Aziz quvchilar


-§. 19 ASRNING OXIRI VA 20 ASR BOSHLARIDA YAPONIYA



Yüklə 363 Kb.
səhifə11/20
tarix27.04.2022
ölçüsü363 Kb.
#115544
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   20
9-sinf. Jahon tarixi

26-§. 19 ASRNING OXIRI VA 20 ASR BOSHLARIDA YAPONIYA
Mamlakatda bozor iqtisodiyotining rivojlanishi 1867—1868-yillarda bo’lib o’tgan o’zgarishlardan so’ng Yaponiyada Tokugava xonadoni qo’lida bo’lgan syogunlik boshqaruvi barham topdi. 1868— 1878- yillarda mamlakatda mohiyatan inqilobga teng «Meydzi islohotlari» (imperator Mutsixito «Meydzi» nomi bilan taxtga o’tqazilgan. Bu so’z «ma’rifatli boshqarav» degan ma’noni angla-tadi) deb atalgan islohotlar o’tkazildi. Imperator Mutsixito parla-mentga o’xshash Davlat Kengashi tashkil etdi. Ishlab chiqarish kuchlarining rivojiga to’sqinlik qiluvchi qonun va tartiblar bekor qilindi. o’sha vaqtga qadar Yevropaning ilg’or davlatlariga, ularning Yapo-niya bilan savdo-iqtisodiy aloqalariga qarshi siyosat hukmron edi. Yangi hukumat Yaponiyani Yevropa bilan «yaqinlashtirish» siyosatini yuritdi. Mamlakatda yagona pul birligi (ien) joriy etildi.

Ayrim-ayrim hokimliklar chegaralaridagi bojxonalar va boshqa to’siqlar olib tashlandi. Bu tadbir mamlakat miqyosida savdo-iqtisodiy aloqalarga keng yo’l ochdi. Yo’llarda dehqonlarning shaharga qochib ketishiga qarshi, ularni tutib joyiga qaytarish uchun qo’yilgan poyloqchilik manzillari tugatildi. Chunki sanoat qishloqdan ishchi kuchi «oqib» kelishidan manfaatdor edi. Bu tadbirlar Yaponiyada ichki bozorning, sanoat tarmoqlarining rivojiga xizmat qila boshladi.

1869- yilda «to’rt tabaqa» haqidagi qonun bekor qilindi. Feodal zamindor samuray, dehqon, hunarmand va savdogar tabaqalar rasman teng huquqli deb e’lon qilindi. 1871- yili huquqsiz quyi tabaqa haqidagi qonun ham bekor qilindi. Barcha tabaqa vakillari kasb tanlashda erkin, tadbirkorlik ishlariga haqli bo’lishdi.

Mamlakatda alohida feodal mulklar tizimi, hokimliklar tugatilib, 75 ta viloyat tuzildi. Natijada markazlashgan hukumat boshqaruvi yuzaga keldi. 1872- yilda yalpi harbiy xizmat haqida qonun qabul qilindi.

1871—1878- yillarda qishloq xo’jaligi sohasida islohotlar o’tkazilib, yerni erkin oldi-sotdi qilish, istagan turdagi ekinlarni ekishga ruxsat berildi. Hosildan hissa ko’rinishidagi soliq pul solig’i bilan almashtirildi. Yerning mayda bo’laklarga bo’linib ketishiga qarshi qonun chiqarildi. Sharoit qanchalik og’ir bo’lmasin, Yaponiyada bozor munosabatlari tez rivojlana boshladi. Yaponiya Yevropa tajribalaridan Sharqda birinchi bo’lib foydalandi, Yevropada uzoq vaqt davomida yuzaga keltirilgan ilg’or sanoat texnikasini Yaponiya tayyor holda olar edi. Davlat bozor ishlab chiqarishini keng yo’lga qo’yish uchun homiylik qilish yo’lidan bordi.

Birinchi galda Yaponiyada to’qimachilik sanoati tez rivojlandi. 1890- yilda u barcha sanoat tarmoqlarining 45 foizini tashkil etdi. 1868—1885- yillarda davlat hisobidan 1300 sanoat korxonasi qurildi. Ular dastlab badavlat sanoatchilarga ijaraga berildi. Keyinroq esa sanoat korxonalari o’z narxining yarmiga, hatto 10—15 foiziga xususiy qilib sotiladigan bo’ldi.

Natijada, Mitsuiva Mitsubisi, Sumitomo, Yasuda, Furukava, Kavasaki, Tanaka, Asano kabi bank egalari yirik sanoat korxonalarining egalariga aylandilar. Yaponiya sanoat va capital sohalarida o’sha davrdagi Rossiyadan o’n barobar tezroq rivojlanmoqda edi. Yapon kapitalizmi ko’proq bank kapitalizmi tusini oldi.

Sanoat markazlashuvi va ixtisoslashuvidan ko’ra bank sarmoyalarining markazlashuvi tezroq bordi. Islohotlar davri, sanoatda yangilanish jarayoni kapital jamg’arish bilan barobap davom etdi. Mablag’larni savdo, transport va banklarga solish ko’proq foydali bo’lib qoldi.

Yaponiyada monopolistik kapitalizm feudal monarxiya qoldiqlan bilari chirmashib ketdi. Bujihatdan Yaponiya Rossiyaga o’xshab ketardi.

Angliya, Fransiya, AQShdan farqli o’laroq, Yaponiyada hokimiyat burjuaziya qo’lida bo’lmay, balki pomeshchik-burjuaziya bloki qo’lida edi.

Yaponiya Xitoydan kontributsiya tariqasida olgan katta miqdordagi tovon pulini armiya va flotni kuchaytirishga sarfladi. Harbiy buyurtmalar yuzasidan qiladigan hisob-kitoblar natijasida bu mablag’lar yirik sanoat va temiryo’llarga sarflanadigan bo’ldi. Yaponiya hukumati og’ir
industriyani rivojlantirishga alohida e’tibor berdi.

1900—1913- yillarda sanoat ishlab chiqarishi AQShda 85 foiz, Germaniyada 54 foiz, Fransiyada 51 foiz, Angliyada 25 foiz o’sgan bo’lsa, Yaponiyada 181 foiz o’sdi. U ishlab chiqarish bo’yidia Italiyadan o’zib ketib, Fransiyaga yaqinlashdi. Mamlakatda sanoat, savdo-sotiq va banklar konsentratsiyalashib, monopoliyalar vujudga keldi.


Yaponiyada yangi islohotlar tezkorlik bilan ro’y berdi. Sanoat rivoji o’z natijasini ko’rsata boshladi.

Kapitalizm taraqqiyoti dehqonlarning yerdan ajralishi bilan birgalikda bordi. 1883- yilda 33 ming dehqon yerdan ajralgan bo’lsa, 1885- yilga kelib bu raqam 108 mingga yetdi. Natijada, ular shaharga ketib, yollanma ishchilarga aylandilar. Sanoat egalari yangicha, ilg’or ishlab chiqarishni keng yo’lga qo’yib, mamlakatni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqa boshladilar. Sanoat korxonalarining soni yildan yilga ko’payib bordi.

Lekin ishchilarning ish haqi juda past edi. Ish vaqti 15—18 soat davom etardi. Korxonada texnika xavfsizligiga javobgarlik yo’q edi. Buning ustiga yapon ishchilari va mehnatkashlari na siyosiy, na ijtimoiy huquqlardan foydalanar edilar. Bunday sharoit, albatta, norozilikka sabab bo’lar edi. Bu holat 1881 -1896- yillar orasida Yaponiya mehnatkashlarinlng bir qator kasaba uyushmalari tuzilishiga olib keldi.

Yaponiyajamiyatining ilg’or qatlami 1872— 1882- yillarda vakolatli parlament tizimi o’rnatish uchun kurashdilar. Hukumat 1878- yilda prefektura (viloyat)larda mahalliy o’z-o’zini boshqaruvni joriy qilishga majbur bo’ldi. 1881- yilda Imperator parlament tuzishga va’da berdi.

Iqtisodiy islohotlar burjuaziyaning o’sishiga va siyosiy Jihatdan kuchayishiga sabab bo’ldi. Burjuaziya davlatga rahbarlikni o’z qo’liga olishni da’vo qila boshladi.

Hukumat «yon berishga» qaror qildi. Nlhoyat, 1889- yil 11-fevralda Prussiya Konstitutsiyasi namunasi asosida tuzilgan Konsti-tutsiya yuzaga keldi. Mamlakatda ikki palatadan: yuqori (perlar) va quyi palata (vakillar)dan iborat parlament tuzildi. Parlamentning yuqori palatasi a’zolaridan bir qismi zodagonlardan va Imperator tayinlaydigan shaxslardan iborat bo’lsa, bir qismi mulkdorlardan 7 yilga saylanar edi. Quyi palata 4 yilga saylangan. Yaponiyaning atigi bir foiz aholisi saylov huquqiga ega bo’ldi.

Konstitutsiya Imperatorning mavjud barcha huquqlarini nafaqat saqlab qoldi, balki unga yanada keng huquqlar berdi. Masalan, u parlamentni chaqirish, ochish, tarqatib yuborish, qonunllar o’rniga oliy farmonlar chiqarish, qo’shinlarning Oliy Bosh qo’mondoni bo’lish, urush e’lon qilish, sulh tuzish kabi huquqlarni o’zida saqlab qoldi. Konstitutsiyaga ko’ra, Vazirlar Kengashi faqat Imperatorga hisob berardi.

Imperator xonadoni vakillaridan iborat davlatmandlar perlar palatasida asosiy ko’pchilikni tashkil qilardi. Parlamentning barcha qarorlari Imperator huzuridagi Yashirin Kengashdan o’tishi zarur edi. Saylov huquqi mol-mulk senzi bilan cheklandi. Saylov yoshi 25 yosh qilib belgilandi. Shunga qaramay, Yaponiyadek feodal an’analarga boy mamlakatda Konstitutsiya qabul qilinishining o’zi katta voqea edi. Aholining kambag’alligi sanoat mahsulotlarining sotib olinishini qiyinlashtirdi. Bu hodisa Yapon hukmron doiralarini qo’shni davlatlar hududlarini bosib olishga undagan. Bu maqsadni ro’yobga chiqarish uchun Yaponiya zo’r berib qurollandi.

Yaponiyaning bosqinchilik maqsadlari Koreya, Xitoy, Tinch okean havzasiga qaratildi. Tez orada Yaponiya bosqinchilik urushlarini boshlab yubordi. 1874- yili Tayvan oroliga hujum qildi. 1872—1879- yillarda Yaponiya, Xitoyning noroziligiga qaramay, Ryukyu orolini bosib oldi. AQSh 1875- yilda Yaponiyani tan olib, unga mustamlakachilik ishlarida «madad qo’li»ni cho’zdi. 1875- yilda Yaponiya Janubiy Saxalin hisobiga Kuril orollarini Rossiyadan ajratib, o’ziga qo’shib oldi. 1875- yilda Yaponiya Koreyaga hujum qildi va Kanxva orolini bosib oldi. 1876- yili yaponlar uchun Koreya «ochiq» mamlakat deb e’lon qilindi. Yapon mollari bojsiz sotiladigan bo’ldi. Shu yo’l bilan Koreya Xitoy ta’siridan ajratib olindi.

Yaponiya-Xitoy munosabatlaridagi ziddiyat 1894-1895- yillarda urushga olib keldi. 1894-yil iyulida Yaponiya Seulda saroy to’ntarishi uyushtirib, yaponparast hukumat tuzdi va poytaxt gornizonini qurolsizlantirdi. Bu hodisa 1894- yil avgustida yapon-xitoy urushi boshlanishiga olib keldi. Xitoy harbiy flotining transport kemalari cho’ktirildi. Ayni paytda, yapon qo’shinlari urush e’lon qilmasdan Koreyada turgan Xitoy harbiy qismlariga hujum qildi. 1894- yilda Xitoy qo’shinlari Pxenyan yonida mag’lubiyatga uchradi. Bu hol Yaponiyaning Uzoq Sharqda ustunlikka ega bo’lishiga yo’l ochdi. Yaponiyaning zamonaviy qurollar bilan ta’minlangan harbiy kuchlari ham quruqlikdan, ham dengizdan hujum uyushtirib, Xitoy qo’shin-larini mag’lubiyatga uchratdi. 1895-yil 17- aprelda Simonoseki sulhi tuzildi. Xitoy Koreyaning musta-qilligini tan oldi. Lyaodun, Tayvan, Penxu (Peskador) orollarini Yapo-niyaga berdi. Shunindek, Yaponiyaga katta miqdorda tovon to’lashga majbur etildi.

Teng bo’lmagan shartnomaga ko’ra, Yaponiya o’z savdosi uchun Xitoyni «ochib» qo’yish, Xitoy hududida yangi sanoat korxonalarini qurish va ulardan foydalanish huquqini oldi.

Yaponiya-Xitoy urushi Yaponiyani monopolistik kapitalizm yo’liga olib kirdi. Uzoq Sharqda uning harakatlari erkinlashdi. Shu bilan birga, G’arb davlatlari bilan Yaponiya o’rtasida noteng iqtisodiy bitimlarning bekor qilinishiga olib keldi.

1895- yili Yaponiya 10 yillik qurollanish dasturini qabul qildi. Ayni paytda, Yaponiya xalqaro miqyosda zo’r berib diplomatik muzokaralar olib bordi. Masalan, 1902- yili Angliya bilan 5 yillik bitim tuzib, Xitoyda Angliya— Yaponiya manfaatlarini belgilab oldi. AQSh Yaponiyani quvvatlashini bildirdi va Germaniya, Fransiyani ham shunga chaqirdi. Shunday qilib, muqarrar bo’lib qolgan urushda Rossiya yolg’izlatib qo’yildi. Rus-yapon urushi 1904-yil 24- yanvarda boshlandi (20-§ ga qarang).

1910- yil Yaponiya Koreyaning anneksiya qilinganligini rasman e’lon qildi. Yaponiya hukumatining talabi bilan Koreya imperatori o’zining butun hokimiyatini «abadiy va batamom» Yaponiyaga top-shirdi. Koreyada ma’muriy mansablarning barchasini yaponlar egal-lab oldilar. Koreys xalqining milliy madaniyati poymol qilindi. Mak-tablarda koreys tilida o’qitish taqiqlandi. Koreyada qurilayotgan yapon sanoat korxonalarida koreyslar qattiq ekspluatatsiya qilina bosh-landi.Yapon bosqinchilari «qilich bilan chopish» rejimini o’rnatdilar.

Yaponiya endilikda barcha e’tiborni Xitoyga qaratdi. Yevropa davlatlari va AQShning Xitoy boyliklaridan foydalanishi Yaponiyani ham Xitoy mulklaridan foydalanishga undar edi. Ishtahasining «ochilib» ketishi AQSh va Angliya bilan munosabatlarining yomonlashuviga olib keldi. Yaponiya Uzoq Sharqda «xavfli raqib»ga aylandi. Rossiya bilan Mo’g’uliston va Manjuriyada «ta’sir zonalari» ni bo’lib olish haqidagi bitimlar (1907—1912) Uzoq Sharqdagi kuchlar nisbatini Yaponiya foydasiga keskin ravishda o’zgartirib yubordi. Shu tariqa, Yaponiya ham yangi urush girdobiga tobora ko’proq tortilib boraverdi.


Yüklə 363 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin