Nizomiy nomidagi toshkent davlat pedagogika universiteti


Maktab yoshidagi o‘rta o‘quvchilar (o‘smirlar) davri



Yüklə 0,79 Mb.
səhifə6/16
tarix23.10.2017
ölçüsü0,79 Mb.
#11689
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16

5. Maktab yoshidagi o‘rta o‘quvchilar (o‘smirlar) davri. Bu davrda bolaning jismoniy va ruhiy taraqqiyotida keskin o‘zgarishlar ro‘y berishi sababli bu davr o‘tish davri deb ataladi. Bu yosh balog‘atga yetish davri deb ham ataladi. Qiz bolalar 13-15 yoshda, o‘g‘il bolalar 16-17 yoshida balog‘atga yetadilar. O‘smirlar xulqida bir-biriga zid holatlar: goh jo‘shqinlik, goh bo‘shanglik, goho ishga kuchli havas, paysalga solish, o‘jarlik holatlari uchraydi. O‘smir ruhiy rivoji kichik o‘quvchilarga nisbatan ilgarilab ketadi. O‘qish ta’sirida o‘smirning umumiy, abstrakt tushunchalarni tobora ko‘proq tushunib, ularning bilishi tezlashadi. O‘smir o‘zida katta kishilarning sifatlari paydo bo‘layotganini sezadi. Bu ichki sekretsiya bezlarining qayta qo‘zg‘alishiga bog‘liq. Jinsiy yetilish davri boshlanadi. Ularda erkaklik va ayollikning tashqi belgilari – ovozining o‘zgarishi (do‘rillash, mo‘ylov chiqishi, ko‘krak qafasi o‘g‘il va qizlar nafas olishidagi farqlar) paydo bo‘la boshlaydi.

O‘smirlar ruhiyatida qahramonona ishlarga, romantika, o‘zini qahramonlar qatorida tasavvur etish kabilar juda kuchli bo‘ladi. Ularda do‘stlik va birodarlik hislari, sirdosh do‘stlar topish juda kuchli. U nima qilib bo‘lsa ham jamoada obro‘ qozonishga, ma’lum mavqeni egallashga intiladi. Bunga yaxshilik bilan erishmasa, sho‘xlik, ba’zan tartib buzish, o‘qituvchining talabiga teskari ish tutishga ham boradi. Demak, o‘smir bilan munosabatda sabr-toqat, vazminlik, ma’lum holda unga mustaqillik berish, jamoa hayotiga doir ishlar yuzasidan maslahatlashish, uning tashabbusidan, intilishi va imkoniyatlaridan foydalanish ularni to‘g‘ri tarbiyalashning garovidir. Eng muhimi, ularning shaxsini hurmat qilish, kamsitmaslik, katta bo‘lib qolganini tan olishdir. O‘smirlik davri ayrim pedagog, psixolog va vrachlar ta’kidlaganidek tarbiyaga berilmaydigan davr emas. O‘z vaqtida Jan Jak Russo bu davrni “Ikkinchi marta tug‘ilish” deb atagan edi.



6. Maktab yoshidagi katta o‘quvchilar (o‘spirinlar). O‘spirinlik yoshidagi o‘quvchilarda uzoq muddatli va tizimli ta’lim natijasini fikrlash, tanqidiy fikrlash rivojlanadi, intellektual qiziqish o‘sadi, dunyoqarash shakllanadi. Uning tasavvur va tafakkur doirasi deyarli nihoyasiga yetgan va ijtimoiy hayotning biror sohasiga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Endi gavda, qomatlari to‘lishib, go‘zallashib boradi. Muskullarning kuchi va ishi, qobiliyati ortadi. Jinsiy yetilish sustlashadi. Umuman, o‘spirinlik jismoniy o‘sishning tinch davri bo‘lib, kishi a’zolarining o‘sishi, takomillashuvi nihoyasiga yetadi. Ular jismonan kuchli, xushbichim va sog‘lom bo‘lganliklari tufayli tetik va xushchaqchaq, har ishga qodir, mustaqil bo‘ladilar. Ular faoliyatining asosiy turi o‘qish bo‘lib, mantiqiy fikr yuritadilar va bilimlarini anglab, tushunib esda qoldiradilar.

O‘spirinning yana bir xususiyati bilimini madaniy-ma’naviy oshirishga o‘z ustida qunt bilan ishlaydi, radio, televideniya – barcha informatsiya vositalaridan foydalanadi. Ular hayot haqida (shaxsiy turmush, sevgi, axloq-odob, hayotiy go‘zallik kabi masalalar yuzasidan) fikr almashishiga ishtiyoqmand bo‘ladi. O‘zlarining aqliy va jismoniy yetukligini baholashadi, shunga asoslanib aniq bir kasb-korni egallash rejasini tuzadi.

Xarakterli xususiyatlardan yana biri shundaki – o‘spirin o‘ziga o‘zi baho berishga intiladi, unda xushmuomalalik, odoblilik va vazminlik kabi axloqiy sifatlar qaror topadi. Ular Vatanga, xalqqa, jamiyatga, insoniyatga xizmat qilish va foydali inson bo‘lishni hayotining oliy maqsadi deb biladi.

Pedagogik mashq

Pedagogning ish tajribasidagi ba’zi jihatlari bilan tanishing.

Pedagog sinf o‘quvchilariga ta’lim-tarbiya berishda ularning rivojlanishini hisobga olib ish tutdi. Masalan, o‘smir Mirqosim berilgan uy vazifalarni bajarishda loqaydlik, sustlik, mas’uliyatsizlik bilan yondoshishini biladi. Ammo pedagog Mirqosim keyinchalik o‘zgarib o‘zining bu nuqsonlarini yo‘qotadi degan fikrda ish tutdi. Vaqt o‘tishi bilan Mirqosimning uy vazifalarni bajarmaslikdagi mas’uliyatsizligi uning o‘qishga bo‘lgan qiziqish va harakatlariga ziyon yetkaza boshladi. Oqibatda Mirqosim dars mashg‘ulotlariga kelmaslik, ko‘chadagi o‘rtoqlari bilan birgalikda o‘zlaricha ish tutish kabi odatlarga o‘rgandi. Pedagog endi Mirqosimning o‘qishdagi va tarbiyasidagi nuqsonlarni bartaraf etishga ota-onalarni jalb qildi. Fan o‘qituvchisining ota-onalar bilan hamkorligi asta-sekin o‘z natijasini ko‘rsata boshladi. Mirqosimning o‘qishida ijobiy siljish va xulq-atvorida o‘zgarish sodir bo‘ldi.

Vaziyatni tahlil qiling.

1. Pedagogning o‘smir Mirqosim o‘qishidagi munosabatga befarqlik bilan ish tutishini siz qanday izohlaysiz?

2. Fan o‘qituvchisi dastlab o‘smir Mirqosim rivojlanishining qanday omillariga tayanib ishlashi zarur edi?

3. Siz o‘z tajribangizda o‘smir Mirqosimdek o‘quvchi bilan qanday ish tutgan bo‘lardingiz?

4. Siz bunday pedagogik muammolarni amaliy hal etishning qanday omillarini ishga solasiz?
Mustahkamlash uchun savollar:


  1. Muhit va ta’lim-tarbiya shaxsning shakllanishida qanday rol o‘ynaydi?

  2. Nima uchun o‘quvchi shaxsining rivojlanishi davrlarga bo‘linadi va uni o‘rganishda qanday pedagogik muammolar mavjud?

  3. Davrlarga bo‘lishning qanday asoslari mavjud?

  4. Maktab yoshidagi kichik o‘quvchilar qanday xususiyatlarga ega?

  5. O‘smirlik davrining xususiyatlari nimalardan iborat?

  6. O‘spirinlik davrining xususiyatlarini sanab ko‘rsating?



11-MAVZU: O‘ZBEKISTONDA TA’LIM TIZIMI.

Reja:

  1. Xalq ta’limi tizimi haqida tushuncha.

  2. O‘zbekistonda ta’lim tizimi tarixi haqida ma’lumot.

  3. Ta’lim tizimining tuzilishi va uning ish mazmuni.

  4. Ta’lim sohasida davlat siyosatining asosiy prinsiplari.


Tayanch tushunchalar: ta’lim-tarbiya, tizim, tarmoq, tuzilish, ichki va tashqi siyosat, madaniy rivojlanish, maktab, madrasa, masjid, qorixona, diniy va dunyoviy bilimlar, davlat standarti, faoliyat ko‘rsatish, ilmiy pedagogik muassasalar, boshqaruv organlari, korxona, uzluksiz, prinsip, dunyoviy xarakter, majburiylik, iste’dodni rag‘batlantirish.

Xalq ta’limi tizimi deb muayyan mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga ta’sir ko‘rsatuvchi hamda ma’lum bir qoidalar asosida tashkil etilgan barcha ta’lim-tarbiya muassasalarining tuzilishiga aytiladi. Xalq ta’limi tizimi respublikamiz ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishining ustuvor sohasi hisoblanadi. U O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risidagi qonunga muvofiq tashkil etildi va nazorat qilinadi. Konstutsiyaning 18-41 moddalarida ta’kidlanganidek jumhuriyatimizda yashovchi barcha fuqorolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar bilim olish huquqiga ega.

Sharq xalqlari, xususan, o‘zbek xalqi qadimdan ilmga, ma’rifatga chanqoq ekanligi ma’lum. Buni o‘zbek xalqining tarixi bilan qiziqqan tarixshunoslarning esdaliklari, ilmiy mulohazalarida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Jumladan: “Xitoy ta’rixchisi Syuan Tszyan (630-y)ning ma’lumotiga ko‘ra o‘sha zamonda O‘rta Osiyoda bola besh yoshga to‘lgach, uni o‘qish, yozish va hisobga o‘rgatganlar. Eronda savodlilar kamdan-kam bo‘lgani holda, O‘rta Osiyoda hamma yoshlarni savodga o‘rgatish odat bo‘lgan” (40-bet. O‘zbekiston xalq pedagogikasi. 1973-yil). Umumiy ta’lim maktablari, o‘rta va oliy ta’limda o‘quvchilarga davlat tomonidan g‘amxo‘rlik ko‘rsatiladi.

Yuqorida asoslangan barcha huquqlar yoshlardan Prezidentimiz I.A.Karimovning quyidagi “Faqatgina chinakam ma’rifatli odam inson qadrini, millat qadriyatlarini, bir so‘z bilan aytganda, o‘zligini anglash, erkin va ozod jamiyatda yashash, mustaqil davlatimizning jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib, obro‘li o‘rin egallashi uchun fidoyilik bilan kurashishi mumkin”, – fikri asosida faoliyatlarini tashkil etmoqliklarini talab etadi. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimi ana shu g‘oyani amalga tadbiq etishga qaratilmog‘i kerak.

Taniqli Venetsiyalik sayyoh Marko Polo uzoq vaqt O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va qo‘shni respublikalar hududida yashagan xalqlarning an’analarini, urf-odatlarini o‘rganadi. U o‘z esdaliklarida yosh avlodni hayotga tayyorlashda ko‘p asrlar davomida qo‘llanilgan usul va vositalarga tayangan holda “Nur Sharqdan taraladi” degan edi. Qadimgi Ovro‘pada keng tarqalgan mazkur hikmatda Sharq xalqlarining insoniyat madaniyat poydevorini yaratishdagi ulkan hissasi g‘arb xalqlari tomonidan tan olingani ifodasidir.

Ota-bobolarimizning “O‘tmishni unutganning kelajagi bo‘lmaydi” degan hikmatli gapi bor. Biz tariximizni qanchalik chuqur o‘rgansak, madaniy merosimizga, qadriyat va an’analarimizga qaratsak, kelajak avlodga shunchalik to‘g‘ri ta’lim bergan bo‘lamiz. Sharqda, xususan, O‘zbekistonda ta’lim-tarbiyaga juda katta e’tibor berilgan edi. Bolalarni kichik yoshidan ilmga qiziqtirish, axloqan pok, vijdonli, mehr-shafqatli qilib voyaga yetkazish, el-yurtga nafi tegadigan farzand qilib o‘stirish masalalariga ota-bobolarimiz jiddiy e’tibor qilishgan.

Tarixiy manbalardan ma’lumki, Markaziy Osiyo hududidagi madrasa va masjidlarda, eski usuldagi maktablarda diniy ta’lim-tarbiya yetakchi o‘rinni egallagan. Bu bejiz emas, albatta. Inson, ayniqsa, yosh bola yuksak axloq va odob mezonini bilmay va uni puxta egallamay turib, boshqa ilmlarni egallashi qiyin. Bu asrlar davomida ota-bobolarimiz tomonidan qancha-qancha tajribalar asosida sinalgan haqiqatdir. Shu o‘rinda eski o‘quv yurtlarida til o‘rganishga bo‘lgan e’tiborni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Al-Xorazmiy, Al-Zamaxshariy, Al-Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek, A.Navoiy, Muhammad Solih, Ogahiy kabi ulug‘ zotlar arab, fors va boshqa tillarni qunt bilan o‘rganishgan va o‘sha tillarda erkin ijod qilishgan.

Musulmon maktablarida ta’lim-tarbiya tizimi ikki bosqichdan iborat bo‘lgani ko‘pgina manbalarda qayd etilgan. Chunonchi: ibtidoiy va o‘rta asrlar davri madrasalar ta’limi. Shu o‘rinda o‘z ustida tinmay ishlagan iqtidorli, peshqadam mullavachchalar tengdoshlaridan o‘zib ketib, ilm cho‘qqilarini egallaganini va yuqori darajaga erishganliklarini ta’kidlash lozim. O‘tmishda maktabga qabul qilinadigan o‘quvchilarning yoshi aniq belgilanmas, ba’zi ota-onalar farzandlarini 5 yoshda, ayrimlari esa 6-8 yoshda, shaharlarda o‘g‘il bolalar 15-17 yoshgacha, qishloq joylarda esa 13-15 yoshgacha o‘qitilardi.

O‘quv dasturlari va dars jadvali muntazam bo‘lmasdan, o‘quvchilar sinflarga ajratilmas, edi. O‘quvchilar o‘qitilayotgan fanning xarakteri va sohasiga qarab guruhlanadi. Masalan, “taxtaxonlar” domla tomonidan taxtachaga yozilgan harflarni yozishni o‘rganar edi va h.

VII-VIII asrlarda Markaziy Osiyoni arablar fath etgach, islom dini asosidagi sifat jihatidan yangi tizimga ega bo‘lgan ta’lim-tarbiya muassasalari vujudga keldi. Arab bo‘lmagan bolalarga islom dini asoslarini o‘rganish maqsadida Markaziy Osiyo maktablarida “Haftiyak”, “Chor kitob” kabi darsliklar keng tarqaldi. XII asrdan boshlab islom dinini turkiy tillarda yozilgan asarlarda ham ommalashtirish boshlandi. Masalan, A.Yassaviyning “Hikmat” asari. Maktab, madrasa, masjidlar faqat ibodatxona emas, tarbiya o‘chog‘i vazifasini bajargan. U davrda savod chiqarish harf va so‘zlarni yozishni o‘rganishdan boshlanar edi. Maktab so‘zi arabcha “yozuv o‘rgatadigan fan” deb nomlanishi ham ana shundandir.

Maktablarda bolalarga yozish va hisoblash o‘rgatilgan, yana o‘smirlarga savdo san’ati, arab tili, mantiq, husni xat va arifmetikadan savod berilgan. Har bir maktabda talabalar soni 30-40 tadan oshmagan, bundan tashqari masjid qoshidagi maktablarda ham 15-20 talaba o‘qigan. Maktab, madrasalar bilan birga qorixonalar ham mavjud bo‘lib, ularda yozuv o‘rgatilmagan. “Qur’on” ni yod olishgan xolos. “Madrasa” so‘zi – arabcha “dars o‘qitiladigan joy”, “ma’ruza tinglanadigan joy” ma’nosini bildiradi. “Mudarris” dars beruvchi o‘qituvchidir. Madrasalar 15-20, 30-40 va hatto 100-150 talabani o‘zida jamlagan bo‘lib, diniy bilimlar bilan birga dunyoviy bilimlar ham berilgan. Qobiliyati, qiziqishi bo‘lmagan bolalar shogirdlikka tushish, dehqonchilik bilan shug‘ullanishni maslahat bergan. 1917-yilgacha har bir musulmon farzandini savodli qilishni savod deb bilgan.

Ta’lim tizimi deb muayyan mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga ta’sir ko‘rsatuvchi hamda ma’lum bir qoidalar asosida tashkil etilgan barcha ta’lim-tarbiya muassasalarining tuzilishiga aytiladi. O‘zbekistonda ta’lim tizimi mamlakatning barcha fuqarolariga ta’lim-tarbiya berish, kasb-hunar o‘rgatishning asoslarini belgilaydi hamda har kimning bilim olishdan iborat konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga qaratilgan.

Ta’lim tizimi asosida barcha fuqarolar o‘zlarining xohishlariga qarab, umumiy, o‘rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim va mutaxassisliklarni egallashlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

1) Davlat ta’limi standartlariga muvofiq ta’lim dasturini amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim muassasalari;

2) ta’lim tizimining faoliyat ko‘rsatishini va rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tadqiqot ishlarini bajaruvchi ilmiy pedagogik muassasalar;

3) ta’lim sohasidagi davlat boshqaruv organlari, shuningdek, ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar.

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimi yagona va uzluksizdir.

I. Barcha ta’lim muassasalari davlat ta’lim standartlari asosida tashkil etiladi va nazorat qilinadi. Ta’lim standartlariga muvofiq ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi davlat va nodavlat muassasalari shaklida olib boriladi. Davlat muassasalari O‘zbekiston hukumatining mablag‘i hisobidan tashkil qilinadi, ya’ni barcha amalga oshiriladigan o‘quv ishlari, amaliyotlar, o‘quv-moddiy baza, kadrlarga to‘lanadigan va boshqa mablag‘lar davlat tomonidan ta’minlanadi. O‘quvchi-talabalar stipendiya, yotoqxona va boshqa tomondan ijtimoiy himoyalanadi.

Nodavlat ta’lim muassasalari esa nodavlat tashkilotlar, xo‘jaliklar, dehqon-fermer, qo‘shma korxonalar, fuqaro, homiylar yoki xorijiy tashkilotlar tomonidan tashkil etaladi. Barcha o‘quv-tarbiyaviy ishlar, kadrlar tayyorlash o‘sha homiylarning mablag‘i hisobidan tashkil qilinadi, ammo ta’lim mazmuni davlat ta’lim standartlari talabalariga javob berishi talab etiladi.

II. Ta’lim tizimining faoliyat ko‘rsatish va rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tadqiqot ishlarini bajaruvchi ilmiy-pedagogik muassasalarga esa quyidagilar: ta’lim tizimining rivojlanishini ta’minlovchi ilmiy tadqiqot institutlari, laboratoriyalar, oliy o‘quv yurtlarining ilmiy ishlarini muvofiqlovchi xodimlar, ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi pedagoglar, professorlar va boshqalar kiradi. Masalan, pedagogika, psixologiya, kimyo, matematika, fizika va h. Bu muassasalar xalq xo‘jaligining qaysi sohalari bo‘lishidan qat’iy nazar shu sohalar bo‘yicha tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanadi. Oqibatda ta’lim tizimi rivojlanadi va davlatga, jamiyatga naf keltiradi.

III. Ta’lim sohasidagi davlat boshqaruv organlari, shuningdek, ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga esa quyidagilar kiradi: tarmoq sohalaridagi vazirliklar, viloyat hokimiyat boshqaruv organlari, tuman xalq ta’limi bo‘limi, maktablarning rahbarlari, maktablar, bolalar bog‘chalari, uylari, dam olish sanatoriyalari, kutubxona, texniklar, tabiatshunoslar, temiryo‘l stantsiyalar va h.

IV. O‘zbekiston Respublikasining ta’lim tizimi yagona va uzluksizdir talabi esa O‘zbekistonda ta’lim tizimi bitta, o‘ziga xos, mos shuning uchun u yagona degan ma’no tushunilishi kerak. O‘zbekiston ta’lim tizimi boshqa davlatlardan nusxa olmasdan, o‘z tajribasi va boshqa rivojlangan mamlakatlar tajribasidan foydalangan holda ishlab chiqilgan va hayotda qo‘llanilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimining uzluksizligi, deyilganda barcha fuqarolarga ma’lumot ixtisoslik berilishida uzluksizlik, o‘zaro bog‘liqlik saqlangan bo‘lib u darajasiga qarab biror mutaxassislikni tayyorlashni nazarda tutadi. Barcha ta’lim muassasalari o‘zaro uzviy uyg‘unlikda bog‘langan. Masalan, Umumiy o‘rta ta’lim bilan o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limning bog‘lanishini ko‘rsatish mumkin. O‘quvchi avval umumiy o‘rta ta’limni oladi, so‘ng o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limida davom ettiradi.

Ta’lim O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy taraqqiyoti sohasida ustuvor deb e’lon qilinadi.

Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

- ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;

- ta’limning uzluksizligi va izchilligi;

- umumiy o‘rta, shuningdek, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limining majburiyligi;

- o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi yo‘nalishi;

- akademik litsey yoki kasb-hunar kollejda o‘qishni tanlashning ixtiyoriyligi;

- ta’lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;

- davlat ta’limi standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi;

- ta’lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;

- bilimli bo‘lishni va iste’dodni rag‘batlantirish;

- ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg‘unlashtirish.

O‘zbekistonda ta’lim O‘zbekistonning ijtimoiy taraqqiyotini ta’minlovchi ustuvor sohasi deb e’lon qilingan. Haqiqatan ham davlatning rivojlanishida ta’lim sohasi ustuvordir. Chunki O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida o‘z obro‘li o‘rnini egallash vazifasini faqat ta’lim sohasini hal etadi. Xalq xo‘jaligining qaysi yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatuvchi kadr ta’lim olmog‘i shart. Shuning uchun u kim, qayerda, qanday sohada ishlashidan qat’iy nazar ta’lim olish orqaligina shunday mutaxassislikni egallashi mumkin. Shuning uchun hukumatimiz ta’lim tizimiga milliy daromadning 10% ni sarflamoqda. Bu haqda bobomiz M.Behbudiyning “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga paymol bo‘lur”, - deb aytgan so‘zlari bag‘oyat qimmatli. Ta’limning inson, jamiyat rivojlanishidagi ahamiyati haqida Imom Al-Buxoriy “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmag‘ay”, - deb bejiz ta’kidlamagan.

Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining har bir prinsipi barkamol insonni shakllantirishda ta’lim xodimlari, muassasalar oldiga oshirilgan talablar qo‘yiladi, oqibatda malakali kadrlar tayyorlash maqsadi uchun xizmat qiladi. Ularning har birini qisqacha tahlil qilib o‘rganamiz.



Birinchi prinsipda ta’lm-tarbiyada insonparvarlik ya’ni u odamning manfaati uchun tashkil qilinadi, uning huquqlarini demokratik qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshirilish nazarda tutiladi.

Ikkinchi prinsipda barcha ta’lim turlarining uzluksizligi va izchil olib borilishi nazarda tutilgan. Ta’limda maqsad asosida o‘zi tanlagan sohani u yoki bu darajaga erishishda bu prinsipga amal qilib erishish mumkinligi nazarda tutilgan.

Uchinchi prinsipda har bir fuqaroning umumiy o‘rta, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi olishda majburiyligi qonun bilan asoslangan va uni bajarishi ta’minlangan.

To‘rtinchi prinsipda yuqoridagi ta’limda ta’lim olishni tanlashning ixtiyoriyligi belgilangan. Hech kim birovning qistovi bilan emas, balki o‘z ixtiyori bilan tanlash huquqi kafolatlangan.

Beshinchi prinsipda ta’lim tizimining dunyoviy bilimlarni o‘qitish, o‘rgatish g‘oyasi ilgari surilgan. Faqat inson manfaati uchun kerakli dunyoviy bilimlar o‘quvchilarga o‘qitilishi asoslangan.

Oltinchi prinsipda o‘rgatiladigan ta’lim davlat standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi huquqiy kafolatlangan. Fuqarolarga foydasi tegmaydigan bilimlar o‘qitish cheklangan.

Yettinchi prinsipda o‘quvchilarga ta’lim berishda dasturlarni tanlashga yagona yondashuv nazarda tutilgan. Masalan, umumiy o‘rta ta’lim yoki oliy ta’lim dasturlari bir yagona maqsadni nazarda tutadi, ya’ni o‘qish vaqti, mazmuni, soatlari, yagona tarzda belgilangan. Yana mazkur ta’limni amalga oshirishda tabaqalashtirilgan yondashuv deyilganda ba’zan o‘quvchilarning xohishlari hisobga olinib kuchaytirib o‘qitiladigan muassasalar faoliyati asoslanib shunday imkoniyat yaratish nazarda tutilgan. Yuqoridagi har ikki talab O‘zbekistonning barcha shu tipdagi muassasalarida yagona tartibda amalga oshirilishi ta’minlanadi.

Sakkizinchi prinsipda ta’lim olishda qatnashuvchi o‘quvchilarning bilimli bo‘lishi va iste’dodini taraqqiy ettirishi, rag‘batlantirilishi nazarda tutilgan. Masalan, a’lo bahoga o‘qiydigan o‘quvchilar, talabalar hukumat tomonidan moddiy va ma’naviy rag‘batlantirilishi belgilab berilgan. Stipendiya, yo‘llanmalar va boshqa mukofot shakllari asoslab ko‘rsatilgan. Uning bajarilishi davlat siyosati ekanligi belgilangan.

To‘qqizinchi prinsipda ta’lim tizimi boshqaruvining davlat va jamoat tajribasi uyg‘un uzviy bog‘liq holda joriy etilishi nazarda tutilgan. Bu prinsip, o‘z navbatida, davlatni demokratik tamoyillar asosida huquqiy boshqarishga fuqarolarni tayyorlashni nazarda tutadi.

Umuman, ta’lim sohasidagi barcha prinsiplar inson, jamiyat, umumbashariy manfaatlarni birlashtirib, barkamol malakali mutaxassislarni tayyorlashni nazarda tutgan. Bunday kadrlar O‘zbekistonning bundan keyingi ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishini ta’minlashga yo‘naltirilgan, deb xulosalash mumkin.


Mustahkamlash uchun savollar:

  1. Ta’lim tizimi nima?

  2. O‘zbekistonda ta’lim tizimi qaysi muassasalardan tashkil topgan?

  3. Ta’lim tizimi qanday maqsad va vazifalarni amalga oshiradi va u sohada qanday pedagogik muammolar mavjud?

  4. Ilgari O‘zbekiston hududida ta’lim tizimi qanday yo‘lga qo‘yilgan? Uning mazmunini pedagogik asoslab ko‘rsating. O‘zbekiston aholisi savodsiz bo‘lganmi?

  5. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunda ta’lim tizimi nimalardan iborat?

  6. Davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini qanday tushunasiz va ular faoliyatida qanday muammolar hal etilishi kerak?

  7. Boshqaruv organlari qaysi muassasalardan tashkil topgan?

  8. Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining qanday asosiy prinsiplari mavjud?



12-MAVZU: O‘ZBEKISTONDA UZLUKSIZ TA’LIM TIZIMI TURLARI VA ISH MAZMUNI

Reja:


  1. Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim.

  2. O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi.


Tayanch tushunchalar: ta’lim turlari, uzluksiz ta’lim, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim, maktabdan tashqari ta’lim, boshlang‘ich ta’lim, bilimlar hajmi, kasbga yo‘naltirish, kasb-hunarga moyillik, ishlash huquqi, intellektual qobiliyatlar, fanni chuqur o‘rganish, mehnat faoliyatida ro‘yobga chiqarish.

Uzluksiz ta’lim tizimi va turlari.

Uzluksiz ta’lim tizimining faoliyat olib borishi davlat ta’lim standartlari asosida, turli darajadagi ta’lim dasturlarining izchilligi asosida ta’minlanadi va quyidagi turlarni o‘z ichiga oladi:



  1. Maktabgacha ta’lim.

  2. Umumiy o‘rta ta’lim.

  3. O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi.

  4. Oliy ta’lim.

  5. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim.

  6. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash.

  7. Maktabdan tashqari ta’lim.

Biz faqat ta’lim turlarinigina bilib qolmasdan, balki har bir turining mazmuni, maqsadi va vazifalari haqida ilmiy pedagogik ma’lumotga ega bo‘lishimiz kerak.

Kadrlar tayyorlash milliy modelining o‘ziga xos xususiyati mustaqil ravishdagi to‘qqiz yillik umumiy o‘rta hamda uch yillik o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limini joriy etishdan iboratdir. Bu esa umumiy o‘rta ta’lim dasturidan o‘rta maxsus kasb-hunar dasturlariga izchil o‘tilishini ta’minlaydi. Umumiy ta’lim dasturlari: maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim (I-IVsinflar), umumiy o‘rta ta’lim (I-IX sinflar), o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limini qamrab oladi.

Kasb-hunar ta’limining dasturlari o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi, oliy (bakalavriat, magistratura) ta’lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limda kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni qamrab oladi.


Yüklə 0,79 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin