1. Qadimgi turkiy til eramizning V-XIII asrigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Markaziy Osiyo, Sharqiy Turkiston va Sibir hudud-larida topilgan yozma yodgorliklar turkiy xalqlarning qadimdanoq o‘z madaniyati va adabiy tiliga ega bo‘lganligidan guvohlik beradi. Bu adabiy til o‘zbek xalqi hamda hozirgi turkiy millatlarning qadimgi umumiy adabiy tili bo‘lib, tilshunoslikda u "umumturkiy adabiy til" nomi bilan ham yuritiladi. Qadimgi turkiy adabiy tilning eng nodir namunalari "O‘rxun-Enasoy", "Uyg‘ur" bitiklari orqali, shuningdek, turkiy xalqlarning ilk yozma dostoni hisoblangan Yusuf Xos Xojibning "Qutadg‘u bilig" va Ahmad Yugnakiyning "Hibat-ul haqoyiq" asari hamda qiyosiy-tarixiy tilshunoslik asoschilaridan biri bo‘lgan Mahmud Koshg‘ariyning "Devonu lug‘otit turk" asari orqali bizgacha yetib kel-gan. Mazkur davr adabiy tiliga xos ayrim ma’lumotlarni turkiy xalqlar o‘rtasida qadimdanoq mashhur bo‘lgan "Alpomish", "Go‘ro‘g‘li" singari umumturkiy asosli dostonlarda ham uchratish mumkin.
Qadimgi yozma manbalar tahlili umumturkiy adabiy til negizida turkiy milliy tillarning shakllanganini tasdiqlasa ham, ularning hozirgi turkiy tillarning birortasiga to‘la mos kelmasligini, aksincha, bu tillarning deyarli har biriga xos til unsurlari mavjudligini ko‘rsatadi. Shu bois bu tilni bobo til sifatida e’tirof etish mumkin. Qadimgi yozma manbalar, yuqoridagilardan tashqari, XI asrga kelib millatlarga ajrala boshlagan turkiy xalqlarning qadimdanoq o‘ziga xos umumiy madaniyati, san’ati, adabiyoti, yozuvi va adabiy tiliga ega bo‘lganini dalillaydi. Shuningdek, bu manbalar XIV asrga kelib turkiy milliy tillar shakllanib bo‘lgach, qadimgi turkiy adabiy tilning "o‘lik" tillar qatoridan o‘rin olganini ham ko‘rsatadi. Shunday qilib, XI - XIII asrlarda ko‘pgina hozirgi turkiy tillar qatorida o‘zbek tili ham o‘zining milliy qiyofasiga ega bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |