, judda
yamon. Bu bolalarda indi raxm-shafkat bulmaydi, dust bo‘lmaydi. Bularda nafrat ko‘p
buladi. Kiyin, juda kiyin. Buyuk Rossiya xarob bo‘ldi.
— Kim xarob qildi? — dedi Jahongir. Uzun odam yana afsus bilan bosh chayqadi.
— Biz... biz...
— Siz bizning ham tinchimizni oldingiz.
— Yuk, siz tugri gapirgan emas. Turkestan hali tayyor emas bunaka uzgarishlarga.
Uzbek partiya yo‘k, nima kilishini bilmagan uzbek. Yarmi bolshevik kushuladi, yarmi turk
kushuladi. Mujik bilmaydi. Rus mujik ham bilmaydi.
Poezd vagonlari bir-biriga sharaqa-shuruq urilib, siltanib-siltanib o‘rnidan jildiyu
ularning suhbati uzildi. Vagonda Jahongir bilan Zokirxo‘jadan bo‘lak o‘zbek yo‘q edi. Shu
sababli ular bir necha kun ichida og‘a-inidan ziyoda bo‘lib ketishdi. O‘sha bekatdagi
voqeadan so‘ng o‘zbek tilini biladigan Sergey ham ularga yaqinlashdi.
— Uzbekchani qaerdan o‘rgandingiz? — dedi bir safar Jahongir. U aslida «nimaga
o‘rgandingiz?» deb so‘ramoqchi edi, savolim qaltis chiqmasin, deb lutfga o‘rab shunday
dedi. Sergeyga bunday savollar ko‘p berilardi. U savolning mohiyatini ham bilib turardi.
— O‘zbekning suvi shirin, noni shirin, a? — dedi u Jahongirga. — Tili-chi? Tili bemaza
bulish niga kerak? Tili-da shirin. Urganmagan — bu gunah. Man dvoryanin,
potomstvennыy dvoryanin. Kup til bilgan — madaniyat. Bilmagan — mujik. Angalading?
Zokirxo‘ja oka arab til bilgan. Bu — madaniyat. Men rus ofitseri, otishga kelmagan.
Menga maqsad timuridlar tarixini urganish bulgan. Revolyutsiya hammasiga yul
berkitgan. Anglading?