Umumiy gipoteza deb tabiat, jamiyat, bilish hodisalarining qonuniyatlari haqida bildirilgan asosli taxminga aytiladi. Bunga misol qilib neft kelib chiqishining organik va noorganik tabiati haqidagi gipotezalarni, Yerda hayotning paydo bo‘lishi, ongning kelib chiqishi, ijtimoiy progress haqidagi gipotezalarni ko‘rsatish mumkin. Umumiy gipotezalar borliqning muhim qonuniyatlarini ochishga imkon bergani uchun ilmiy nazariya «qurish materiallari», deb hisoblanadi. Isbotlangach, bunday gipotezalar nazariyalarga aylanadilar va ilmiy tadqiqotlarning strategik yo‘nalishlarini belgilab beradilar.
Juz’iy (xususiy) gipoteza ayrim faktlar, konkret predmet va hodisalarning kelib chiqishi, xususiyatlari haqidagi bildirilgan asosli taxminiy fikrdan iborat. Konkret jinoyatning motivi haqidagi sud versiyasi, arxeologik qazishlarda topilgan predmetlarning tabiati, qaysi davrlarga oid ekanligi haqidagi taxminlar juz’iy gipotezaga misol bo‘ladi.
Mantiqda ishchi gipotezalar ham farq qilinadi.
Ishchi gipoteza tadqiqotning dastlabki bosqichida ilgari suriladigan taxmin bo‘lib, o‘z oldiga o‘rganilayotgan hodisaning sababini aniqlashni maqsad qilib qo‘ymaydi; u faqat kuzatish va eksperiment natijalarini tasvirlashga, tartibga solishga yordam beradi.
Shunday qilib, gipoteza fikrlarimizning qurilishi, bilimlarimizning mavjud bo‘lish va rivojlanish shaklidir.
M.Koen va E.Nagel gipotezalar va ilmiy uslubning aloqasiga maxsus to‘xtalishib, tadqiqotning sabablari va vazifalari masalasini muhokama etishga, ayniqsa, katta ahamiyat berishadi. keling, bu haqida ular bayon qilgan hodisalar talqiniga e’tibor qarataylik.
Gerodot o‘zining tahsinga loyiq bo‘lgan “Tarix” asarining ikkinchi kitobida Misrga qilgan sayohati chog‘ida duch kelgan turlarga batafsil to‘xtalib o‘tadi. Gerodot diqqat-e’tiborini Nil daryosi o‘ziga tortadi: “Nil qirg‘oqlardan to‘lib-toshganda, nafaqat deltani yuvadi, balki, Liviya va Arab viloyatlarining (aynan viloyat) ma’lum bir qismini ba’zida ko‘p, ba’zida kamroq tarzda, ikki kun oralig‘ida, ikkala tomonni ham yuvib turadi. Mazkur g‘aroyib daryoning tabiiy xususiyatlari to‘g‘risida men na kohinlardan, na boshqa birovdan ma’lumot ololmadim. Menga Nilning aynan nima sababdan quyoshli yozning dastlabki 100 kunida qirg‘oqlardan to‘lib toshishi sabablari, belgilangan muddat tugashi bilan suvning o‘z sathiga tushishi hamda to kelgusi yozga qadar to‘liq qish davomida o‘zining past darajasida saqlanib turishi sabablarini topishga urindim. Hech bir misrlik menga buning sabablari borasida aytarli ma’lumot bera olmadi. Hech kimsa quyidagi savolimga javob topa olmadi: nega Nil tabiati boshqa daryolarnikiga tamoman ters, ularga qarama-qarshi?!
Savollar yordamida buning asl sabablarini bilishga urindim, shuningdek, dunyodagi barcha daryolarda bo‘lgani kabi nega Nilda sovuq shamollar esmasligi sabablarini izlashga harakat qildim. Biroq, bir qancha ellinlar (qadimgi yunonlar) Nilning toshishiga doir uchta sababni keltirishadi. Ulardan ikkitasi hattoki muhokamaga arzimaydi, shunday bo‘lsa-da ularga to‘xtalib o‘tishni joiz deb bilaman. Bir izohga ko‘ra, Nilning toshqinlariga etisey shamollari sabab bo‘ladi. Ular orqali Nilning dengizga qo‘shilishida to‘siqlar paydo bo‘ladi. Ammo, ba’zi yillari etisey shamollari umuman kuzatilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, Nil doimgiday toshqin bo‘ladi. Agar shunday bo‘lgan taqdirda ham, shamollarga qarshi oqadigan boshqa daryolar ham nega Nilga o‘xshab ayni shu davr oralig‘ida to‘lib-toshmaydi.
Ikkinchi izoh birinchisidan ham o‘tib tushadi va aql bovar qilmas darajada. Unga binoan, Nilning ko‘tarilishi va tushishi uning ummon (okean)dan oqib kelishi bilan tavsiflanadi, o‘z navbatida, mazkur ummon butun Yer yuzini aylanib oqib o‘tadi.
Va nihoyat, uchinchi izoh haqida gapiradigan bo‘lsak, u birmuncha ishonarli bo‘lib, shunga qaramasdan, yolg‘ondan iborat. Haqiqatdan ham, uchinchi izoh ham aniq-ravshan tarzda hech narsani tushuntirib berolmaydi. Unga ko‘ra, Nil qorlarning erishi natijasida o‘z qirg‘oqlaridan to‘lib oqadi. Shu bilan birga, Nil Liviyadan oqib o‘tib, Efiopiya hududi orqali Misrdagi dengizga borib quyiladi. O‘rinli savol tug‘iladi: qanday qilib Nil daryosi qorlarning erishi natijasida hosil bo‘ladi, axir u iqlimi eng issiq mamlakatlardan oqib o‘tib, nisbatan sovuqroq davlatlarga borib quyiladi-ku. Mazkur izoh mantiqqa umuman to‘g‘ri kelmaydi: bunga asosiy hal qiluvchi dalillardan biri bu- ushbu mamlakatlardan esib keluvchi issiq haroratli shamollardir.
Ikkinchidan, bu mamlakatlarda hech qachon yomg‘irlar yog‘maydi va umuman muzlamaydi. Aslida, qordan so‘ng, besh kun ichida yomg‘irlar yog‘ishi kerak. Shuning uchun ham, agarda bu davlatlarda qor yoqqanda edi, yomg‘irlar ham yog‘ishi kerak boʻlardi. Uchinchidan, issiq garmsel shamollar oqibatida mahalliy aholining rangi qora tusga kirgan. Kalxatlar va qaldirhochlar bu yerlarda butun qishni o‘tkazadilar. Shuningdek, skif ayozidan saqlangan holda turnalar bu yerda qishki mavsumni o‘tkazadilar. Shu tariqa, agarda bu yerda ozgina bo‘lsa ham qor yoqqanida, yuqorida keltirib o‘tilgan tabiiy misollardan birortasi bu holatga mantiqiy nuqtai nazardan, umuman, mos tushmasdi.
Ummon to‘g‘risidagi izohda ham shu qadar mavhumlik va qorong‘ulik borki, biror-bir tasdiqni keltirishga ojizlik qiladi. Masalan, menga ummonga quyiluvchi daryo haqidagi biror-bir narsa ma’lum emas. “Ummon” nomini Gomer yoki qadimgi biron-bir shoir tilga olgan bo‘lsa kerak – har holda o‘zining nasriy ijodiga qo‘shish maqsadida”89.
Keyingi o‘rinlarda Gerodot Nil bo‘yicha o‘zining izohlarini keltiradi. O‘quvchiga haqiqatni ochish usullari borasida gap ketganda, asosiy xulosa “faktlarni o‘rganish” zarurligini hisobga olish yoki tasdiqlash lozimligi borasida yetkazilgan edi. Bu orqali, to‘plangan, olingan faktlar orqali xulosa bo‘yicha “faktlarning o‘zini gapirtirish” maqsadga muvofiqdir. Agarda shunday bo‘lsa, u holda ushbu iqtibosni tabiiy holatlarga nisbatan qo‘llay bilish kerak.
Ta’kidlash joizki, odatiy ishonch-e’tiqodlar muayyan bir shubhaga olinmasa, bizni o‘rab turgan muhitga nisbatan o‘zgartirishlar kiritilmasa, u holda nimani o‘ylayotganimiz haqida ham biror narsa deyishga ojizlik qilamiz. Bunda, bizning o‘y-fikrlarimiz eng yaxshi holatda faqatgina qoloq va eskiligicha qoladi.
M.Koen va Nagel ushbu mulohazani tanqid yoki ilmiy usullarning tabiatini tushunish yordamida kuchaytirishga harakat qiladilar.
Gerodotdan keltirilgan mazkur parcha yunonlarning ilmiy bilimga hamda quruq muhokamalarga nisbatan moyilligini aniq tarzda tasvirlab, ifodalab beradi. Shu bilan birga, bunda, odatiy tarzdagi tasodifiy axborotning faktlar orqali tartiblanishi, ajratib olingan faktlarning farqlari bilan ifodalanadi. Nilning toshishi ko‘pchilik uchun qo‘pol fakt bo‘lib, boshqa bir ma’lum bo‘lgan faktlar bilan bog‘lanmagan, ammo ajratib olingan faktlar edi 90.
M.Koen va Nagel relevant gipotezani farqlash, uni ta’riflash va tavsiflashga ham urinadilar va muammoni quyidagi savol tarzida qo‘yadilar: faktlarni tartiblashtirish qay tarzda amalga oshiriladi? Shu narsa yaxshi ma’lumki, o‘rganilayotgan sohani bilmasdan turib, muammoni avvaldan ta’riflab bo‘lmaydi. Yunonlar Nilning tabiiy holatidagi muammoni boshqa daryolarning mavjudlik shart-sharoitlarini yaxshi bilganliklari uchungina fahmlay olganlar. Shuningdek, ularga daryolarning tabiati bevosita shamol, qor, bug‘lanish bilan bog‘liq ekanligi oldindan ma’lum edi. Aniq bir muammo sifatida ravshan bo‘lmagan qiyinchilikni ta’riflash uchun, o‘rganilayotgan sohaga oid ma’lum bo‘lgan muhim bilimlar asosini tanlay olish imkoniyatiga ega bo‘lish zarur. Gerodot suvning yoyilish oraliq masofasiga, daryoning toshishi vaqtiga, toshqinning qay vaqtda eng yuqori darajada bo‘lishiga, shuningdek, daryo bo‘ylab shamollarning uchramasligiga o‘z e’tiborini qaratgan. Gerodot “Nil toshqini” deb nomlanuvchi qiyinchilikka nisbatan ta’rif ishlab chiqqan. Gerodotni aynan shu elementlar qiziqtirgan, chunki u daryolarning mavjudligi bilan bog‘liq boshqa bir qator nazariyalarni bilardi. Aynan mazkur nazariyalardagi bilimlar unga shamol, qor va bug‘lanish kabi omillar bog‘lamidan muayyan bir aloqani topishga urindi. U, agarda biz taxminiy boshlang‘ich qiyinchilikdan ishni boshlamasak, o‘z tadqiqotimizda sezilarli siljishga erisha olmaymiz, degan fikrga keldi. Bu kabi tushuntirishlar bizdagi bor bilim orqali o‘rganilayotgan sohada namoyon bo‘la boshlaydi. Mulohazalar ko‘rinishidagi ta’riflar esa endilikda gipotezalar deb yuritiladi.
Gipotezaning vazifalari qatoriga bizni faktlar o‘rtasidagi tartibni qidirishga undash ham kiradi. Gipotezada shakllantirilgan taxminlar muammoning yechimi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Tadqiqotning vazifasi ularning muammo yechimi sifatidagi o‘rnini aniqlashdan iborat. Taxminlarimizdan hech biri bizni muammo yechimiga yetaklashi zaruratidan oldimizga qo‘ygan maqsadimizga olib kelishi kerak emas. Ko‘p hollarda, ilgari surilgan taxminlar bir-biri bilan mos kelmaydi, shuning uchun ham ular bir vaqtning o‘zida aynan bir xil muammoning yechimi bo‘la olmaydi.
Quyida biz qoniqarli gipoteza bajarishi lozim bo‘lgan formal sharoitlar bilan tanishib chiqamiz. Mazkur bosqichda Nilning davriy toshqinlari muammosini yyechishda uchta gipoteza ko‘rib chiqilganligi ma’lum ( o‘zining gipotezaidan tashqari). Gerodot ana shu uchta gipotezani ko‘rib chiqqandan keyin o‘zining gipotezasini ilgari surgandi. Aslida, to‘rtta gipoteza ham yolg‘ondir. Biroq, bunga qaramasdan, Gerodot amal qilgan tartibli jarayon bir gipotezani inkor qilgan holda, ikkinchi gipotezani qabul qilishi hanuzgacha ilmiy usulning modeli sifatida qo‘llanib kelinmoqda.
Agarda biz keng tarqalgan “Faktlar o‘zi uchun o‘zlari gapirsin” maslahatini yana bir bor tahlil qilib chiqsak, unda tadqiqot doirasidagi gipotezaning muhimligi yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Faktlar nimasi bilan muhim va bizga nimani beradi? Gerodot cheksiz vaqt mobaynida Nil toshqinlarini kuzatib borishi va biron-bir natijaga erishmasligi mumkin edi. Xususan, Markaziy Afrikadagi yog‘ingarchiliklar miqdori hamda toshqinlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni fahmlay olmasligi mumkin edi. Uning oldida turgan muammoning yechimini Nilning toshqinlari va boshqa bir fakt o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash orqali topish mumkin. Ammo, qaysi bir fakt bilan? Boshqa faktlarning soni cheksiz bo‘lib, Nilni shunchaki kuzatish orqali buni aniqlay olmaslik mumkin. O‘rganish uchun faktlarni qaysidir gipotezaga asoslangan holda tanlash zarur.
Gipotezaning tadqiqotni yo‘naltirishi uchun ba’zi faktlar alohida ahamiyatli sifatida, boshqalari esa, u qadar ahamiyatli emas faktlarga bo‘lib o‘rganilishi lozim. Amalda Gerodot Nil toshqinlari va boshqa sinf hodisalari o‘rtasidagi munosabatlarni tadqiq eta olmas edi. O‘z mohiyatiga ko‘ra, ushbu masala Gerodot tomonidan absurd (bema’nilik) tarzida ko‘rib chiqilgan bo‘lardi, chunki faktlarning ko‘pchiligi shuni taqozo etardi. Masalan, misrliklarning kundalik duo-iltijolari miqdori, har yili Nil vodiysiga tashrif buyuruvchi ajnabiylarning soni – bular Gerodot tomonidan norelevant hisoblangan. Biroq, ba’zi gipotezalar dalillarning “relevant” aloqalarini ifodalasa, boshqalari, aksincha, ularni ifodalamaydilar. Gerodotga ko‘ra, qor yog‘ishi uning ko‘p yoki kamligidan qat’i nazar, Nil daryosiga ta’sir o‘tkazadi – suv sathi ma’lum darajada ko‘tariladi. Bu, o‘z navbatida, relevant fakt hisoblanadi. Ammo Nil vodiysiga ajnabiylarning kelib-ketishi yoki ularning soni bilan bog‘liq faktlarning Nil daryosiga, umuman, aloqasi yo‘q bo‘lib, suv sathiga umuman ta’sir ko‘rsatmaydi. Gipoteza qachon relevant hisoblanadi – shundaki, qachon unga asoslanayotgan faktlar o‘rganilayotgan muammoga aloqasi bo‘lsa. Boshqa hollarda esa, buning barchasi norelevant hisoblanadi.
Relevant gipotezaga etishish uchun aniq bir qoidalarni ta’riflash mumkin emas. Kelgusi tadqiqotlar orqali relevant hisoblangan har qanday gipotezaning aslida unday emasligini ko‘rishimiz mumkin. Shuningdek, bizga ma’lum bir vaqt davomida relevant bo‘lib ko‘ringan dalillarning uzoq vaqt o‘tishi bilan norelevantga aylanishi ham mumkinligini istisno qilmasligimiz kerak. O‘rganilayotgan sohani yaxshi bilmay turib, u yoki bu omillarning relevantligi to‘g‘risida asosli tarzda bir nima deyish qiyin.
Shu tariqa, Nil daryosining davriy toshqinlari borasida so‘z borganda, uni yaxshi bilmaydigan odamlar bu toshqinlarning yog‘ingarchilik natijasida yuzaga kelganligini ta’kidlashadi. Shuning uchun ham, tadqiqotchilar tomonidan taklif etilayotgan gipotezalar oldindan to‘plangan yetarli bilimdan kelib chiqadi 91.
Dostları ilə paylaş: |