Taom berish va husni xulq fazilati bobi hadislari
717-hadis. Sanadida zaiflik, uzilish bor.
718-hadis. Muttafiqun alayh.
719-hadis. Hasan. Ahmad, Termiziy, Ibn Mojjalar rivoyat qilgan.
720-hadis. Hasan. Ibn Mojja, Abu Na’im, Hokim rivoyat qilgan. “As-sahiha”ga qarang.
721-hadis. Juda zaif. Abu Ya’lo, Bazzor, Abu Na’im, Hokim, Asbahoniy rivoyat qilgan.
722-hadis. Sahih. Muslim, Termiziy, Ahmad rivoyat qilgan.
723-hadis. Zaif. Ahmad, Ibn Hibbon, Hokim, Bayhaqiy, Qazoiy rivoyat qilgan.
724-hadis. Sahih. Ahmad, Bayhaqiy rivoyat qilgan. “As-sahiha”ga qarang.
725-hadis. Sahih. Molik, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
726-hadis. Bayhaqiy rivoyat qilgan.
727-hadis. Zaif. Tabaroniy rivoyat qligna.
728-hadis. Abu Ya’lo, Tabaroniy rivoyat qilgan.
OLTMISH TO‘RTINCHI BOB ALLOHGA TAVAKKUL
Faqih Abu Lays Samarqandiy: “Solim ibn Jo’ddan rivoyat qiladilar. Iso ibn Maryam aytdilar: “Ertangi kunni o‘ylab, taomni yashirmanglar. Chunki ertangi kun rizqi bilan keladi. Chumoliga kim rizq berayotganini qaranglar, agar chumolining qorni kichkina desanglar, qushlarga qaranglar, qushlarning qorinlariga e’tiroz bildirsanglar, hayvonlarning kattaligi va semizligiga qaranglar”.
Abu Majlaz rivoyat qiladilar. Umar (r.a.) aytdilar: “Qaysi holatda – yaxshi ko‘rgan narsamdami, yomon ko‘rgan narsamdami tong ottirganimga parvo qilmayman. Chunki
yaxshilik yomon ko‘rgan narsamdami yoki yaxshi ko‘rgan narsamdami, qaysisida ekanini bilmayman”.
729. Matlab ibn Xontabdan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Alloh taolo buyurgan narsalarning hammasini sizlarga buyurdim, birontasini tark qilmadim, Alloh qaytargan narsalarni ham qoldirmay aytdim. Ogoh bo‘linglar, Jabroil har bir jon o‘ziga yozilgan narsalarni olmasdan turib o‘lmasligini qalbimga soldi. Kimda mana shu (yozilgan)lardan biron narsa kechiksa, uni chiroyli talab qilsin. Chunki sizlar Alloh huzuridagi narsaga uning mislicha bo‘lgan toat bilan erisholmaysizlar”.
730. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Kimni odamlarning kuchlisi bo‘lish xursand qilsa, Allohga tavakkal qilsin. Kimni odamlar ichida taqvodor bo‘lish xursand qilsa, Allohdan taqvo qilsin. Kimni odamlarning boyrog‘i bo‘lish xursand qilsa, Allohning huzuridagi narsaga bo‘lgan ishonchi qo‘lidagi narsaga bo‘lgan ishonchidan kuchliroq bo‘lsin”.
Dovuddan (alayhissalom) zikr qilinadi. U kishi o‘g‘illari Sulaymonga (alayhissalom) aytdilar: “Ey o‘g‘lim, kishining taqvodorligiga uch narsa dalolat qiladi: yetishmagan narsasida Allohga chiroyli tavakkal qilish, yetishgan narsasiga chiroyli rozi bo‘lish va ketgan narsasiga chiroyli sabr qilish”.
Abu Munti’ Balxiydan zikr qilinadi. U kishi Hotamul Asamga (Alloh ikkovlaridan ham rozi bo‘lsin) aytdilar: “Menga sizning sahrodan hech bir zahirasiz, Allohga tavakkal qilib o‘tishingiz ma’lum bo‘ldi”. “Yo‘q, zaxira bilan o‘taman, – deb javob qildilar Hotam, – mening to‘rtta zaxiram bor”. “Ular qanaqa narsalar?” deb so‘radilar. Aytdilarki: “Dunyoning hamma joyini Allohning mamlakati bilaman, maxluqotlarning barchasini Allohning boqimondasi bilaman, barcha sabab va rizqlarni Allohning qudratidan
bilaman, Allohning qazosini hamma yerda amalga oshuvchi bilaman”. Abu Muti’ aytdilar: “Ey Hotam, sizning zaxirangiz qanday yaxshi ekan. Siz bular bilan, dunyo sahrosi nima bo‘libdi, oxirat sahrosidan ham o‘tib ketasiz”.
Zikr qilishlaricha, bir kishi Shaqiqning oldlariga kelib: “Menga nasihat qiling”, dedi. Shaqiq aytdilar: “Uch narsani saqla: Allohga ibodat qil, U seni sobitqadam qiladi. Allohning dushmani bilan urush, Alloh senga yordam beradi. Allohning va’dasini tasdiq qil, U va’dani senda ro‘yobga chiqaradi”.
731. Ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: “Agar ilm ahllari ilmlarni saqlab, uni ahliga sarflaganlarida, zamondoshlarining hammasi baxtli bo‘lardi. Lekin ular ilmni dunyo ahllariga ularning dunyosiga ega bo‘lish uchun sarfladilar va uning (ilmning) ahliga beparvo bo‘ldilar. Payg‘ambarimizning (s.a.v.): “Kimning g‘ami bitta (ya’ni, oxirat g‘ami) bo‘lsa, Alloh taolo uning dunyoviy ishlariga kifoya bo‘ladi. Kim dunyo ishlarini muhim bilib, shug‘ullanib qolsa, jahannamni qaysi vodiysida halok bo‘lishiga, qaysi vodiysida azoblanishiga Alloh taolo parvo qilmaydi”, deganlarini eshitganman”.
Aytishlaricha, Tavrotda bir narsa yozilgan: “Qo‘lingni harakatlantir, rizqing keng bo‘ladi, senga buyurgan narsalarimga itoat qil va seni isloh qiluvchi narsa haqida menga o‘rgatma”.
Ali ibn Abu Tolibdan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi aytdilar: “Islom to‘rtta narsaning
ustida qoim turadi: ishonch, adolat, sabr va jihod”.
Ulamolar bu to‘rtta narsani tafsir qilib aytishadiki: “Ishonch ikki xil: biri, amalini xolis qilish, uni dunyo boyligi talabida va odamlarning roziligini olish uchun bajarmaslik. Ikkinchisi, Allohning rizq haqidagi va’dasiga amin bo‘lish. Adolatning ikki xili quyidagilar: agar zimmasida birovning haqqi bo‘lsa, o‘zinikini talab qilishdan oldin uni ado etish va va boshqa kishidan haqqini yumshoqlik bilan so‘rash. Sabrning ikki xili:
Allohning farzlarini ado qilishda sabrli bo‘lish va Alloh man’ qilgan narsalarga sabr qilish. Jihod ham ikki xildir: birinchisi, dushmandan g‘aflatda qolmaslik. U dushman shaytondir. Banda undan g‘aflatda qolsa ham, u bandadan g‘ofilda qolmaydi. U bo‘riga o‘xshaydi. Bo‘ri ham podaga tushganida, g‘aflatda qolgan qo‘yni ovlaydi. Ikkinchisi, mol-dunyodir. Chunki odam farzandining aksar fitnasi mol-dunyo uchundir. Bas, g‘ururlantirib qo‘ymasligi uchun molning kamiga rozi bo‘l”.
Shaqiqdan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi Hotamul Asamdan (r.a.): “Siz mening oldimga qachondan beri kelasiz?” deb so‘radilar. Hotam: “O‘ttiz yildan beri”, dedilar. “Shu o‘ttiz yil ichida nima o‘rgandingiz?” deya savol berdilar keyin Shaqiq. “Olti kalima o‘rgandim. Agar bularga amal qilsam, dunyo fitnasidan najot topaman, deb umid qilaman”, dedilar Hotam. Shaqiq: “U kalimalarni menga ham ayting, shoyad, men ham amal qilib, najot topsam”, dedilar. Hotam aytdilar: “Birinchisi, Allohning:
“Qimirlagan jonzot borki, barchasining rizqi Allohning zimmasidadir” (Hud, 6), degan oyatiga qaradim va men ham o‘zimni Alloh taolo rizq berayotgan shu jonzotlardan biri deb bildim, menga ajratilgan narsalar, albatta yetishiga ishondim. Shunday katta
filni rizqlantirgan Alloh taolo kichkinagina pashshani ham unutmagan, shuning uchun ishlarimni Allohga tashlab, ibodat bilan mashg‘ul bo‘ldim. Boshqa ishlarni muhim bilmadim”.
Shaqiq: “Siz tushingan narsa qanday yaxshi ekan. Ikkinchi kalima nima?” dedilar. Hotam aytdilar: “Allohning:
“Mo‘minlar shak-shubhasiz og‘a-inilardir” (Hujurot, 10¬oyat), degan so‘ziga ko‘ra, mo‘minlarning hammasini birodar deb bildim. Birodar birodariga shafqatli bo‘lmog‘i lozim. Va odamlar orasidagi dushmanchilikning aslini hasaddan deb bildim. Shuning uchun harakat qilib, hasadni qalbimdan chiqarib tashladim. Hattoki mashriqda bir mo‘minga g‘am yetsa, o‘sha g‘am menga yetgandek g‘amgin bo‘ldim, mag‘ribdagi bir musulmonga yaxshilik yetsa, go‘yoki menga yetgandek xursand bo‘ldim”.
Shaqiq: “Siz tushungan narsa qanday yaxshi ekan. Uchinchi kalima nima?” deb so‘radilar. Hotam aytdilar: “Har bir insonning do‘sti¬habibi borligini ko‘rdim. Do‘st do‘stiga muhabbatini zohir qilmog‘i lozim. Men Allohning toatini do‘st tutdim. Chunki undan boshqa hamma do‘stlar mendan uziladi. Faqat Allohning toati qoladi. U men bilan qabrda, mahshargohda, sirot ustida birgadir. Barcha do‘stlarimdan uzildim va Allohning toatini do‘st qilib oldim”.
Shaqiq yana dedilar: “Siz o‘ylagan narsa qanday yaxshi! Endi to‘rtinchi kalimani ayting”. Hotam aytdilar: “Har bir insonning dushmani borligini ko‘rdim, dushmanga dushmanlik qilish, undan saqlanish lozim. Bas, men kofir va shaytonni o‘zimga dushman deb
topdim. Kofirning dushmanligini shaytonning dushmanligidan yengil ko‘rdim. Chunki u
men bilan urishib, meni o‘ldirsa, shahid bo‘laman, agar uni o‘ldirsam, savobga yetgan bo‘laman. Shayton esa, meni men uni ko‘rmagan joyda ko‘radi. So‘ngra o‘zi bilan birga do‘zaxda bo‘lishimni xohlaydi. Uning dushmanligi bilan bo‘lib, boshqaning dushmanligini unutdim”.
Shaqiq aytdilar: “Siz o‘ylagan narsa qanday yaxshi! Beshinchi kalima nima?” Hotam dedilar: “Har bir insonda uy borligini ko‘rdim. Albatta, uy uchun ta’mir lozim. Men esa, qabrni manzil bildim va uning ta’miri bilan mashg‘ul bo‘ldim”.
Shaqiq dedilar: “Siz o‘ylagan narsa qanday yaxshi. Endi oltinchi kalimani ayting”. Hotam aytdilar: “Har bir narsaning xaridori borligini ko‘rib, xaridorimni o‘lim farishtasi deb bildim. Ammo uning qachon kelishini bilmayman. Unga to‘y kechasi kuyov uyiga olib ketadigan kelinchakdek tayyorlandim. Qachon kelsa, undan kechiktirishni talab qilmayman”. Shunda
Shaqiq aytdilar:“Siz o‘ylagan narsa qanday yaxshi! Agar amal qilsak, siz ham, men ham, albatta, najot topamiz”.
732. Abdurahmon ibn Abu Laylo aytadilar: “Bir kishi Payg‘ambarning (s.a.v.) oldilariga kelib: “Ey Allohning elchisi, tuyamni qo‘yib yuborib tavakkul qilayinmi yoki bog‘lab qo‘yibmi?” deb so‘radi. Nabiy (s.a.v.): “Uni bog‘lab, keyin Allohga tavakkul qil”, dedilar”.
Hakimlardan biri aytadi: “Alloh do‘stlarining xislati uchtadir: Allohga ishonch, har narsada Allohga muhtojlik qilish va har narsada Allohga murojaat etish”.
Fuzayl ibn Iyoz (r.a.) aytadilar: “Odamlarga odamlarning yoqimli odamlardan behojat bo‘lgani va ulardan hech narsa so‘ramaydiganidir. Odamlarga odamlarning yoqmaydigani ularga muhtoj bo‘lganidir. Alloh uchun odamlarning suyumlirog‘i Allohga muhtoj bo‘lgani va undan so‘ragani, Allohga odamlarning yomonrog‘i Undan behojat bo‘lgani va hech narsa so‘ramaganidir”.
Zikr qilinishicha, Luqmoni Hakim o‘lim mahalida o‘g‘illariga aytganlar: “Shu paytgacha senga ko‘p nasihat qildim. Endi men senga oldingilaru oxirgilar ilmini jamlagan oltita narsani vasiyat qilaman:
1) dunyoning keragidan ortig‘i bilan shug‘ullanib qolma;
2) Alloh taologa hojating boricha ibodat qil;
3) oxirat uchun, unda qanday maqomni ko‘zlayotgan bo‘lsang, shu miqdorda amal qil;
4) shug‘ullanishing do‘zaxning har bir jonga tegishi aniq bo‘lgan oloviga chidaming miqdorida bo‘lsin;
5) Allohga gunoh qilishing Uning azoblariga sabr qilishing miqdoricha bo‘lsin;
6) agar Allohga gunoh qilsang, Alloh va farishtalar ko‘rmaydigan joyda qil”. (Unday joyning esa, o‘zi yo‘q. – Muharrir.)
Bir hakimdan: “Yaqiyn (aniq ishonch) bilan tavakkulning orasida qanday farq bor?” deb so‘rashdi. “Yaqiyn oxirat ishlarida, tavakkul dunyo ishlarida Allohni tasdiq etmog‘ingdir”, deb javob qildi u.
Aytishlaricha, tavakkul ikki xildir: rizqdagi tavakkul, ya’ni rizqning kelishidan xotirjam bo‘lish; amalning savobidan tavakkul, ya’ni, Allohning savob berish to‘g‘risidagi
va’dasiga iymon keltirish va amalning qabul bo‘lish-bo‘lmasligidan qo‘rqish.
Ato ibn Soib Ya’lo Ibn Murraning shunday deganlarini rivoyat qiladilar: “Alining (r.a.) sohiblaridan bir nechtasi yig‘ilib, “Amirul mo‘mininni qo‘riqlasak, chunki u kishi jang qilyaptilar, jonlariga suiqasd etilishi mumkin”, dedik. O‘shanda biz u kishining hujralari oldida turgan edik, u kishi namozga chiqayotgan ekanlar, “Bu nima qilganlaringiz?” deb so‘radilar. Sizni qo‘riqlab turibmiz. Chunki siz jang qilyapsiz. Sizga suiqasd qilinishidan qo‘rqamiz”, deyishdi yonimdagilar. Ali: “Meni osmon ahlidan qo‘riqlaysizlarmi yoki yer ahlidan?” dedilar. “Yer ahlidan qo‘riqlaymiz, ey Amirul mo‘minin. Osmon ahlidan sizni qo‘riqlashga qodir emasmiz”. Shunda Ali (roziyallohu anhu) aytdilar: “Yerda hech narsa bo‘lmaydi, toki, Alloh osmonda taqdir qilmagunicha. Har bir kishiga ikki farishta vakil qilingan, uni qadari kelgunicha qo‘riqlashadi. Qachon taqdiriga yozilgani kelsa, uni va qadarining orasini xoli qo‘yishadi”.
Allohga tavakkul bobi hadislari
729-hadis. Shohidlariga ko‘ra, sahih. Shofe’iy, Bayhaqiy rivoyat qilgan. “Ad-dau vad-dava”ga qarang.
730-hadis. Juda zaif. Abu Na’im, Hokim rivoyat qilgan.
731-hadis. Zaif. Ibn Mojja, Abu Na’im rivoyat qilgan.
732-hadis. Hasan. Termiziy, Ibn Abu Dunyo, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
OLTMISH BESHINCHI BOB XUDOJO‘YLIK
Faqih Abu Lays Samarqandiy Muhammad ibn Fazldan, u Muhammad ibn Ja’fardan, u
kishi Ibrohim ibn Yusufdan, Abu Ja’fardan, Saiddan Qatodaning (r.a.) bunday deganlarini rivoyat qiladilar: “Abdulloh ibn Mutraf: “Ikki kishiga uchradingiz, birining namozi, ro‘zasi, sadaqasi ko‘p, ammo ikkinchisining savobi unikidan ortiq”, derdi. “Bu qanday bo‘ladi?” deyishsa, “Ikkinchisining taqvosi kuchliroqdir”, deb javob qilar edi”.
733. Abdulloh ibn Ravoha Mu’ta jangiga ketayotib: “Ey Rasululloh, menga vasiyat qiling”, dedilar. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Sen sajda kam bo‘lgan joyga boryapsan. U yerda sajdani ko‘paytir”. Ibn Ravoha: “Yana qo‘shing” dedilar. Nabiy (s.a.v.): “Allohni zikr qil. Chunki U sen istayotgan narsaga yordam beradi”, deb aytdilar. Ibn Ravoha ketdilar, ammo qaytib kelib, tag‘in: “Ey Rasululloh, menga yana nasihat qiling”, dedilar.
Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Alloh taoloni zikr qil. Alloh taolo toq, toq narsalarni yaxshi ko‘radi”. Ibn Ravoha: “Yana ziyoda qiling”, dedilar. Nabiy (s.a.v.): “O‘nta yomonlik qilsang, bitta yaxshilik qilishga ojiz bo‘lma”, dedilar.
734. Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Mendan olti narsani olinglar, sizlarga jannat bo‘ladi. Gapirsanglar, to‘g‘ri gapiringlar, va’da bersanglar, xilof qilmanglar, omonat olsanglar, xiyonat etmanglar, ko‘zlaringni (haromdan) tiyinglar, farjlaringni saqlanglar, qo‘l va oyoqlaringni haromdan to‘singlar va Parvardigorlaringning jannatiga kiringlar”, dedilar”.
735. Amron ibn Husayndan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Alloh taolo: “Ey bandam, senga farz qilgan narsamni ado et, insonlarning obidrog‘i bo‘lasan, qaytargan narsalarimdan qayt, insonlarning taqvodorrog‘i bo‘lasan, rizq qilib bergan narsamga qanoat et, insonlarning boyrog‘i bo‘lasan”, dedi”.
Fuzayl ibn Iyoz (r.a.) aytadilar: “Beshta narsa baxtning alomatidan: qalbdagi qat’iy ishonch, dindagi taqvo, dunyoning ichida turib, undan yuz o‘girish –zuhd, ikki ko‘zdagi hayo va badandagi qo‘rqinch. Beshta narsa badbaxtlik alomatidan: qalbning qattiqligi, ikki ko‘zning quruqligi (ya’ni, Allohdan qo‘rqib yig‘lamaslik. – Muharrir), hayoning ozligi, dunyoga rag‘bat etish, uzun orzu qilish”.
Umar ibn Xattob (r.a.): “Bizlar o‘nta halolning to‘qqiztasini shubha yoki haromga tushib qolamiz, degan qo‘rqinchda tark qildik”, deydilar.
Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) ham shunga o‘xshash gapni aytganlar.
Yana hakimlardan biri deydilar: “Dunyoning ishlari ajib, lekin men g‘ururlangan odam bolasining beshta narsasiga ajablanaman:
1) dunyosi ko‘p bo‘lgan kishining ortiqcha molini muhtoj bo‘ladigan kuni (ya’ni, oxirati)
uchun ishlatmaganiga hayronman;
2) gapiruvchi tilning Alloh zikridan, Qur’on tilovat qilishdan qolganiga ajablanaman;
3) salomat bo‘lgan, lekin ro‘za tutmasdan yurgan odamga hayronman. Qanday qilib oyda uch kun ro‘za tutmaydi va ro‘za tutsa, ro‘zasining mukofoti qanday bo‘lishi haqida fikr yuritmaydi;
4) tonggacha uxlaydigan kishiga ajablanaman. Nega kechasidagi ikki rak’at namozning fazli haqida fikrlamaydi, fikr yuritib, bir soatgina qoim bo‘lmaydi;
5) Allohga isyon qilishga jur’at etgan kishiga hayron bo‘laman. Alloh qaytargan, gunoh ishlarni qiyomat kuni Unga ro‘baro‘ bo‘lishini bilaturib qiladi. Qilgan ishi xususida fikr yuritmaydi, yomonlikdan qochmaydi”.
Ibn Muborak (r.a.) aytadilar: “Haromdan topilgan bir so‘mni tark etish yuz ming so‘mni sadaqa qilishdan afzaldir”.
Abdulloh ibn Muborak haqida bunday rivoyat ham bor. U kishi Shom shahrida hadis yozayotgan edilar, yozayotgan qalamlari sinib qolib, bir kishidan qaytarib berish sharti bilan qalamini oldilar. Yozib bo‘lgach, qaytarish yodlaridan ko‘tarilib, qalamdonga solib qo‘ydilar. So‘ng Marv shahriga kelganlarida, qalamni ko‘rib qoldilar va uni qaytarishni unutgani yodlariga tushdi, so‘ng qalamni egasiga yetkazish uchun yana Shom safariga hozirlandilar.
736. Sha’biy (r.a.) No‘’mon ibn Bashirdan (r.a.) rivoyat qiladilar. U kishi aytadilar: Payg‘ambarning (s.a.v.) bunday deganlarini eshitdim: “Harom va halol narsalar bayon etildi. Ikkovining o‘rtasida ko‘p shubhali narsalar bor. Ularni ko‘pchilik insonlar bilishmaydi. Kim harom narsalardan saqlansa, dini va nomusini pok saqlabdi. Kim shubhali narsalarga tushib qolsa, harom narsalarga yo‘liqadi. Bu hol cho‘pon qo‘ylarni ta’qiqlangan joy yaqinida boqqanida, unga o‘tib ketishi mumkinligiga o‘xshaydi. Ogoh bo‘linglarki, har bir podshohning ta’qiqlari bordir. Allohning ta’qiqlari harom qilgan narsalaridir. Ogoh bo‘linglarki, jasadda bir parcha go‘sht bor. Agar u to‘g‘ri bo‘lsa , butun jasad to‘g‘ri bo‘ladi, agar buzilsa, butun jasad buziladi. Ogoh bo‘linglar, u qalbdir”.
Abu Muso Ash’ariy (r.a.) aytadilar: “Har bir narsaning chegarasi bo‘ladi. Islom chegaralari quyidagilar: taqvo, kamtarlik, shukr, sabr. Taqvo ishlarning asosidir, kamtarlik kibrdan uzoq bo‘lish, sabr do‘zaxdan najot topish, shukr jannat bilan mukofotlanishdir”.
737. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Agar sizlar egilib qolguningizgacha namoz o‘qib, torga o‘xshab qolguningizgacha ro‘za tutsalaringiz ham, faqat taqvo bilangina ular sizga foyda beradi”.
Faqih aytadilar: “Taqvoning alomati o‘nta narsada bilinadi:
1. Tilni g‘iybatdan saqlash. Alloh taolo aytadi:
“Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmasin” (Hujurot, 12-oyat).
2. Yomon gumondan saqlanish. Alloh taolo aytadi:
“Ko‘p gumonlardan chetlaninglar, chunki ayrim gumon(lar) gunohdir!” (Hujurot,
12-oyat).
738. Payg‘ambarning (s.a.v.) ham bu xususda so‘zlari bor: “Gumondan saqlaninglar. Chunki u so‘zlarning eng yolg‘onidir”.
3. Masxara qilishdan saqlaninglar. Alloh taolo deydi:
“Ey mo‘minlar, (sizlardan bo‘lgan) bir qavm (boshqa) bir (mo‘min) qavmni masxara qilib kulmasin, ehtimol, (masxara qilingan qavm) ulardan yaxshiroq bo‘lsalar” (Hujurot, 11-oyat).
4. Harom narsalardan ko‘zni tiyish. Alloh taolo aytadi:
“(Ey Muhammad) mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollarga tikishdan) to‘ssinlar” (Nur, 30-oyat).
5. Rost gapirish.
6. Allohning bergan ne’matlarini tanimoq va nafsiga ajablanib qolmaslik. Alloh taolo aytadi:
“Balki agar (iymonlaringizda) sodiq bo‘lsangizlar, Alloh sizlarni iymonga hidoyat etganini minnat qilur” (Hujurot, 17-oyat).
7. Molini haq narsalarga ishlatish, botildan saqlash. Alloh taolo aytadi:
“Ular infoq-ehson qilgan vaqtlarida isrof ham, xasislik, baxillik ham qilmasalar, (balki ehsonlari) ana o‘sha (xasislik va isrofning) o‘rtasida mo‘’tadil bo‘lur” (Furqon, 67-oyat), ya’ni gunoh ishga sarflashdan ayamaydilar.
8. Nafsi uchun ulug‘lik va kibrni talab qilmaslik. Alloh taolo bu haqda aytadi:
“Biz o‘sha oxirat diyorini yer yuzida buzg‘unchilik, mutakabbirlik qilishni istamaydigan kishilar uchun qilurmiz” (Qasos, 83-oyat).
9. Besh vaqt namozni vaqtida, ruku’lari, sajdalarini mukammal qilib o‘qish. Alloh taolo aytadi: “Barcha namozlarni va xususan, o‘rta namozni (asr namozini) saqlanglar – o‘z vaqtida ado etinglar! Va Alloh uchun bo‘ysungan hollaringda turinglar!” (Baqara, 238-oyat).
10. Jamoat bilan bo‘lish va sunnatda istiqomat qilish. Alloh taolo aytadi:
“Albatta, mana shu Mening to‘g‘ri yo‘limdir. Bas, shu yo‘lga ergashinglar! Allohga bergan ahdingizga vafo qilinglar! Shoyadki, eslatma (nasihat) olursizlar deb sizlarni mana shu narsaga buyurdi” (An’om surasi, 153-oyat).
Muhammad ibn Ka’b Quraziy aytadilar: “Agar uchta narsani qoldirmasdan qilishga qodir bo‘lsang, hech qoldirma: biror kimsaga zo‘ravonlik qilma. Chunki Alloh taolo aytadi:
“Ey odamlar, bu zo‘ravonligingiz faqat o‘zingizning ziyoningizdir” (Yunus, 23- oyat). Hech kimga makr qilma, chunki Alloh taolo:
“Yomon makr-hiyla esa, faqat o‘z egalarini o‘rab halok qilur” (Fotir, 43-oyat). Ahdingni hech qachon buzma, chunki Alloh taolo bu haqda:
“Endi kim (qasamyodini) buzsa, bas, u faqat o‘z ziyoniga bo‘lur”, deb aytgan
(Fath, 10-oyat).
Ibrohim ibn Adham aytadilar: “Zuhd uch xil bo‘ladi: zuhdi farz, zuhdi fazl va zuhdi salomat. Zuhdi farz haromda zuhd qilish. Zuhdi fazl halolda zuhd qilish. Zuhdi salomat shubhalarda zuhd qilishdir”.
So‘ng yana aytdilar: “Taqvo ikki xildir: farz taqvosi, saqlanish taqvosi. Farz taqvosi – Alloh taologa ma’siyat-gunoh qilishdan taqvo qilish, saqlanish taqvosi – shubhalardan taqvo qilish. G‘am ham ikki xildir: biri foyda beradi, boshqasi zarar. Foydali bo‘lgan g‘am oxirat g‘amidir. Zararli bo‘lgan g‘am dunyo va uning ziynatlari uchun uyg‘ongan g‘am”. Faqih aytadilar: “Xolis taqvo ko‘zni xaromdan, tilni g‘iybat va yolg‘ondan tiyish, barcha a’zolarni haromdan saqlashdir”.
Umar ibn Xattobga (r.a.) Shom shahridan zaytun yog‘i keltirishdi. Yog‘ bir necha idishga solingan edi. Umar (r.a.) uni odamlarga qadah bilan taqsim qila boshladilar. U yerda sochi o‘sib ketgan bir yigit ham bor edi. Bo‘shagan idishning yog‘ini boshiga surtardi. Shunda Umar (r.a.) u yigitga: “Soching musulmonlarning yog‘iga rag‘batli ekanini ko‘ryapman”, dedilar va qo‘lidan tutib, sartaroshga sochini oldirishga jo‘natdilar. Yigit sochini oldirdi. Umar (r.a.) unga: “Mana shu ish senga yengilroqdir”, dedilar.
Ibrohim ibn Adhamdan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi Ummonga borayotganlarida bir hayvonni ijaraga oldilar. Ketayotib, qamchilari tushib qoldi. Shunda u zot ulovdan tushdilar, uni bog‘ladilar, keyin ortga piyoda qaytib, qamchini olib keldilar. U kishiga: “Ulovingizning boshini burib, qamchini olsangiz bo‘lmasmidi?” deyishdi. Shunda Ibrohim ibn Adham aytdilar: “Men uni faqat borish uchun ijaraga olganman, qaytish uchun olganim yo‘q”.
739. Maoz ibn Jabal (r.a.) hikoya qiladilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) bilan birga edim. U kishi egarlangan eshakning ustida o‘tirgan edilar. Menga: “Ey Maoz, bandalarning ustidagi Allohning haqqi nima?” dedilar. “Alloh va Uning rasuli biluvchiroq”, deb javob berdim. “Allohga hech narsani shirk keltirmasdan, Ungagina ibodat qilmoq”, dedilar. So‘ng aytdilar: “Bularni qilgandan keyin Allohning zimmasidagi bandalarning haqqi nima?” Yana: “Alloh va rasuli biluvchiroq”, dedim. “Ularni jannatga kirgizish”, dedilar Nabiy (s.a.v.).
Xudojo‘ylik bobi hadislari
733-hadis. Isnodi mavzu’. Roviylardan bo‘lgan Abulaziz ibn Abonni ibn Muayyin va boshqalar yolg‘onchi, degan.
734-hadis. Sahih. “As-sahiha”ga qarang.
735-hadis. Boshqasiga ko‘ra, hasan. Bayhaqiy rivoyat qilgan. “As-sahiha”ga qarang.
736-hadis. Muttafaqun alayh.
737-hadis. Botil. Daylamiy “Al-firdavs”dan keltirgan.
738-hadis. Muttafaqun alayh.
739-hadis. Muttafaqun alayh.
OLTMISH OLTINCHI BOB HAYO
740. Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadilar: “Abu Ayyub Ansoriy (r.a.) Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qiladilar: “To‘rtta narsa payg‘ambarlarning sunnatlaridan: atr surtish, nikoh, misvok va hayo”.
741. Uqba ibn Amr (r.a.) rivoyat qiladilar. Payg‘ambar (s.a.v.): “Avvalgi payg‘ambarlarning so‘zlaridan odamlarga yetib kelgani shuki, uyalmasang, xohlaganingni qilaver”, dedilar.
742. Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: “Payg‘ambar (s.a.v.): “Alloh taolodan haqiqiy hayo bilan hayo qilinglar”, dedilar. “Bizlar Alloh taolodan uyalamiz, alhamdulillah”, deyishdi. “Bu hayodan emas, – dedilar Nabiy (s.a.v.), – lekin kim Alloh taolodan chindan ham hayo qilsa, boshni va uni o‘rab olgan narsalarni saqlasin, qorinni va uni o‘rab olgan narsalarni saqlasin, o‘limni va fano bo‘lishni zikr qilsin. Kim oxiratni xohlasa, dunyo ziynatini tashlaydi. Kim bularni bajarsa, Allohdan haqiqiy hayo qilgan bo‘ladi”.
743. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Hayo qilish iymondandir. Iymon jannatdadir. Behayolik jafodandir. Jafo do‘zaxdadir”.
Salmon Forsiy (r.a.) aytadilar: “O‘lmog‘im, keyin tirilmog‘im, so‘ng o‘lib, yana tirilmog‘im birovning avratiga qarashimdan va birovning mening avratimga qarashidan uch karra sevimliroqdir”.
Ali (karramallohu vajhah) aytadilar: “(Avratga) qaragan kishiga ham, (avratini)
ko‘rsatgan kishiga ham Allohning la’nati bo‘lsin”.
744. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Hech kimning hammomga ishtonsiz kirmog‘i halol emas”.
Hasan Basriydan (Alloh rahmat qilsin) rivoyat qilinadi: “Hammomga ikki izor bilan kiriladi. Birinchi izor avrat uchun, ikkinchisi ko‘z uchun, ya’ni, ko‘zini odamlarning avratidan to‘sish uchun”.
Iso ibn Maryam (alayhis salom) aytgan ekanlar: “Qarashdan saqlaninglar. Chunki u qalbda shahvatd urug‘ini ekadi va u qalb egasini fitnaga solish uchun yetib ortadi”. Hakim bir zotdan fosiq kishi haqida so‘rashdi. “Ko‘zini odamlarning eshiklaridan va avratlaridan yummaydigan odam”, deb javob qildilar.
745. Ato (r.a.) aytadilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) cho‘milayotgan kishining oldidan o‘tdilar. Shunda: “Ey odamlar, Alloh taolo hayo qiluvchi, halim, pardali zotdir. U hayo va pardani yaxshi ko‘radi. Agar birontalaringiz yuvinishni xohlasangizlar, odamlarning ko‘zidan panada bo‘lsin”, dedilar”.
746. Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) qazoi hojatda ko‘ylaklarini ko‘tarmas edilar, hatto yerga tegay deb turardi”.
Faqih aytadilar: “Hayo ikki xil bo‘ladi: siz bilan odamlar orasidagi hayo, Alloh bilan sizning orangizdagi hayo. Odamlar bilan sizning orangizdagi hayo qarash halol bo‘lmagan narsalardan ko‘zingizni to‘sishingizdir. Siz bilan Alloh o‘rtasidagi hayo Allohning ne’matlarini bilmog‘ingiz, so‘ngra Unga gunoh qilishdan uyalmog‘ingizdir”.
747. Umar (r.a.) Payg‘ambarning (s.a.v.) oldlariga kirganlarida, u kishini yig‘lab turgan holatda ko‘rdilar. Shunda: “Ey Rasululloh, nima uchun yig‘layapsiz?” deb so‘radilar. Nabiy (s.a.v.): “Jabroil (alayhissalom) menga Alloh taolo Islomda sochi oqargan kishini azoblashdan uyalishi xabarini berdi. Endi Islomdan sochi oqargan kishi gunoh ishlarni qilishga Allohdan uyalmaydimi?!” deb javob berdilar.
748. Bahz ibn Hakim bobosidan rivoyat qiladi. “Ey Allohning elchisi, avratlarimizni kimlarga ko‘rsatib, kimlardan bekitaylik?” deb so‘radim. “Avratingni xotining va cho‘ringdan boshqa hammadan saqla”, dedilar. Keyin: “Ey Rasululloh, agar yakka holatda bo‘lsak-chi?” degan edim, “Alloh hayo qilinishga haqliroq zotdir”, deb aytdilar”.
Salaflardan biri o‘g‘liga shunday nasihat qilgan ekan: “Agar nafsing katta gunohga chaqirsa, ko‘zingni osmonga qarat va seni ko‘rib turgan Zotdan uyal. Agar buni qilolmasang, yerga qarat va uning ustida yurgan kimsalardan uyal. Oliy Zotdan qo‘rqmasang, yerdagi odamlardan uyalmasang, o‘zingni hayvonlar qatorida hisoblayver”.
Fuzayl ibn Iyoz aytadilar: “Eshigingni yopasan, pardalaringni tushirasan, odamlardan uyalasan, ammo qalbingdagi Qur’ondan, har bir maxfiy narsani biluvchi ulug‘ Zotdan hayo qilmaysan”.
Mansur ibn Ammor aytadilar: “Kim o‘zining aybini bilsa, boshqa kishining aybi bilan ishi bo‘lmay qoladi. Kim taqvo libosidan yalang‘och bo‘lsa, unga hech kim parda tutolmaydi. Kim Allohning bergan rizqiga rozi bo‘lsa, boshqalarning qo‘lidagi narsaga xafa
bo‘lmaydi. Kim zulm qilichini sug‘ursa, shu qilichi bilan qo‘li kesiladi. Kim birodariga choh qazisa, unga o‘zi tushadi. Kim birovning parda¬xijobini oyoqosti qilsa, o‘zining avrati ochiladi. Kim o‘z xatosini unutsa, boshqaning xatosini katta biladi. Kim katta ishlarga kirishsa va o‘ziga xatarli yo‘l topsa, halok bo‘ladi. Kim aqli bilan cheklansa, adashadi. Kim odamlarga kibr qilsa, xor bo‘ladi. Kim amalga berilsa, qiyinchilikka duchor bo‘ladi. Kim odamlar ustidan faxrlansa, sinadi. Kim ahmoqlik qilsa, haqoratlanadi. Kim razillar bilan suhbatdosh bo‘lsa, tubanlashadi. Kim ulamolar bilan o‘tirsa, viqorli bo‘ladi. Kim yomonlik ko‘chasiga kirsa, tuhmatga yo‘liqadi. Kim dinda dangasalik qilsa, o‘tirib qoladi. Kim odamlarning mollarini o‘lja olsa, faqirga aylanadi. Kim ofiyatga intizor bo‘lsa, sabr qiladi. Kim qadamini to‘g‘ri bosishdan adashsa, pushaymon bo‘ladi. Kim Allohdan qo‘rqsa, muvaffaqiyatga erishadi. Kimningki, ishlarida tajribasi bo‘lmasa, aldanadi. Kim jannatni bilsa, orzu-istaklari kamayadi. Kim ilmsizlik yo‘liga ko‘niksa, adolat yo‘lini tark qiladi”.
Dostları ilə paylaş: |