3. Sayfi Saroyi hayoti va adabiy merosi. Sayfi Saroyi XIV asrda yashab ijod qilgan turkiy adabiyot vakillaridan biridir. U adabiyotimizda shoir va tarjimon sifatida o’z o’rniga ega.
Manbalardan ma'lum bo’lishicha, Sayfi Saroyi 1321 yilda Qamishli yurtida tug’ilgan. Qamishli – Xorazmdagi qishloqlardan birining nomi. Ammo u nom Volga bo’yida ham ko’p uchraydi. U Qamishlidan bilimini oshirish uchun Saroyga kеladi. Saroy (Saroyberka) Oltin O’rda davlatining poytaxtidir. Muhammad ibn Arabshohning yozishicha, «Saroy tutgan o’rni va xalqining juda ko’p bo’lishi bilan eng katta shaharlarning birisi edi. U fan markaziga aylandi. Oz vaqti ichida bu еrda ko’plab atoqli, mashhur kishilar to’plandi». Ular orasida Qutbiddin ar-Roziy, Mas’ud Taftazoniy, Kamoliddin at-Turkmaniy, Hofiz ibn Bazzoziylar bor edi. Shuningdеk, mashhur shoir Kamoliddin Xo’jandiyning ham XIV asr oxirlarida Saroyda yashab ijod etganligi yaxshi ma'lum. Shoir shu yеrda yashab turgan davrida «Saroyi» dеgan taxallusini olgan. Sayf - uning ismi bo’lib, «qilich» dеgan ma'noni bildiradi. U XIV asr oxirlarida Saroyni tark etib Misrga ko’chib ketgan hamda 1391-yilda Misr amiri Tayxosbekka bag’silab “Guliston bit-turkiy”ni, 1394-yilda esa “Suhayl va Guldursun” dostonini yaratgan. 1396-yilda Misrda vafot etgan.
Sayfi Saroyi asarlarining yagona qo’lyozma nusxasi Gollandiyaning Lеydеn univеrsitеti kutubxonasida saqlanmoqda (uning fotonusxasi Moskva va Toshkеntda ham bor). Mazkur qo’lyozmani tadqiq etish natijasida adabiyotshunos va matnshunos E.Rustamov Sayfi Saroyi asarlarini ilk bor to’liq holda 1968-yilda “She’rlar. Guliston” nomi bilan Toshkentda nashr ettirdi. Kitobdan shoirning 11 g’azali, bir qasidasi, bitta masnaviysi hamda “Guliston bit-turkiy” asari o’rin olgan. Qo’lyozmada, shuningdek g’azal, ruboiy (bitta turkiy, uchta forsiy), chiston qo’shiq janrlaridagi asarlar ham mavjud. Biroq ularning muallifi haqida qat’iy fikr aytish qiyin.
Sayfi Saroyi She’rlardan sakkiztasi (yetti g’azal va bir qasida) Saroy adabiy muhiti vakillari bo’lgan sakkiz shoirning she’riga nazira yoki javobiya tarzda yozilgan. Bular Mavlono Qozi Muhsin, Mavlono Ishoq, Mavlono Imod Mavlaviy, Ahmad Hoji as-Saroyi, Xorazmiy, Abdulmajid, Tug’lixoja va Hasan o’g’li. She’rlardan biri va uning javobini (Xorazmiy) qasida deb aytishimizning sababi, birinchidan hajman katta (24 bayt) bo’lsa, ikkinchidan unda ismi keltirilmagan bir shaxs madh etiladi:
Ey ma’dani shijoatu mahdiyi ro’zgor,
Vey manbai saxovatu iqbol manzari.
Va nihoyat unga asos bo’lgan Xorazmiy she’ri ham qasida sifatida tilga olingan:
Bu madhi ul qasidag’a qildim javobkim,
Tun zulfini kesardi tutub subh xanjari.
Mazkur qo’lyozma Sayfi Saroyi she’riyatining to’liq manbai emas, albatta. Zero, shoir o’z qasidasida:
Bo’ldi g’idoyi ruhu ko’ngullar mufarrihi,
Ko’rkli sifatlaring bila devonu daftari, - deb yozadi. Bu esa shoirning devon tuzganligidan darak beradi.
Sayfi Saroyi she’riyati miqdor jihatidan oz bo’lsa-da, ular badiiy barkamolligi bilan shoirning yuksak iste’dod sohibi ekanligidan darak beradi. Shoir o’z ijodi haqqida faxriya usulida shunday yozadi:
Sayfi Saroyi nazmi husnung sifoti birla,
Doim bu el tilinda xush dilsiton ko’rinur.
Shoir lirikasida “Fi avsof ush-shuaro” (shoirlar vasfi) masnaviysi alohida o’ringa ega (She’r tahlil etiladi va yod olish topshiriladi).
Farg’onada topilgan «Yodgornoma» manbaida Saroyi taxallusi bilan yozilgan “Suhayl va Guldursun” ishqiy-romantik dostoni ham bor (Doston syujeti haqida qisqacha ma’lumot beriladi va o’qib chiqish vazifasi topshiriladi).