O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva mantiq tarixi va nazariyasi falsafa yo‘nalishi talabalari uchun Darslik Toshkent



Yüklə 1,13 Mb.
səhifə112/180
tarix25.11.2023
ölçüsü1,13 Mb.
#134832
1   ...   108   109   110   111   112   113   114   115   ...   180
O‘zbekiston milliy universiteti m. ShAripov d. Fayzixo‘jayeva ma-fayllar.org

Nazariya ma’lum bir predmet sohasiga oid tushunchalar, qonunlar, gipotezalar, g‘oyalarni sistemaga solib, u haqida yaxlit tasavvur hosil qiladigan, yangi fundamental umumlashmalar yaratishga olib keladigan, shu sohadagi hodisalarni tushuntirish, oldindan ko‘rish imkonini beradigan ishonchli bilimdan iborat.
Ilmiy nazariya, oxir-oqibatda, real tizimni, obyektni aks ettiradi, uning tabiatini tushuntiradi va shu ma’noda o‘zining empirik asosiga ega. Lekin empirik asosining mavjudligi nazariya’ning barcha tushunchalari ifoda etadigan predmet va belgilarning hissiy idrok qilinishi yoki nazariya’ning barcha hollarda mavjud hodisalarni, ularning real xususiyatlari va munosabatlarini aks ettirishini anglatmaydi.
Nazariyada borliq, asosan, modellar yordamida ideallashgan holda in’ikos qilinadi. Ideallashtirish jarayonida mavjud obyektlar haqidagi empirik bilimga tayangan holda, haqiqatda mavjud bo‘lmagan va ba’zan mavjud bo‘lishi mumkin ham bo‘lmagan, lekin real mavjud predmetlarga ma’lum bir munosabatda o‘xshash obyektlar haqidagi tushunchalar hosil qilinadi. Masalan, mexanika yechimini qidiradigan ko‘p masalalarda jismning shakli va o‘lchamlari (eni, bo‘yi, hajmi va shu kabilar) unchalik muhim ahamiyatga ega emas. Ayni bir paytda, massa muhim ahamiyatga ega va shuning uchun ham massasi bir nuqtaga jamlangan xayoliy jism – moddiy nuqta hosil qilinadi.
Barcha real mavjud jismlar shaklga va o‘lchamlarga ega, moddiy nuqta esa ideal obyekt bo‘lib, ba’zi masalalarni yyechishda real jismlarning o‘rnini bosadi, ularning nazariy bilishdagi ekvivalenti bo‘lib xizmat qiladi. Fizikadagi mutlaq qattiq jism, geometriyadagi nuqta, tekislik, to‘g‘ri chiziq va boshqa fanlardagi shu kabi ko‘p tushunchalar ideal obyektlarni ifoda qiladilar.
Ideal obyektlar yordamida predmetning hissiy idrok etilmaydigan muhim xususiyatlari, munosabatlari o‘rganiladi. Ularsiz nazariy bilish o‘z oldiga qo‘yadigan maqsadiga erisha olmaydi. Nazariy bilishning zaruriy vositasi bo‘lganligi uchun ularni ba’zan nazariy obyektlar deb ham atashadi.
Nazariya ideal xarakterga ega bo‘lgan tushunchalar, mulohazalar tizimidan – konseptual tizimdan iborat bo‘lib, u real obyektning nazariy modelini ifoda qiladi. Masalan, mexanikadagi boshqa tizimlar ta’siridan ajratib qo‘yilib, yopiq tizim tarzida fikr qilinadigan “mexanik tizim” tushunchasi real obyektning nazariy modeli hisoblanadi. Uning yordamida real mavjud bo‘lgan mexanik tizimning harakat qonunlari o‘rganiladi.
Ilmiy nazariya bilishda bir qancha muhim vazifalarni bajaradi.
Birinchidan, nazariyada birorta sohaga oid barcha bilimlar yaxlit bir tizimga birlashtiriladi. Bunday tizimda, odatda, bilimlarning katta qismini nazariya’ning nisbatan kamroq bo‘lgan boshlang‘ich tushunchalaridan keltirib chiqarishga harakat qilishadi. Ular matematikada aksiomalar, tabiatshunoslikda gipotezalar, deb yuritiladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – qayd etilgan faktlarni ayrim boshlang‘ich prinsiplar, gipotezalarning natijasi sifatida talqin etish. Nazariy tizimda har bir fakt, har bir tushuncha, har bir qonun yoki gipoteza boshqalariga nisbatan o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, ana shundan kelib chiqib, talqin qilinishi (yoki qayta talqin qilinishi) zarur. Talqin etish jarayonida mavjud nazariyalar hamda yangidan qurilayotgan nazariya’ning elementlariga murojaat qilinadi. Bu esa, bir tomondan, mavjud faktlarning tabiatini to‘g‘ri tushunishga yordam bersa, ikkinchi tomondan, bevosita empirik usul yordamida qayd etib bo‘lmaydigan yangi faktlarni topishga imkon beradi.
Ikkinchidan, nazariya’ni qurish berilgan sohaga oid bilimlarni aniqlashtirish, kengaytirish va chuqurlashtirishga yordam beradi. Buning sababi shundaki, nazariya’ning boshlang‘ich asoslari – aksiomalar, postulatlar, qonunlar, prinsiplar, gipotezalar nazariyadagi boshqa ilmiy bilimlarga nisbatan mantiqan kuchliroq hisoblanadi. Ana shuning uchun ham nazariya’ni qurish mavjud bilimlarni tartibga solishdan, ya’ni koordinatsiya qilishdangina iborat bo‘lib qolmaydi. Bunda mantiqan kuchli bilimlardan mantiqan kuchsiz bilimlar keltirib chiqariladi, ya’ni subordinatsiya qilinadi. U esa mazmunan chuqurroq bo‘lgan tushunchalar, qonunlar, prinsiplarga murojaat qilishga, ular yordamida mavjud tushunchalarni talqin etishga, yangi fundamental umumlashmalar hosil qilishga olib keladi. Masalan, Nyutonning harakatning uchta qonuni hamda Butun olam tortishish qonuniga tayanadigan klassik mexanikasi Galileyning Jismlarning erkin tushishi qonuni va Keplarning Planetalar harakati qonunini tushuntirish va aniqlashtirish imkonini berdi. Xususan, Galiley qonunining jismning gravitatsiya kuchi ta’sirida harakat qilishining juz’iy holini ifoda etishi ma’lum bo‘ldi. Gravitatsiya ta’siridan tashqarida, ya’ni Yer radiusi uzunligidan ortiq bo‘lgan masofada Galiley kashf etgan qonun amal qilmaydi. Xuddi shuningdek, Keplerning Quyosh sistemasida harakat qiluvchi planetaning elliptik orbita bo‘yicha harakat qilishi qonunining boshqa planetalarning ta’sirini hisobga olmasligi va ana shuning uchun ham unchalik aniq emasligi ma’lum bo‘ldi.
Uchinchidan, nazariya o‘rganilayotgan hodisani ilmiy asosda tushuntira oladi. To‘g‘ri, birorta hodisani tushuntirish uchun, odatda, uni tavsiflaydigan qonunga murojaat qilishadi. Lekin shuni yoddan chiqarmaslik zarurki, fanda qonunlar o‘z holicha emas, balki ma’lum bir nazariya tarkibida mavjud bo‘ladi. Bunda empirik qonunlar ma’lum bir nazariy qonunlardan keltirib chiqariladi. Hatto, alohida olingan nazariy qonun ham hodisani tushuntirish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Ilmiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, hodisaning mohiyatini tushuntirish uchun nazariya’ning barcha g‘oyalari yig‘indisi, qonunlar jalb etiladi.
Nazariya’ning ilmiy bilishdagi alohida ahamiyati yana uning yangi, ilgari kuzatilmagan hodisalarning mavjudligini oldindan ko‘rish imkonini berishidadir. Masalan, Maksvellning elektromagnit nazariyasi radio to‘lqinlarining mavjudligini oldindan aytishga imkon bergan. Bu to‘lqinlarni ancha vaqt o‘tgandan keyin G.Gers eksperimental yo‘l bilan qayd etgan. Xuddi shuningdek, Eynshteynning umumiy nisbiylik nazariyasi gravitatsiya maydonida yorug‘lik nurining og‘ishini bashorat qilishga olib kelgan.
To‘rtinchidan, ilmiy nazariya o‘zida o‘rganilayotgan predmet sohasiga oid barcha bilimlar o‘rtasida mantiqiy aloqalarni o‘rnatgani, yaxlit bir tizimda mujassamlantirgani va umumlashtirgani uchun uning obyektiv haqiqatlik darajasi va demak, ishonchliligi ortadi.
Beshinchidan, nazariya muammoni qo‘yish, gipotezalarni yaratish, qonunlarni shakllantirish, g‘oyalarni ilgari surish va asoslashdan iborat bilishning uzoq va mashaqqatli yo‘lini bosib o‘tishning natijasi bo‘lganligi uchun u bilishga xos qonunlarni aniqlash, ularni o‘rganish imkonini beradi.
Ilmiy nazariya quyidagi tarkibiy qismlardan tashkil topadi: 1) empirik asos: nazariyaga aloqador faktlar, ularga mantiqiy ishlov berish natijalari; 2) boshlang‘ich nazariy asos: nazariya’ning asosiy tushunchalari, postulatlari (aksiomalari), fundamental qonunlar (prinsiplar); 3) nazariya’ning mantiqiy apparati: tushunchalarni hosil qilish va ta’riflash qoidalari, xulosa chiqarish (isbotlash) qoidalari; 4) olingan natijalar (xulosalar).
Nazariya obyektlari, ularni aks ettiruvchi tushunchalar o‘rtasidagi aloqadorlik nazariya’ning fundamental qonunlari, prinsiplarida o‘z ifodasini topadi.
Mazkur qonunlar, prinsiplar boshlang‘ich tushunchalar va mulohazalar bilan birgalikda nazariya’ning konseptual o‘zagini tashkil etadi. Masalan, klassik mexanikaning negizini harakatning uchta qonuni hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan “fazo”, “massa”, “vaqt”, “kuch”, “tezlik”, “tezlanish” tushunchalari tashkil etadi. Klassik termodinamikaning asosini esa uning uchta muhim qonuni hosil qiladi. Matematik nazariyalarning konseptual o‘zagi ularning asosiy tushunchalari va aksiomalarida o‘z ifodasini topgan.
Har bir nazariya o‘zining tushunchalarini hosil qilish, ta’riflash qoidalariga ega. Bunga misol qilib formallashgan tilni yaratish qoidalari, mulohazalar mantig‘ini natural xulosa chiqarish tizimi sifatida qurish qoidalarini ko‘rsatish mumkin. Xuddi shuningdek, har qanday nazariya xulosalar tarzidagi o‘z natijalariga ega.
Demak, ilmiy nazariya’ning tarkibida uning har bir elementi o‘z o‘rniga ega. Bu haqida aniqroq tasavvur hosil qilish uchun ilmiy nazariya tarkibida va, ayniqsa, uning konseptual apparatida fundamental tushnchalarning tutgan o‘rni, xususan, ularning nazariya’ning shakllanishi va rivojlanishidagi ahamiyati ustida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
Tushunchalar, kategoriyalarning nazariy sistema tarkibidagi ahamiyatining kattaligi uchun bo‘lsa kerak, ko‘pincha ilmiy nazariya’ni muayyan predmet sohasini yaxlit holda aks ettiruvchi tushunchalar sistemasi sifatida tavsiflashadi. Ana shuning uchun ham ilmiy nazariya’ning o‘zagini uning konsetual apparati tashkil etadi, deb aytish mumkin.
Nazariya’ning barcha tarkibiy qismlari: ilmiy fakt, empirik tushunchalar va qonunlar, ideallashgan obyektlar, ular bilan olib boriladigan fikriy ekspriment natijalari, aksiomalar, gipotezalar, nazariy tushunchalar, terminlar, matematik formalizm elementlari va boshqa turli xil fikriy konstruktlar tushunchalar orqali ifodalanadi va tizimga solinadi. Aynan nazariyada kategoriyalarning sintezlovchi, sistema hosil qiluvchi funksiyalari to‘la namoyon bo‘ladi. Bunga o‘z vaqtida Leybnis e’tibor berib, har bir tushuncha, shu jumladan, yakka tushuncha ham o‘zining ashyoviy mazmuni hosil bo‘ladigan jinsning mavjudlik sharoitini ifoda etadi, degan edi. Shu sababdan tushunchalarning ilmiy nazariya tarkibida mavjudligi muhim mantiqiy masala hisoblanadi.
Ilmiy nazariya’ning tushunchalar (konseptual) apparati bu nazariya’ning qanday obyektlarni aks ettirishi, ularni qanday usullar asosida o‘rganishi, ularga qanday yondashishi, avvalgi nazariyalarga qanday munosabatda bo‘lishi, ularning qaysi tushunchalalarini qanday yo‘sinda qabul qilishi bilan bog‘liq. Bu holat Nyuton mexanikasi va boshqa nazariy sistemalarning o‘zaro munosabatida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, ilmiy nazariya’ning tushunchalari tarkibining bilish qonunlari ta’sirida shakllanishi va rivojlanishini, umumlashishi va abstraksiyalashuvi bo‘yicha ularning muayyan ierarxiya’ni hosil qilishini nazarda tutish lozim. Xususan, ba’zi tushunchalar vizual obyektlarni, boshqalari virtual obyektlarni ifoda qilishadi. Shuning uchun ham ba’zi tushunchalar tajribaga yaqinroq, ba’zilari undan uzoqroq turishadi.
Yuqorida qayd etib o‘tilgan holatlar tushunchalarning ilmiy nazariya tarkibida mavjud bo‘lish xususiyatlarining ko‘p o‘lchamligini ko‘rsatadi.
Avvalambor, shuni aytish kerakki, tushunchaning ham, nazariya’ning ham ilmiy qadr-qimmati ularning borliq hodisalarini adekvat tarzda aks ettirishi, ularga mos kelishi, ularning mohiyatini ifoda qilishi, tushuntirishi va talqin etishi, muayyan hodisalarning mavjudligini oldindan aytib bera olishi, xususiyatlari, aloqalari to‘g‘risida gipotezalarni ilgari surish va asoslashga imkon berishi va shu asnoda fan taraqqiyotiga xizmat qilishidadir. Nazariya’ning konseptual apparati haqida gap ketganda, birinchi navbatda, nazariya’ning o‘z empirik asosiga egaligi, undagi gipotezalar, tushunchalardan kelib chiqadigan natijalar, xulosalarning tajribaga, eksperimentga muvofiq bo‘lishi zarurligini yodda tutish lozim. Shuning uchun ham empirik tekshiruv nazariy qurilmaning ilmiylik va haqiqatlik darajasini aniqlashning muhim vositasi hisoblanadi. «Fizikaviy tushunchalarni ta’riflash, – deb yozadi akademik M.A.Markov, – berilgan fizikafiy tushunchaga tuaalluqli kuzatuv va o‘lchashlarni amalga oshirishga imkon beradigan eksperimentlarni tasvirlashni o‘z ichiga olishi kerak. Bunday o‘lchash imkoniyatining prinsipial amalga oshirilishi mumkin bo‘lishi kerak. Bu degani, ana shunday eksperimentning mumkinligini fikran tasavvur qilish lozim, ya’ni bunday tajriba, kam deganda, berilgan tushunchani o‘zida qamrab olgan nazariyaga zid kelmasligi zarur»99, aks holda bu tushuncha yaroqsiz deb topiladi.
Mavjud adabiyotlarda ko‘p hollarda nazariya’ning konseptual apparatidagi tushunchalar tadqiqot darajasiga, aniqrog‘I, tajribaga uzoq-yaqin turishiga qarab tasniflanadi. Xususan, ontologik mazmunga ega empirik va nazariy tushunchalar, obyektiv referenti yo‘q bo‘lgan sof nazariy tushunchalar hamda mantiqiy-gnoseologik tushunchalar farqlanadi.
Empirik tushunchalar kuzatuv va eksperiment natijalarini o‘rganish, ularni umumlashtirish va sintezlash asosida vujudga keladi. Ularda o‘rganilayotgan predmetlar sinfiga xos umumiy, muhim xossalar va munosabatlar bevosita tajribada kuzatiladi, ya’ni bunday xususiyatlar va aloqalar yaqqol namoyon bo‘ladigan miqdorlardan iborat ekanligi aniqlanadi. Shu sababli ularni o‘lchash imkoniyati mavjud bo‘ladi. Demak, empirik tushunchalarda ifoda etiladigan predmetlar belgilari nafaqat tajribada yaqqol namoyon bo‘ladi, balki ularni o‘lchash ham mumkin bo‘ladi.
Nazariy sistemaga kiritilayotgan tushuncha o‘lchash asboblari keltirib chiqaradigan salbiy oqibatlardan xoli bo‘lishi uchun nazariy hisob-kitob qilish zarur bo‘ladi.
Ba’zi tadqiqotchilar mazkur muammoni matematika vositalari yordamida hal etish mumkin deb hisoblashadi va matematik tasvir usulidan nazariya’ni qurishda keng foydalanishni taklif qilishadi. Bu fikrga qo‘shilsa bo‘ladi. R.Feynman aytganidek, «matematika – bu til plyus muhokama yuritish, u til va mantiqning birga bo‘lishi. Matematika – fikr yuritish quroli… uning yordamida bir mulohazani boshqalari bilan bog‘lash mumkin»100. Bu fikr hozirda e’tirozga hech qanday o‘rin qoldirmaydi. Matematika vositalari yordamida qurilgan nazariy sistemalar kam emas. Buyuk kashfiyotlarning ko‘pi modellardan abstraktlashish, hodisaning fikriy strukturasi, matematik tasvirini yaratish asosida paydo bo‘lgan. Masalan, Dirak, Feynmanning ta’kidlashicha, relyativistik kvant mexanikasi qonunlarini matematik tenglamalarni o‘ylab topish natijasida ochgan.101
Lekin bu yerda shunga ham e’tibor qaratish lozimki, matematika modeli tasavvurlar o‘rnini bosa olmaydi. «Maksvell nazariyasi – bu maksvell tenglamasi», «Shreydingerning to‘lqin mexanikasi – Shredinger tenglamasi» degan fikrlarni tanqid qilar ekan, akdemik M.A.Markov matematik tasvirlar obyekti fizikaviy obraz ekanligi, avvalgi va yangi fizikaviy nazariyalarning tub farqi ularning matematik tasvirida emas, balki fizikaviy obrazlarida ekanligini ta’kidlaydi.102
Nazariyada tarkibida mavjud bo‘lgan formalizm o‘z holicha tushunchalar mazmunini yarata olmaydi. U nazariya yaratish quroli, xolos. Buning asosiy sababi shundaki, «Matematika tushunchalar o‘rtasidagi munosabatlar bilan ish ko‘rgani holda, ularning tajriba bilan bo‘lgan aloqasini e’tiborga olmaydi. Fizika ham matematik tushunchalar bilan ish ko‘radi, lekin bu tushunchalar ularning tajriba obyekti bilan aloqasi aniq belgilangandan keyingina fizikaviy mazmun kasb etadi».103
Nazariy tushunchalar ham tajriba natijalarini qayta anglash, ularni o‘rganilmagan sohalarga ekstropolyasiya qilish asosida paydo bo‘ladi. Bunda empirik tushunchalarni bog‘lash, sintezlash, umumlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, mexanikada “moddiy nuqta” nazariy tushuncha bo‘lib, uni yaratish uchun empirik tushuncha hisoblangan “massa”dan foydalaniladi, xususan, u massasi bir nuqtada jamlangan jism deb ta’riflanadi.
Demak, nazariy tushunchalar real tajriba, eksperiment bilan empirik tushunchalar orqali bog‘lanadi. Bu holat nazariy tushunchalarning ham obyektiv referentlarga ega ekanligini bildiradi.
Ilmiy nazariya’ning tushunchalar apparatida obyektiv reallikda bevosita referentiga ega bo‘lmagan nazariy tushunchalar ham mavjud. Ular sof nazariy terminlar yoki bo‘sh terminlar deb ataladi. Masalan, klassik mexanikada ishlatilgan “mutloq fazo”, “mutloq vaqt” tushunchalarini sof nazariy terminlar deb aytish mumkin. Fandagi, shu jumladan, fizikadagi sof nazariy terminlar fizikaviy ma’noga emas, balki ramziy ma’noga egadirlar. Bunday terminlarning fizikaviy nazariyaga kiritilishi fizikaning matematik apparati rivojlanishi jarayonida sodir bo‘ladi. Bu fikrni fizikaga kiritilgan juda ko‘p terminlar, xususan, f-funksiya termini tasdiqlaydi.
Shuni alohida ta’kidlash zarurki, sof nazariy terminlar ilmiy nazariyaga, nazariy sistemaga uning mantiqiy strukturasini yaratish uchun zarur bo‘lgan elementlar, aniqroq qilib aytganda, fizikaviy ma’noga ega tushunchalarni qiyoslash, ularning o‘zaro munosabatini aniqlash va o‘rnatish uchun kiritiladi. Masalan, “mutloq qattiq jism” qattiqlik darajasi turli xil bo‘lgan moddiy jismlarni solishtirish uchun muayyan etalon vazifasini bajaradi. Uning yordamida turli xil qattiqlikda bo‘lgan jismlar aniqlanadi, tavsiflanadi va tasniflanadi hamda tizimga solinadi.
Shuningdek, sof nazariy tushunchalar muayyan hodisalar, ularning xususiyatlari, aloqalari to‘g‘risidagi tasavvurlarni oydinlashtirishi ham mumkin. Masalan, “virtual zarrachalar” tushunchasini olsak, ular ham real mavjud, ham real mavjud emas deb hisoblanadigan zarrachalarni ifoda etadi. Yoki kvant mexanikasidagi “to‘lqin funksiyasi” tushunchasiga nazar tashlasak, uning fizikaviy ma’nosining hozirgi paytgacha to‘liq aniqlanmaganining guvohi bo‘lamiz. Bundan tashqari, bir nazariyada sof nazariy termin deb hisoblanib, nazariyadagi o‘z funksiyasini bajarib bo‘lgandan keyin e’tibordan tashqarida qolsa, hatto, uning strukturasidan chiqarib tashlansa, u boshqa nazariyada yaratilishi mumkin.
Qayd etilgan holatlar sof nazariy terminlar maqomini aniqlashning murakkabligi, ular to‘g‘risidagi tasavvurlarning kengaytirilishi, oydinlashtirishi zarurligini ko‘rsatadi.
Ba’zi sof nazariy terminlar ilmiy nazariya rivoji davomida fizikaviy ma’no-mazmun kasb etishi mumkin. Buni “efir” to‘g‘risidagi tasavvurlar evolyutsiyasi tasdiqlaydi. Ma’lumki, dastlab, efir bo‘shliq tarzida tushunilgan. Masalan, Demokrit, Epikur olamni atomlar va ular harakatlanadigan bo‘shliqdan iborat deb tushuntirishgan. Bunda bo‘shliq real moddiy obyekt sifatida olib qaralmagan. Ular atomlarning shakli, holati, harakat yo‘nalishi, massasi bo‘yicha bir-biridan farq qiladigan bo‘linmas zarrachalar deb hisoblashgan va bu bilan har bir atomning individual obyekt sifatida qat’iy tarzda muayyan xususiyatlarga egaligini, uning ma’lum bir qonuniyatlarga bo‘ysinishini ta’kidlashgan.
Fizikaning keyingi taraqqiyoti olamda bo‘shliqning yo‘qligini, atomning esa bo‘linishini, turli xil mikroobyektlarning ham zarracha, ham maydon xususiyatiga egaligini, ularning o‘zaro bog‘liqligini, ya’ni zarracha shaklidagi mikroobyektning maydon shakliga va aksincha o‘zgarishini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, kvant mexanikasida alohida olingan mikroobyektning vaqtda o‘zgarishini, u atom bo‘ladimi yoki boshqa birorta elementar zarracha bo‘ladimi, undan qat’i nazar, boshqaradigan qonunlarga o‘rin yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Kvant mexanikasi qonunlarining statistik xarakterga egaligi o‘rnatildi. “Biz taxminan qancha atomlarning (radioaktiv moddaning) keyingi yarim soat ichida parchalanishini oldindan ayta olamiz, lekin nima uchun aynan ana shu alohida mavjud atomlarning halokatga mahkum ekanligini aytib bera olmaymiz”104, deb yozadi A.Eynshteyn va L.Infeldlar. Kvant mexanikasi elementar zarrachalarning individual qonunlarini izlashdan voz kechib, statistik qonunlarni o‘rnatdi. V. Geyzenberg fikricha, elementar zarrachalar kundalik turmushda sodir bo‘ladigan hodisalar singari real emas, “ular narsalar va faktlar dunyosini emas, balki tendensiyalar va imkoniyatlar dunyosini hosil qiladi”105.
Ilmiy nazariya’ni nisbatan yaxshiroq qanoatlantiradigan usul matematik yo‘l bilan nazariy terminni kiritish hisoblanadi. Kvant mexanikasida bunday termin Shredinger tenglamasidan kelib chiqadigan to‘lqin funksiyasi termini bo‘ldi. Lekin shunisi borki, fizikada doimo tushunchalarning, ayniqsa fundamental tushunchalarning fizikaviy ma’nosini aniqlashga, xususan, tavsiflanayotgan hodisaning holatlari, ularning obyektiv mazmunini tasvirlashga urinadi.
Fizikada “to‘lqin funksiyasi” tushunchasining fizikaviy ma’nosini aniqlash qiyin kechdi, uni qidirish ishi hozirgacha davom etmoqda. Ana shuning uchun ham soha mutaxassislari mazkur tushunchani nisbatan sof nazariy tushuncha deb hisoblashmoqda. Buning nisbiyligi to‘lqin funksiyasiga real xususiyatining potensial imkoniyat tarzida mavjudligi orqali berilayotgani bilan belgilanadi.
Yuqorida bildirilgan fikrlar shundan dalolat beradiki, fizikada sof nazariy termin bilan nisbatan sof termin o‘rtasidagi chegara zaif, noturg‘undir.
Ilmiy nazariya tarkibida undan avvalgi nazariyalar tushunchalari ham mavjud bo‘ladi. Lekin ular yangi ilmiy nazariyaga mos ravishda transformatsiya qilinadi. Bunga misol tariqasida zarracha, to‘lqin singari klassik fizika tushunchalarining mikroobyektlar xususiyatlarini ifoda etishga moslashtirilgan holdagi transformatsiyasini keltirish mumkin.
Yuqoridalilardan kelib chiqib, shunday xulosaga kelish mumkin:
1) tushunchalar ilmiy nazariya’ning asosiy strukturaviy elementlari hisoblanadi, ular yordamida tajriba natijalari qayd etiladi va umumlashtiriladi, gipotezalar yaratiladi, g‘oyalar ilgari suriladi;
2) nazariya tarkibidagi tushunchalarni har xil asoslarga ko‘ra turlarga ajratish mumkin, xususan, empirik va nazariy tushunchalar, nazariy terminlar va sof nazariy terminlarni farqlash mumkin;
3) ilmiy nazariyalarda, xususan, fizikaviy nazariyalarda matematik metodni qo‘llash natijasida hosil bo‘ladigan konseptual vositalar, ayniqsa, sof nazariy tushunchalarga fizikaviy ma’no berishga intilish fizikada mavjud tendensiyalardan biridir;
4) ilmiy nazariyalar o‘rtasida konseptual vorisiylik mavjud bo‘lib, u muayyan tushunchalarning bir nazariyadan boshqasiga transformatsiya qilinishida namoyon bo‘ladi.
Yuqorida bildirilgan mulohazalar yana ilmiy nazariya’ni qurishning murakkab jarayon ekanligini, bir qancha tadqiqotchilik vazifalarini izchil tarzda hal etishni, qator bosqichlardan o‘tish zarurligini ko‘rsatadi. Dastlabki bosqichda nazariya’ning predmet sohasi va tadqiqot yo‘nalishi aniqlanadi. Amaliy hayotimiz ehtiyojlari, u bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan tadqiqot maqsadi va vazifalari bunda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, predmet sohasi va tadqiqot aspektini aniqlashda berilgan sohaga oid bilimlarning ko‘lami, chuqurligi katta rol o‘ynaydi.
Nazariya’ni qurishning keyingi zaruriy bosqichi boshlang‘ich asosni aniqlashdir. U o‘rganilayotgan sohaga oid eng asosiy tushunchalar, aksiomalar, gipotezalar yig‘indisidan iborat bo‘ladi. Nazariya’ning boshqa barcha tushunchalari, gipotezalari va qonunlari ana shu boshlang‘ich asosdan deduktiv yo‘l bilan keltirib chiqariladi. Bunda, albatta, nazariya’ning barcha tushunchalari – asosiylari va keltirib chiqariladiganlari, yangidan hosil qilinadiganlari muhim g‘oya (yoki g‘oyalar tizimi) negizida birlashtirilishi kerak.
Qurilgan nazariya bilishning keyingi bosqichlarida aniqlashtiriladi, yangi faktik materiallar asosida mazmunan boyitiladi, qayta talqin qilinadi.
Nazariya’ning o‘zgarishi uning obyekti va kategoriyalar tizimining ham yangilanishini anglatadi. Bu munosabatda fanning konseptual apparati deganda, doimiy ravishda o‘sib boruvchi bilimlarni jips va yaxlit holda ifodalaydigan vosita tushuniladi.106
Shu sababli, ilmiy nazariya’ning rivojini ham uning fundamental tushunchalari, kategorial strukturasining o‘zgarib borishi, konseptual apparatining takomillashuvi nuqtai nazaridan talqin etish maqsadga muvofiqdir. Bunga klassik, noklassik va postnoklassik fanlar, nazariyalar, ularning obyektlari va, demak, konseptual apparatlari o‘rtasidagi jiddiy farqlar mavjudligini ko‘rib ishonch hosil qilish mumkin. Klassik fan, xususan, klassik mexanikaning obyekti makroskonik jismlar, jarayonlar edi. Uning obyektlari nazariy tadqiq etish usullari va kategoriyalar tarkibi bilish oldida turgan vazifalar bilan belgilangandi. XIX asr oxiri-XX asr boshida qilingan kashfiyotlar borliqni ilmiy bilishda chuqur o‘zgarishlarning sodir bo‘lishni boshlab berdi. Klassik fan obyektlaridan tubdan farq qiladigan obyektlar, xususan, elektromagnit hodisalarini o‘rganish bilish vazifasiga aylandi. Tabiiyki, bu klassik fanning konseptual apparatiga, tafakkur tarziga sezilarli o‘zgartirishlar kiritdi. Eski tushunchalar yo o‘z ahamiyatini yo‘qotdi, yo yangi bilish sharoitiga muvofiq ravishda mazmunini o‘zgartirdi, yangi tushunchalar yaratishga zaruriyat paydo bo‘ldi. Geyzenbergning fikricha, zamonaviy tabiatshunoslikning muhim natijalaridan biri aynan ana shu XIX asr tabiatshunosligining harakatsiz tushunchalar sistemasini buzganligi bo‘ldi.107
Bunday holat ilmiy taraqqiyotining turli yo‘nalishlarida mantiqiy– metodologik qiyinchiliklarni, muammolarni keltirib chiqardi. Ana shunday qiyinchliklardan biri yuqorida zikr etib o‘tilgan elektromagnit hodisalarini o‘rganishi bilan bog‘liq edi. Ularni klassik mexanika prinsiplari asosida tushuntirib bo‘lmas edi, chunki bu prinsiplar nisbatan katta tezlikda harakatlanmaydigan makroskopik jismlarni o‘rganishi jarayonida shakllangan edi. Ular harakati yorug‘lik tezligi bilan o‘lchanadigan obyektlarni tushuntirishga qodir emasdi.
XX asr boshida fizikadagi inqilob bilan bog‘liq ravishda ikkita buyuk nazariya: nisbiylik nazariyasi va kvant mehanikasi paydo bo‘lib, ular klassik nazariya asoslarini buzishga olib keldi.108 Xususan, Galiliy o‘zgartirishiga nisbatan invariant bo‘lgan klassik mexanika qonunlariga mos klassik nisbiylik prinsipi o‘rniga Eynshteynning nisbiylik prinsipi keldi.
Bu, o‘z navbatida, mexanikaning tushunchalari tarkibini qayta qurishga sabab bo‘ldi, xususan, “mutloq fazo” va “mutloq vaqt” tushunchalari “nisbiy fazo” va “nisbiy vaqt” tushunchalariga o‘rnini bo‘shatib berdi.
Fazo va vaqtning harakatdagi materiya’ning fundamental xossalari bo‘lib, bir-biri bilan uzviy bog‘liq ekanligi aniqlandi va “fazo - vaqt”, “fazo – vaqt kontiniumi”, “fazo – vaqt intervali” tushunchalari ilmiy aylanmaga kiritildi.
Mikro -, makro -, va mega dunyolarning sifat jihatidan turli jinsi ekanligi, shuningdek, fazo va vaqtning ilgari ma’lum bo‘lmagan xususiyatlari aniqlangach, “izotroplik” “fizikaviy singulyarlik”, “egrilik” tushunchalari yaratildi.
Shu bilan birga, klassik mexanikaning “massa”, “energiya”, “sanoq sistemasi”, “bir vaqtli” tushunchalarining mazmuni o‘zgardi. Maxsus va umumiylik nazariyasi metodlarining boshqa sohalarda, tadqiqotlarda, masalan, kosmologiyada qo‘llanilishi hisobiga predmet sohasining kengayishi fizikaning konseptual strukturasining o‘zgarishi bilan birga kechdi.
Yuqoridagi tahlidan ko‘rinib turibdiki, klassik mexanika nazariyasi va elektrodinamika nazariyasi turli xil bilish obyektlariga, ularni o‘rganishga turlicha yondashish usullarga va, eng asosiysi, har xil konseptual strukturalarga ega. Bu bizga klassik va noklassik fan, ularga mos nazariyalar, kategoriyalar strukturasining bir-biridan jiddiy farq qilishini ko‘rsatadi.
Noklassik ilmiy nazariya rivojining yana bir yo‘nalishini klassik termodinamikadan kvant nazariyasiga o‘tish tashkil etadi. Bu nazariyalar orasidagi farq “ultra binafsha halokati” deb nom olgan hodisani o‘rganishda yaqqol ifodalandi. Xususan, klassik termodinamika prinsplari va tushunchalari materiya’ning kichik fundamental zarachalari harakati va unga mos keladigan energiya miqdorining taqsimlanishini tushuntirishga ojizlik qildi. Energiya o‘zgarishining uzluksizligi to‘g‘risidagi mexanik g‘oya energiya’ning diskretligi g‘oyasi bilan almashtirildi. Fizik jarayonlarning uzilishi, ularning sakrash holati fundamental xossa deb hisoblanadigan bo‘ldi. Olamni ulkan mexanizm, uning barcha holatlarini oldindan aytib berish mumkin deb tushuntiradigan dinamik determinizm o‘rnini stoxastik determinizm egalladi.“Kvant”, “kvantlanish”, “Plank doimiysi”, “to‘ldirish”, “noaniqlik”, “simmetriya” tushunchalari kiritildi, “uzluksizlik” va “uzilish dialektikasi”, “sababiyat”, “impuls”, “holat”, “qonun” tushunchalari qayta ko‘rib chiqildi.
Fizika sohasidagi keyingi tadqiqotlar nisbiylik nazariyasi bilan kvant mexanikasi orasidagi bog‘lanish mavjudligini ko‘rsatdi: birinchisining prinsiplari ikkinchisiga qo‘llanilishi natijasida relyativ kvant mexanika paydo bo‘ldi.
Bilish obyekti va bilish sharoitiga bog‘liq holda konseptual strukturalarning o‘zgarishini ilmiy bilish rivojlanishining yana boshqa sohalari, xususan, sistemalar nazariyasi, kibernetika nazariyasi, sinergetikaning shakllanishida ham kuzatish mumkin. Masalan, sistemalar nazariyasi “sistema”, “struktura”, “element”, “funksiya” kategoriyalarining yaratilishiga, “butun”, “bo‘lak”, “yaxlitlik” kabi kategoriyalarning qayta anglanishiga olib keldi. Kibernetika nazariyasida “in’ikos” “informatsiya”, “teskari aloqa” kabi fundamental kategoriyalar ishlab chiqildi, “sistema”, “struktura”, “element” kabi kategoriyalar qayta anglandi.
Sinergetikada “ochiq sistema”, “o‘z-o‘zidan tashkillashuv”, “nochiziqli taraqqiyot” tushunchalari ishlab chiqildi; tasodif, zaruriyat, fazo, vaqt harakat kategoriyalari qayta ko‘rib chiqildi.
Yuqoridagi bayon qilinganlardan kelib chiqadigan asosiy xulosa shuki, ilmiy nazariya’ning kategoriyal apparati bilish taraqqiyotiga mos ravishda o‘zgarib turadi. Buni hisobga olish ilmiy nazariyada kategoriyalardan o‘z o‘rnida va samarali foydalanishga imkon beradi.
Endi ilmiy nazariya’ning turlarini farqlash vaqti keldi. Tabiiyki, ilmiy nazariya ma’lum bir metod yordamida, ya’ni metodologik prinsiplar, usullarni qo‘llash asosida quriladi. Qurilish metodiga ko‘ra, nazariyalarni to‘rt turga ajratish mumkin: 1) tajriba bilan ish ko‘radigan fanlarning mazmundor nazariyalari; 2) gipotetik-deduktiv (yoki yarim aksiomatik) nazariyalar; 3) aksiomatik nazariyalar; 4) formallashgan nazariyalar.
Mazmundor” nazariyalarda ma’lum bir sohaga oid faktlar tizimga solinadi, umumlashtiriladi va tushuntiriladi. Ular, asosan, tajriba natijalari, empirik materiallarga tayanadi, ularni tahlil qiladi, tartibga soladi va umumlashtiradi. Ana shuning uchun ham ularni «tajribaga tayanuvchi nazariyalar», deb atashadi. “Mazmundor” deb atalishiga sabab, ularni matematika va mantiqdagi formallashgan nazariyalardan farq qilishdir. Mazmundor nazariyalarni sof empirik nazariyalar deb bo‘lmaydi. Ular faqat empirik materiallargagina emas, balki nazariy qonunlarga ham tayanadi. Masalan, mazmundor, deb hisoblanadigan Ch.Darvinning evolyutsiya nazariyasi, I.P.Pavlovning oliy asab faoliyatining shartli reflektorlik nazariyasi va shu kabilar chuqur nazariy g‘oyalarga suyanadi, ular yordamida to‘plangan materiallarni ratsional usul bilan anglaydi, qayta ishlaydi va tushuntiradi.



Yüklə 1,13 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   108   109   110   111   112   113   114   115   ...   180




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin