Nasimxon rahmonov



Yüklə 1,01 Mb.
səhifə36/63
tarix01.01.2022
ölçüsü1,01 Mb.
#107401
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   63
Nasimxon rahmonov o‘zbek mumtoz adaBIyoti tarixi

Asarning qo‘lyozmalari. «Hibat ul-haqoyiq»ning besh nusxasi mavjud. Nusxalar bir-biridan juz’iy farqlarga ega. Ulardan eng eskisi Samarqandda Zaynul Obidin degan xattot tomonidan uyg‘ur yozuvida ko‘chirilgan bo‘lib, 1444 yilda Turkiyaga borib qolgan. 1480 yilda Turkistondan Turkiyaga ko‘chib borgan Abdurazzoq baxshi degan kishi ushbu kitobning arab yozuvi ustiga uyg‘ur yozuvida ko‘chirgan. Har uch nusxa Istanbulda saqlanadi. So‘ngroq yana ikki nusxasi topilgan. Demak, hozirda kitob qo‘lyozmasining besh nusxasi mavjud.

Asarda kotib tomonidan kiritilgan misrada Adib Ahmadning tug‘ilgan yurti YUgnak degan joy ekani ko‘rsatiladi. YUgnakni ko‘pchilik olimlar – Samarqand atrofida deb ko‘rsatadilar.

Asarning tuzilishi va boblar tahlili. “Hibat ul-haqoyiq” 254 baytdan iborat. Adib Ahmad asarning tuzilishi haqida to‘xtalib: “Tuzattim bu o‘n to‘rt bob ichra so‘zum” deb yozadi. Ammo asarning ko‘chirish jarayonida kotiblar ayrim boblarni ko‘rsatuvchi sarlavhalarni tushirib qoldirganlar. SHu bois asar boblari miqdori kamayib ketgan.

Adib Ahmad asarini yozishda SHarq adabiyoti an’analarini davom ettiradi. Birinchi bob hamd bilan boshlanadi: YAratganga hamdu sano, Uning rahmatiga umidvorlik, asarni yozishdan Undan madad tilash, YAratganning borligini jamiki yaratilgan narsalar ko‘rsatib turgani, o‘likdan tirikni, tirikdan o‘likni yaratishi, qudrat egasi yagona Tangridan boshqasi yo‘qligi haqida aytadi.

Ikkinchi bob na’tdan - Payg‘ambarning madhi, yaratilgan payg‘ambarlar orasida unga teng keladigan yo‘qligi, uni madh etishdan til lazzatlanishi, tilga shakar va asal bag‘ishlashi kabilardan iborat. SHuningdek, to‘rt xalifa – Sodiq (Hazrati Abu Bakr), Foruq (Hazrati Umar), Zayn nurin (Hazrati Usmon), Ali ham madh qilinadi.

Uchinchi bobda Adib Ahmad Dod Spohsolor bekka hamdlar aytadi: podshoh, ya’ni Dod Spohsolor bek aql-hush, yaxshi xislatlarga boy, bilimdon, jamiki fazilatlar unda mujassamlashgan. Bu podshoh Simak yulduzi – Baliq quyrug‘i deb ataluvchi yulduzlardan ham yuksak himmatli, saxvatli, raiyat dardiga darmon shohdir. U xalqqa shafqati, ammo g‘azablanganda, arslonga o‘xshaydi. Quvvat bobida Umarday navqirondir, saxovat bobida Usmonday yuksak himmatlidir. U shu darajada tetikki, tetikligi fazodan ham baland, insof va adolatda No‘shirvondek odildir. Uning saxovatidan hatto osmondagi bulutlar ham uyaladi, dushmanlari ham uning xislatlariga amindir. Barcha xislat va fazilatlarni muruvvatli, saxovatli ulug‘ Tangri shohga ato qilgan.

Bu hamdu sanolardan so‘ng Adib Ahmad quyidagicha lutf qiladi:
Okush az teb aymas bezizlar tengiz,

Bulut hadya qilsa ushaq qatrani.

[Agar bulut bir zarracha tomchi suv hadya qilsa, dengiz oz demay to‘lqinlana beradi.]

Tengiztin karimrak shahim ming qata,

Qabul qilsa tan yoq bu az hadyani

[Dengizdan ming qayta shohim ulug‘roq, bu ozgina arzimas hadyani qabul qilsa ajab emas, deb umid qilaman].

Asarning to‘rtinchi bobida Adib Ahmad Dod Spohsolor bekning nomi olamda mangu qolsin deb bu kitobni yozganini, bu kitobni o‘qiganlar shohning haqiga duo qilishlarini, o‘qimishli, savodli kishilar bu kitobdan foydalanishlarini umid va niyat qilib bayon etadi.

“Hibatul-haqoyiq”ning maqsadi beshinchi bobdan boshlanadi. Adib Ahmadning maqsadi – pandnoma adabiyotlariga xos komil insonni tarbiyalashning muhim omili bo‘lgan ilmning manfaati, jaholatning zarariga e’tibor qaratish va kitobxonga etkazishdir. Insonning saodati kaliti ilmdadir, deydi Adib Ahmad. Bu o‘gitni “Qutadg‘u bilig” da ham ko‘rib o‘tgan edik. Ilm nafaqat insonning hayotida, balki davlat va jamiyatni boshqaruvda ham hukmdorlar uchun asosiy qurol.

Adib Ahmad bilimning ahamiyati haqida so‘zini davom ettirar ekan, shunday bir mantiqli o‘xshatish qiladi va bilimni qimmatbaho narsa kabi inson avaylashi va beqadr narsa inson uchun keraksiz ekanini ta’kidlaydi:
Bahaliq dinar ol biliklik kishi,

Bu jahil biliksiz bahasiz bishi.

[Bilimli kishi baholik dinordir, ilmsiz johil kishi qimmatsiz emish kabidir].

Adib Ahmad ilmli odamning yuksakligini, ilmsiz odamning esa tubanligini ta’riflab, bu ikki toifa hech qachon teng bo‘la olmasligini shunday yozadi:

Biliklik, biliksiz qachan teng bolur,

Biliklik tishi – er, jahil er – tishi.


[Ilmli kishi bilan ilmsiz kishi qachon teng bo‘ladi?! Bilimli xotin kishi – er kishidir. Bilimsiz erkak – xotin kishidir].

Adib Ahmad ilmning afzalliklari to‘g‘risidagi o‘gitlarini davom ettirar ekan, suyakning mazmuni ilik bilan bo‘lgani kabi, insonning ko‘rki ham aql va tafakkur, ilm ekanini ta’kidlagan holda, ilmli va ilmsiz odamlarning taqdirigi oid hayotiy dalillar keltiradi: ilmli kishilarning oti mashhur bo‘ldi, bilimsiz kishilar esa tiriklayin o‘ldi, ularning ko‘rguligi shu bo‘ldi, deb quvonchlarini ham, afsus-nadomatlarini ham yozadi.

Adib Ahmad shu tariqa tazod san’atidan foydalangan holda ilmlilikning inson uchun katta fazilat va ilmsizlikning og‘ir fojia ekani to‘g‘risidagi qarashlarini davom ettiradi, insonni bilimli bo‘lishga da’vat qiladi. Ahmad YUgnakiy ilmlilik va ilmsizlikni faqat ma’lum shaxsiyatlarga xos fazilat va illat sifatida qaramaydi, balki bu ikki narsaning ostida jamiyatning manfaati va fojiasi borligiga ishora qiladi.

Adib Ahmad ilmli va ilmsiz odamlar to‘g‘risida so‘z yuritganda, faqat fanning ma’lum bir sohasiga oid dunyoviy ilmlarnigina nazarda tutmagan. Ilm, ma’rifat tushunchalari hamma davrda ham keng ma’noni ifoda etgan. Ilmli odam – dunyoqarashi keng, mulohazali, diniy bilimlarni ham puxta egallagan va ularga rioya qiladigan, zukko, hayotiy tajribasi katta, jamiyatdagi, insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni noziklik bilan ilg‘ab oladigan va shunga qarab fikr yuritadigan, inson ko‘ngliga ozor bermaydigan va hokazo xislatlarga ega zotlardir. Oltinchi bobda ilm o‘rganish haqida alayhissalomning aytganlariga to‘xtalar ekan, ilmsiz odamga to‘g‘ri so‘z ham ma’nisiz bo‘lib tuyuladi, unday toifaga o‘git foydasizdir, deb hukm chiqaradi. Johil, nodon kimsalar ma’rifatning qadrini aslo bilmasliklarini, ular har qancha yuvinsa ham pok bo‘lmasligini afsus bilan qayd etadi.

Ettinchi bob oldingi bobning mantiqan davomidir.

Sakkizinchi bobda muhim masalalar ko‘tarilgan. Bular – tilni tiyish va odob-axloq haqida. Mazkur bob targ‘ib-tashviq ma’nosida emas, balki insonni ogohlantiradi, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi, mulohazali bo‘lishga, har bir so‘zni o‘ylab gapirishga da’vat qiladi.

Tiling bekta tutg‘il, tishing sinmasun,

Qali chiqsa bekta, tishingni siyur, -

[Tilingni tiy, tut, tishing sinmasin, agar so‘zlab yuborsang, tiling chiqib qolsa, tishingni sindiradi] deb oddiy hayotiy haqiqatni anglashga o‘rgatadi. Mulohazakorlik, o‘ylab so‘zlash aqlli odamga munosib. “Ko‘p vaysagan til ayamaydigan yovdir,.. achchiq, erk berilgan til bir kun boshingga etadi” deb kitobxonni balo-ofat tildan kelishi haqida ogohlantiradi, o‘tmishda ko‘p odamlar tilining dastidan boshidan judo bo‘lgani haqida dalillar keltiradi.

To‘qqizinchi bob – aqldan ozish, til jarohati va uni tiyish haqida. Bu bob ham oldingi bobda ko‘tarilgan masalalarni davom ettiradi. Aqldan ozish degani - tabiatan telba bo‘lib qolish degani emas, balki aqlsizlik , ahmoqlik tufayli tilga erk berib, nodonlarcha so‘zlash deganidir. Adib tili dastidan o‘kinganlar ko‘p, deb o‘tmishga ishora qiladi, tilni tiyganlar orasida esa bunaqasi bo‘lmagan, inson yaxshilikni ham, yomonlikni ham tilidan ko‘radi, deb uqtiradi.

Bundan keyingi boblarda dunyoga muhabbat qo‘yish eng katta xato ekani, sazovatning samarasiyu baxillikning oqibatlari, tavozelik manaati, kibrlik va harislikning zarari to‘g‘risidagi o‘gitlardan iborat. Dunyo bir yolg‘onchi, sarobga o‘xshaydi, yuzini bir ko‘rsatib, keyin qochadigan narsa. Bu olamda insondan qoladigan yaxshi nomdir, yaxshi nom qoldirish uchun takabburlikdan, manmanlikdan tamomila uzoq bo‘lish, tavozega amal qilish, dunyo moliga ruju qo‘ymaslik. Inson mol –dunyosigi ishonib o‘zini kiborli tutadi, ulug‘likka qo‘l cho‘zishining sababi ham mol –dunyosi tufaylidir - Adib Ahmad mana shu illatlardan xalos bo‘lishga da’vat qiladi. Mol –mulk, boylik hech kimga vafo qilmaganini, narigi dunyoga hech narsasiz yalang‘och ketishi haqidagi azaliy hikmatlarni baytlariga singdiradi. Odam ato bilan Momo Havoni misol qilib keltiradi.

Adib Ahmadning mol –dunyoga hirs qo‘yish, odamzodning nafsi va ehtiyoji cheksizligi, bir ikki vodiy to‘la oltini bo‘lsa ham, uchinchisini istashi haqidagi dalillari “Qutadg‘u bilig”da O‘zg‘urmishning O‘gdulmishga bergan o‘gitlariga hamohangdir. Har ikkala asardagi didaktik ruh bilan bir qatorda, o‘z davridagi faqirlikni ixtiyor qilib yashash haqida keng tarqalgan aqida ikkala asarga birday ta’sir ko‘rsatgan. Qolaversa, hadislar (darvoqe, “Hibatul -haqoyiq”dagi har bir bob sarlavhalari hadislarga tayanadi)dagi faqirlik haqidagi pandlar ham har ikkala asarda bu olamning mol –dunyosidan voz kechish, mol –dunyo deb inson o‘zini o‘qqa–cho‘qqa urishini qoralaydi. SHu boisdan ham “Hibat ul-haqoyiq”ning keyingi boblarida Muhammad a.s. ning tavozelikni oshirish va kibrlikni tashlish to‘g‘risida; harislik haqida; insonlarning ikki “vodiy” to‘la oltini bo‘lsa ham uchinchisini istashi haqida; Tangrining buyrug‘i va shafqatiga itoat qilish haqida; g‘azabni engish, Tangrining har narsaga qodirligi, imonga erishish yo‘llari, Uning Rasuliga sadoqat va Ollohning muhabbatiga etishish to‘g‘risida: ibodat orqali sevinchni kutish haqida; ming do‘stdan bir dushman ko‘p ekani haqida aytganlari komil insonni shakllantirish yo‘lidagi katta qadamlar edi.

Asarning vazni va jahonshumul ahamiyati. “Hibat ul-haqoyiq” asari to‘rtliklardan iborat bo‘lib, aruzning mutaqoribi musammani maqsur bahrida (faulun faulun faulun faul) yozilgan. Turk olimi

Turk olimi Najib Osim “Hibut ul-haqoyiq”ni ilk bor topgan va o‘rgangan olimdir. U 1906 yili bu asarning Abdurazzoq Baxshi ko‘chirgan nusxasidan parcha chop ettirgan edi. Rashid Rahmatiy Arat bu asarning Turkiyadagi nusxalarini o‘tgan asrning o‘rtalarida nashr qildirgan va asarning asliyat eski uyg‘ur-turk yozuvida bitilgan deb aytdi.92 O‘zbekistonda ilk bor Abdurauf Fitrat bu asar haqida maqola e’lon qilgan va turkiyalik olimlar asar nashrida yo‘l qo‘ygan bir qator kamchiliklarga o‘z munosabatini bildirgan edi. Marhum turkiyshunos olim Qozoqboy Mahmudov bu asarning tanqidiy matnini o‘tgan asrning 70-yillarida chop ettirdi va tadqiq etdi. Qozoq va uyg‘ur olimlarining bu asar yuzasidan olib borgan tadqiqotlari va nashri ham diqqatga sazovor93.




Yüklə 1,01 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   63




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin