Meni bechora bu dunyo bila uqboga sig’mamdur.' Mashrab nafaqat nola qiluvchi emas, balki isyonkor shoir sifatida zulm va razolat ildizini qirqish uchun yomonlarga va yomonlikka qarshi she`rlari, muxammas va mustazodlari bilan qalqon bo`ldi, amaldorlarning kirdikorlariga qarshi o`z nafratini bildirdi. Mashrab ijodining asosiy mavzusi ishq-muhabbat masalasidir. Uning falsafiy, ijtimoiy-axloqiy qarashlari ham shu muammoga buysundirilib ifoda etiladi. Mashrab xalq ichida iste`dodli shoirgina emas, o`tkir so`zli, hozirjavob hajvchi sifatida ham mashhur edi. Mashrab xalq xotirasida Nasriddin Afandi timsolini eslatar edi, bu esa aslida u avliyo kishi bo`lib bu uning har bir narsadan tez xulosa chiqarib, hajv qila olganligida ko`rinadi: uni xalq eng adolatparvar, haqiqatguy, barchaga g’amxo`r, olijanob axloqiy fazilatlarga ega shaxs sifatida tan olgani manbalardan ma`lumligini olimlar qayd etadilar. Tarixdan ayonki, Mashrab ijod etgan davrda ijtimoiy hayotda adolatsizliklar avjga mingan edi. Shoir hayoti va ijodi bo`yicha qilingan ishlarda, tadqiqotlarda qayd etilganideq, uning dunyoqarashida so`fiyona mayllarning joy topishi, she`rlaridagi ba`zi she`riy ramzlarning tasavvufiy buyoklarda ifoda etilishida u yashagan zamon va salbiy hodisalarga boy sharoitning ham bevosita ta`siri bo`lgan. Mashrab o`z zamonasining mash`um jazolariga mahkum etilgan shaxs. Shunga qaramay u o`limni emas, tiriklikni sevgan: Ko`rmakka sani tun kechalar uyg’onadurman,- ey mohi jahonim. Ohista yurub dargahingga man yonadurman,- Ey ko`zi xumorim. Bizningcha, u insonni tushunishga, umr g’animatligini his etishga, kim bo`lmog’idan qat`i nazar, odam farzandiga o`limni ravo ko`rmaslikka da`vatdir. Mashrab bu ma`noda, «shahidi ishq» (bu ilohiy ishqqa ishora) baxtiga, albatta, noil bo`lmog’ini oliy maqsad qilib belgilagani sababli ham o`limni eslab, eslatib boradi. Ikkinchidan, Mashrab idroq dunyoqarash va olam sirlarini bilishda o`zicha peshqadam, o`zicha yuksak xayolotli san`atkordir. Uning izlanuvchan beorom ruhi o`tmish va voqealikni bir-biriga qiyoslash, o`zi yashayotgan zamonni moziy saboqlari bilan baholash yo`lidan borib, uni ma`rifat bilan boyitgan. Uning yolg’izlanishining, mavjud voqelik va muhit odamlaridan yiroqlashish hislarining kun sayin kuchaya borishining bitta sababi ham shunda.