Aristotel mantiq ilmining va deduktiv ziddiyatsiz, aksiomatik qurilgan mantiqiy sistemaning asoschisi.
Aristotelning Organoni. Organonning tuzilishi Mantiq ilmining alohida fan sifatida shakllanishi Aristotel (er. av. 384-322-yy.) ning nomi bilan bog‘liqdir. U birinchi bo‘lib, mantiq ilmi o‘rganadigan masalalar doirasini aniqlab berdi. Aristotelning “Kategoriyalar”, “Talqin haqida”, “Birinchi analitika”, “Ikkinchi analitika”, “Sofistik raddiyalar haqida” nomli asarlari bevosita mantiq masalalariga bag‘ishlangan132. Uning “Ritorika”, “Poetika” asarlari ham mantiqiy ta’limotining muhim tarkibiy qismlari hisoblanadi. “Metafizika”, “Ruh haqida” asarlarida esa mantiq masalalari ma’lum darajada bayon qilingan. Aristotel o‘z ta’limotini “logika” (mantiq) emas, “analitika” deb atagan. Lekin biz uning ta’limotini bayon qilishda “mantiq” atamasini qo‘llaymiz. Aristotel mantiqni “ma’lum bilimlardan noma’lum bilimlarni aniqlovchi”, “chin fikrni xato fikrdan ajratuvchi” fan sifatida ta’riflaydi. Mantiqning vazifasi chin fikrni, haqiqatni aniqlashdir deb ta’kidlaydi.
Kategoriyalar va mantiqiy ergashish haqidagi ta’limoti. Toplar Aristotel tushunchalarni mulohazaning tarkibiy qismlari sifatida tahlil qiladi. U ham ustozi Platon kabi umumiy va yakka tushunchalarning munosabatiga e’tibor beradi. Uning ta’kidlashicha, yakka tushunchalar umumiy tushunchalarga nisbatan mazmunan boy bo‘ladi va umumiylik yakka buyumlarning asosini tashkil etadi. Aristotel eng umumiy tushunchalarni kategoriya deb ataydi va uni quyidagicha tasniflaydi133:
1. Mohiyat (substansiya) - odam, ot
2. Miqdor - ikki, besh
3. Sifat - oq, qizil
4. Munosabat - kattaroq
5. O‘rin - maydonda
6. Vaqt - kecha, bugun
7. Holat - o‘tiribdi
8. Egalik - qurollangan
9. Harakat - kesadi
10. Azoblanish - kuyish.
Uning ta’kidlashicha, subyektlarning subyekti, ya’ni predikat bo‘lolmaydigan subyektlar – birinchi substansiyadir, predikatlarning predikati, ya’ni oxirgi predikat – kategoriyadir.
Aristotelda kategoriya ham ontologik, ham grammatik, ham mantiqiy jihatlarga ega. Aristotel “tushuncha bu biror jins yoki turga mansub barcha predikatlarga xos umumiylik bo‘lib, predikatning mohiyatini ifodalaydi”, – degan edi.