www.ziyouz.com kutubxonasi
48
— Bu yigit kim? Taniysizmi? — deb so‘radi u sherigidan.
— Siddiq oxunning o‘g‘li bo‘lsa kerak. Ko‘pincha birga ko‘raman.
Oshga kirib kelishayotganida eshik oldida Siddiq oxun yo‘q edi. Chiqishayotganda
ko‘rdi: yo, alhazar!!! O‘ttiz uch yil kutgan diydor kuni shumi?! O‘ttiz uch yil Xudoga nola
qilib akasi bilan uchrashtirishni so‘raganida diydor chog‘ida badanimga muz yugurtir,
oyoqlarimdan darmonni ol, tildan qoldir, demagan edi-ku? Nima bo‘ldi unga? Nima
uchun oyoqlari zil-zambil bo‘lib qoldi? Nima uchun ko‘z oldi qorong‘ulashdi? Nima uchun
hamisha yoniq turgan ong chirog‘i xiralashdi? Yuragi-chi? To‘xtaganga o‘xshaydi...
Sherigi bilagidan olib, «Maza qochdimi, qori» demaganida shu yerda yiqilib qolishi hech
gap emas edi.
O‘shanda ikki aka-ukaning ko‘zlari uchrashdi! Bir juft ko‘z — bu kunni o‘ttiz uch yil
kutgan ko‘zlar oldiga kutilmaganda parda tortildi. Boshqa bir juft ko‘z — bu uchrashuv
sodir bo‘lishini istamagan ko‘zlar esa cho‘g‘day yondi! Ammo bu yonish uzoq davom
etmadi. Yondi-yu, o‘chdi! Chunki bu ko‘z egasining yuragi jon rishtalari uzilishi aniq
ekanini sezgan edi. Ota yurtiga kela-kelguncha «ajal haydamayotgan bo‘lsa bas», degan
xavotiri bor edi. Shu onda xavotiri chinga aylandi. U o‘zini yo‘lbars yashaydigan qafasga
tushib qolgan bechora odam, deb his qildi. Yo‘lbarsning qorni to‘qmi, uni qachon yeydi,
mana shugina muammo edi.
Jahongir Yo‘lchivoyni yana ko‘rish uchun bir necha marta yo‘l poyladi. Ko‘rdi ham.
Lekin unga yaqinlashishga, so‘zlashishga jur’ati yetmadi. Qalbining qaeridadir
yashiringan bir ovoz «Shu sening o‘g‘ling!» derdi. Akasi birinchi suhbatda xunuk xabar
yetkazdi. Tergovchi huzuridagi bu uchrashuvga qadar Jahongir ikki o‘t orasida edi.
Yo‘lchivoy farzandlarining ismini aytayotganda shu paytgacha «Shu sening o‘g‘ling», deb
shivirlayotgan g‘oyibona ovoz birdaniga «Sening o‘g‘ling shu!» deb hayqirib yubordiyu
hushini oldi.
Hozir ko‘zini ochsa, yana Yo‘lchivoyni ko‘radi. G‘oyibona ovoz hayqiradi... Yo‘q,
g‘oyibona ovoz emas, o‘zi hayqiradi: «O‘g‘lim, jonim bolam, o‘ttiz uch yil seni xayolan
bag‘rimga bosib yashadim, kel endi, chinakamiga bag‘rimga olayin!» deydi. U-chi? U
nima deydi? Darrov ishonadimi? Ishonmay-chi? Unda nima uchun o‘g‘liga «Jahongir»
deb ism qo‘yadi? Balki... Xadicha qo‘ygandir bu ismni. Undan yodgorlik deb qo‘ygandir...
Xadicha meni o‘ldiga chiqargandir. Lekin nima uchun Yo‘lchivoy Siddiq oxunni «dada»
deydi? Boqib katta qilgani uchunmi? Unda nima uchun akam yashirdi?!»
Jahongir bu savollariga tezroq javob olish uchunmi, shart ko‘zini ochdi. Oppoq shift
bulutli osmon bo‘lib ko‘rinib, ajablandi. Ko‘zini yumib-ochdi. Fikri biroz ravshan tortdi.
Tergovchining xonasida o‘tirgan edi, bu yerda esa yotibdi. Qo‘l-oyoqlari o‘ziga
bo‘ysunmaydi — qimirlatay desa, qimirlamaydi. Ovozlarga quloq tutdi — uzoqdan emas,
shu yaqin oradan eshitilyapti. Kimlardir past ovozda gaplashishyapti. Gapiray desa og‘zi
ochilmaydi, lablari qurib, bir-biriga yopishib qolganday.
— Ko‘zini ochdi shekilli?
Jahongir ovoz kelgan tomonga qaramoqchi edi, boshini burolmadi.
— Labini ho‘llash kerak...
Labiga suv tomganday bo‘ldi, tamshandi. Nazarida kimdir unga muzdek buloq suvi
tutgandek edi. U yutoqib, ko‘zlarini yumib, huzur qilib icha boshladi. Icha-icha bir
chelakni bo‘shatdi, ikkinchisini... suv qayoqqa ketyapti, bilmaydi. Ichaveradi,
ichaveradi... Suvga to‘yib, atrofiga qarasa — Qirqbelda, hovlisining o‘rtasida turibdi.
Hammayoq oppoq qor. Dadasi hovli chetida — qazosini topgan yerda oyoqyalang turibdi.
«Dada, shamollab qolasiz», desa eshitmaydi. Jahongir unga intildi. Qor uchqunlari
chirpirak bo‘lib to‘zib, uni uchirib ketdi. Jahongir ucha-ucha horidi. Boshqa yurtlarga
borib qoldi shekilli, dimog‘iga o‘zgacha havo urilib, ko‘ngli behuzur bo‘ldi. Hozirgina ikki