Me’yoriy mulohazalar, ya’ni normativ mulohazalar buyruq, qonun, qoidani ifoda etadi. Norma, ya’ni me’yoriy qonun huquqshunoslik, etika kabi fanlarning ham o‘rganish obyektidir. Me’yoriy qonun amaliy faoliyatning normalar sistemasi nuqtai nazaridan xarakteristikasi bo‘lib, inson faoliyatining normativ mavqei “majbur”, “mumkin”, “befarq”, “taqiqlangan” kabi modal tushunchalarni o‘z ichiga olgan mulohazalarda ifodalanadi. Mas., “Keksalarga g‘amho‘rlik qilish shart”. “Jamoat joylarida chekish taqiqlanadi”. Me’yoriy qonun modal mantiqning yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan normalar mantig‘i yoki deontik mantiqda o‘rganiladi.
Deontik mantiq normativ tilning mantiqiy tuzilishini o‘rganuvchi modal mantiqning yo‘nalishi; normativ tushunchalar haqidagi ta’limotdir. Deontik mantiq mantiqdagi “majbur”, “mumkin”, “befarq”, “taqiqlangan” kabi modal tushunchalarning funksiyalarini o‘rganadi. Deontik mantiq buyruq formasidagi ifodalarni, normalarni o‘rganadi. Normalarni mantiqiy nazariya vositalari orqali modellashtirishda normalar va uning elementlari o‘rtasida o‘rnatiladigan munosabatlar muhim ahamiyatga ega. Normalarning strukturaviy elementlari quyidagilardan iborat:
Normalarning xarakteri – majbur qiladi, ruxsat beradi yoki taqiqlaydi.
Normalarning mazmuni – bajarilishi majburiy bo‘lgan, mumkin bo‘lgan, man qilingan.
Normalarning qo‘llanish shartlari.
Normalarning agenti yoki subyekti.
Deontik mantiqning simvolik apparatida normalarning hamma strukturaviy elementlari ham o‘z ifodasini topmaydi. Normaning mazmuni va xarakteri hisobga olingan sistemalar absolyut (mutlaq) yoki monadik deontik sistemalar deb ataladi. Ularda norma quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi: “A shart (ruxsat berilgan, taqiqlangan)”. A-ko‘rsatilgan harakatni amalga oshirish haqidagi mulohaza. Mas. “Talabalar darsga kechikmasliklari shart”. “Talabalarning darsda uyali aloqa vositalaridan foydalanishlari taqiqlanadi”.
Normalarning qo‘llanish shartlari hisobga olingan sistemalar nisbiy yoki diadik deontik sistemalar deb ataladi. Ularda norma quyidagi ko‘rinishga ega: “V sharoitda A shart (ruxsat berilgan, taqiqlangan)”. Masalan, “Oshqozon-ichak yarasi bilan og‘rigan bemorlarga nordon va sho‘r taom eyish mumkin emas”. Demak, deontik mantiq mutlaq (monadik) va nisbiy (diadik) sistemalarga bo‘linadi. Har ikki sistemada ham normalarning agenti (subyekti) e’tiborga olinmaydi, bu normalarni kim bajarishi ko‘rsatilmaydi. Bu esa deontik mantiq paradokslarining kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.
Deontik mantiqda “majbur”, “ruxsat berilgan”, “taqiqlangan” tushunchalari o‘zaro aniqlanadi.
Deontik mantiqda quyidagilar asosiy qonun hisoblanadi:
– Deontik ziddiyatsizlik qonuni (bir vaqtning o‘zida harakatni bajarish va undan voz kyechish zaruriy bo‘lolmaydi);
– Deontik to‘liqlik qonuni (har qanday harakat yo majburiy, yo mumkin, yo taqiqlangan bo‘ladi);
– zaruriyning mantiqiy natijasi ham zaruriydir;
– agar harakat taqiqlangan natijaga olib kelsa, unda harakatning o‘zi taqiqlangandir.
Deontik mantiq qonunlari umumiy xarakterga ega. Grammatika va o‘yin qoidalari, davlat qonunlari va buyruqlar, texnik reglamentlar, urf-odatlar, axloq prinsiplari va b.larning normalari mohiyatiga ko‘ra bir xil mantiqiy tuzilishga ega bo‘lgani uchun, ularga deontik mantiq qonunlarini tatbiq etish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |