Pnevmatik qolip - egiluvchan, inshoot o‘lchamlari bo‘yicha bichilgan havo o‘tkazmaydigan qobiq. Qolip ish xolatiga o‘rnatilib , uni ichkarisida havo yoki boshqa gaz yordamida ortiqcha bosim hosil qilinadi va betonlanadi. Bu turdagi qolip hajmi nisbatan katta bo‘lmagan egri chiziqli ko‘rinishdagi inshootlarni betonlashda qo‘llaniladi. Ko‘chirib olinmaydigan qolip- konstruksiyalarni qolipi ko‘chirilmaydigan, pardoz qoplamasiz hamda issiqlik izolyatsiyasi va gidroizolyatsiyasizli barpo etishda qo‘llaniladi. Beton ishlarini bajarganda qolip sistemalarining quyidagi yordamchi elementlari qo‘llaniladi: Osma so‘rilar - maxsus so‘rilar, devorlarga fasad tarafidan kronshteyn yordamida osiladi. Kronshteynlar devorlarni betonlash chog‘ida qoldirilgan teshiklarga mahkamlanadi. Dumalatib chiqariladigan so‘rilar - tunnel qoliplarni yoki demontaj qilingan yopma qoliplarni dumalatib chiqarish uchun mo‘ljallangan surilar. Bo‘shliq xosil qiluvchilar - maxsus qolip, monolit konstruksiyalarni shakllanishida deraza, eshik va boshqa o‘rinlarni xosil qilish uchun mo‘ljallangan. Monolit konstruksiyalarni texnologikligini oshirishga va beton ishlarni majmuali bajarishda mexnat sarfini kamaytirishning asosiy yo‘nalishlari:
kimyoviy qo‘shimchali yuqori qo‘zg‘aluvchanli va qo‘yma beton qorishmalarini qo‘llashga o‘tish, bu o‘z navbatida betonni tashishga, joylashtirishga va zichlashga bo‘lgan mexnat sarfini minimumgacha kamaytiradi - qo‘l mexnatini 35%, dan 8% pasayishi va bir vaqtning uzida betonlashni jadallashtirish oshganda beton qorishmasini joylashtirish nisbiy tannarxi anchaga kamayadi;
maxsus antiadgezion polimer qoplamalar bilan qoplangan inventar, tozalash va moylash ishlari bajarilmaydigan modul sistemali tez ko‘chirib olinadigan qoliplarni qo‘llash;
uzluksiz betonlashni qo‘llaydigan qolip sistemalaridan foydalanish, demontaj qilishga mexnat sarfi bo‘lmaydigan yoki kamaytiradigan ko‘chirib olinmaydigan qoliplarni qo‘llash.
Agarda, monolit temir beton konstruksiyalarni barpo etishga ketadigan mexnat sarfini 100% deb qabul qilsak, shundan qoliplarni o‘rnatishga ketgan mexnat sarfi taxminan - 45... 65%, armatura o‘rnatishga - 15... 25% va betonlashga - 20... 30% ni tashkil etadi.