9-MAVZU XIV-XV ASRLARDA BADIIY TARJIMALAR VA ERIK SHE`RIYAT TARAQQIYOTI: QUTB, SAYFI SAROYI, DURBEK, HAYDAR XORAZMIY
1. Baqiiy tarjimalar va ularing o’ziga xosligi. Qoraxoniylar davrida yuqori suratlarda taraqqiy etib kelayotgan turkiy xalqlar madaniyati va badiiy ijodi Mo’g’ullar istilosi tufayli qattiq zarbaga uchradi. Yuksak istedod egasi bo’lgan bir qator vatandoshlarimiz qonli urushlar davrida shahid ketgan bo’lsa, ayrimlari nisbatan tinchroq bo’lgan janubiy-g’arbiy hududlarga ko’chb ketishdi va shu yurtlarda adabiy til sanalgan fors-tojik tilida ijod etishdi. Buning natijasida, turkiy she’riyat va dostonchilik o’z an’analaridan uzilib qoldi. XIII asr oxirlariga kelib mo’g’ul hukmdorlari birin-ketin islom e’tiqodini qabul qilib, o’zlaridan ancha yuqoriroq bo’lgan mahalliy xalqlar madaniyatiga o’ta boshladi. Biroq bu davrga kelib adabiy jarayonga oid ko’pgina an’analar yuqotib bo’lingan edi. Uning o’rnini qoplash, taraqqiyotni yana o’z yo’liga qaytarish uchun turli manbalarga murojaat etildi. Shular qatorida fors-tojik mumtoz adabiyoti alohida mavqega ega bo’ldi. XIV-XV asrlarda turkiy va fors-tojik xarqlari o`rtasidagi madaniy va adabiy aloqalar yangi taraqqiyot bosqichiga ko`tarildi. Uzoq va boy an`analarga ega bo`lgan fors-tojik tilidagi adabiyot namunalaridan turkiy tildagi xalqlarni ham bahramand etishga intilish, bu adabiyotning eng nodir asarlarini ijodiy yo`l bilan turkiy tilga tarjima qilish bu ikki xalq o`rtasidagi adabiy aloqalarning muhim tarkibiy qismlaridandir. Sharq xalqlari orasida katta shuhratga ega bo`lgan Shayx Sa`diyning "Guliston" va "Bo`ston", Nizomiy Ganjaviyning "Panj ganj" dostonlar turkumi tarjima uchun tanlangan dastlabki manbalardir.
Badiiy yoki ijodiy tarjima zamonaviy tarjimadan bir qator xususiyatlari bilan ajralib turadi. Badiiy tarjimada muallif asos qilib olingan manbaga ijodiy yondashadi. Uni o’z dunyoqarashi, ijodiy mahorati, o’zi yashagan ijtimoiy muhit talablaridan kelib chiqqan holda o’zgartiradi. Haydar Xorazmiy “Maxzan ul-asror” dostoni haqida:
Menki pishirdim bu laziz oshni,
Shayx Nizomiydin olib choshni,
deb yozgan bo’lsa, Qutb Xorazmiy “Xusrav va Shirin” dostoni haqida:
Qozontеk qaynab ush savdo pishurdum,
Nizomiy bolidin halvo pishurdum, - deb yozadi.
Ikkala muallif ham o’zi tarjima uchun tanlagan manbaga ijodiy yondashganligini e’tirof etadi. Asarlarni ko’zdan kechirish orqali yuqoridagi fikrlarning tasdig’ini topish mumkin. Binobarin, mazkur asarlar nafaqat tarjima yoxud adabiy aloqalar nuqtai nazaridan, balki ariginal asar sifatida ham muayyan qimmatga ega va adabiyotimiz ravnaqiga munosib hissa qo’shgan nodir durdonalardir.