Nizomiy nomidagi toshkent davlat pedagogika universiteti

Sizin üçün oyun:

Google Play'də əldə edin


Yüklə 0.79 Mb.
səhifə1/16
tarix23.10.2017
ölçüsü0.79 Mb.
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
NIZOMIY NOMIDAGI

TOSHKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI

D.Abduraximova, A.REDJABOYEV, B.Normurodova, M.ARABOVA, H.PIRMATOVA, U.ABIROVA

PEDAGOGIKA

Uslubiy qo‘llanma


Toshkent – 2014

Ushbu o‘quv-uslubiy qo‘llanmada o‘qituvchilik kasbining ijtimoiy-tarixiy rivoji va o‘qituvchilik kasbining jamiyatda tutgan o‘rni; pedagogik mahorat haqida tushuncha va uning o‘qituvchi faoliyatidagi ahamiyati; shaxs rivojlanishining pedagogik asoslari haqida umumiy tushuncha; uzluksiz ta’lim tizimi va turlari; ta’lim jarayoni haqida tushuncha; ta’lim inson bilish faoliyati turi; didaktikaning asosiy kategoriyalari: bilim, ko‘nikma, malaka, ta’lim, tarbiya, ma’lumot va shaxsni shakllantirish; ta’limning og‘zaki metodlari: tushuntirish, hikoya qilish, suhbat, maktab ma’ruzasi, kitob bilan ishlash metodlari; o‘quv dasturi mazmuni; uning tuzilish tamoyillari va unga qo‘yiladigan pedagogik talablar; darsliklar va ularga qo‘yiladigan pedagogik talablar hamda o‘quvchilar mustaqil ishlarini tashkil etishdagi o‘rni, ahamiyati; ijtimoiy-siyosiy tarbiya va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini shakllantirish; barkamol shaxsga ekologik va iqtisodiy tarbiya berish usullari o‘z aksini topgan.

Mazkur o‘quv-uslubiy qo‘llanma pedagogik yo‘nalishdagi kollej o‘quvchilariga, umumta’lim maktablari o‘qituvchilariga, ota-onalarga va barcha qiziquvchilar uchun mo‘ljallangan.

Taqrizchilar: p.f.n., dotsent Sh.Mirzaxmatova

p.f.n., dotsent X.Sanaqulov



KIRISH


O‘zbekiston Respublikasining bundan keyingi rivojlanishi bevosita ta’lim-tarbiya natijasiga bog‘liqligi barchaga ayon. Ta’lim-tarbiyani takomillashtirmay ma’naviy boy, barkamol insonni tarbiyalash mushkul. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunida va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”da belgilab berilgan ijtimoiy vazifalardan kelib chiqib, yosh avlod ta’lim-tarbiyasini tashkil etishni kundalik hayotning o‘zi talab qilmoqda.

Prezidentimiz I.A.Karimovning «Barkamol avlod orzusi» asarida «Biz komil inson tarbiyasini davlat siyosatining ustuvor sohasi, deb e’lon qilganmiz. Komil inson deganda biz, avvalo, ongi yuksak, mustaqil fikrlay oladigan, xulq-atvori bilan o‘zgalarga ibrat bo‘ladigan bilimli, ma’rifatli kishilarni tushunamiz» va yana «Yuqori malakali, zamonaviy fikrlaydigan odamlarning yetishmasligi bizning olg‘a siljishimizda hamon katta to‘siq bo‘lib turibdi. Bunday kadrlarni, avvalambor, yosh kadrlarni topish, o‘stirish, tarbiyalash bugungi kunning eng dolzarb masalasiga aylanmoqda», deb juda o‘rinli ta’kidlagan. Haqiqatan ham bunday fazilatlarga ega bo‘lgan kishini shakllantirish pedagogika fani va shu sohada ishlaydigan mutaxassislar zimmasiga yuklatilgan.

Tabiat, ijtimoiy hayot haqidagi barcha tajribalar asosida muayyan bilimlar ortib bordi. Ta’lim-tarbiya ishlari bilan shug‘ullanuvchi tarbiyachilar kasb-hunar vakillari sifatida ajralib chiqa boshladi. Ularning ta’lim-tarbiya borasidagi faoliyatlari va to‘plangan tajribalardan o‘rinli foydalanishlari pedagogika fanining vujudga kelishiga olib keladi. Shu asnoda dastlabki maktab ko‘rinishidagi muassasalar vujudga keldi, taraqqiy etdi. Shunday qilib, pedagogika ta’lim-tarbiyaning maqsad va vazifalari, ularning mazmuni, usullari hamda tashkil etish shakllari haqida ma’lumot beruvchi fanga aylandi. Demak, pedagogika fani o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol inson etib tarbiyalashda ijtimoiy ahamiyat kasb etadi.

Kasb-hunar kollejlarida bo‘lajak o‘qituvchi mutaxassislarni tayyorlashda pedagogika fanining umumiy asoslari va didaktika masalalari haqidagi ma’ulmot muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun bo‘lajak pedagog mutaxassislar pedagogika nazariyasining mavzulari haqida atroflicha ilmiy, nazariy bilim olishlari juda ham muhim. Chunki bo‘lajak o‘qituvchilar mazkur leksiyalar kursini davlat ta’lim standarti, o‘quv dasturi talablari asosida izchil, tizimli o‘rganishi pedagogik faoliyat uchun zarur bo‘lgan ko‘nikma va tajribalarni tarkib toptirishga bevosita yordam beradi. Bu esa bo‘lajak pedagoglarni kasb-hunar kollejlarida pedagogik tizimga tayyorlashga zamin yaratadi.



1-MAVZU: PEDAGOGIKANING UMUMIY ASOSLARI. PEDAGOGLIK KASBINING IJTIMOIY MOHIYATI

Reja:


1. O‘qituvchilik kasbining ijtimoiy-tarixiy rivoji va uning jamiyatda tutgan o‘rni.

2. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni hamda “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” asosida o‘qituvchi faoliyati mazmuniga qo‘yiladigan talablar.

3. Pedagogik faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlari.
Tayanch tushunchalar: Pedagogik maqsad, pedagogik faoliyat ob’ekti va sub’ekti hamda uning vositalarini loyihalash, konstruksiyalash, kommunikativlik, tashkilotchilik, gnostik, insonparvarlik, pedagogik mahorat, takt va texnika, professional bilimlar, pedagogik mahoratni egallash bosqichlari.

1. O‘qituvchilik kasbining ijtimoiy-tarixiy rivoji va uning jamiyatda tutgan o‘rni.

Har bir jamiyatda o‘qituvchi ustoz-muallim oldiga eng muhim vazifa jamiyat kelajagi bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash, ilm berish vazifasi qo‘yilgan. Hatto ibtidoiy jamoa tuzumi oxirlaridayoq yoshlarni tarbiyalash muassasalari tashkil etilib, ularda ancha tajribali, hayotni ko‘rgan oqsoqollar bolalarni tarbiyalaganlar. Jamiyatning tabaqalanishi natijasida quldorlik tuzumida bolalarni ta’lim maskanlariga olib borish va olib kelish vazifasini qullar bajarishgan va ular «pedagog» deb nomlanganlar. Ushbu tushunchaning ma’nosi «bola yetaklovchi» demakdir. Tarixiy taraqqiyotning keyingi bosqichlarida bolalarga tizimli bilimlarni berish bilan doimiy shug‘ullanuvchi kishilar aynan shu nom bilan atala boshlaganlar.

O‘rta asrlar davrida Sharqda akademiya ko‘rinishidagi ta’lim muassasalari ham faoliyat yuritgan bo‘lib, ular «Donishmandlar uyi», «Ma’mun akademiyasi», observatoriyalar qoshidagi jamiyatlar tarzida nomlangan. Akademiyalarga turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha kuchli bilimga ega bo‘lgan qomusiy olimlar jalb etilgan bo‘lib, ular tomonidan matematika, geodeziya, mineralogiya, meditsina, astronomiya kabi yo‘nalishlarda keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borilgan.

O‘rta asrlar hamda kapital ishlab chiqarishiga asoslangan jamiyatlarda akademiya (Sharqda madrasa)lar ko‘rinishidagi maktablarda ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk, turli sohalar bo‘yicha mukammal bilimga ega pedagoglarning faoliyat yuritishlariga alohida ahamiyat qaratilgan. Cyunonchi, Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek tomonidan barpo etilgan madrasalarda o‘z davrining taniqli olimlari – Ali Qushchi, Taftazoniy, Qozizoda Rumiy, Mavlono Muhammad, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Muiniddin Koshiy hamda Mansur Koshiylar talabalarga ta’lim berganlar.

XIX asr oxiri hamda XX asr boshlarida yuzaga kelgan jadidizm harakatining asoschilari, taniqli ma’rifatparvarlar – Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniy, Abduqodir Shakuriy, Ismatulla Raxmatullayev, Abdurauf Fitrat, Ishoqxon Ibrat va boshqalar aholi orasida nafaqat murabbiy, balki ma’naviy yetuk inson sifatida ham nom qozondilar.

Jamiyatda pedagoglik kasbining tutgan o‘rni barcha davrlarda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Jamiyat tomonidan o‘qituvchi shaxsiga qo‘yilayotgan talablar o‘z davrida Sharq mutafakkirlari hamda G‘arb ma’rifatparvarlarining asarlarida ham o‘z aksini topgan.

Muhammad al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy hamda Abu Rayhon Beruniylar o‘qituvchining ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk bo‘lishlariga alohida ahamiyat qaratadilar. Ularning fikrlaricha, yaxshi o‘qituvchi boshqalardan bir jihati bilan farq qiladi, ya’ni, u o‘zi ega bo‘lgan bilimlarni yoshlarga beminnat o‘rgatadi, har bir ishda ularga namuna bo‘la oladi.

Abu Ali ibn Sino o‘z asarlarida o‘qituvchi bolalarga ta’lim berishdek mas’uliyatli burchni bajarishi zarurligini uqtirar ekan, ularga faoliyatda muvaffaqiyatga erishish garovi bo‘lgan quyidagi tavsiyalarni beradi:



  1. bolalar bilan muomalada bosiq, jiddiy bo‘lish;

  2. berilayotgan bilimning talabalar tomonidan o‘zlashtirilishiga e’tiborni qaratish;

  3. ta’limda turli shakl va metodlardan foydalanish;

  4. talabaning xotirasi, bilimlarni egallash qobiliyati, shaxsiy xususiyatlarini bilish;

  5. fanga qiziqtira olish;

  6. berilayotgan bilimlarning eng muhimini ajratib bera olish;

  7. bilimlarni talabalarga tushunarli, uning yoshi, aqliy darajasiga mos ravishda berish;

  8. har bir so‘zning boalar hissiyotini uyg‘otish darajasida bo‘lishiga erishish.

Alisher Navoiy o‘z davrining ayrim maktabdorlari ega bo‘lgan sifatlar, xususan, qattiqqo‘llik, ta’magirlik va johilliklarni qoralar ekan, o‘qituvchining ma’naviy qiyofasiga nisbatan jiddiy talablarni qo‘yadi. Xususan, «mudarris kerakki, g‘arazi mansab bo‘lmasa va bilmas ilmni aytishga urinmasa, manmanlik uchun dars berishga havas ko‘rgazmasa va olg‘irlik uchun gap-so‘z va g‘avg‘o yurgizmasa, nodonlikdan sallasi katta va pechi uzun bo‘lmasa, gerdayish uchun madrasa ayvoni boshi unga o‘rin bo‘lmasa. ... Yaramasliklardan qo‘rqsa va nopoklikdan qochsa, nainki, o‘zini olim bilib, necha nodonga turli xil fisq ishlarni mumkin, balki halol qilsa, qilmas ishlarni qilmoq uchun sodir bo‘lsa va qilar ishlarni qilmaslik unga qoida va odat bo‘lib qolsa. Bu mudarris emasdir, yomon odatni tarqatuvchidir».

Shu bilan birga, ayni o‘rinda o‘qituvchi mehnatining mashaqqatli ekanligini ta’kidlab o‘tadi: «Uning ishi odam qo‘lidan kelmas, odam emas, balki dev ham qila bilmas. Bir kuchli kishi bir yosh bolani saqlashga ojizlik qiladi, u esa bir to‘da bolaga ilm va adab o‘rgatadi, ko‘rkim bunga nima yetsin.

Shunisi ham borki, u to‘dada fahm-farosati ozlar bo‘ladi, unday kishiga yuzlarcha mashaqqat kelsa qanday bo‘ladi. Har qanday bo‘lsa ham, yosh bolalarga uning haqqi ko‘pdir. Agar shogird podshohlikka erishsa ham unga (muallimga) qulluq qilsa arziydi.

Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila».

Mashhur pedagog Abdulla Avloniy ham o‘z asarlarida o‘qituvchi shaxsi va uning faoliyati borasidagi qarashlarni ifodalashga alohida o‘rin beradi. Allomaning qayd etishicha, bolaning sog‘lom bo‘lib o‘sishida ota-onalar o‘ziga xos rol o‘ynasalar, uning fikriy jihatdan taraqqiy etishida o‘qituvchining o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidlaydi. Xususan, bolalarning aqliy qobiliyatlarini shakllantirish muallimlarning «diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklangan muqaddas bir vazifa» ekanligini ta’kidlab, «fikrning quvvati, ziynati, kengligi, muallimning tarbiyasiga bog‘liqdur», - deydi.

Yan Amos Komenskiy o‘z davrida o‘qituvchining bola dunyoqarashini rivojlantirishdagi roliga katta baho berib, o‘qituvchilik «yer yuzidagi har qanday kasbdan ko‘ra yuqoriroq turadigan juda faxrli kasb» ekanligini ta’kidlaydi. Muallifning fikricha, pedagog o‘z burchlarini chuqur anglay olishi hamda o‘z qadr-qimmatini to‘la baholay bilishi zarur. Ya.A.Komenskiy o‘qituvchi obrazini tasvirlar ekan, uning shaxsida quyidagi fazilatlarning namoyon bo‘lishi maqsadga muvofiqligiga urg‘u beradi: vijdonli, ishchan, sabotli, axloqli, o‘z ishini sevuvchi, o‘quvchilarga otalaridek muomala qiluvchi, ularda bilimga havas uyg‘otuvchi, o‘quvchilarni o‘z ortidan ergashtiruvchi va diniy e’tiqod.

K.D.Ushinskiy o‘qituvchi ma’naviyati va kasbiy faoliyatiga yuqori baho beradi hamda ularning kasbiy malakalarini doimiy ravishda takomilashtirib borish maqsadga muvofiq ekanligi to‘g‘risidagi fikrni ilgari suradi. Mazkur g‘oyaning ijtimoiy ahamiyatini tasdiqlovchi tizim – o‘qituvchilarni tayyorlovchi tizimni ilk bor asoslaydi.


Mustahkamlash uchun savollar:

  1. «Pedagogika» tushunchasi qanday mazmunni anglatadi?

  2. Pedagoglik kasbining asosiy xususiyatlari nimalarda namoyon bo‘ladi?

  3. O‘qituvchi qanday sifatlarga ega bo‘lishi zarur?

  4. Sizning nazdingizda bugungi kun o‘qituvchisiga qanday pedagogik talablar qo‘yilmoqda?


2-MAVZU: O‘QITUVCHINING KASBIY SIFATLARI VA QOBILIYATLARI

Reja:


1. O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchi kadrlarning ma’naviy qiyofasi, aqliy salohiyati hamda kasbiy mahoratiga qo‘yilgan talablar.

2. Pedagogik qobiliyat va uning o‘qituvchi faoliyatidagi ahamiyati.


Tayanch tushunchalar: faoliyat, qobiliyat, layoqat, bilish, tashkilotchilik, nutq, obro‘ orttirish, ta’sir ko‘rsata olish, qobiliyat, ijtimoiy mas’uliyat, odob, jamiyat manfaati, izlanuvchan, tanqidiy nazar bilan yondoshish, mehr, sabr-toqat, maxsus bilimlar, insonparvarlik, burchga sadoqat, mulohazali, talabchan, ziyolilik, birovlarni tinglash, so‘z va ish birligi, fidoiylik.

1. O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchi kadrlarning ma’naviy qiyofasi, aqliy salohiyati hamda kasbiy mahoratiga qo‘yilgan talablar.

Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» g‘oyalarini amaliyotga tadbiq etish Respublika ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar muvaffaqiyatini ta’minlash, ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchi, tarbiyachi, ishlab chiqarish ustalarining ma’naviy qiyofasi hamda kasbiy mahoratlariga ham bog‘liqdir.

Shaxsni tarbiyalash ishi nihoyatda murakkab faoliyat jarayoni bo‘lib, juda qadimdan ushbu faoliyatga jamiyatning yetuk kishilari jalb etilgandir. Mazkur holat yosh avlod tarbiyasi, uning tashkil etilishi mazmuni nafaqat shaxs kamoloti, balki jamiyat taraqqiyotini ham belgilashda muhim ahamiyatga ega ekanligini anglatadi.

O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchi kadrlarning ma’naviy qiyofasi, aqliy salohiyati hamda kasbiy mahoratiga nisbatan jiddiy talablar qo‘ymoqda. Chunonchi, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov quyidagilarni qayd etadi: «Tarbiyachi – ustoz bo‘lish uchun, boshqalarning aql-idrokini o‘stirish, ma’rifat ziyosidan bahramand qilish, haqiqiy vatanparvar, haqiqiy fuqaro etib yetishtirish uchun, eng avvalo, tarbiyachining o‘zi ana shunday yuksak talablarga javob berishi, ana shunday buyuk fazilatlarga ega bo‘lishi kerak».

Yuqorida qayd etilgan fikrlardan bugungi kun o‘qituvchisi shaxsiga nisbatan qo‘yilayotgan talablar mazmuni anglaniladi. Zamonaviy o‘qituvchi qanday bo‘lishi zarur?

O‘qituvchi (pedagog) pedagogik, psixologik va mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus ma’lumot, kasbiy tayyorgarlik, yuksak axloqiy fazilatlarga ega hamda ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatuvchi shaxs sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunining 5-moddasi 3-bandiga muvofiq ta’lim muassasalarida sudlangan shaxslarning pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bizning nazarimizda, zamonaviy o‘qituvchida quyidagi fazilatlar namoyon bo‘la olishi kerak (so‘z yuritilayotgan sifatlar mohiyatan o‘qituvchi tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifa, burch va mas’uliyatlarini ifodalaydi):



  1. O‘qituvchi jamiyat ijtimoiy hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, olib borilayotgan ijtimoiy islohotlar mohiyatini chuqur anglab yetishi hamda bu borada o‘quvchilarga to‘g‘ri, asosli ma’lumotlarni bera olishi lozim.

  2. Zamonaviy o‘qituvchining ilm-fan, texnika va texnologiya yangiliklari va yutuqlaridan xabardor bo‘lishi talab etiladi.

  3. O‘qituvchi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha chuqur, puxta bilimga ega bo‘lishi, o‘z ustida tinimsiz izlanishi lozim.

  4. O‘qituvchi pedagogika va psixologiya fanlari asoslarini puxta bilish, ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda faoliyat tashkil etishi kerak.

  5. O‘qituvchi ta’lim-tarbiya jarayonida eng samarali shakl, metod va vositalardan unumli foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘lmog‘i lozim.

  6. O‘qituvchi ijodkor, tashabbuskor va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lishi shart.

  7. O‘qituvchi yuksak darajadagi pedagogik mahorat, chunonchi, kommunikativlik layoqati, pedagogik texnika (nutq, yuz, qo‘l-oyoq va gavda harakatlari, mimika, pantomimika, jest) qoidalarini chuqur o‘zlashtirib olishga erishishlari lozim.

  8. O‘qituvchi nutq madaniyatiga ega bo‘lishi zarur. Uning nutqi quyidagi xususiyatlarni o‘zida aks ettira olishi kerak:

a) nutqning to‘g‘riligi;

b) nutqning aniqligi;

v) nutqning ifodaviyligi;

g) nutqning sofligi (uning turli sheva so‘zlaridan xoli bo‘lib, faqat adabiy tilda ifoda etilishi); jargon (muayyan kasb yoki soha mutaxassisliklariga xos so‘zlar); varvarizm (muayyan millat tilida bayon etilayotgan nutqda o‘zga millatlarga xos so‘zlarni noo‘rin qo‘llanilishi); vulgarizm (haqorat qilish, so‘kishda qo‘llaniladigan so‘zlar) hamda kontselyarizm (o‘rni bo‘lmagan vaziyatlarda rasmiy so‘zlardan foydalanish) so‘zlardan xoli bo‘lishi, o‘qituvchining nutqi sodda va tushunarli bo‘lishi kerak;

d) nutqning ravonligi;

j) nutqning boyligi (hikmatli so‘zlar, ibora va maqollar, matallar hamda ko‘chirma gaplardan o‘rinli va samarali foydalana olish).



  1. O‘qituvchi kiyinish madaniyati (sodda, ozoda, bejirim kiyinishi), ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchining diqqatini tez jalb etuvchi turli xil bezaklar (oltin, kumush taqinchoqlar)dan foydalanmasligi, fasl, yosh, gavda tuzilishi, yuz qiyofasi, hatto, soch rangi va turmagiga muvofiq ravishda kiyinishni o‘zlashtirishga erishishi;

  2. O‘qituvchi shaxsiy hayotda pok, atrofdagilarga o‘rnak bo‘la olishi lozim.

O‘qituvchi pedagogik muloqot jarayonining faol ishtirokchisi sifatida o‘zida bir qator sifatlarning tarkib topishiga erishishi zarur. Chunonchi, u eng avvalo, mulohazali, bosiq, vaziyatni to‘g‘ri baholay oladigan, mavjud ziddiyatlarni barataraf etishning uddasidan chiqa olishi zarur. O‘quvchi, ota-onalar hamda hamkasblari bilan muloqot jarayonida fikrini aniq va to‘la bayon etishiga ahamiyat qaratishi maqsadga muvofiq. Ular bilan munosabat jarayonida so‘zni salbiy holatlar haqidagi dalillarni keltirishdan emas, aksincha, o‘quvchi (yoki hamkasbi, ota-onalar)ning muvaffaqiyatlarini e’tirof etishi, ularning yanada boyishiga ishonch bildirishi u bilan tillasha olishiga imkon beradi. Muloqot jarayonida o‘qituvchining so‘zlaridan suhbatdoshiga nisbatan xayrixohlik, samimiylik, do‘stona munosabat sezilib turishi, shuningdek, imkon qadar ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lishi zarur. O‘qituvchi shaxsining mazkur talablarga muvofiq keluvchi qiyofasi uning o‘quvchilar, hamkasblar hamda ota-onalar o‘rtasida obro‘-e’tibor qozonishini ta’minlaydi.

2. Pedagogik qobiliyat va uning o‘qituvchi faoliyatidagi ahamiyati.

Shaxsning muayyan faoliyatini muvaffaqqiyatli egallashi, shuningdek, uni ijodiy ravishda amalga oshirishning shartlari hisoblangan xususiyatlariga qobiliyat deb ataladi. Har bir inson takrorlanmaydigan individ bo‘lib, uni muayyan faoliyat turiga layoqatli qiluvchi omil kishining o‘z xususiyatidir. Ishdagi muvaffaqiyat ko‘p jihatdan uning qobiliyati bilan belgilanadi.

Demak, qobiliyat – shaxsning muayyan faoliyat turini yuqori darajada bajarishga bo‘lgan layoqat darajasini ifodalaydigan, turmush jarayonida hosil qilingan indvidual xususiyatlar yig‘indisi hisoblanadi. Masalan, qobiliyatli o‘qituvchi bir xil ish sharoitlarida o‘z hamkasblariga qaraganda yaxshiroq natijaga erishadi. Biz ko‘pincha, falon o‘qituvchining hali tajribasi kam, lekin u shubhasiz, qobiliyatli o‘qituvchi, degan iboralarni eshitamiz. Bu o‘sha o‘qituvchining hali kam tajribasi bo‘lishiga qaramasdan o‘qituvchilik ishini muvaffaqiyatli olib borishga yordam beradigan bir qancha pedagogik qobiliyatlar (kuzatuvchanlik, pedagogik nazokat, muomala)ga ega ekanligidan darak beradi.

O‘qituvchilik faoliyatida muvaffaqiyatli ishlash uchun har bir o‘qituvchi pedagogik mahoratga ega bo‘lishi zarur. Pedagogik mahorat egasi oz mehnat sarf qilib, katta natijaga erishadi, o‘z ishining natijasi bilan yangiliklar yaratadi. Ijodkorlik hamisha uning hamrohi bo‘ladi. Pedagogik ishga qobiliyatli, iste’dodli kishigina loyiq bo‘ladi va pedagogik mahoratga erishadi.

Qobiliyat faoliyat jarayonida paydo bo‘ladi va rivojlanadi. Qobiliyat malaka va uddaburonlikdan farq qiladi. Malaka va uddaburonlik mashq hamda o‘qish natijasi hisoblansa, qobiliyatni rivojlantirish uchun esa iste’dod va zehn, inson nerv sismavzusida anatomiya va fiziologiyaga oid xususiyat taraqqiy etadi.

Shaxs qobiliyati ikkita asosiy turga bulinadi :



  1. Maxsus qobiliyatlar.

  2. Umumiy qobiliyatlar.

Pedagoglik faoliyatining samarali bo‘lishi uchun o‘qituvchida qobiliyatning quyidagi turlari mavjud bo‘mog‘i va u rivojlantirilib borilmog‘i lozim:

  1. Bilish qobiliyati – fanning tegishli sohalariga oid (matematika, fizika, adabiyot va b.) qobiliyatlar. Bunday qobiliyatlarga ega o‘qituvchi fanni o‘quv kursi hajmidagina emas, balki ancha keng va chuqurroq biladi. O‘z fani sohasidagi kashfiyotlarni hamisha kuzatib boradi, unga nihoyatda qiziqadi, ayrim tadqiqot ishlarini ham bajaradi.

  2. Tushuntira olish qobiliyati – o‘quv materialini o‘quvchilarga tushunarli qilib bayon eta olish, material yoki muammoni aniq, tushunarli qilib gapirib berish, o‘quvchilarda mustaqil ravishda faol fikrlashga qiziqish uyg‘otish qobiliyati. O‘qituvchi zarur hollarda o‘quv materialini o‘zgartira olishi, soddalashtira olishi, qiyin narsani oson, murakkab narsani oddiy, noaniq narsani tushunarli qilib o‘quvchilarga yetkaza olishi lozim. Qobiliyatli o‘qituvchi o‘quvchilarning bilim va kamolot darajasini hisobga oladi, ularning nimani bilishlari-yu, nimani bilmasliklarini, nimani unutib qo‘yganliklarini tasavvur etadi. Ba’zi o‘qituvchilarga, ayniqsa, tajribasi kam o‘qituvchilarga o‘quv materiali oddiy, tushunarli, alohida izohni talab etmaydigan tuyuladi. Qobiliyatli, tajribali o‘qituvchi o‘zini o‘quvchi o‘rniga qo‘yadi. U kattalarga aniq va tushunarli bo‘lgan narsani o‘quvchilarga tushunilishi qiyin bir narsa bo‘lishi mumkinligiga ishonib, unga asoslanib ish tutadi.

  3. Kuzatuvchanlik qobiliyati – o‘quvchining, tarbiyalanuvchining ichki dunyosiga kira olish qobiliyati, o‘quvchi shaxsini juda yaxshi tushuna olish, psixik qobiliyatlarni kuzata olish qobiliyati. Bunday o‘qituvchi kichkinagina alomatlar, uncha katta bo‘lmagan tashqi belgilar asosida, o‘quvchining ruhiyatidagi ko‘z ilg‘amas o‘zgarishlarni ham fahmlab oladi.

  4. Nutq qobiliyati – nutq yordamida, shuningdek, imo-ishora vositasida o‘z fikr hamda his-tuyg‘ularini aniq va ravshan ifodalash qobiliyati. Bu o‘qituvchilik qobiliyati uchun juda muhim.

  5. Tashkilotchilik qobiliyati – birinchidan, o‘quvchilar jamoasini uyushtirish, jipslashtirish, muhim vazifalarni hal etishda ruhlantirishni, ikkinchidan, o‘z ishini to‘g‘ri uyushtirishni nazarda tutadi.

  6. Obro‘ orttira olish qobiliyati – o‘quvchilarga bevosita emotsional – irodaviy ta’sir ko‘rsatish va shu asosda obro‘ qozona olishdir. Obro‘ faqat shu asosda emas, balki o‘qituvchining fanni yaxshi bilishi, mehribonligi, nazokatliligi va boshqalar asosida ham yuzaga keladi. Bu qobiliyat o‘qituvchi shaxsiy sifat majmuasiga, xususan, irodaviy sifatlariga (dadilligi, chidamliligi, qat’iyligi, talabchanligi va b.) o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berish mas’uliyatini his etishga ham bog‘liqdir. O‘quvchilar qo‘pollik qilmaydigan, qo‘rqitmaydigan, to‘g‘ri talab qo‘ya oladigan o‘qituvchilarni juda hurmat qiladilar. Bo‘shang, laqma, irodasiz, prinsipsiz o‘qituvchilarni bolalar yoqtirmaydilar. Bolalar bilan to‘g‘ri muomala qila olish, do‘stlasha olish, ular bilan samimiy munosabat o‘rnata olish pedagogik nazokatning mavjudligidan darak beradi.

  7. Kelajakni ko‘ra bilish qobiliyati – o‘z harakatlarining oqibatini ko‘ra bilish, o‘quvchining kelajakda qanday odam bo‘lishini tasavvur qilish. Ushbu qobiliyat bolani kelgusida qanday qobiliyatlarini rivojlantirsa, qanday kasb egasi bo‘lib chiqishi oldindan bashorat qilib aytishda namoyon bo‘ladi (pedagogik diagnostika).

  8. Diqqatni taqsimlay olish qobiliyati – o‘qituvchi uchun diqqatning barcha xususiyatlari – hajmi, kuchi, ko‘chuvchanligi, idora qila olishi, safarbarli taraqqiy etgan bo‘lishi juda muhimdir.

  9. Kommunikativ qobiliyat – kishilar bilan bo‘ladigan munosabatni yaxshilaydigan, bir-biri bilan til topib ishlashni ta’minlaydigan qobiliyat. Bundan tashqari, konstruktiv – o‘qituvchining o‘z ishini loyihalashi, rejalashtirishi, pertseptiv – idrok jarayonining ob’ektlarini birinchi bo‘lib bilib olish va uni xotira obrazlari bilan solishtirish, empatiya – boshqa kishilarning psixik holatlarini tushunish va ularga hamdardlik qilish, didaktik qobiliyat – o‘quvchi va boshqa kishilar bilan muloqot qilishda pedagogikaning qonun-qoidalariga amal qilish kabi qobiliyatlar ham mavjud.

O‘qituvchi yuqorida sanab o‘tilgan qobiliyatlardan tashqari bir qancha ijobiy sifatlarga, aniq maqsadni ko‘zlash, qat’iylik, mehnatsevarlik, kamtarlik kabilarga ega bo‘lgandagina pedagogik kasbning yuqori pog‘onasiga ko‘tarila oladi. Bulardan tashqari o‘qituvchining irodasi, sabr-toqati, uning o‘z-o‘zini idora qilishi hamda boshqalarga ta’sir o‘tkaza olish qobiliyati ham mavjud. Odam ob’ektiv dunyoni bilibgina qolmasdan, balki unga aktiv suratda ta’sir ham ko‘rsatadi. Odam o‘z maqsadi yo‘lida harakat qilib, har xil to‘siqlarga uchraydi. Bu to‘siqlarning bir xili hayot va mehnat sharoitiga, boshqa biri esa kishining shaxsiy kamchiligiga bog‘liqdir.

To‘siqlarni yengish kishiga bilishning yangi ufqlarini ochib beradi, shu bilan birga, uning sharoitlarini va o‘z-o‘zini idora qila bilish kuchini qaror toptiradi.

Iroda odamning o‘z xatti-harakatini ongli suratda tartibga solishidir. Bu esa ko‘zlangan maqsadni amalga oshirishda uchragan to‘siqni bartaraf qilishda ifodalanadi. Odam irodasining ahamiyati jamiyat hayotida g‘oyat kattadir. Odamlar yuksak ma’naviy-irodaviy sifatlari bilan O‘zbekiston Mustaqilligini qo‘lga kiritdilar. Bugungi kunda katta-katta yutuqlarga erishmoqdalar.

O‘quvchilarda irodaning ijobiy sifatlarini tarbiyalash o‘qituvchining eng muhim vazifasidir. Shaxsning irodaviy xislatlari (sifat, xususiyat) maqsadni amalga oshirishda uchragan to‘siqlarni yengish borasida odamning tajribada hosil qilgan o‘ziga xos usullaridan iboratdir. Shaxsning irodasi, deb har xil irodaviy xatti-harakatlar va xususiyatlar yig‘indisiga aytiladi.

Harakatning maqsadga qaratilganligi odamning bosh, yetakchi, irodaviy xususiyatidir. Shaxsning boshqa eng muhim irodaviy xususiyatlarini sanab ko‘rsatadigan bo‘lsak, ular:


  • tashabbus – o‘z xohishi bilan ish-amal qilish, xatti-harakat ko‘rsata bilish;

  • qat’iyatlik – ikkilanmasdan, har tomonlama o‘ylab qarorlar qabul qila olish va ularni izchil suratda amalga oshira bilish;

  • sabotlilik – qiyinchiliklarga qarshi kurashda g‘ayratni bo‘shashtirmasdan maqsad orqasidan doimo quva bilish;

  • dadillik – qo‘rqishga qarshi tura olish va qo‘yilgan maqsad yo‘lida o‘rinli tavakkalga bora olish;

  • ishchanlik – qiyinchiliklarga qaramasdan ishni oxirigacha yetkaza bilish.

Bolalar tayyor iroda bilan dunyoga kelmaydilar. Irodaviy o‘sishning eng xarakterli xususiyati aktivlik va mustaqillikdir.



Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16
Orklarla döyüş:

Google Play'də əldə edin


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2017
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə